ABDUSSALOM al-MUBORAKPURIY, to‘liq nomi Abulhuda Muhammad Abdussalom ibn ash-Shayxxon Muhammad (1872-1924) -hadisshunos, tarixchi. Hindistondagi Muborakpur kishlog‘ida, ziyoli, taqvodor oilasida dunyoga kelgan. Qur’oni karim, hadisi sharif, tafsir, fiqh, tarix, hikmat va tabobat ilmlari bo‘yicha zamonasining eng yirik allomalaridan ta’lim olgan. 22 yil davomida boshlang‘ich va oliy madrasalarda, so‘ng umrining oxirigacha "Dor ul-hadis ar-rahmoniyya" un-tida mudarris. Uzoq yillar olib borgan tadqiqotlariga tayanib, islom ilmi va tarixga doir bir qancha asarlar yaratgan. Ulardan "Siyrat al-Imom al-Buxoriy" islom olamida mashhur bo‘lib, hadis ilmi va muhaddislar xususidagi asarlarning eng batafsili va mukammali hisoblanadi. Bu asar 1955-86-y.larda Banorasda ikki marta nashr etilgan.