Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 155845 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 29 B


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:23:57

«Bir insonning atroflarni kezib, rizq talab etishidan ko’ra, bomdod namozidan keyin masjidda o’tirib, shunday ibodat qilishi unga yanada ko’proq rizq keltiradi», — degan rivoyatlar ham bor. Chunki, insonga Alloh beradi. Hamma boy bo’lishni xohlaydi. Ammo bo’lmaydi. Hamma qornini to’ydirishni xohlaydi, ammo to’ydirolmaydi. Hamma mo’l-ko’l barakani xohlaydi, ammo Afriqodagi insonlar ochlikdan qirilayapti.

Yomg’irni yog’dirgan, o’tlarni o’stirgan, rizqni bergan Alloh taolo bo’lganligi uchun va musabbibul asbob ekanligi tufayli banda Xudovandi karimning roziligiga mufoviq harakat qilsa, u zot albatta rizqining kafolatini beradi.

Inson ko’chaga chiqib, oldi-sotdi qilsa, shu yerdan mol olib, boshqa joyga olib borib sotsa, uyda bola-chaqam bor, ularning rizqini ta’minlashim kerak, deb harakat qilsa, muhaqqaq tijorat qilgan bo’ladi va foyda qo’lga kiritadi. Biroq masjidda shunday ibodat qilganida esa Alloh taoloning yanada ko’proq rizq beraman, degan va’dasi bor. Parvardigorning va’dasi haqdir, aytganini bajaradi. Razzoqi olamdir. Hatto yerdagi o’rgimchakka rizqni qanoat qilib yuborib turadi. O’rgimchakning rizqi yerto’laga kirib boradi va uning ozuqasiga aylanadi.

Buyuklarimizdan shunday hikmat rivoyat qilinadi: «Agar inson Alloh so’ragan, talab qilgan bandalikni unutib, rizq topish dardida ibodatni tark etsa, bu uning ko’zi ko’rligining alomatidir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:24:23

«Senga yozib qo’yilgan, kafolatini berib qo’ygan rizq ortidan yugurishing, (va taqsi’ruka amman tuliba minka) va sendan talab etilgan qullik vazifalarini tark etishing, (dali’lun alan timasil basi’rati anka) basiratingning yopiqligi alomatidir».

Ey inson! Sen Allohning amrini tut, Alloh senga nimalarni bermaydi. Avval Alloh buyrug’ini bajar keyin boshqa ishlaringni ado qil! Alloh taolo talab qilgan shaklda bajarishlik oqil insonlarning foydasidir. Namoz vaqtida namoz, uyqu vaqtida uyqu, ish vaqtida ish. Har narsaning vaqtini bilish lozim.

Insonlar esa aksini qiladilar: uyqu vaqtida qimor o’ynaydilar, ish vaqtida uxlaydilar, ibodat vaqtida ishlaydilar. Ba’zan orada dinimizning amrlarini ham bajarib turadilar.

Xo’sh, biz nima qilishimiz kerak? Kunimizni Allohning rizoligiga muvofiq tarzda tartibga keltirishimiz lozim! Bizning kunimiz tahajjud namozi bilan boshlanadi. Chunki:
«Kechasi o’qigan ikki rakat namoz, dunyodan va dunyodagi hamma narsadan xayrliroqdir», — deb buyuradilar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam. Va Qur’oni karimda,

Bismilla’hir rahma’nir rahi’m.
«Kechaning (bir qismida) uyg’onib o’zingiz uchun nafl (ibodat) bo’lgan namozni o’qing! Shoyadki, Parvardigoringiz sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (ya’ni gunohkor ummatlaringizni shafoat qilib oqlaydigan) maqomda tiriltirur», deb Alloh taolo Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga kechalari turib tahajjud namozi o’qishni tavsiya qilmoqda. Hatto bu namoz vahiyning birinchi nozil bo’lgan «Muzammil» surasining ilk oyatlarida, «Kechaning yarmi o’tganda, uchdan biri o’tganda, uchdan ikkisi o’tganda turgin va Allohga ibodat qil!» — deb payg’ambarlikning ilk zamonlaridayoq tavsiya qilingan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:24:35

