SADAQA (arab. - chin dildan qilingan ehson) - xayr-ehson. S. berish haqida Qur’onda ham ta’kidlab o‘tilgan. S. haqidagi masalalarni fiqhning uqubot va ahkom bo‘limlari talqin qiladi. S. berish imkoni bo‘lgan har bir kishi uchun zarur hisoblanadi, bu ish mandub amallardan sanaladi. Birovga S. bera olishga qurbi yetmaydigan kishilar S. olishlari mumkin. S.ning kuyidagi turlari mavjud: Bir martalik xayr-ehson ko‘rinishdagi S.; kafforat, ya’ni xayrli maqsadlarga sarf etiladigan jarima ko‘rinishidagi S.; o‘ziga to‘q bo‘lgan musulmonlarning daromadlaridan yo‘qsil, miskinlar foydasiga ajratib beriladigan S. Dastlabki ikki holatda S. pul, ovqat, kiyim, xizmat ko‘rsatish va uy-joy b-n ta’minlash, qarzdan va majburiyatdan kechish va b. shaklida bo‘lishi mumkin. Uchinchi holatda S. - faqat pul b-n beriladigan, u maxsus soliqchilar tomonidan yig‘ilib, markaziy yoki mahalliy xazina (bayt ul-mol)ga kelib tushgan. Bu mablag‘ S. deb ataluvchi zakotdan to‘plangan mablag‘ b-n birgalikda maxsus vakolatli shaxslar tomonidan sugurta vositasi turi sifatida markaziy hokimiyat nomidan kambag‘al, muhtoj kishilarga tarqatilgan. S. mablag‘laridan yordam olishga kambag‘allar va nogironlar haqli bo‘lib, ularning bu holati to‘g‘risida jamoaning uch a’zosining shohidligi lozim bo‘lgan. Shuningdek, biror sabab b-n xonavayron bo‘lgan, qurbi yetmaydigan xarajatlar, to‘lovlarni to‘lashga (mas., muhtoj qarindoshlarini boqish, qarindoshi uchun diya (xun) to‘lash va b.) majbur bo‘lgan kishilarga ham S. beriladi va h.k. Ularning ishi yurishib ketsa, S. to‘lash to‘xtatiladi. S. mablag‘adan urush paytida yordam bergan, lekin ulush-o‘lja olmaganlarga mukofot beriladi, kulni ozod qilish uchun to‘lanadigan pulning yetishmayotgan qismi (agar u kishining ishlari yurishmayotgan bo‘lsa) (mukotab)ni qoplash uchun beriladi. Shuningdek, S. to‘plovchi va taqsimlovchi amaldorlarga, musofirxonalarga, biror sabab b-n safarni davom ettira olmay qolgan yo‘lovchilarga ham mablag‘ ajratiladi. Hadislar va fiqhga oid adabiyotlarda S. istilohi b-n zakot anglatilgan. S. va zakot dastlab bir tushuncha ekanligi, zakotdan qoladigan mablag‘ni olish huquqiga ega kimsalar ham S. mablag‘laridan foydalanish huquqiga ega bo‘lganligi b-n ham tasdiq topadi. Ixtiyoriy S.ni majburiy to‘lovdan farqlash uchun uni sadaqa at-tatavvu ("ixtiyoriy sadaqa") deb ataydilar. S.ning majburiy turiga zakot, xiroj, ushr, fitr, kafforat (jarima) kabilar kiradi. Ixtiyoriy S.lar esa, xudoyi, to‘ylar, ziyofatlar, xayriya tashkilotlariga, jamg‘armalarga beriladigan moddiy xarajatlardan iborat. Odatda S. deganda faqat muhtojlarga, gadolarga beriladigan narsa tushuniladi. Lekin diniy istiloxda S. xayr-ehsonning barcha turlari uchun qo‘llanilaveradi. Islomda S. qilishga ko‘p targ‘ibot qilinadi. Uning savobi, fazilati va foydasi to‘g‘risida Qur’on va hadislarda ta’kidlangan.