MASHRAB Boborahim (1640-1711) - o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandasi, shoir, bastakor, sozanda va hofiz. Xalq ichida "Devona Mashrab", "Eshon Mashrab", "Shoh Mashrab", "Mardi xudo", "Avliyoi Haq", "Sohib karomat" kabi nomlar b-n mashhur bo‘lgan. Ijodiy merosi "Devonai Mashrab" qissasi, turli tazkira, bayoz va majmualar orqali yetib kelgan. M. Namanganda bo‘zchi Valibobo oilasida tug‘ilgan. 7 yoshida mullaga o‘qishga berilgan. 1665 y.da Mulla Bozor Oxundga shogird tushgan. So‘ngra Yorkentda, qashqarlik Ofoqxo‘ja eshon xizmatvda ilohiyot b-n shugullanib, 7-8 yil mobaynida tariqat sulukini o‘tadi. Ibrohim Adham va Mansur Hallojni g‘oyibdan piri komil deb bildi. Ijodda Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Imomiddin Nasimiy yo‘lidan bordi. Lutfiy, Navoiy g‘azallariga naziralar yozdi, muxammaslar bog‘ladi. M. she’riyatiga xos asosiy xususiyatlardan biri Allohga bo‘lgan ishqdir. Uning so‘fiyona she’rlarida ilohiy ishq dardi inson iztirob va alamlari, orzu-umidlari b-n hamohangdir. M. ta’kidlashicha, odam zotining asosiy nuqsoni "nafsu hirs balosi"ga mubtalo bo‘lganligidir, bu nuqson uni ilohiy fazilatlardan mahrum etadi, axloqan tubanlashtiradi, o‘tkinchi mayl-istaklarni uyg‘otadi, insoniy xislatlardan, haqiqat, ma’naviyat va ma’rifatdan yiroklashtiradi. "Nafs ajdahosi" komidan xalos bo‘lganlar uchun esa, faqat Alloh - Hakdir, haqiqatdir. Shu bois inson faqat Allohni sevishi, unga oshiq bo‘lishi, komil inson bo‘lishga astoydil intilishi, bu mashaqqatli yo‘lda barcha uqubatlarga chidashi lozim. Barcha yaxshilik, ezgulik - Alloxdandir, binobarin Uni sevgan kishi o‘z yaqinlarini, ota-onasini, el-yurtini, jamiki yaxshi odamlarni ham sevadi. M. umrining so‘ngga 20 yili darbadarlikda o‘tgan, o‘z vatanida haqgo‘y, isyonkor shoir, qalandar sifatida mashhur bo‘lgan. M. turli ma’rakalarda, xalq orasida mutaassib ruhoniylarni, zulmkor hokim-amaldorlarni achchiq kinoya va nafrat b-n tanqid qilgan. Ulamolar fatvosi va Balx hokimi Mahmud Qatag‘on hukmi b-n M. dahriylikda ayblanib, Kunduz sh.da dorga osiladi. M.ning shaxsiyati va ijodiyoti o‘zbek adabiyoti rivojiga barakali ta’sir ko‘rsatdi, g‘azallari el xotirasida muhrlanib qoldi. Mustaqillik davrida M. tavalludining 350 yilligi nishonlandi (1992). Namangan sh.da Mashrab bog‘i va haykali barpo etildi. M.ning tasavvufiy ruxdagi o‘nlab she’rlari, "Mabdai nur" asari mo‘‘tabar manbalar asosida birinchi bor nashr etildi.