Xo’sh, nafsi ammorasiga qul bo’lganlar nima qiladilar? Namoz o’qimaydilar, sigaret tutatadilar, ko’chalarda taom yeb, ichkiliklarini ham ichib yuraveradilar. Aslo uyalmaydilar, siqilmaydilar ham.
Qadimda g’ayrimuslimlar ramazonni bilganlari uchun: «Bu oyda musulmonlarning ro’za oyi, tashqarida non yemanglar!» — deb bolalarini chaqirib olar ekanlar.
Hazrati Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida buyuradilarki: «Ramazon oyining ajridan, barakotidan foydalana olmagan inson shaqiydir», — deydilar. Shaqiy do’zaxiy degani... Shaqiy u kimsadirki, ramazon keladi, o’tadi, lekin ramazonning xayriga noil bo’lmaydi, mahrum qoldiriladi Alloh tarafidan.
Bilasizki baroat kechasida maxsus duo o’qiladi. Alloh bu vaqtda taqdirni belgilaydi, deya duo qilamiz: «Yo Rabbiy, agar mening ismimni shaqiylar (badbaxtlar) daftariga yozgan bo’lsang, shu muborak baroat kechasida mening otimni u badbaxtlar daftaridan o’chir; ismimni saidlar (xushbaxt, jannatiylar) daftariga yoz, yo Rabbiy!.. Agar mening otimni saidlar daftariga qayd etgan bo’lsang, ey, bor Xudoyo, ismimni u yerda sobit qil, joylashtir, menga yordam qil!..», — deb duo qilamiz, said bo’lishni orzu qilamiz, oxiratda jannatga kirib, abadiy saodatga erishmoqni istaymiz.