Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105237 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:15:17

— Qulog‘im sizda, sardor, — dedi u Tarzining ro‘parasiga o‘tirib. Tarzi qo‘yin cho‘ntagidan qog‘oz chiqarib, ko‘zoynagini to‘g‘rilagan bo‘lib, o‘qishga tutindi.
— «Buyuk Rusiya davlati prezidenti oliy hazratlariga...»
— Davlatlarining nomini Sho‘ravi Rusi deb edingiz shekilli?
— Amir sohib, davlatlarining nomi, shuning barobarinda a’yonlarining nomi bizga aniq emas. Nomini shu iltifot ila boshlamog‘imiz maqbul.
— O‘qing.
— «Afg‘oniston hukmdori amir Omonulloxon sizga salom yuborib, sof yurakdan hurmat bildirur».
— «Birodarlik salomini», deb tuzating. Shunda iltifotimiz tugal bo‘ladi.
Tarzi ma’qul ishorasinda bosh irg‘adi.
— «Musibatli voqea yuz berganini, xalqimiz ko‘zidagi nur, dinimiz tayanchi bo‘lgan oliy hazrat padarimning o‘z yurtida sayohat etib yurgan chog‘ida noma’lum jinoyatkor tomonidan o‘ldirilganini chuqur alam va hasrat ila bildiraman». «Shuning bilan birgalikda, hijriy sanasining 1337 yilida, jumodul avvalning 19-kunida, ya’ni nasariy sanasining 1919 yili, 21 fevral kunida mustaqil va ozod Afg‘oniston poytaxti bo‘lgan Kobulda podshohlik tojini kiyganligim hamda taxtga o‘tirganimni sizga ma’lum etaman...»

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:15:25

Tarzi maktubni oxirigacha o‘qib bo‘lach, ikkinchi qog‘ozni oldi:
— Horijiy aloqalar qoidasiga binoan men o‘z nomimdan tashqi ishlar noziriga maktub bitdim.
— Ma’qul, sardor. Hayallatmay jo‘natish tadorigina ko‘rib qo‘ygandirsiz?
— Fikri ojizimcha, eng yaqin yo‘l bilan — Mazori Sharif orqali Tirmiz qal’asiga yetkazmagimiz ayni muddao bo‘lur.
— Bu sa’yimiz sir tutilmog‘i darkor. Rusiyadan javob olganimizdan so‘ng harakatimizni oshkor etamiz. Maktub ittifoqiy odamlar qo‘liga tushmasligi shart. Amorat devonidagi ishonchli odamlardan birini tanlang. Uning yoniga... — amir bir zum o‘ylandi,— yodingizdami, Kobulga noib ekanimda bir sovarni aytib edim. Nomini eslaysizmi?
Tarzi yelka qisdi.
— Men ham unutibman. Uni huzurimga chorlayman, deb edim. Shu yovqur sovarni topmoq lozim. Ha, Choraymoqdan edi. Musulmonsheva yigit, bir baqamti bo‘lsangiz kifoya, bilib olasiz. Ikki notanish yigitni yo‘llasangiz, bir-birovidan hadiksirab, xoin bo‘lsa-da, o‘zini tiyib, niyatiga yeta olmaydi. Alqissa, maktubimiz eson-omon yetib boradi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:15:33

