Agar gunoh qilgan kishini boshqalar gapirib yursa, «Falonchi shu gunohni qildi. Qanday yomon, uyatsiz!» — desa, uni g’iybat qilgan bo’ladi va ular ham gunohga botadilar. Gunohni gapirganlar ham gunohkor bo’ladilar. Bir-biri bilan gaplashib, birovning g’iybatini qilganligi uchun, aybini ochganligi uchun, ular ham gunohga botadilar.
Birov qilgan gunohga rozilik bersa, joiz desa, «Qilaversin, menga nima? Men bo’lganimda, men ham qilardim!» — desa, yoxud uni ma’qullasa, unda qatnashmagan bo’lsa ham, roziligi sababli ishtirok etgandek gunohga sherik bo’ladi, bu juda yomon holat.
Masalan, mikroavtobusda ketayapmiz, biri aytyapti:
«Hoy, eshitdingmi? Falonchi dindor odam farzandiga to’y qilib, ichkiliklarni tarqatibdi».
Unisi esa:
«Qilsa nima bo’libdi, o’zi bittagina o’g’li bo’lsa, men ham shunday qilgan bo’lardim!». — deydi. Mana shu: «Men bo’lganimda, men ham shunday qilardim», so’zi bilan, u ishni qilmasa ham rozilik bergani uchun mikroavtobusda turib, unga sherik bo’ldi. U ham gunohga botdi.