Ashobi kirom Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nozil bo’lgan bu oyati karimalarni eshitib, amal qilib, kechalarini toat-ibodat bilan ihyo qilardilar. Shundan keyin uzun ibodatlarni yengillashtirish, ya’ni safarda, kasallik va turli sabablar bo’lgan paytda yengil bajarishga doir oyatlar nozil bo’ldi.

Bu yerda biz uchun ma’naviy bir tashviq bor: modomiki, bu namoz dunyo va undagi barcha narsalarni egallashdan afzal ekan va Alloh taolo unga juda ham katta mukofot berar ekan, u holda soatlarimizni to’g’rilab qo’yib, tahajjud namoziga turishimiz lozim! Hozir saharlikka turamiz. Saharlikda ham baraka bor, u ham sunnat. Bu saharlikka turish odatimizni, inshaolloh ramazondan keyin ham davom ettiramiz. Kechalari turib tahajjud namozini o’qiymiz va buni qo’ldan boy bermaymiz. Bu — birinchi. Ikkinchi: musulmon kishi bomdod namozini masjidda o’qishi lozim! Olimlarimiz, oriflarimiz, buyuklarimiz, «Bir inson butun kechani ibodat bilan o’tkazib, bomdod namozini ham uyida o’qib yotishidan ko’ra butun kechani uyqu bilan o’tkazib, bomdod namozini masjidda o’qigani xayrliroq», — deganlar. Chunki bomdod namozi fazilati benihoya cheksiz namozlardan. Xufton namozi ham xuddi shunday. Bu ikki namozni ado etish uchun munofiqlar jamoatga qatnasha olmaydilar. Kechasi kelish, ertalab vaqtli turish ularga og’ir keladi.

Mo’’minlar uchun esa munofiqlar ahvoliga tushish to’g’ri kelmaydi va ular buni xohlamaydilar ham. Mo’’minlar Payg’abarimiz sallallohu alayhi vasallamga va taqvodor imon sohiblariga o’xshashni istaydi. Shuning uchun bomdod namozini masjidda o’qish har bir mo’’minning asosiy vazifasi bo’lishi lozim! Tahajjud namozini uyida o’qishi va bomdodga masjidga kelishi lozim.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:24:55

Islomiy davrlarda mo’’minlar ertalab ish boshlardilar, bozorlar vaqtli ochilardi. Hammaning ishi peshingacha qariyb tugab qolardi. Hamma kech tushmasdanoq o’z qishlog’iga ravona bo’lardi. Oldinlari shunday bo’lgan. Ishlar hatto asrgacha tugab bo’lardi. Ammo hozir zamon o’zgardi. Kechalari uxlashmaydi. Bomdod vaqtida uxlaydi, namozga turolmaydi. Tahajjud u yoqda tursin, bomdod namoziga ham turolmaydi. Soat to’qqiz-o’nlarda bozorga borsangiz ham ba’zi do’konlar yopiq bo’ladi. Bozor kunlari kechasi uxlamaganliklari uchun chorsu bozorlari juda ham kech ochiladi. Holatlar o’zgargan, ammo diniy jihatdan olib qarasa, unday emas.

«Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam kunning o’rtasida, peshinda uxlardilar». Bu peshindagi «qaylula» uyqusi bo’lib, salomatlikka ko’p foydali, odamga ko’p hordiq beradi. Kechki ibodatga ham yordam beradi. Chunki ertalab vaqtli turgan vujud peshinga kelib biroz dam olishni talab qoladi. Shuning uchun peshinda uxlab olgan kishi yangilanib olgandek bo’ladi. Tabiiyki, peshindan keyin ishlarini bitiradi va shomgacha uyiga yetib keladi.