* * *

G‘ulomqodir bomdodni o‘qib bo‘lib, azmi tasbihu musalloga shaylanganida uni yo‘qlashdi. «Azharu min ash-shams amir Omonulloxon» huzuriga oshiqish zarurligini bilib ham ajablandi, ham bir oz xavotirga tushdi.
Amir saroyida xushta’m taomlar bilan qorinni to‘qlab olgan G‘ulomqodir kun yoyilmay turib, notanish hamrohi bilan birgalikda Mazori Sharif sari ot soldi. U amir bilan ko‘p suhbatlashmadi. Omonulloxon gapni qisqa qildi. G‘ulomqodir unga e’tiroz bildirib, maqsadini bildirishga jur’at etdi. Amir uning gaplarini inobatga olmadi.
«Zimmangga yuklangan yumushni o‘rinlatuving Inglistonning o‘n pulton sarbozini mahv etmak ila barobar», dedi.
Balki olib ketayotgan nomasi g‘animning butkul lashkarini qirib yuborar, bundan G‘ulomqodirga ne foyda? Sariq yuzli bu noboplardan birining qonini o‘z qo‘li bilan to‘kmas ekan, qasos tashnaligi bosilmaydi. Buni amir tushunmadi...
G‘ulomqodir nima qilsin, amir farmoni vojib. Hamrohini tanimaydi. «Bul vazifani saroyning ishonchli odamlariga emas, nechun menga topshirishdi? Men hamrohimni poylaymanmi yo u menimi?» — degan xayol to Mazori Sharifga qadar, undan daryoga yetib, kechib o‘tib, tiliga tushunmaydigan odamlarga ro‘para bo‘lgunga qadar tinchlik bermadi. Bu bir umrga jumboq bo‘lib qoldi, desak-da, yanglishmaymiz.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:15:41

Daryoni suzib o‘tishgach, ularni qal’aga olib borishdi. G‘ulomqodir gapirdi, ular gapirishdi, bir-birlariga tushunishmadi. Tilmoch kelgandan keyingina har ikki tomon yengil tortdi.
Qal’a boshlig‘i amirning muhri bosilgan maktubni olib, darhol inqilobiy harbiy qo‘mitani yig‘di. Muhrga qaraganda muhim hujjat ekanini, uni Buxoro amiri yerlaridan omon-eson olib o‘tib, Toshkentga yetkazish zarurligini aytdi. Bir qancha takliflar muhokama etildi. Olimxon sarbozlari temir yo‘lni ko‘p yerlarda buzib tashlagan edilar. Shu bois to‘rt kishi drezinada Toshkentga yo‘l oladigan bo‘ldi.
— Javobni kutasizlarmi? — dedi boshliq, elchilar huzuriga chiqib. — Biz uni Toshkentga jo‘natamiz.
— Biz-chi? — dedi G‘ulomqodir.
— Sizni yuborolmayman. Yo‘l xatarli. Istasangiz shu yerda kuting.
— Men kutaman, — dedi G‘ulomqodir.
Shunday qilib G‘ulomqodir Termizda qoldi. Hamrohi esa iziga qaytdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:16:00

III b o b
AYRILIQ O‘TI


1

Bu nima: tushimi yo o‘ngimi? Nahot bir tirik jonga shuncha g‘am ravo ko‘rilsa?! Nahot odam bu ko‘rguliklarga chiday olsa? Bu mitti yurak o‘ziga shuncha sitamni qanday sig‘diradi? Bu qayg‘ularga chidash bergandan ko‘ra yorilib keta qolmaydimi, uni azoblardan qutqara qolmaydimi?
Hech ishongisi kelmaydi. Kenjasi hali ham uyda Kalasning qulupnayini kutib o‘tirganday. Hovliga qadam qo‘yishi bilan, «adajonim keldilar!» — deb mahkam quchoqlab oladiganday...
Taqdirini, endigi hayotini ostin-ustun qilish uchun bir kecha kifoya qildimi? Unda kimning qasdi bor ekan? Qasd qilgan nomard, o‘ziga ro‘para kelmaysanmi, pichog‘ingni ko‘ksiga sanchmaysanmi, sanchib-sanchib xumoringdan chiqmaysanmi. Shu bolalarning hayoti uchun bir emas, o‘n joni bo‘lsa hammasini bermasmidi. Pichog‘ingni sanchib, burab-burab olayotganingda ham g‘iq etmagan bo‘lardi-ku...
Kalasga ketayotganda gullab turgan xonadoni birdan huvilladi.
Ijara uy qidirib yurgan odam uzoqlashgach, safarga chiqishga oyog‘i tortmay qolgan edi-ya... Hatto Eskijo‘vaga borib, otga minganida ham uyiga qaytgisi keluvdi. Qayta qolmaydimi, bolalari bilan birga yonib keta qolaydimi?..
Ko‘ngil xijil bo‘lsa ham, qorong‘i tushguncha yetib olay, deb otni qichab haydagan edi.
Bora-borgunicha yo‘l chetlaridagi xarob bostirmalarni, bostirmalar atrofida yurgan bechorahol odamlarni ko‘rib, Asadullaning ichi achishardi. Somonsuvoq bostirmalarning har biridan nola eshitilganday bo‘lardi. Shunday serhosil yerlarda dehqon nochor yashasa?! O‘zi ekib, o‘zi o‘rib, o‘zi yanchgan donga zor bo‘lsa?

