Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 155126 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 B


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:26:19

Rajab oyi - tavba oyi. Tavba bu - qaytish degani.

«Qul Allohga yo’nalsa, Alloh ham unga yo’naladi». Demak, tavba - insonning xato yo’ldan, johilona yashashdan, johilona ishlardan, gunohlardan, haromlardan, qusurlardan, g’aflatlardan voz kechib, Janobi Haq yaxshi ko’rgan yo’lga qaytishi degani. Shuning uchun ham rajab oyi bu - ulug’ bir tavba oyidir.

Said ibni Abu Rashid tomonidan Tabaroniyda rivoyat qilingan hadisda Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam buyuradilar:

Ya’ni,«Rajab - muazzam bir oy, muhim, hurmatli va buyuk bir oy. Alloh taolo bu oyda qilingan yaxshiliklarni qo’sha-qo’sha mukofotlantiradi. Ya’ni boshqa oylarda qilingan ibodatni rajab oyida bajarsa, u oydagilarga nisbatan oshig’i bilan mukofotlaydi.

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bu oyda eng ko’p qiladigan ibodatlaridan biri bu ro’za tutishlari edi. «Rajab oyida bir kun ro’za tutgan kishi, bir yil ro’za tutganlik savobiga ega bo’ladi», — deya Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytmoqdalar hadisning davomida. Rabbimiz akramul-akramin saxiylarning saxiysi bo’lganligidan bizning ojizona qilgan ibodatlarimizga qo’sha-qo’sha buyuk mukofotlar bermoqda.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:28:01

«Bu oyda yetti kun ro’za tutgan kishi uchun jahannamning eshiklari yopiladi». Bilasizki, rivoyatga ko’ra yetti qavat jahannam bo’lib, uning yettita eshigi bordir. Bu degani jahannamga kirmaydi.

«Sakkiz kun ro’za tutgan kishi uchun jannatning sakkizta eshigi ochiladi». Bilasizki jannatning sakkizta eshigi bor...

Kim bu oyda o’n kun ro’za tutsa, Alloh so’raganini beradi, agar o’n besh kun ro’za tutsa, osmonlarda uning gunohi kechirilgani haqida nido qiluvchi nido qilib, ma’lum qiladi. Qancha ko’p ro’za tutsa Alloh ham ajrini ziyoda qilaveradi.

Nuh alayhissalom haqlarida ko’p so’zlashishimiz kerak! Nuh alayhissalom Iroqda yashayotgan davrlarida Alloh taolo u zotga kema yasagin, deb amr qilgan, u zot yasashni boshladi. Qavmi esa: «Alloh, Alloh. Bu yerda suv yo’q, daryo yo’q, nega kema yasayapsan», — deb uni masxara qildilar.

Alloh taoloning lutfi cheksiz - har narsani biladi. Allohning xos Payg’ambarlari xato ish qilmaydilar. Allohning amrini tutadilar. Tabiiy, u kemani yasab bo’ldi, keyin to’fon boshlandi. To’fon boshlanishi bilan u Alloh amr etgan kishilarni kemaga oldi. Ular Nuh alayhissalom kemaga olgan maxluqlar bilan birga to’fondan omon qoldilar. U kemaga rajab oyida minganliklari va ro’zador bo’lganliklari  yuqoridagi hadisi sharifning davomida bildirilmoqda.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:28:30

Boshqa bir hadisi sharif bilan bu suhbatimizni tugatamiz. Hasan Basriydan rivoyat qilingan hadisi sharifga ko’ra, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday buyurganlar:

«Rajab - bu Allohning oyi, Sha’bon - mening oyim va Ramazon - ummatimning oyi», — degan ekanlar. Rajab — Allohning oyi deyilishi bu, Alloh tomonidan qullarning avfu mag’firat qilinishi sababidan aytilgan. Alloh rajab oyida qullarining tavbasini qabul qiladi, ularning gunohlarini kechiradi. Shunda bandalarining amal daftarlari oppoq bo’ladi.

