ABU HANIFA Nu’mon ibn Sobit al-Kufiy; Imomi A’zam (699 - 767) - ilohiyotchi, fiqhshunos, muhaddis, ulug‘ imom, hanafiylik mazhabi asoschisi. Kufada tug‘ilgan. "Imomi A’zam" (buyuk imom) - ulug‘ligi e’tirof etilib berilgan unvon. Uziga to‘q, zodagon oiladan bo‘lib, olim va fozil insonlar orasida voyaga yetgan. Otasidan qolgan katta boylikni ilm yo‘lida sarf etgan. Yoshligidayoq Qur’onni yod olgan. Kalom ilmi va mantiqni o‘rgangan. 22 yoshida iroklik ulug‘ alloma, ilohiyotchi Hammod ibn Abu Sulaymonga shogard tushib, uning ta’limini olgan. Keyin Kufa va Basraning eng obro‘li faqihi bo‘lib yetishgan va o‘zi shogirdlar tarbiyalagan. Kamtar, mehribon va o‘ta saxovatli, nihoyatda taqvodor inson sifatida hurmat qozongan. Uning qirq yil mobaynida xufton tahorati b-n bomdod namozini o‘qigani, 55 marta haj qilgani haqida rivoyat bor. 747-48 y.larda A.H. Iroq hokimi ibn Hubayra ta’qibidan qochib Makkaga ketgan. Abbosiylar hokimiyat tepasiga kelgach, Iroqqa qaytib ulamolik faoliyatini davom ettirgan. Xalifa al-Mansur (754-775) unga yanga poytaxt Bag‘dodtsa qozilik yoki boshqa istagan yuksak lavozimni taklif qilgan. Biroq A.H. bu taklifni qat’iyan rad etgan. Shunda Mansur uni qamab, turli qiynoklarga solgan. A.H. ko‘p o‘tmay Bag‘dodda vafot etdi. Mansur A.H.ga zahar ichirgan va u shu sababdan shahid bo‘lgan, degan rivoyat ham bor.
A.H. fiqhiy ilmni birinchi bo‘lib tasnif qilib, uni boblarga ajratib, tartibga solgan va kitob shakliga keltirgan. A.H.ning ilmi kalom, fiqh, hadis, sarfga oid bir necha kitoblari bo‘lib, ular jumlasiga "Kitob as-salot" ("Namoz ahkomlari kitobi"), "Kitob al-Manosik" ("Haj kitobi"), "Kitob ash-shurut" ("Shartnomalar haqida kitob"), "Kitob al-faroiz" ("Meros ilmi haqida kitob"), "Kitob al-olim val-mutaallim" ("Ustoz va shogard haqida kitob"), "Kitob al-fiqx al-akbar" ("Katta fiqx kitobi"), "Kitobi al-vasiya" ("Vasiyatnoma kitobi") va b. kiradi.
A.H. faqixdarning ustozi, imom Shofi’iy ta’biri b-n aytganda, "barcha odamlar fiqxda uning boqimandalari" edi. Hech qanday shubhaga o‘rin qolmaydigan darajadagi aniq hujjat va dalillar asosida hukm chiqaradigan olim bo‘lgan. A.H.ning bulardan tashqari hadis sohasida ham asarlari mavjuddir. O’rta asr faqihi Abul Muayyad Muhammad ibn Mahmud Xorazmiy A.H. musnadlarini jam qilib, kitob shakliga keltirgan, 1907 y.da Misrda chop etilgan bu kitoblar zamonlar osha musulmonlar tayanadigan ilmiy manba va asos bo‘lib kelmoqda.
A.H.dan ta’lim olgan shogirdlar zamonasining yetuk peshvolari bo‘lib yetishgan. Ulardan biri Abu Yusuf bo‘lib, Horun ar-Rashid davrida qozilik vazifasida ishlagan. Ikkinchi shogardi imom Muhammad ibn Hasan o‘z navbatida imom Shofi’iyga ta’lim bergan. Hadislarni saralashda nihoyatda mohir bo‘lgan, har bir masalani dalil b-n isbotlay oladigan Zufar ibn Huzayl ham A.H.ning ko‘zga ko‘ringan izdoshlaridandir. Yana bir shogirdi Xasan ibn Ziyod A.H.ning "Al-Mujarrad", "Qozining odobi", "Nafaqalar", "Faroiz" (Meros ilmi), "Xislatlar" kabi kitoblarini yozib tugatgan. A.H.ning o‘g‘li Hammod va nabirasi Ismoil ham shar’iy ilmlar borasida yetuk alloma bo‘lganlar, turli shaharlarda qozilik mansabida ishlagan. Xurosonda birinchi bo‘lib hadisni yozib olgan Abdulloh ibn Muborak ham A.H.dan ta’lim olgan. Movarounnahrdagi mamlakatlarda va dunyoning boshqa ko‘pgina joylarida musulmonlar A.H. mazhabi qoidalari asosida ibodat qiladi.