Imom Navaviy. Al-azkor  ( 545836 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 ... 128 B


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:53:51

941/8. Ibn Umardan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar kishi birodariga «Ey kofir», desa, batahqiq, u ikkovlaridan birlariga qaytadi. Agar aytganidek bo‘lsa, o‘sha aytilganga, unday bo‘lmasa, aytgan kishining o‘ziga qaytadi». Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:53:58

942/9. Abu Zarrdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bu zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Kimki bir kishini kofir yoki Allohning dushmani, deb chaqirsa-yu, u narsa o‘sha kishida bo‘lmasa, u o‘ziga qaytadi», deganlarini eshitdilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:54:33

Fasl: Agar musulmon boshqa bir musulmonga nisbatan «Allohim, undan imonni tortib ol», desa, shu gapi bilan osiy bo‘ladi. Mana shu duoning o‘zi bilan duo qiluvchi kofir bo‘ladimi? Bunda ikki xil fikr bor: Qozi Husayn fatvolariga ko‘ra kofir bo‘lmaydi. Bunga Muso alayhissalomdan xabar berilgan Allohning so‘zi hujjat qilinadi. «Parvardigoro, ularning mol-dunyolarini yo‘q qilgin, ko‘ngillarini qattiq qilgin, toki alamli azobni ko‘rmagunlaricha, imon keltirmasinlar» (Yunus surasi, 88-oyat). Agar bizdan oldingilarning shariati bizning shariatimiz, deydigan bo‘lsak, bu dalilga nazar solmoq kerak.

Fasl: Agar kofir musulmonni kufr kalimasini aytmokdikka majburlasa, bas, musulmon uni aytib, qalbi imoniga xotirjam bo‘lsa, kofir bo‘lmaydi. Bu Qur’ondagi nass (dalillar)da ham, musulmonlar ijmo’ida ham ittifoq qilingan. Endi o‘limdan o‘zini saqlash uchun kufr kalimasini aytishlik afzalmi? Bu savolga besh xil fikr aytilgan:

Eng to‘g‘rirog‘i va afzali o‘limga sabr qilib, kufr kalimasini aytmaslik. Sahih hadislar va sahobalarning amallari bunga dalildir.

Ikkinchisi, jonini qatldan saqlash uchun kufr kalimasini aytmoq afzal.

Uchinchisi, uni omon qolishligi dushmandan qasos olish yoki shariat ahkomlarini qoim qilishlikda musulmonlarga manfaatli bo‘lsa, kufr kalimasini gapirmoqligi afzaldir. Agar bundoq bo‘lmaydigan bo‘lsa o‘limga sabr qilmog‘i afzal.

To‘rtinchisi, ulamo va shularga o‘xshash ergashiladigan kishilar bo‘lsa, avom adashmasligi uchun o‘limga sabr qilmog‘i afzal.

Beshinchisi, Alloh taoloning «Va o‘zingizni halokatga tashlamang» (Baqara surasi, 195-oyat) so‘ziga binoan kufr kalimasini aytmoqlik vojibdir. Mana shu oxirgisi juda ham zaif ko‘rinishdagisidir.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:54:56

Fasl: Agar musulmon kishi kofirni Islomga kirishga majburlasa, bas, u ikki shahodat kalimasini aytsa va ana shu aytuvchi kofir harbiy bo‘lsa, Islomi durust bo‘ladi. Chunki uni majburlash haq bilan bo‘lmoqda. Agar u aytuvchi zimmiy bo‘lsa, u musulmon bo‘lmaydi. Chunki  biz unday qilmaslik majburiyatini olganmiz. Bas, majburlashlik to‘g‘ri emas. Ba’zi zaif so‘zlar borki, ularda: «U musulmon bo‘ladi, chunki buyurish haqdir», deyilgan.

Fasl: Agar kofir ikki shahodat kalimasini majburlanmasdan aytsa-yu, hikoya tarzida masalan, Zayddan eshitdim, u «La ilaha illallohu Muhammadun Rasululloh», dedi deb aytsa, Islomda ekaniga hukm qilinmaydi. Agar musulmonning taklifidan keyin ikki shahodat kalimasini aytsa, masalan, «La ilaha illallohu Muhammadun Rasululloh», degin, desa-yu, kofir uni aytsa, musulmon bo‘ladi. Agar hikoya va taklif ko‘rinishida bo‘lmasdan, balki o‘zicha boshlasa, mashhur sahih mazhabga ko‘ra, u musulmon bo‘ladi. Ba’zilar hikoya ehtimoli borligi uchun musulmon bo‘lmaydi, deyishgan.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:55:27

Fasl: Musulmonlar ishiga boshliq bo‘lgan kishini xalifatulloh, ya’ni Allohning xalifasi, deb aytmaslik lozim. Balki u xalifa yoki xalifatur-rasululloh yoki Amirul-mo‘minin, deb aytiladi.