 Yuqorida ham aytib o’tganimizdek: «Rajab - bu ekish oyi, sha’bon - ekinga qarash oyi, ramazon - esa o’rim-yig’im oyidir».

Demak, naql qilingan barcha rivoyatlarni umumiy olib qaraganimizda, bu uch oylik davr ichida inson Alloh taolo rozi bo’lgan yo’lga kirishi, tavba qilib, ibodatlarni kuchaytirishi yaxshi bir musulmon bo’lib, ro’zalar tutib nafsini isloh qilishi, irodasini quvvatlantirib, botiniyu zohirini poklab, ramazon kirishi bilan bularni yanada ziyodalashtirib, yuksak mukofotlarga ko’z tikishi kerak. Bu bandalarga berilgan bir imkoniyat va fursatdir.

Rajab oyining juda ham qiymatli oy ekanligini Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytib o’tmoqdalar. Qur’oni karim ham to’rt oyning muborak oylardan ekanligini bayon etmoqda. U to’rt oylardan birisi — rajab oyi... Zulqa’da, zulhijja, muharram ketma-ket keladi. Bu oylarda hajga ketadilar, hajdan keladilar. Ammo rajab oyi ulardan besh oy keyin keladi. Sanaymiz: muhar ram, safar, rabiul avval, rabiul oxir, jumodul avval, jumodul oxir, rajab... Shuning uchun bu muhtaram oyni rajabul fard (yagona rajab) deb aytadilar. Hurmat, izzat, ikrom va e’tibor, jangu jadaldan uzoq turish rajab oyida ham bor...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:29:54

Bu oyda savoblar nomai a’mollarning savob xonalariga mo’l-ko’l to’kilishi sababidan rajabul sabba deb ataladi. Ya’ni savoblar mo’l-ko’l, sharillab-sharillab to’kiladigan degani. Sabba — arabchada to’kmoq degani. Daryoning tog’lardan sharillab oqadigan yeri mujab deb ataladi. Rajabul sabbe — Alloh rahmati, ikromu ehsonlari qullariga sharillab, keladigan oy degani.

Yana bir sifati rajabul asam, ya’ni kar, eshitmas degani... Qullar dushmanlarini ko’rsa-da ko’rmaslikka oladi, sening falonchi raqibing falonchi joyda ketmoqda, desalar qulog’ini kar qiladi. Shuning uchun ham rajabul asam deb ataganlar. Yana boshqa xil talqin va izohlar ham qilingan. Rajab oyining qiziqarli, diqqatni jalb qiluvchi muhim oy ekanligi rivoyatlarda aniq-tiniq bildirilgan. Hozir bu oyning birinchi kechasiga kirib turibmiz.

Oriflar, din olimlari o’z kitoblarida rajabning ekin ekish, ziroat oyi ekanligini yozadilar. Bu oyda ro’za tutish, tavba qilish va hokazo savobli ishlar qilinadi. Rajab — ekin ekish, uni parvarish etish oyi bo’lsa, ramazon hosilni yig’ishtirib olish oyi deganlar. Demak, rajab oyi bizni ramazonga tayyorlaydigan bir mavsumning ilk odimi ekan.

Ramazon — o’n bir oyning sultoni. Unga inson to’satdan kirmaydi, balki, o’zini tayyorlab, hozirlanib kiradi. Shuning uchun ham «Rajab oyi — tavba oyi», deganlar. Qul nima qiladi? «Yo, Rabbi! Men tushunmadim, xato qildim, bilolmadim, aybdorman, qusurim bor, meni kechir...», — deb xatosini e’tirof etib, Janobi Haqning yo’liga kiradi.

Sha’bon — ibodatlarda davom etish oyi. Ramazon esa — mukofotlarni olish oyi. Shuningdek ularning o’zaro aloqadorligi turlicha bayon qilingan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:30:50

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinishicha, rajab shahrullohdir. «Shahr» — arabchada «oy» degani. Shahri ramazon — ramazon oyi, shahri rajab — rajab oyi degani. Rajab — Allohning oyi. Tabiiyki, butun oylar, butun yillar, butun zamonlar, butun makonlar, butun borliqlar, butun insonlar — hamma narsa Allohga tegishli. Hamma narsa Allohniki bo’lganidan keyin «Rajab — Allohning oyi», — deyishdan maqsad nima? Bu: «Rajab — Alloh taolo hazratlari o’z bandalarini ko’p mag’firat qiladigan, ko’p afv etadigan, tavba qilgan qullarini kechiradigan oy», — degani.

