Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 155698 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 29 B


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:42:23

Agar ko’zini haromdan, tilini g’iybatdan, yolg’ondan, chaqimchilikdan saqlamasa, xoslarning ro’zasi ochiladi, savobi ketadi. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam buyuradilarki:
«Qancha ro’za tutadigan insonlar borki, tutgan ro’zasining unga hech qanday foydasi yo’q. Kechgacha faqatgina suvsiz va och yuradilar». Binobarin, avomning ro’zasi maqbul bo’lmadi. Nima uchun? Chunki, ko’zi bilan haromga qaradi, qulog’i bilan haromni eshitdi, tili bilan haromni gapirdi, qo’lini haromga uzatdi... Shu sababdan ham qabul bo’lmaydi.

3. Xoslar xosining ro’zasi. Ular Allohdan boshqa hamma narsadan o’zlarini saqlaganlar. Mosivalloh — Allohdan boshqa biror narsaga iltifot ko’rsatmaydilar, e’tibor bermaydilar, faqatgina Allohning jamoliga ko’zlarini tikib, jamolulloh mushohadasiga ishtiyoqmandlar. Ro’zalarini ham mosivallohdan aloqalarini uzgan holda tutadilar.

Albatta, biz ularning holini anglay olmaymiz. O’rtadagisini biroz tushungandek bo’lamiz. Och qolish, suvsiz qolish bilan birga, boshqa gunohlardan ham saqlanishni o’rgansak bo’ldi. O’shanda ro’za qabul bo’ladi.

Bu oy davomida kunduzlari gunohlardan saqlanib, kechasi gunoh qilsak, yana to’g’ri bo’lmaydi! «Oqshomda so’z berib, tongda so’zidan qaytish bo’ladimi?» — deydi shoir. Kunduzi ro’za tutadi, kechga borib ro’za tugashi bilan yana gunoh yo’lida. Bo’lmadi, sen bu ro’zani o’zi nimaga tutding-u, nima uchun yana gunohga qo’l urding?

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:42:47

Shoir Muhammad Okif rahmatlik «Safahot» asarida bir narsani tushuntiradi:

Bir aroqxo’r qaytib ichmaslikka qaror qilib:
«Bo’ldi, so’z berdim, tavba qildim, boshqa ichkilik ichmayman!» — debdi.

Mayxonaning oldiga har kelganida yuragi qattiqroq urar ekan. Eshik tomonga hayajon bilan qarar, shunda u o’ziga taskin berib, aytarkan «Qara, sen so’z berding, hayajonlanma! Eshik tomonga qaramasdan, to’g’riga yurib ket!». Eshik oldiga kelganda yana ojiz qoladi. Bo’lmadi, eshikdan o’tib ketadi, aqli orqada qolib ketgan. Ko’zlari oldinda. Mayxonaning eshigi orqada qoldi. Biroq joni hali ham xohlayapti. Chetroqqa yetib borganida:
«Ofarin, sen bu ishni muvaffaqiyatli bajarding. Kel, senga bir qadah mukofot!» — deydi, yana ortga qaytadi.

Endi nima bo’ldi? Tavbasi, bergan so’zi nima bo’ldi? Shunday tavba ham bo’ladimi?

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:45:45

Kunduzlari ro’za tutib, kechalari gunoh qilish ham bo’ladimi, muhtaram birodarlarim? Shuning uchun Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam buyuradilarki: «Alloh sizlarga bu muborak oyning kunduzlarida ro’za tutishni farz qildi, majburiyat qildi, kechalari namoz o’qishni tatavvu’ — nafl ibodatni savobli qildi». Kunduzi ro’za tutasiz, kechasi esa tahajjud namozi o’qiysiz! Kechani ham namozu niyoz bilan o’tkazasiz.

Ba’zi amakilarga qarayman, muazzin «Allohu akbar» deyishi va iftor vaqti kirishi bilan sigaretni tutatadilar. Ey birodar, sen kunduzi sabr qilmadingmi? Kechga ham sabr qil! Kechga kelib nima uchun ahdingni buzding? Bu ham makruh.

Olimlarimiz tekshiruvlar, tadqiqotlar olib borib, sigaretani makruh, deb ataganlar. Bu — fiqh olimlarimizning so’zi. Ammo ba’zi olimlar harom ham deydilar. Haromligini isbot qilish uchun, domlalar shunday asos keltiradilar. «Isrof harom emasmi? Harom. Salomatlikka zararli narsa Harom emasmi? Harom. Sassiq tutun bilan atrofdagilarga ziyon yetkazish harom emasmi? Harom. Demak, bu ham haromdir», — deydilar.