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:19:00

Kalasga borayotgan Asadulla qishloqqa kiraverishda to‘xtashga majbur bo‘ldi: tarvaqaylab o‘sgan bir tup o‘rik daraxti ostida oq yaktak, oq ishton kiygan yalangoyoq chol yigirma qadamcha narida javdirab turgan o‘n yoshlar chamasidagi bolalarga qarab baqirar edi:
— Xonumonimni kuydirasanlarmi? Shuni ham ko‘p ko‘rasanlarmi! Insof bormi senlarda?!
Boshqa vaqt bo‘lganida Asadulla cholning bu qilig‘idan ranjirdi. Chunki qariyalar mevalarni bolalardan hech qizg‘anishgan emas. Bola-baqra tosh-kesak otib bezor qilaversa, yolg‘iz po‘pisa bilan quvishgan. Hozir esa... chol astoydil haydayapti.
Asadulla otdan tushib, cholga salom berdi. Chol batartib kiyingan, istarasi issiq bu odamga ajablanib qarab qoldi.
— Otaxon, bolalarni qarg‘amang. Bilmay qilishgan bu ishni.
Chol o‘z ishidan o‘zi uyaldimi, boshini sarak-sarak qilib ko‘zini olib qochdi.
— Xo‘p gapni aytdingiz-ku, a, qarg‘agan bo‘lsam til uchida qarg‘adim, azbaroyi... mayli, yeganlari osh bo‘lsin, iloyim. Ko‘z tikib turganimiz shu-da. Uyimda yeguligim bo‘lsa, xudo bergan ne’matni qizg‘anib baraka toparmidim? Mulla odamga o‘xshaysiz, ahvolimiz ma’lumdir sizlarga?
— Ahvolingizdan xabar olay, deb keldim. Ijozat bersangiz, shu supangizda nafas rostlasam, — Asadulla shunday deb, otning oyog‘ini tushovladi.
Chol uni nurab yotgan supaga boshladi. Titilib ketgan bo‘yra ustiga o‘tirdilar. Chol quroq dasturxon yozib, sopol taqsimchada dumbul o‘rikdan qo‘ydi. Asadulla xaltadan ikkita non, bir bo‘lak qand chiqardi-da, bitta non bilan qandni cholga uzatib: «Ichkariga bering», dedi. Qariya nonga xijolat bilan qo‘l uzatdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:19:33

