794/6. Jobir ibn Samuradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Ko‘fa ahli Umarga (r.a.) Sa’d ibn Abu Vaqqosdan (r.a.) shikoyat qilishganida, bu kishini ishdan bo‘shatib, ularga boshliq tayinladilar. (Hadisning davomida) Umar (r.a.) bu haqda surishtirish uchun bir kishi yoki bir necha kishini Ko‘faga yubordilar. Ular biror masjid qoldirmasdan bu haqda so‘rashganida, barchalari Sa’dning yaxshiliklarini aytib maqtashdi. Qachonki, Abs qabilasidagi bir masjidga kirishganida, Abu Sa’da Usoma ibn Qatoda ismli shaxs turib, «Agar siz surishtiradigan bo‘lsangiz, albatta Sa’d ibn Abu Vaqqos sariyya (urush)larga bormaydi, o‘ljani teng taqsimlamaydi. Qozilikda odillik qilmaydi», dedi. Buni eshitgan Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.): «Allohga qasamki, men seni uch narsa ila duoibad qilaman: Allohim, agar mana shu quling yolg‘onchi va o‘zini ko‘rsatib, riyo uchun buni qilgan bo‘lsa, umrini uzoq, kambag‘alligini uzun va o‘zini fitnaga duchor qilgin», dedilar. Mana shundan keyin shayx: «Sa’dning duoibadi menga yetib, fitnaga duchor bo‘ldim», deb aytdi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Jobir ibn Samuradan rivoyat qilgan roviy Abdulmalik ibn Umayr shunday deydi: «Men u shayxni qarib ketganidan ikki qoshi ikki ko‘zi ustiga tushgan holda ko‘rdim. U yo‘lda uchragan qizlarga ko‘z qisar edi».