Bizlarning oldingi odatlarimiz shunday edi. Shom mahalida hamma uyda yig’ilardi. Biz katta yigit bo’lib qolgan bo’lsak ham shom namozi azonidan keyin uyga bormoqchi bo’lsak, qo’rqib-qo’rqib kirib borardik. «Ey voh! Katta xato qilib qo’ydim...», — deb qo’rquvdan titrab-titrab borardik. Chunki shom namozi paytida hamma uyda to’planadi. Chunki ro’za tutganlar bor, ro’za ham shom namozidan keyin ochiladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:25:08

Kunduzgi reja qanday tuziladi? Inson bu rejani namozlarni jamoat bilan o’qiydigan shaklda tuzishi lozim. Bizning ba’zi birodarlarimiz bor edi. Do’konlarini ochib turardilar, namoz vaqti kirib qolsa, xaridori bo’lsa, hatto «Namozga boraman, yuring, birga boramiz! Keyin, agar kerak bo’lsa, keling!» — deb aytardi. Keyin do’konni yopib, namozga ketardi. Dunyoning ishi tugamaydi, ammo namozning vaqti o’tib ketadi. Bordi-yu o’tib ketsa, u vaqtdagi fazilatni qaytib topib bo’lmaydi.

Bizlarning asosiy va asl ishimiz — Allohning roziligi va savobli ishlar bo’lishi kerak. Binobarin, ishlarimizni to’xtatib, peshin namozini masjidga borib o’qishimiz lozim. Do’kondagi peshtaxtaning yonida yolg’iz o’qilgan namozdan ko’ra, masjidga borib jamoat bilan o’qilgan namozning savobi 27 marta ortiq bo’ladi. Agar jome’ masjidlarda, jum’a o’qiladigan masjidlarda o’qilsa, savobi 50 martagacha ortadi. Agar cho’pon tog’da, dehqon paykalda azon aytib, namoz o’qisa ham savobi 50 martaga ortadi. Chunki, u tog’u toshga «Allohu akbar», — deb nido etgan bo’ladi. Atrofida Allohning qanchadan-qancha maxluqlari borki, ular ham yig’iladilar, shuning uchun savobi 50 marta ko’p.

Shuningdek, mo’min kishi peshingacha ishlaydi va dam olib, namozini borib masjidda o’qiydi. Peshindan keyin ishini yana davom ettiradi va asrda mutlaqo masjidda bo’ladi.

Asr namozi muhim namoz bo’lganligi uchun Alloh taolo («val-asr»), — deb asr bilan qasam ichadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:25:22

Asr namozining vaqti — inson dunyo ishlariga butunlay ko’milib ketgan vaqt. Tijorat eng qaynagan, chorsu bozorini berkitishga tayyorgarlik zamoni. «Qorong’u tushmasdan ishni to’xtatib olay», — deb har bir kishining shoshilayotgan vaqti. Insonlarning eng ko’p bahona topib, namozni tark etadigan vaqti. «Shoshilib qoldim, tahorat ololmadim, unday bo’ldi, bunday bo’ldi», — deydigan paytlar. Asr paytida kishi ishdan ayrilishni istamaydi.

Albatta, mufassirlar «Asr» so’zining boshqa ma’nolarini ham aytib o’tganlar. Payg’ambarimizning oldilariga bir kishi kelib: «Juda ham xafaman, parishon bo’ldim», — deb dardini tushuntirib ketibdi. Payg’ambarimiz uni eshitib: «Men seni asr namozini qazo qilibsan, deb o’ylabman», — dedilar. Ya’ni, sening darding u qadar muhim emas, demoqchi bo’ldilar. Zero, asr namozini tark etmaslik, balki uni ham masjidda o’qish lozim.