Shu jihatdan Allohning qullariga tavba, afv etish, mag’firat qilish eshiklarini ochadigan bir oyning eshigidan kirgan bo’lamiz. Buni eslatish men uchun ham, siz uchun ham ko’p foydalidir! Chunki o’zimizni tartibga solishimiz — hisoblarimizni qilib, savob va gunohlarimizni o’lchab, xatolarimizni tan olib, bo’ynimizni egib, Allohga yolvorib tavba qilish fursati kelgan bo’ladi. Buni bajaramiz.

Bizning musulmon bo’lishimiz faqatgina o’zimiz uchun emas, butun Ummati Muhammadiy uchun, ona vatanimiz uchun lozim, dunyo uchun lozim!.. Bizning yaxshi musulmon bo’lishimiz, boshqalarning ham haqni eshitib-o’rganishi, Janobi Haqning yo’lini tushunib (agar biz yaxshi tushuntira olsak, albatta) Uning yo’liga kirishi uchun bir sabab bo’ladi.

Ma’lumki, jum’a kechasi munavvar bir kecha bo’lgani uchun Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam unga «Al-laylatul g’arro» — (Munavvar, nurli kecha) deb bejiz aytmaganlar. Shu bois jum’a kechasini qadrlash kerak. Qolaversa, har kechani Allohning rizosiga muvofiq o’tkazmoq kerak.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:34:25

Biz bugun Rajab oyining birinchi kechasida turibmiz, ya’ni muborak kecha, bu birinchidan. Ikkinchidan, bugun jum’a kechasi, yuqorida aytganimizdek muborak kechalardan. Uchinchidan bugun rajabning ilk jum’a kechasi, ya’ni rag’oyib kechasi. Demak, biz bugun uch muborak kechani qutlayapmiz.

Rag’oyib — bu ilohiy mukofotlar, iltifotlar, izzat-ikromlarga rag’bat etish demakdir. Bu kechani bedor o’tkazib, toat-ibodatlar bilan jonlantirgan kishi Allohning ajri mukofotlariga erishgani uchun farishtalar unga «Laylatur-rag’oyib» (rag’oyib kechasi) deganlar.

Endi mazkur muborak kechalarni qanday qilib o’tkazish kerakligi xususida to’xtalsak. Albatta, bunday munavvar, barakotli kechalarni toat-ibodat bilan zikru tasbehot bilan ihyo qilish — bedor o’tkazish zarur. Birinchidan, o’sha kecha xufton namozi va ertalab bomdod namozini jamoat bilan ado etish kerak. Bu nafaqat kechaning balki butun kunning fayzli o’tishini ta’minlaydi. Tongga qadar, shomga qadar ibodat qilganning savobini oladi. Shuning uchun Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Bu ikki namozni masjidda ado etishga harakat qiling», — deganlar. Chunki, bu ikki namoz vaqtlarida inson faoliyati susayadi. Nafs va shayton u insonni «ko’p charchading, masjidga bormay, uyingda namozingni o’qib qo’yaqol», — deb vasvasaga soladi. Issiq yotog’idan turib masjidga borib jamoat bilan namoz o’qishiga to’sqinlik qiladi.

Shu bois Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Munofiqlar bu ikki namozni bajarishda qiynaladilar», — deganlar. Bu ikki namozni masjidda jamoat bilan ado etish komil, mo’min-musulmonlarning ishidir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:34:47

Zero, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek:
«Jamoat bilan namoz o’qishning savobi yigirma yetti barobar ortiqdir». Mahalla masjidida namoz o’qisa shunday. Katta jome masjidlarida o’qilgan namozga esa ellik barobar savob beriladi.