Men universitetda domla bo’lib yurgan paytimda Istanbuldagi Sahhoflar (kitobchilar) bozoriga bordim. U yerdan juda qimmatli bir qo’lyozma asarni sotib oldim. Uch asr oldin eski yozuv bilan yozilgan ekan. Kitobni yozgan olim sigaret endi chiqqan paytda Makkai mukarramadagi to’rt mazhab qozisiga, ya’ni hanafiy, shofiiy, molikiy, hanbaliy qozilariga borib: «Bu narsa haqida nima deysizlar?» — deb fatvosini so’ragan ekan. Hammalari harom, degan ekanlar! Do’xtirlar ham: «Sigaret cheksang, muddatingdan tezroq qariysan», — deydilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:46:11

Kasalxonalarda aytiladiki: «Marhamat qilib, bu yerda sigaret chekmang! Sigaret chekish ta’qiqlanadi!» Ba’zi muassasalarda chiroyli lavhalarni osib qo’yadilar: «Sigaret chekmaganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz». Avtobusda, uchoqda sigaret chekish mumkin emas. Chunki sog’liqqa ham, atrofda o’tirgan chekmaydiganlarga ham zararli. Chekuvchi chekdimi, uning tutuni atrofdagilarni bezovta qiladi.

Kunduzi ro’za tutib, ro’zasini sigaret bilan ochadigan kishilarga aytaman: Ey muborak inson, Alloh senga fursat beribdi — kunduzi sabr qilding, endi kechga ham, ertaga ham sabr qil, tugasin shu ish, qutulgin shu marazdan! Shu la’natidan qutulib, sog’ligingni tikla!

Bir do’stim tushuntirib berdi. U bilan Akademiyada birga ishlardik, ba’zi kunlari darslarimiz bir kunga to’g’ri kelib qolardi. Hozir huquqshunos-professor, lekin ishni prokurorlikdan boshlagan ekan. Prokuror bo’lganligi uchun odam o’ldirish va boshqa shunga o’xshash turli jinoyatlarni rasmiylashtirishda qatnashgan. Bir kuni 18-20 yoshlardagi suzish bo’yicha chempion bo’lgan yosh bir yigit cho’kib o’libdi. Prokurorni shunga chaqirgan ekanlar. U yerga Istanbul morgi (o’lik xonasi)dan mashhur bir olmon professori ham boribdi. Haligi olmon professorining yonidagi talabalari domlalariga qarab:
«Suv ostida ichiga havo kirib tiqilib o’lgan», — debdilar.

Olmon professori esa:
«Yo’q! Havo tiqilganda chempion o’zini tutib olardi, cho’kmasdi», — debdi.
«U holda qanday qilib o’lgan?» — deb talabalar so’rashibdi.
«Barmoqlariga qarang! Bu sigaretning ashaddiy bangisi» — deb javob beribdi. Sigaret ushlagan joylari jigarrang, to’qrang bo’lib qolgan. Sigaretning tutuni o’sha joylarga ta’sir ko’rsatgan».
«Xo’sh, qanday o’lgan ekan?»

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:47:04

O’likning ko’kragini yorib, o’pkasini chiqaribdilar. Professor do’stim tushuntiryapti: «O’pkani tashqariga olganlarida, uning pastki qismi qop-qora, yuqorisi esa jigarrang bo’lib qotgan. Shunday bir siqqan edi, undan munchoq-munchoq mum sizilib oqdi». Shunda olmon professori: «Qaranglar, bu yigit o’pkasini sigaret tutuni bilan to’ldiribdi. Suzayotgan paytda, vujudning kislorodga ehtiyoji ortib boradi, chunki hamma a’zo harakatga kiradi. Shunda, o’pka vujudga lozim bo’lgan kislorod miqdorini yetkazib berolmagan. Harakat qilgan, biroq kislorodsizlikdan o’lgan», — debdi.

Chekadiganlaringiz bo’lsa, bundan ibrat olsin.

Aziz va muhtaram birodarlarim! Shu bir oy davomida gunohlardan, yomonliklardan, makruhlardan voz kechishni o’rganaylik.
Bir hadisi qudsiyda aytiladiki: «Gunoh qilgan paytingda uning kichikligiga emas, kimga qarshi qilinganiga qara!». Allohga qarshi qilingan bo’lsa, uning kichikligi qolmaydi. Inson ramazon oyida barcha kichik va katta gunohlardan saqlanishi lozim.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:48:40

Bir hadisi qudsiyni o’qiyman. Unda do’zaxga kiruvchilar sanab o’tiladi.
 «Ey Odam farzandi!». Biz hammamiz aka-ukalarmiz, chunki otamiz Odam alayhissalom.

