Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 155406 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 29 B


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:28:27

70 mingni 70 mingga ko’paytirsak, 4 milliard to’qqiz yuz million mo’’min jannatga hisob-kitobsiz kiradi ekan. Yana hadisi sharifda sirli bir ifoda ham bor: «Unga Rahmonning hovuchlaridan bir necha hovuch qo’shiladi». Bozorda oldi-sotdi qilganda sotuvchilar, molni tortib bo’lgandan keyin «Bu tarozining haqqi», — deb, xaridorga bir-ikki hovuch qo’shib beradilar. Alloh taoloning bir hovuchi qancha ekanligini biz bilmaymiz...

Jannatga eng birinchi Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam kiradilar. Bu haqda shunday deydilar:

Men jannatning eshigi oldiga boraman. Jannatning qorovuli Rizvon so’raydi:
— «Sen kimsan?».

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar:
— «Men Allohning sevgili quli, habibi, elchisi Muhammad Mustafo bo’laman».

U holda jannatning vazifali farishtasi Xozin:
— «Savol berganimning sababi shuki: Alloh bu eshikni sizdan oldin boshqaga ochmaslikka amr qilgan edi, shuning uchun so’radim. Marhamat, yo Rasululloh!», — deydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:31:25

Jannatga kirishdan oldin maxshargohda har mo’’min Payg’ambarimizning Livoul Hamdlari ostida yig’iladilar. Shuning uchun: «Ey Rabbim! Bizni Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning hamd bayrog’i — Livoul Hamd ostida, Payg’ambarlar, siddiqlar, shahidlar, solihlar bilan birga tiriltir», — deb duo qilamiz.

Odam alayhissalomdan boshlab barcha payg’ambarlar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning bayroqlari ostida yig’iladilar va to’g’ri jannatga kirib boradilar. Ular duxul-avvalin — deb ataladi. Duxul-avvalin birinchi bo’lib kirgan muboraklar degani. Jannatga birinchi bo’lib kiradiganlar — payg’ambarlar, lekin jannatning eshigi oldiga birinchi bo’lib kelgan va uning eshigini birinchi bo’lib ochgan kimsa sarvari anbiyo Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamdir.

Shundan keyin hisob-kitob qilinmasdan kiradiganlarga navbat keladi. Bular muborak shahidlar, avliyoulloh, muqarrabinga o’xshash Alloh taoloni eng ko’p yaxshi ko’rgan qullari. Alloh taolo Qur’oni karimda:  «Voqe’a» surasida bildirilgan mo’’minlarni eng yuksak, sharafli, Alloh qullarining tanlagan tabaqasi ekanliklaridan xabar beradi.

Bundan so’ng, hisob-kitob qilib jannatga kiradiganlar bor...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:34:47

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida o’nta sahoba, jumladan, «Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali jannatiydirlar», deb mujda berganlar. Masjidlarda, daftarlarga, dumaloq lavhalarga jannatiy bo’lgan kimsalarning ismlarini yozib, osib qo’yganlar. Demoqchimizki, hisob-kitobsiz jannatga kiradiganlarning boshida sahobalar, so’ng tobe’iynlar so’ng taba’a tobe’iylar so’ngra keyin keladiganlar turishadi.

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sahobalarining qanday yuksak darajada bo’lganligini bilamiz. Ya’ni sahobaning darajasiga birorta ham avliyo yetisha olmaydi. Ahli sunnat e’tiqodiga ko’ra, hatto, eng yuksak avliyoning darajasi sahobalarnikidan past turadi.

Chunki Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam buyuryaptilarki:
«Asrlarning eng xayrlisi, mening asrimdir, insonlari eng xayrlidir. Avval Payg’ambarimizni ko’rgan ashoblar, keyin ashobni ko’rgan tobeinlar, so’ng tabaa tobeinlar», ya’ni tobeinlarni ko’rganlar, — deb bu uch naslning juda ham muborak ekanligini bayon qilganlar. Ulardan keyin esa hazrat Payg’ambarimiz ummatlaridan yolg’onchilar va johillar chiqishidan xabar berganlar. Darhaqiqat, Rasulullohni ko’rishning o’zi kifoya. Suhbatlariga erishmoq, sahobasi bo’lish inson sharafliligini yuksaltirib yuboradi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:37:35

Ashobdan ikki kishiga Hazrati Payg’ambarimizga qabrdoshligi bo’lishlik nasib qilgan, boshqasiga buyurilmagan. Birisi — Abu Bakr Siddiq hazratlari, ikkinchisi — Umarul Foruq hazratlari... Payg’ambarimizning qabrlari orqasida ularning ham qabrlari bor... Madinai munavvarada, Qubbai G’adroning yonida...

Shuning uchun ramazonda Allohning mag’firat etgan qullaridan bo’lish uchun jon-jahdimiz ila harakat qilamiz, bor kuchimiz bilan intilamiz! Chunki, Alloh bizni bir hisob qilsa, holimiz xarobdir. Mag’firat qilsa, qanday baxt!..

