Zod — arabchada yo’l ozuqasi, xaltaga solingan yegulik-ichgulik degani. Qadim zamonlarda yo’lchilar safarga chiqishdan oldin yo’l ozuqalarini g’amlab olardilar. Chunki yo’llar hozirgidek qulay emas edi. Albatta, yo’llarda hozir turli-tuman imkoniyatlar mavjud: benzin quyish shaxobchalari, tahorat olish yerlari. Yo’lda yeyish-ichish uchun ozuqa g’amlash tashvishi yo’q.
Ammo oldinlari bunday emas edi. Cho’lga chiqqan odam nimalar qilishi kerak edi, bir o’ylab ko’raylik: nima yeydi, nima ichadi? Bu ham o’ziga yarasha bir muammo? Meshga suv to’ldirib, minadigan hayvonining bir tomoniga osib qo’yardi. Yeyish uchun qotgan nonmi, qovurilgan unmi, umuman, yo’lda aynimaydigan, bug’doy, xurmoga o’xshash quruq yeguliklarni ham yoniga olishardi.
Yo’llarda ham ko’p qiyinchiliklarga uchrardilar. Bir tomondan charchoq, ikkinchi tomondan esa uzoq masofani zahmat bilan bosib o’tish, shular qatori yeyish-ichish tashvishi ham bor edi. Shu sababdan Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislaridan birida:
«Cho’lda yo’lovchi bo’lib musofir bo’lsangiz, zarurat paytida insonlardan musofirlik haqqingizni talab etishingiz mumkin», — deganlar.
Nima uchun? Chunki musofir hayotida xafv bor, unga lozim bo’lgan paytda insonlar biror narsa in’om qilishlari lozim! Chodirdagi yoki o’sha qishloqdagi inson musofirga hech bo’lmaganda bir qultum suv yoki bir burda non berishi kerak! «Agar bermasa, olishga haqqingiz bor. O’lib qolmaysiz, oling!»—deyaptilar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam. Albatta, bu o’sha ishning muhimligini, jiddiyligini ko’rsatmoqdalar.