— O‘zingiz safarda ekansiz, taqsir, nasibangizni yarimta qilib...
— Oling, otaxon, olabering, yo‘l yurganning nasibasi yo‘lda, terib yeyaberadi.
Qumg‘on qaynab, choy damladilar. Asadulla qarasaki, chol qimtinib, nondan deyarli tishlamayapi. Shu sababli uni gapga solib, chalg‘itmoqchi bo‘ldi:
— Otaxon, davru davronlar o‘zgarib ketdi, turish-turmushingiz qalay bo‘lyapti?
Chol og‘zidagi nonni qult etib yutdi.
— Bu yil Yaratganning rahmi keldi shekilli, sal durust.
«Yaratganning rahmi keldi», degan gapni eshitib, Asadulla miyig‘ida kulib qo‘ydi.
— Yerlarni musodara qilishdimi? Sizga qancha tegdi?
— Peshonamizga bitgan, Xudo bergan bir parcha yerimiz bor. Musodara yerlardan bizga ham berdilar. Olmadik. Surishtiraman, desangiz, ko‘pchilik olmadi. O‘t bosib yotibdi yerlar.
— Nimaga?
— Sababi ko‘p, taqsir.
— Siz shu sabablarni menga ayting-da. Mendan cho‘chimang, niyatim gap o‘g‘irlash emas. Biz yer ishlaganniki bo‘lsin, boy faqirning qonini so‘rmasin, deb inqilob qildik, yerlarni tortib olib sizlarga berdik. Bu uchun qon to‘kdik, to hanuz qon to‘kilyapti, qadrdon do‘stlarimizdan judo bo‘lyapmiz. Siz esa boyga xizmat qilib yurib, endi o‘zingiz uchun ishlagingiz kelmaydi.
— Unday emas, taqsir. Asti unday emas. Ayt desangiz, aytay: bugun boyning yerini olsak, erta boy qaytsa sho‘rimizni quritmaydimi?
— Boy qaytmaydi, bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Hukumat ishchi-dehqonniki, boyniki emas. Mana men hukumat a’zosiman. Siz nuqul taqsir, taqsir deysiz. Men siz bilgan taqsirlardan emasman. Aslimni so‘rasangiz, imoratsoz ustaman.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:19:41

— Bu gaplarni xo‘p eshitganmiz. Bari bir yurak dov bermaydi-da. Yurak dov bergani bilan cho‘pchak aytsangiz ekin bo‘lavermaydi. Yerga qarash uchun ot-ulov kerak. Besh panja bilan shudgor qilolomasak... Bilmadim, nima bo‘lyapti o‘zi, astag‘firullo, oxir zamon deganlari shumikin?
— Oxir zamoningiz nimasi, yangi zamon boshlanyapti. O‘zbekning bag‘riga shamol tegadigan, davru-davron suradigan zamon boshlanyapti. Bu zamonning qadriga siz bilan biz yetmasak, uvoli tutadi. Harakat qilish kerak, jon kuydirish kerak.
— Xo‘p gaplarni gapiryapsiz-da, taqsir, — chol shunday deb bo‘shagan sopol piyolani to‘ntarib qo‘ydi.
— Siz nondan oling, gapga solib, choydan qo‘ydim-ku, sizni.
— Qulluq, taqsir, qorinning xarxashasi tindi. Kambag‘alning to‘ygani — chala boy bo‘lgani. Chala boy bo‘ldik bugun. Sizlarning qadamlaringiz yoqib, chin boy bo‘lib ketsak ajabmas... Endi... meni gapga solganingiz bilan, sezib turibman, bir yumush bilan kelgansiz bu tomonlarga.
— Uch-to‘rt dehqon to‘ppa-to‘sindan omonatini topshirgan emishmi?
— Ha... — chol afsuslanib bosh chayqab, soqolini tutamladi. — Bahorda yangi hukumat yer bergan edi. Odamlar: «Birovning haqqi, olmanglar», deyishibdi. O‘jarligimi yo, bilmadim, boshqa sababmi, boshlarini yedi-da. Jo‘jabirday jon edi hammasi.
— Kimning yerlari edi?
— Toshkentlik Hasanxon hazratniki.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:20:20

