132-bob. Ikki hayit namozida mashru’ bo’lgan zikrlar
Ikki hayit kechasida Allohning zikri, namoz va boshqa toatlar bilan mashg’ul bo’lish mustahabdir. Hadisda vorid bo’lganidek, «Kim hayit kechalarini ihyo qilsa (uyg’oq o’tkazsa), qalblar o’ladigan kunda uning qalbi o’lmaydi» yoki «Kim ikki hayit kechasida Alloh uchun savob umid qilgan holda qoyim bo’lsa, qalblar o’ladigan paytda uning qalbi o’lmaydi». Shofe’iy va Ibn Mojalar zaif isnod ila rivoyat qilishgan.
Ikki hayit kunlari takbir aytish ham mustahab. Fitr (Ramazon) hayiti kuni uydan chiqqanidan to namozgohga kelguncha takbir aytiladi. Qurbon hayitida esa, arafa kunining bomdodidan boshlab to tashriq kuni oxirigacha (asrdan keyingacha) aytadi.
Takbir quyidagicha aytiladi:
«Allohu akbar Allohu akbar, Allohu akbar, la ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd». (Ma’nosi: Alloh ulug’dir, Alloh ulug’dir, Alloh ulug’dir. Allohdan boshqa iloh yo’q. Alloh ulug’dir, Alloh ulug’dir. Allohga hamd bo’lsin.) Ba’zilar:
«Allohu akbar kabiyron, valhamdu lillahi kasiyron va subhanallohi bukrotan va asiyla, la ilaha illalloh va la na’budu illa iyyahu muxlisiyna lahuddiyna va lav karihal kafirun, la ilaha illallohu vahdahu sodaqo va’dahu va nasoro ‘abdahu va hazamal ahzaba vahdahu la ilaha illallohu vallohu akbar» deb aytsa ham yaxshi», deyishgan. (Ma’nosi: Alloh ulug’larning ulug’idir, unga ko’p hamdlar bo’lsin. Ertayu kech Allohni poklab yod eturman. Allohdan boshqa iloh yo’q. Unga ibodat qilib, Uning dinida xolis bo’lamiz, garchi kofirlar karih ko’rsalar ham. Yakka Allohdan boshqa iloh yo’q. Alloh ulug’dir.)