Hotami Asom hazratlari namozga turayotganlarida ro’parasida Ka’bai Musharrafa, oyoqlarining ostida Sirot ko’prigi, orqalarida Azroil alayhissalom turganday his qilar ekanlar. O’qiyotgan namozlarini eng so’nggi namozim, deb o’ylarkanlar. Qo’rquv bilan oxiratga rag’bat etib, ixlos ila «Allohu akbar», deya namozga turar ekanlar.

Biz ham shu ramazonimizni eng oxirgi ramazonimiz degan idrok bilan uni jonlantiraylik.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:40:27

Robiya Adaviyya har sahar aytar ekanki: «Bugun sening eng so’nggi kuning, ibodatingni qilib qol!..»

Har kecha aytarkanki:
«Bu kecha sening eng so’nggi kechangdir, eng so’nggi kechasini inson qanday o’tqazsa, ana shunday ibodat qil!..»

Muborak zotlar ana shunday fikru idrok bilan harakat qilganlar, yolvorganlar va ixlos bilan ibodat qilib, yuksak maqomlarga yetishganlar. Biz esa ulardan ibrat olishimiz kerak. Biz ularning oyoqlari changiga ham arzimaymiz, ularning darajasiga erishmoq uchun ko’p g’ayrat qilishimiz kerak bo’ladi.

Alloh taolo buyuradiki, «Yo’l ozuqasini g’amla, chunki yo’l uzundir» deya.. Bu qanday yo’l?.. Mana shu hayotimiz, umrimiz.. Undan keyin oxirat, oxiratdagi Mahkamai Kubro. Undan so’ng mo’’min qullarga oxirgi bekat bo’lgan jannat... Osiy, gunohkor qullarga esa jahannam...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:41:10

Tabiiyki, jannatga kiradiganlarning darajalarini anglatgan edik. Hisobi ko’rilar ekan, savobi gunohdan g’olib kelganlar jannatga kiradilar. Ularning ham o’z darajalari bor... Qaysi biri yashin tezligida, bir ko’z yumib-ochgunga qadar Sirotdan o’tib oladilar. Qaysi biri yugurib o’tadi, kimdir yiqilib-qoqilib o’tadi. Yugurib, emaklagan holda, yiqilib-qoqilib Sirotdan o’tib, jannatga doxil bo’ladilar. Jannatga kirdimi, bu eng katta baxt!..

«Bas, kim do’zaxdan chetlatilib, jannatga kiritilsa, muhaqqaq (baxt-saodatga) erishgay». Endi u yerdagi ne’matlarning chegara va hisobi yo’qdir.


Mo’min bo’lgan holda, gunohlari tufayli azob chekkan kimsalar ham bo’ladi. Ham qabrda azob chekkan bo’ladilar, ham jahannamga tushib azoblanadilar.

Qabrdagi azobning ko’rinishi hadisi sharifda keladi. Mo’’min banda qabrga qo’yar-qo’yilmas, azob malaklari olovdan qilingan cho’qmor bilan shunday qattiq uradilarki, sochilib ketadi. Azoblar chekib: «Yohu, men musulmonman! Nega meni bunday azoblayapsan? Nega meni urayapsan?..» deyishi bilan farishtalar: «Ha, sen albatta musulmonsan, ammo hayotligingda zolimlar bir mazlumga jabru jafo qilayotganlarida sen ularning oldidan o’tib ketding, ammo mazlumga yordam bermading. Bu ana shuning jazosidir!» — deydilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:41:50

Yana bir hadisga ko’ra Payg’ambar sallallohu alayhi vasallam ikki qabr yonidan o’tib ketayotgan bo’ladilar. Bu qabrlarda mo’’minlar yotgan bo’ladi. Aytdilarki: «Bu ikki qabrdagi shaxslar azob chekayaptilar». Chunki hazrati Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam basirat ko’zi bilan qabrlarning ichini ko’rayotgan edilar. Hatto avliyoullohning ham avliyolik martabalaridagi ilk darajalari kashful qulub va kashful quburdir. Ya’ni ko’ngildan o’tganini va qabrdagilarning ahvolini biladi.

«Qarang, bu ikki qabrdagi shaxs azoblanmoqda».
«Nima uchun?..»
«Birisi yolg’onni u yoqdan-bu yoqqa tashib, odamlar orasini buzardi. Buning yolg’onini unga, unikini esa bunga. Gap tashuvchi, deydilar buni. O’rtani buzuvchi, yolg’on tashuvchidir, uning yolg’onini bunga yetkazadi, josusga o’xshaydi xuddi... U yerdan-bu yerga xabar yetkazadi, bu yerdan esa u yerga... Shuning uchun ham azob chekadi.