(Ma haza’n — nira’nu). «Bu olov shular uchundir», — deb gunohkorlarni, qusurlilarni sanashni boshlaydi, esingizda saqlang:
1. (Illa’ li kulli a’qqil va’lidayn). Ota-onasiga osiy bo’lganlar uchun.

Agar oralaringizda ota-onasi bilan arazlashib qolganlar bo’lsa, borsin-da qo’lini o’pib, yarashsin! Ota-onangizning ko’nglini oling! Chunki ota-onasiga osiy bo’lgan jahannnamga otilar ekan. Do’zax ular uchun hozirlangan ekan.

Bilasizmi, ota-onaga sarf etiladigan xarajatlarning biriga yetti yuz qaytariladi. Jihodga sarflangandek qiymatli. Shuning uchun ota-onangizning ko’nglini oling!
Bir kun fakultetdagi bir talabam yonimga keldi. Eshikni taqillatib: «Kirish mumkinmi?» — deb so’radi.
«Kiring!» — dedim.
Soqolli yigitcha ekan.
«Siz bilan gaplashmoqchi edim», — dedi.
«Marhamat, gapir».
«Ustoz! Otam meni uydan haydadi, farzandlikdan chiqardi!»
«Ey voh! Nima uchun?».
«Soqol qo’yding deb, oq qildi».
«Otang nima ish qiladi?» — deb so’radim.
Otasi cholg’u asboblari yasaydigan usta ekan. O’g’lining soqol qo’yishi, dindor bo’lishi unga ma’qul kelmabdi. O’g’lini haydab yuboribdi.
«Endi nima qilayapsan?» — deb, yordam berish maqsadida yana so’radim.
«Moddiy ahvolim yaxshi, moddiy yordam lozim emas. Turadigan joyim bor. Faqat ahvol shunday», — dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:49:38

«Ota-onaning rizosi juda muhim, sen ularga bir maktub yoz! Maktubda juda ham chiroyli bir uslubni ishlat! Aytginki: «Sevgili va hurmatli, boshimning toji otajonim, onajon! Qo’llaringizni, oyoqlaringizni o’paman. Mening Islom dinim sizlarga juda ham yaxshi farzandlik qilishga amr etadi. Men shuni bajarishni xohlayman. Iltimos siz menga shu imkoniyatni bering! Siz meni uydan haydadingiz, oq qildingiz, ruxsat bering men sizning qo’llaringizni, oyoqlaringizni o’payin, sizga xizmat qilayin! Sizga farzandlik burchimni chiroyli ado etayin! Allohga osiy bo’lishimni xohlamang! Allohning yo’lidan qaytishimni so’ramang! Allohning amrlarini bajarmasligimni talab qilmang! U holda majburan, balki parchalanib bo’lsa ham Allohning yo’lini afzal ko’raman. Chunki U olamlarning Rabbisidir. Mening Parvardigorimdir. Unda Allohning amrlarini tutib, sizga esa itoat qilolmayman. Nima bo’lganda ham meni bu mushkul holga tushirib qo’ymang! Men sizga xizmat qilishni xohlayman!» — deb yoz!» Yigit o’zi yaxshi niyatda kelgan edi. Alloh shuning uchun menga bularni gapirtirdi. U «Xo’b bo’ladi, ustoz!» — deb ketdi.

Oradan bir necha oy o’tdi. Boshidan-oyog’igacha berkitilgan, qo’llari qo’lqopli bir yosh qiz bilan keldi. Eshikni ochib:
«Ustoz, kirish mumkinmi?» — deb so’radi.
«Marhamat!» — dedim.
Yonida ro’molli qiz borligini ko’rib, «Bizning talaba uylanmoqchi shekilli», — deb o’yladim.
«Ustoz, bu qizni taniyapsizmi?» — deb so’radi.
«Birinchi marta ko’rib turishim, qaerdan taniyman?» — deb aytdim.
«Bu — mening singlim. Siz menga bir maktub yoz, deb aytgan edingiz, men ham maktubni siz aytgan shaklda qilib yozdim. Mening maktubim uyimizda bomba kabi portlabdi, uyga sig’may ketibdi. Otam yig’labdi, onam yig’labdi, ukalarim yig’labdi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:50:35

Maktubdagi samimiyatdan ota yo’lga kirib, «kechirdim bolam», debdi. Bizning talaba uyga boribdi, yarashibdilar, alhamdu lilloh.

