DIN (arab. - mulk, hukm, hisob, jazo, tadbir, bo‘ysunish, itoat qilish, ibodat, parhez, yo‘l tutish, odat qilish, e’tiqod qilish va b.). Arab tilida "D." so‘zi juda keng ma’noda ishlatiladi. Qur’onda ham "D." turli ma’nolarda 100 dan ortiq marotaba ishlatilgan. Ana o‘sha ma’nolarning hammasi ham urfdagi "D."da ham o‘z aksini topgan. D.da Allohning mulki, hukmi, qiyomatdagi hisob-kitobi, osiylarni jazolashi, tadbir qilish bor. Shuningdek, D.da bandaning bo‘ysunishi, itoat qilishi, ibodati, parhezkorligi, Alloh ko‘rsatgan yo‘lni tutishi, ma’lum ishlarni odat va e’tiqod qilishi kabi ma’nolar bor. Bundan D. Alloh b-n banda orasida bo‘lishi kerak aloqalarning to‘plami ekanligi kelib chiqadi. Musulmon ulamolar mazkur ma’nolarni e’tiborga olgan holda D.ni "Sog‘lom aql egalarini ularning o‘z ixtiyorlariga binoan bu dunyoda salohiyatga, u dunyoda najotga eltuvchi ilohiy ko‘rsatmalar" deb ta’riflaganlar. D. aqida, shariat va tariqat bobidagi ilohiy ko‘rsatmalarning to‘plamidir. Aqida musulmon kishi imon keltirib ishonmog‘i lozim bo‘lgan narsalarni o‘z ichiga oladi. Misol uchun Allohga, ilohiy kitoblarga, payg‘ambarlarga, farishtalarga, qiyomat kuniga, yaxshi yomon qadar Alloxdan ekanligiga ishonish va b. Shariat D.ning amaliy qismidir. U ibodat, muomalot va hududga bo‘linadi. Ibodatga namoz, ro‘za, zakot, haj kabi narsalar kiradi. Muomalotga insonlar orasida bo‘ladigan savdo-sotiq, kasb-hunar, dehqonchilik kabi hayotiy aloqalar va ishlar kiradi. Hududda esa, yuqoridagi masalalarda xatoga yo‘l qo‘yib jinoyat qilganlarga belgilangan jazo choralari haqida so‘z ketadi. Tariqat esa, ruhiy va axloqiy tarbiyani o‘z ichiga olgandir. Ana o‘shalarning hammasining majmuasi D. deb ataladi.
Imom al-Buxoriy hadislarida keltirilgan D.ga berilgan ta’rif keng tarqalgan. Unga ko‘ra D. - imon, islom, ehson yig‘indisidan iborat. D. tushunchasini sharxlashda bu uchlikni saqlab qolgan holda hanafiylar imonning ahamiyatiga urg‘u beradilar, ash’ariylar - diniy ko‘rsatmalarga rioya etish (al-islom) muhimligani, xanbaliylar, keyinchalik Ibn Taymiya - "haqiqiy an’ana", sof yo‘lni Qur’on va sunnatga amal qilish ahamiyatini aytadilar. Alloh o‘zi yaratgan insonning tabiatini bilganidan va uning o‘zi yaratgan bu dunyoda qandoq yashab o‘tishi uchun eng yaxshi yo‘lni ko‘rsatib, unga D.larni yuborib turgan. Inson jamiyati sodda bo‘lgan davrda Alloh D. hukmlarini ham sodda qilgan. U insoniyatni asta-sekin tarbiyalab o‘stira borib ilohiy D.ni ham mukammallashtirgan. Bir D.ning vazifasi bitgandan keyin uning hukmini bekor qilib, o‘rniga hukmlari mukammalroq bo‘lgan keyingi D.ni yuborgan. Har bir ilohiy D.ni undan keyingi kelgan ilohiy D. amaldan qoldirgan. Insoniyat kamoliga yetganda Alloh islom dinini oxirgi, mukammal va boqiy D. qilib yuborgan. D. ilohiy-samoviyga va soxta-qalbakiga bo‘linadi. Alloh tomonidan insonlar ichidan payg‘ambar tanlab olib, u orqali diniy ta’limotlar yetkazilgan bo‘lsa, ilohiy D. bo‘ladi. Hoz. kunda yahudiylik, nasroniylik va islom ilohiy D.lar hisoblanadi. Qolgan D.lar soxta-qalbaki D.lardir. Ularni turli odamlar o‘zlari to‘qiganlar va obro‘-e’tiborini oshirish uchun o‘z ta’limotlariga ilohiylik nisbatini berganlar. Gohida ta’limot egasining o‘zi o‘z ta’limotlarining ilohiy ekanligani da’vo qilmagan bo‘lsa ham, undan keyingi kelgan shogirdlari bu da’voni qilgan bo‘ladilar. Keng ma’noda D. "ma’naviy olam", "ma’naviyat" sifatida "moddiy olam" - dunyoga qarama-qarshi qo‘yilgan. Biroq bu holat ularning o‘zaro bir-birlaridan ajralganliklarini anglatmagan. Bu tushunchalar dialektikasi, ularning aloqadorlik va qarama-qarshilik darajasi, ularning har birini faoliyati doirasi azaldan diniy va ijtimoiy munozaraning muhim belgisi bo‘lib kelgan (q. Qur’on). Shaxsiy ismlar (mas., Salohad D., Faxr ad-D.), shuningdek, ilohiyotga doir adabiyotlarda D. so‘zi ko‘pincha "Al-Islom"ga sinonim sifatida qo‘llaniladi.