ABU MUSLIM (laqabi; boshqa laqablari Abo Muslim, Abu Muslim Xurosoniy, Abu Muslim Marvaziy; asl ismi Abdurahmon) (taxm. 727-755) - Xuroson va Movarounnahrda umaviylar sulolasiga qarshi harakat rahbari. Isfahon viloyatidan chiqqan qul. Ba’zi manbalarga ko‘ra, abbosiylarning Kufadagi targ‘ibotchilaridan Iso as-Sarrojning quli bo‘lgan, boshqa bir manbalarga qaraganda, Isfahon viloyatida yashovchi bir arab, yirik yer egasining quli bo‘lib, 738 y. xo‘jayini Kufa qamoqxonasiga tashlangan paytda A.M. uning xizmatida bo‘la turib as-Sarroj b-n tanishgan va uning topshiriklarini bajara boshlagan. Keyinchalik abbosiylarning Xurosondagi targ‘ibotchilari rahbari Abu Salamaga sotilgan (yoxud berilgan). 744 y. boshida u b-n birga Xurosonga kelgan. Keyinchalik A.M. alaviylardan Ibrohim ibn Muhammadga ma’qul kelgani tufayli unga tuhfa qilingan. Ibrohim uni ozod qilib, Abdurahmon deb ism qo‘ygan va uni o‘ziga yaqin tutgan.
747 y. martda Ibrohim A.M.ni umaviylarga qarshi tayyorlanayotgan harakatga rahbarlik qidish uchun Xurosonga o‘zining shaxsiy vakili sifatida jo‘natgan. May oyida u Marv vohasiga yetib kelib, bir oy ichida bir necha ming tarafdorlarini to‘plagan. A.M. kullarga ozodlik berilishini va’da qilgan. Xuroson noibi Nasr ibn Sayyor qo‘shinlari ustidan g‘alaba qilib, 748 y. boshida Marvni egallagan. A.M. shu yerdan turib Xuroson va Movarounnahrni egallanishiga rahbarlik qilgan. A.M. Marvda ko‘pgina qurilish ishlarini olib borgan, ilk bor xutbani o‘tirib emas, balki minbarda turib o‘qigan. A.M.ning hukmronlik davri notinch bo‘lgan: 750 y. umaviylar o‘rniga kelgan abbosiylar sulolasidan norozi bo‘lgan Buxoro arablari qo‘zg‘olon ko‘tarishgan va Movarounnahrning ko‘pgina hokimlari xalifalikdan ajrab chiqishgan. A.M. Samarqandgacha borib, uning istehkomlarini yangilagan va Movarounnahrga egalik qilish uchun kurash boshlagan. 751 y. iyulda uning sarkardasi Ziyod ibn Solih Taroz yonida Xitoy qo‘shinini tor-mor keltirgan va bu b-n abbosiylarning Sirdaryo ortidagi hududlariga egalik qilishlarini ta’minlagan. 752 y. boshida A.M. Marvga qaytib kelgan, biroq oz fursatdan so‘ng Movarounnahr noibi etib tayinlangan Ziyod isyon ko‘targan va A.M.ga yana Amudaryoni kechib o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. A.M. qudratining oshib borayotgani abbosiylarni xavotirga solgan va ular uni yo‘qotish payiga tushishgan. 754 y. may-iyunda A.M. hajga borish uchun Xurosonni tark etgan. Shu paytda as-Saffoh vafot etib, xalifalik taxtiga al-Mansur o‘tiradi. Mansur hokimiyatini amakisi, Vizantiyaga yurish qilgan qo‘shin ko‘mondoni Abdulloh tan olmagan. A.M. isyonchini tor-mor keltirgan (754 y.noyab.) va katta o‘ljani qo‘lga tushirgan. Mansur o‘ljani talab qiladi, bundan g‘azablangan A.M. Xurosonga qaytgan. Biroq xalifa uni yo‘ldan qoldirib Madoyin sh.ga muzokaraga chaqirtirib keltirishga erishgan. A.M. shu yerda 755 y. 12 fev. (yoxud 27 yanv.)da xalifa qabulida bo‘lgan chogida o‘ldirilgan. Sakkiz yillik faol diniy-siyosiy faoliyati davrida A.M. "ashaddiy" shialar ta’limotiga yoki imomatlikka yaqinlashmagan bo‘lsa ham uning o‘limi zamonaviy mazdakiylar, shialarning bir qancha qo‘zg‘olonlarini keltirib chiqargan. "Ashaddiy" shialarning ayrim firqalari uni imom deb e’lon qilgan, abumuslimiya firqasi paydo bo‘lgan. Bularning so‘nggi aks-sadosi Muqanna qo‘zg‘oloni hisoblanadi. A.M. haqida Marvda udum bo‘lgan rivoyat, afsonalar keyinchalik fors tilida (uning turkiycha varianti ham bor) yozilgan xalq romani - "Qissai Abu Muslim" (o‘zbekcha "Abu Muslim jangaomasi")ga asos bo‘lgan.