Bu gapdan so‘ng masala oydinlashganday bo‘ldi. Hasanxon hazrat... Asadulla uni yaxshi biladi. Sibirga surgun bo‘lgunga qadar ko‘p duch kelgana unga. Yangi maktab desa quzg‘unday uchib kelib, yakson qilguchi zot edi u. Hurriyat arafasida «Sho‘roi islomiya» shu hazratning istagi bilan ikkiga bo‘linib, «Ulamo» yuzaga keldi. Asadulla o‘shanda, «vabodan ham, o‘latdan ham battar jamiyat», deb baho bergan edi unga. Eng muhimi... «Ulamo» Asadullani o‘limga hukm qilganda shu hazrat oq fotiha bergan edi.
Qo‘qon muxtoriyati bo‘g‘ilgach, bu hazratning ham nafasi o‘chgan edi. Uni o‘lgan yo qochgan, deb taxmin qilardilar. Uning tasarrufidagi yerlarda dehqonlarning to‘satdan o‘lib qolishlari, so‘ng «qarg‘ish tekkan yer», deb ovoza tarqalishi Asadullada shubha uyg‘otdi. Bu hazratning ishimi yo noma’lum kavaklarda jon saqlayotgan muridlarnikimi, shuni bilmay hayron edi.
Ko‘chada eshak yetaklagan o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlar chamasidagi bola ko‘rindi. Bola qari eshak bilan bahs boylaganmi, qovurg‘alari aniq-tiniq sanalguday edi. Bola hovli tomon qarab, qariyaga salom bergan choqda eshagi munkib ketdi-yu, ustidagi bir qop bug‘doy tushib, sochildi. Bola picha garangsib, sochilgan bug‘doyga tikildi. So‘ng yoshiga yarashmagan holda yig‘lab yubordi. Qariya o‘rnidan chaqqon turib, bola tomon yurdi.
— Nimaga yig‘laysn, bolam, yig‘lama. Xudoga shukr qil, bug‘doy to‘kildi, endi yurtda serobchilik bo‘ladi, shukr qil, bolam, shukr qil.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:20:27

Chol to‘kilgan bug‘doyni ko‘ziga surtib «xudoyimdan aylanay, serobchilik yuboradi endi», deb qo‘ydi. To bug‘doyning so‘nggi boshog‘i terib olinguncha chol bu gapni bir necha marta takrorladi. Bir dona ham boshoqqa xiyonat qilmagan chol yaqindagina o‘rik qoqqan bolalarni haydagan odamga sira o‘xshamas edi.
Asadulla qorong‘i tushgani uchun qishloq oralamadi. Chol bilan shu supada yotib qoldi. Azonlab turib, uyma-uy yurdi. So‘rib-surishtirdi. Hammaning og‘zida bir gap: qarg‘ish tekkan yerda ishlamasliklari lozim edi... Asadulla bu gaplarni eshitgani sayin ko‘ngliga xavotir oralardi. Dehqonlarning birdan shaytonlab, jon berishlari ular zaharlanganliklaridan dalolat berardi. Sho‘rolarga ishonmay yurganlar shu ishga astoydil bel bog‘lagan bo‘lsa, ularning payini qirqish qiyin bo‘ladi. Odamlar yerlarga qarg‘ish tekkaniga ishonib, dalaga chiqmay qo‘yadilar. Oqibatda minglab tanob yer qarovsiz qoladi. Bu, demak, yurtga kutilmagan yangi qahatchilik chovut soladi.
U hurriyatdan keyin hamma narsa o‘zgaradi, yaxshi bo‘lib ketadi, deb bekor kutgan ekan. Mal’unlarning mal’unligi o‘zgarmay qolarkan. Kiyimlar boshqa, muomalalar boshqa, ammo dehqon haqiqat nimadaligini bilolmay hanuz hayron.
Asadulla o‘zicha shu xulosaga kelib, shaharga qaytdi. Kun tik kelganda Toshkentga kirdi. Xulosalarini bayon qilish maqsadida to‘g‘ri Markaziy Ijroqo‘mga uchragan edi, unga, «tezda uyingizga boring», deyishdi. Bu gapni eshitib, yuragi shig‘ etib ketdi. Nimaga shunday bo‘lganini o‘sha topda bilmadi.

Qayd etilgan