Imom Abu Muhammad al-Bag‘aviy «Sharhi sunna» kitoblarida keltirishlaricha, musulmonlar ishiga boshliq bo‘lgan kishini agar odil imomlar siyratiga xilof bo‘lsa, musulmonlar ishida qoim bo‘lgani va mo‘minlar uning so‘ziga quloq tutgani uchun amirul mo‘minin va xalifa, deb atamoqlikning zarari yo‘q. Xalifa, deb atalishiga sabab u o‘zidan oldingi boshliqqa xalifa (o‘rinbosar) bo‘lib o‘rniga o‘tirganligidir.

Biror kishi Odam alayhissalomdan va Dovud alayhissalomdan keyin xalifatulloh, deb atalinmaydi. Chunki Alloh taolo: «Men yerda (Odamni) xalifa qilmoqchiman» (Baqara surasi, 30-oyat) va «Ey Dovud, darhaqiqat, Biz seni yerda xalifa qildik», deb aytgan (Sod surasi, 26-oyat).

Ibn Abu Mulaykadan  rivoyat qilinadi. Bir kishi Abu Bakr Siddiqqa (r.a.) «Ya xalifatulloh», ya’ni «Ey Allohning xalifasi», deganida, bu zot: «Men Muhammad sollallohu alayhi vasallamning xalifalariman. Men mana shu bilan roziman», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:55:45

Bir kishi Umar ibn Abdulazizga (r.a.) «Ya xalifatulloh», deganida, bu zot: «Senga voy bo‘lsin. Sen ancha yiroq so‘zlarni ishlatding. Onam meni Umar, deb ismlagan. Agar meni shu ism bilan chaqirsang, buni qabul qildim. So‘ngra ulg‘aydim. Bas, Abu Hafs, deb kunyalandim. Agar mana shu kunya bilan meni chaqirsang, qabul qildim. So‘ngra sizlarni ishlaringizga boshliq bo‘ldim. Bas, meni amirul mo‘minin, deb ismladinglar. Agar meni mana shu atama bilan chaqirsang, kifoya qiladi», dedilar.

Abul Hasan al-Morudiy «Ahkom as-Sultoniyya» nomli kitoblarida imomni xalifa, deb ismladilar. Chunki u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummatlaridan xalifa (o‘rinbosar) bo‘ldi. Umumlashtirib, xalifa yoki xalifatu rasululloh, deb aytish joiz.

«Xalifatulloh» degan so‘zimizning joizligida ixtilof qilingan. Ba’zilar Allohning maxluqotlaridagi huquqlarda qoim bo‘lib, bor bo‘lgani uchun joiz, deyishgan. Bunga Allohning so‘zidagi «U sizlarni yer yuzida xalifa qilib qo‘ygan Zotdir» oyatini dalil qilib keltirishgan (Fotir surasi, 39-oyat).

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:55:56

Lekin jumhur ulamolar xalifatulloh, deb atashdan man qilishdi. Va bunday deb aytsa, gunohkor bo‘lishga olib borishini ta’kidlashgan.

Imom Navaviy aytdilar: «Birinchi amirul mo‘minin, deb ismlangan kishi Umar ibn Xattobdirlar. Ilm ahllari orasida bu haqda xilof yo‘q. Ammo ba’zi johillar Musaylama, deb aytishadi. Bu fikr ochiq xato va ulamolar ijmo’iga muxolif bo‘lgan xunuk johillikdir. Ulamolar kitoblarida ochiqchasiga ittifoq qilib, naql qilishlaricha, birinchi amirul mo‘minin, deb ismlangan zot Umar ibn Xattobdirlar».

Imom Abu Umar ibn Abdulbirr «Istiy’ob» nomli kitoblarida Umar ibn Xattobni birinchi bo‘lib amirul mo‘minin, deb nomlanishlariga sabab Abu Bakr (r.a.) xalifatur-rasululloh (Rasululloh o‘rinbosarlari), deb ismlanganliklaridir, deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:56:12


Fasl: Sultonga yoki bundan boshqa hukmdorga shahanshoh, deb aytish qattiq harom bo‘lgan amallardandir. Chunki uning ma’nosi mulklarning podshosi, deganidir. Bu sifat Allohdan

943/10. Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning huzuridagi tahqirlangan ism bir kishining «malikul amlok» (mulklarning podshosi) deb atalmog‘idir», dedilar. Biz buni «Ismlar kitobi»ning 731-hadisida zikr qildik.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:56:28

Fasl: «Sayyid» lafzi haqida:

Bilingki, «sayyid» lafzi qavmida ustun, qadri oliy boshliq, fozil kishilarga va bundan tashqari g‘azabi qo‘zg‘amaydigan halim kishiga, saxiyga, podshohga va erga nisbatan ishlatiladi.

Fazl ahllariga «sayyid» lafzining ishlatilishi haqida ko‘plab hadislar kelgan.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Oktyabr 2006, 07:56:34

944/11. Abu Bakrdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hasan ibn Ali bilan (r.a.) minbarga ko‘tarildilar-da, «Bu bolam sayyiddir. Shoyadki, Alloh bu bilan musulmonlarning ikki jamoasi orasini isloh qilsa», dedilar. Imom Buxoriy  rivoyatlari.

Qayd etilgan