Ikkinchisi esa, kichik tahorat ushatayotganda, siydikdan ehtiyot bo’lmasdi», deyiladi ta’rifda... «Endi bularga yangi novda keltiring, deydilar. Yangi novdani ikkiga bo’ldilar. Birisini bir qabrning ustiga, ikkinchisini narigi qabrning ustiga sanchib qo’yadilar. «Endi bu tayoqlar quriguncha ular azob chekmaydilar».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:43:31

Demak, bu hadisi sharifdan shuni tushunamizki, mo’’min bo’lgani bilan yomon xulq va odatlari bo’lsa, qabrda azob chekadi.

Yashirin gunoh qilganlari uchun ba’zi insonlar jahannamning ilgaklariga ilib qo’yiladilar. Ba’zilar esa Mahkamayi Kubroda hisobi buzuq chiqqanligi uchun, gunohlari savobidan ko’p bo’lganligi uchun, gunohlarining jazosini tortmoq uchun jahannamga kiradilar.

Yana bir hadisga ko’ra, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalardan so’rabdilar:
«Muflis kimdir?»
«Tijorati o’lgan, do’koni talon-taroj bo’lgan, qo’lida biror narsasi qolmagan kishiga muflis derlar», — dedilar.

Aytdilarki:
«Asl muflis Mahkamayi Kubroga, tarozining boshiga tog’lar kabi savoblari bilan keladi. Namoz o’qigan, ro’za tutgan, sadaqa bergan, xayr-hasanot qilgan... Hisobi qilinayotganda o’zida haqqi va oladigani bo’lgan kimsalar qarshisiga keladilar:
«Yo Rabbiy, bunda bizning haqqimiz bor, haqqimizni istaymiz», — deydilar va oladilar. Butun savoblari ularga berilib, o’zida qolmaydi. Yana keladilar haq so’rovchilar:
«Yo Rabbiy, bizning haqqimiz ham bor bunda! Savobi qolmadi-ku, nima bo’ladi endi?..»
«Siz gunohlaringizni tashlang!»

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:45:17

Savob olmagach, bu safar gunoh berish yo’li bilan haqlarini olgan bo’ladilar. Butun gunohlar u yerga to’kila boshlaydi. Hisobi tugaganda, mezonning boshiga tog’lar kabi savob bilan kelgan kishi oxirida tog’larday gunohlar bilan jahannamga uloqtiriladi».

Bundan chiqadigan xulosa shuki, oxiratda yoqamizga insonlar yopishadigan ahvolga tushmaslik uchun harakat qilishimiz lozim! Savoblarimizni oxiratda talon-taroj qildirmasligimiz uchun tirikligimizda har kimning haqqini berishligimiz lozim! Hech kimga azob, jabru zulm qilmaslikka harakat qilishimiz lozim!

Ba’zi mo’’minlar hisobi to’g’ri bo’lmagani, gunohlar yiqqani uchun jahannamga kiradi va u yerda lov-lov yonadi. Hatto butlarga sig’inganlar ham ularni masxara qilarkanlar: «Qarang, musulmon bo’lishligingiz sizga foyda qilmadi. «La’ ila’ha illalloh» dedingiz, ammo baribir jahannamda yonmoqdasiz», — deydilar.

Bir hadisi sharifda Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilarki: «Ey mo’minlar, ey musulmonlar! O’zingizni jahannamdan asrang! Jahannamga tushmaslikka g’ayrat ko’rsating, ehtiyot bo’ling... Jahannamga bir tushsangiz u yerda ahqoban qolasiz».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  07 Oktyabr 2006, 06:46:50

Ahqoban so’zi Amma surasida keladi:
Ichishga narsa topolmaydilar. Guvullab ich-tashlari yonadi, azobga uchraydilar. U yerda ahqoban qoladilar.

Ahqoban huqublar deganidir. Huqub 83 yil degani. Arabchada 83 ni huqub deydilar. Eng kamida uch huqub bo’ladilar. Ya’ni, uchta sakson uch ikki yuz ellik yil degani. Jahannamga bir kirgan eng kamida 250 yil azob chekadi. Hatto oyati karimada ham bu haqda marhamat qilingan.

Bismilla’hir rahma’nir rahi’m.
«Alloh taoloning nazdida bir kun sizning bu dunyo vaqtiga ko’ra ming yildir». Ya’ni, oxiratda bir kun bu dunyomizdagi ming yilga teng ekan. Unday bo’lsa oxiratdagi bir yil 365 000 yil bo’ladi, 250 yil esa to’qson bir million ikki yuz ellik ming yilga to’g’ri keladi. Shuncha vaqt jahannamda qoladi degani.

Shuning uchun muhtaram birodarlarim, bu hadisi sharifan xulosamiz shuki, jahannamga tushmaslikka g’ayrat qilmog’imiz kerak! Chunki u yerga bir tushgan kishi millionlarcha sana azob chekadi...

Qayd etilgan