BIBLIYA (yun. Viblia - kitoblar) - yahudiylik va xristianlikda muqadtsas hisoblangan diniy kitoblar va risolalar majmuasi. B. ikki asosiy qism - Qadimgi axd va Yangi axdga bo‘linadi. "Axd" so‘zi Xudoning insonlar b-n maxsus aloqasini ifodalaydi. Qad. axd yahudiylikda ham, xristianlikda ham muqadtsas sanaladigan va eng qad. davrlarda yaratilgan diniy adabiyotlardan, Yangi axd esa, faqat xristianlar muqaddas deb biladigan, ular dini shakllanishiga aloqador diniy asarlardan iborat. Mazkur dinlarning aqidalariga binoan, B. - Xudoning kalomi, barcha insonlarga yo‘llagan, dunyo va odamzodning paydo bo‘lishi va "oxirat" sirini ochib beruvchi muqaddas kitobidir. Uning asosiy mavzusi - yagona haq Xudoning fazilatlari va insoniyat b-n munosabati haqidadir. B. mil. av. 8-a. va mil. 2-a.lar oralig‘ida oromiy hamda yunon tillarida yozilgan. B. matnlari tadqiq etilganda shu narsa tasdiqlandiki, ular qariyb ming yil davomida xilma-xil joylarda yaratilgan. B. eng qad. adabiy yodgorliklardan biri bo‘lib, diniy pand-nasihatlar, aqidalar, bashoratlar, duolar, solnomalar, masallar, ishqiy va falsafiy dostonlar, hikoyat, rivoyat va maktublardan iborat. B.da, bir yoqdan, odamzodning gunohkor bo‘lib, Xudo tomonidan rad etilishi, abadiy halokatga mahkum qilinishi to‘g‘risida gap ketsa, ikkinchi yokdan, Xudo insonni qutqarish uchun qanday rejalar tuzgani haqida hikoya qilinadi. Ayniqsa, odamlarga najot yo‘lini ochgan Iso Masih (as) to‘g‘risida to‘laqonli xabar beriladi.
Jami qad. yahud tilida 66, lotin tilida 70 kitob (bo‘lim)ni o‘z ichiga olgan B. 13-a.da kardinal Stefan Lengton tomonidan hoz. ko‘rinishga keltirilgan, kitoblarni she’rlarga bo‘lish va raqamlashtirishni parijlik matbaachi Rober Stefan (16-a.) amalga oshirgan.
B. - dunyodagi 1-bosma kitob (1452-55) bo‘lib, jahon bo‘yicha keng tarqalgan, asrlar mobaynida ko‘pgina xalqlarning axloqi, ma’naviyati, madaniyati, adabiyoti, musiqa va rangtasvir san’atiga barakali ta’sir ko‘rsatgan. B.ning ayrim qismlari 1891, 1913 ylarda Leyptsig sh.da arab imlosida, 1981, 1983, 1986, 1996 ylarda B.ni tarjima qilish in-ti (Stokgolm) tomonidan kirill yozuvida o‘zbek tilida chop etilgan.