Biroz muddat o’tganidan keyin yigit yana oldimga keldi.
«Ustoz kirish mumkinmi?»
«Marhamat, kir ichkariga!»
«Ustoz, xushxabar! Otam, onam, ukalarim — hammamiz hajga ketyapmiz!»
Alhamdulilloh, qanday yaxshi! Demak, ota-onangiz bilan biror kelishmovchiligingiz bo’lsa, shunday hal qiling!
Ba’zan otalar ham nohaqliq qilishadi.
Masalan, «Do’konga aroq qo’yaman!» — deydi otasi.
«Nima uchun?»
«E o’g’lim, xaridor kelmayapti. Aroqqa o’xshash ichkiliklar bo’lsa, mast-alastlarni tutamiz, keladilar, pullarini olamiz. Ichkiliksiz do’konda foyda topib bo’lmaydi».
«Ota! Aroq qo’ymoqchi bo’lsangiz, ruxsat bering, men uydan chiqib ketaman! Chunki, haromdan topilgan luqmani og’zimga ham ololmayman! Mening uydan ketmasligimni xohlasangiz, aroq qo’ymang!»

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:51:10

Ba’zan otalar noto’g’ri yo’lda bo’ladi, farzand to’g’ri yo’lga solib qo’yadi. Ba’zan farzand yosh bo’ladi, boshida har xil fikru xayollar kezib yuradi. Ota-onasi to’g’ri yo’lda bo’ladi va farzandlarini to’g’ri yo’lga kiritishga harakat qiladilar. Ammo, farzand gapga kirmasdan, ota-onasini ranjitadi va osiy bo’ladi. Buni nima deydilar? Aqil validayn — ota-onasini xafa qilgan, ota-onasiga osiy bo’lgan... Ana o’sha jahannamga ketadi.

2. (Va likulli baxi’lin). Xasis, baxil bo’lganlar ham jahannamga kiradi.
— Baxillikning haddu chegarasi, o’lchovi qanday, ustoz? Hamma ham cho’ntagidan chiqarib pul bera olmaydi, oson emas. Pul degani jonday aziz narsa, inson sevadi uni. Cho’ntagida puli bo’la turib, yana xohlayveradi. Bunday baxillikni qanday qilib bartaraf etish mumkin?
— Baxillikdan, xasislikdan qutulishning yo’li zakot. Zakotini bergan, baxillikdan oqlanadi. Zakotini bermagan esa xasisdir. Demak, baxillikdan qutulishning eng oddiy chegarasi bu — zakot berishdir.
Zakotingizni ramazonda berishga harakat qiling! Ramazonda bersangiz, savobi 70 martaga oshadi. Ammo bir narsani unutmang. Zakot — saxiylikning eng quyi darajasi.
— Yuqorisi nima ekan?
— Yuqorisi hamma narsasini Alloh uchun bermoqlikdir.
— Bu ishni bajargan kishi bormi o’zi dunyoda?
— Bor, albatta. Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu hamma narsasini berdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  04 Oktyabr 2006, 07:51:42

Hazrati Umar raziyallohu anhu ham yarmini berdi. Hazrati Umar raziyallohu anhu: «Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam biror xayr ishni buyursalar, Hazrati Abu Bakr mendan o’tib ketadi. Bu safar shunday ko’p berayinki, Abu Bakrdan o’tib ketayin!» — deb o’ylabdi va molining yarmini Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga berishga ajratibdi. Bir mahal kelib eshitsalarki, Hazrati Abu Bakr bor-budini beribdi, hech narsasi qolmabdi.

Payg’ambar sallallohu alayhi vasallam so’rabdilar:
«Bolalaringga nima qoldirding, ey Abu Bakr?»
«Alloh va Rasulini qoldirdim», — deb javob qaytaribdi. Demak, inson siddiq bo’lsa, imoni o’sha martabada bo’lsa, hamma narsani —jonini ham jon-jon deb beradi.

3. (Va namma’min). Nammam — gap tashuvchi, orani buzuvchi degani. Uning aytganini bunga, buning aytganini esa unga aytib, orani buzadi. Bunday gap tashuvchilar ham jahannamga kiradi.
4. (Va muroi). Muroi ham jahannamga kiradi. Muroi nima degani? Oxirat amallarini dunyo manfatini saqlab qolmoq uchun xo’jako’rsinga qilish. Ya’ni birovlar, ko’rsin deb riyo uchun ixlossiz qilingan amal.
5. (Va ma’ni’iz zaka’ti). Ya’ni zakotga mone’lik, to’sqinlik qiluvchi. Zakotini bermaydigan ham jahannamga kiradi. Ammo zakotga mone’lik, to’sqinlik qiluvchi kishining gunohi undan ham og’ir. Ba’zi insonlar boshqalarning berayotgan zakotiga mone’lik, to’sqinlik qilishi mumkinmi? Ha, shundaylar ham bor. Bizning bir birodarimiz anchagina miqdordagi pulni xayr bo’lsin deb, vaqfimizning shahridagi shu’basiga beribdi.

Qayd etilgan