Bizning mamlakatimizda keng tarqalgan bir yomon odat bor: Shom namozlari ramazon oyida yo’qqa o’xshab qoladi. Axir, ramazon ibodat oyi emasmidi? Bunday qusurlarimizni o’rganib, ularni tuzatishga harakat qilishimiz lozim. Shom namozi ramazonda yo’qdek. Nima uchun? Odamlar ro’za tutadi, ro’zani ochamiz, deb masjidga kelmaydilar va namozlarini uylarida o’qiydilar. Shom namozi ramazonda go’yoki olib tashlangandek. Bunday bo’lmaydi, bu — noto’g’ri! To’g’risi qanday? Og’iz ochish uchun kerakli ozuqani yoniga olib, shom paytida namozini masjidda o’qiydilar va asta-sekin ovqatlanish uchun uylariga boradilar.

Arabistondagi mo’’min birodarlarimiz bunga katta ahamiyat beradilar. Arabistonda har azondan keyin ma’lum miqdor kutish diniy idora tomonidan joriy etilgan bo’lib, bu devorlarga osib qo’yilgan. Unda masalan: «Peshin azoni aytilganidan 30 yoki 20 daqiqadan keyin farz namozi o’qiladi. Asr azonidan 20 yoki 30 daqiqadan o’tgach, farz o’qiladi» va shunga o’xshash.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:25:33

Ramazonda umraga borganlar biladilar: Makkai mukarrama va Madinai munavvarada o’ziga xos bir odat mavjud. Masjidlarning ichida dasturxonlar yoziladi. Har bir kishi o’z dasturxonini ochadi. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam masjidlarida har bir boy kishining o’z dasturxoni bor. Dasturxonni 5, 10, 20, 30 metrgacha ochib boradilar. Xurmolar va boshqa narsalar keltirib, zam-zam suvlar to’ldirib qo’yiladi. Ichkarilarda yana boshqa dasturxonlar hozirlanadi. Masjidning eshigidan kirishingiz bilan «Biznikiga keling!» — deb qo’lingizdan tortib olib ketib qoladilar. Ya’ni to o’zingizning dasturxoningizga yetib borguningizgacha 40 martalab da’vat qilinasiz. «Birodarlarimizning dasturxonida bizga ham joy berilgan edi!» — deb zo’rg’a o’tib borasiz.

Azon aytiladi. Shom kirganidan so’ng har kishi o’z xurmosi-yu, zam-zami bilan ro’zasini ochadi. Besh daqiqa kutiladi va keyin dasturxonlar yig’ishtiriladi. Undan keyin iqomat keltirib, namoz o’qiladi. Jamoatni sira tark etmaydilar. Bizda esa, ramazonda jamoat bilan namoz faqat to’rt vaqtdir. Nima uchun? Chunki, shom yo’q, shomda hamma uyida ovqatlanadi. Bo’lmaydi! Masjidga kel, namozingni jamoat bilan o’qigin 27 marta savob ko’payadi, keyin esa uyingga boraver!

Inson yana dam ham oladi. Kecha shomda qanday mazza qildik. Iftor vaqti bir masjidning yonida birodarlarimiz bizlarni to’xtatdilar va birgalikda namoz o’qidik. Ikki kishi — bir imom va bir qariya bor ekan. Masjidning asosiy qismini ochmabdilar, bir xonasida o’qiyaptilar, chunki jamoat kelmayapti. Atrofida uylar yo’qmi? Bor, lekin masjidga kelish odatlari yo’q! Bizning noto’g’ri odatlarimizdan biri — shu. Boshqasi esa azondan keyin darhol namoz o’qishligimiz.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:25:44

Men yashagan mahallada shunday edi. Mening uyim masjiddan to’rt yoki besh xonadon uzoqroqda edi. Azonni eshitishim bilan eshikdan chiqsam ham farzga zo’rg’a yetib kelardim. Sunnatni shosha-pisha o’qib, farzga yetishib olasiz. Nima bo’ldi? Nima uchun meni chaqirding? «Hayya alas solah». «Qani namozga kel!» — deb minoradan meni chaqirmadingmi? Men uydaligimda «namozga kel!» — demadingmi? Mana keldim, nima uchun meni kutmasdan o’qiding? Biroz kutsang, bo’lmasmidi!

