MEROS (sinonimlari irs, virasa, virs, tarika, turas) - mol-mulk, huquq va majburiyatlar egasi vafot etishi b-n ularning boshqa shaxs ixtiyoriga o‘tishi. M.ning barcha majmuasi, jumladan meros bo‘yicha o‘tadigan narsalarni belgilash, merosxo‘rlarni ko‘rsatish, uni olish va taqsimlash tartibi asosan johiliyat davridagi Arabiston o‘troq aholisining huquqiy me’yorlaridan olingan va Qur’onda tasdiqlangan. M. ilm al-faroidning alohida huquqiy sohasi hisoblanadi. M. tushunchasiga o‘lganning mulkini olishdan tashqari uning qarzlarini to‘lash, uvdan qolgan majburiyatlarni bajarish, vasiyatini ijro etish, o‘lgan kishi oilasini o‘z qaramog‘iga yoki vasiyligiga olish va b. kiradi. Merosxo‘rlar o‘rtasida qolgan mulkning kamida uchdan ikki qismi taqsimlanadi, vasiyat bo‘yicha esa, ko‘pi b-n uchdan biridan mahrum etish mumkin. Marhumning M. olish huquqiga ega bo‘lgan qarindoshlari uch toifaga bo‘linadi: a) 1-darajadagi eng yaqin qarindoshlar: ota-onasi, xotinlari, farzandlari; b) 2-darajadagi qarindoshlar: bobolar va buvilar, aka-uka va opa-singillar, nabiralar; v) 3-darajadagi qarindoshlar: amaki, tog‘a va amma-xolalar, ammavachcha, amakivachcha, xolavachchalar. Bunda qondosh va o‘gay qarindoshlar o‘zaro teng huqukqa ega, boqib olingan bolalar qondoshlar b-n teng deb belgilanadi. 2-darajadagi qarindoshlar 1-darajadagi qarindoshlar yo‘q bo‘lsa, M.ga ega bo‘lishlari mumkin, 3-darajadagi qarindoshlar agarda 1- va 2-darajadaga qarindoshlar yo‘q bo‘lsa, M.ga ega chiqishlari mumkin.
M. taqsimlanish paytida, bu jarayon boshlanishidan avval vafot etgan shaxsning mulkidan u ijaraga olgan, shartnomaga ko‘ra uning ixtiyorida bo‘lgan barcha narsalar ajratib qo‘yiladi, qarzlar to‘lanadi, xotinlarga mahr ajratiladi, xo‘jayini vafot etgach, ozod qilinishga va’da berilgan qullar ozod etiladi. So‘ngra barcha qolgan mol-mulk baholanadi va undan vasiyat bo‘yicha mahrum etilgan qism ajratiladi; faqat shundan so‘nggina u merosxo‘rlar o‘rtasida ularning ulushiga qarab taqsimlanadi.