Kutish yaxshi. Biz ham «har azondan keyin o’n-o’n besh daqiqa kutamiz, jamoat tahoratini qilib olsin, — degan bir qoida qabul qilsak. Masalan, bir inson uxlab yotgan edi. Azonni eshitib turadi, tahoratini qilib, yetib keladi. Tahorat qilib kelishiga ruxsat ber, kelgandan keyin esa sunnatini o’qib olishga imkon ber va keyin farzga turing! Bizning shoshilishimiz bu — birinchisi.

Ikkinchisi esa, namozlarni juda ham tez o’qimoqlik. U ham bir bid’atdir, noto’g’ridir. Chunki:

«Shoshilish shaytondan», — deb buyurilgan. Ibodatda viqor sakinat bo’lishi lozim! Namozlarda ta’dili arkon vojib, ba’zilarning nazdida farz deyilgan. Har bir ruku’ning haqqini berish lozim, shoshilmaslik kerak! Namozni shoshiltirmaslik lozim, chunki namoz juda ham chiroyli va ulug’ bir ibodat. Namozlarda shoshilishimiz, ruknlarni to’la ado qilmasligimiz — xato.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:25:55

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir kuni shoshilib namoz o’qigan kishini ko’rib qoldilar. Uni yonlariga chaqirdilar:
«Sen namozingni qaytadan o’qi, chunki sen namoz o’qimading!» — dedilar.

Holbuki, o’qigan edi. Demak, qabul bo’lmadi. «Ajabo, kamchiligim bormikan?» — deb yana o’qidi. Bu safar yana tez o’qidi.
«Sen yana namoz o’qimading!» — dedilar.

Bundan keyin yana shoshilib namoz o’qiganidan so’ng Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam yonlariga chaqirib:
«Shoshilma, tik turganda, qiyomda, ruku’ga borganingda butun a’zolaring qaror topgunicha tur! Turganingda, to a’zolaring dam olgunicha, rohat olgunicha tur! Har ruknning haqqini ado et!» — deya tavsiya qildilar.

Demak, namozni shoshilib o’qishlik ham sunnatga xilof bo’lib, bid’at hisoblanadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  06 Oktyabr 2006, 11:26:06

Bundan tashqari, yana ko’p qusurlarimiz bor. Azon o’qiladi, masjidga kelinmaydi, uyida o’qiladi. Holbuki, agar masjid uyiga qo’shni bo’lsa, o’qigan namozi namoz bo’lmaydi! Azonni eshitganidan keyin inson unga ijobat qilishi kerak.

Abdulloh ibni Ummu Maktum raziyallohu anhu Payg’abarimiz sallallohu alayhi vasallamdan so’radi:
«Yo Rasululloh, bilasizki, mening ikki ko’zim ko’r. Kimdir mening qo’limdan ushlab, masjidga olib kelsa, bora olaman, kechalar juda ham qiyin bo’ladi. Yo’l yo’q, iz yo’q. Har tarafda chuqurlik bor. Shuning uchun men namozni uyimda o’qisam bo’ladimi?»
«Mayli, uzring bor, mumkin» — dedilar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam.

Faqat biroz yurganida yana chaqirdilar.
«Sen azonni eshitasanmi?»
«Ha, eshitaman».
«Eshitsang, kelasan», — dedilar. Bir inson azonni eshitdimi, Alloh da’vat etmoqda uni, bormasa, da’vatga ijobat qilmagan bo’ladi. Shunga o’xshash qusur-kamchiliklarimiz ham bor. Alloh qusurlarimizni tuzatishni nasib aylasin.

Qayd etilgan