Yana bir xususni eslatib o’tmoqchiman. Payg’ambar sallallohu alayhi vasallam deydilar:
Ya’ni, «Bir yerda beshta musulmon uyi bo’lsa, besh uyning birlashgan joyida azon aytish, iqomat keltirib, jamoat bilan namoz o’qish lozim. Agar azon aytilmasa, iqomat keltirmay, namozni jamoat bo’lib o’qimasalar, shayton ularga o’z hukmini o’tkazadi va istaganicha ezadi. Natijada ular shaytonning buyrug’i ostiga kiradilar», — deb aytdilar. O’lchov — beshta uy. Bu besh uy qaerda bo’lmasin, yaylovdami, qishloqdami, dam olish joyidami — farqi yo’q, ularning birlashgan joyida azon aytiladi, jamoat bo’lib namoz o’qiladi. Shayton hukmronligi ostida bo’lgan insonlarning uyidan shovqin-suron, to’polon arimaydi.

Negaki, ular shaytonning hokimiyatiga kirdilar. Unga asir bo’ldilar. Shayton ularni barmoqlari kabi o’ynatadi...

Shayton-aldashga usta, tajribali, Hazrati Odam Ato zamonidan beri insonlarni aldab kelayotgan bir maxluq. Inson shaytonning qo’liga tushdimi, changaliga kirdimi, bas, uni mahv etadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:38:41

Buning chorasi nima? Shayton o’z hokimiyatini qurolmasin deb azon aytiladi, iqomat keltiriladi. Namoz shuning uchun foydali, jamoat shuning uchun zarur. Biror yerda azon aytilmasa, iqomat keltirilmasa, shayton u yerga hokim bo’ladi.

Go’la tog’lari etagida joylashgan bir o’rtog’imizning qishlog’iga bordik. Soatga qaradik: azon o’qishmadi. «Nimaga?» — dedik. Imom nafaqaga chiqibdi, yangi imom kelmabdi, qishloqda azon aytilmayapti. Ahvolingiz yomon bo’ladi, dedim! Qishloqda masjid bor, minora bor, jamoat bor, lekin namoz o’qilmayapti. Hamma uyida o’qimoqda. Nima, birorta azon aytadigan inson yo’qmi? Chiroyli bo’lishi shart emas, axir go’zallik musobaqasi bo’lmayapti-ku?! Chiq, ovozing boricha o’qi, ixlos bilan «Allohu Akbar» degin — tovushingni to’rt tomon eshitadi.

Uy egasiga: «O’zing azon aytasan, o’zing imomlik qilasan va shu qishloqni azonsiz tashlab qo’ymaysan. Qani, masjidga ketdik!» — dedim. Masjidga bordik, u minoraga chiqib, azon aytdi. Jamoat bo’lib namoz o’qidik, keyinroq eshitdikki, ayollar: «Xudoga shukur, qishlog’imizda azon aytildi», — deb yig’lagan ekanlar.

Ikkinchisi: kechasi uyquga yotayotib yangi tahorat olib, ikki yoki to’rt rakat namoz o’qib, tahorat bilan uxlashlik ham kechaning ihyosidir. Nega? Chunki Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida aytadilarki: «Bunday qulning ichki kuylagi bilan terisi orasida bir farishta bo’ladi, yo Rabbi! Bu quling toza yotdi, tahoratli yotdi, sen uni mag’firat qil! — deb duo qiladi». Bilmagan bilmas, ko’rmagan ko’rmas, ko’rgan gapirmoqda, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytmoqdalar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:39:38

Keyin amal daftarini yozuvchi farishtalar, u qulni bomdodgacha ibodat qildi, — deb amal daftariga savob yozadi. Tahoratli yotdi, deb qator-qator ibodat savobi yoziladi insonning daftariga». Bu ham Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytgan narsalar. «Samodan maloikalar u kishining tahoratli yotib uxlaganligini, vujudini ma’naviy tomonidan, ruhoniyatidan ko’radilar. U qulning atrofida g’uj bo’lib to’planadilar» — deb aytmoqdalar sayyidimiz. Ya’ni, maloikalar tahoratli yotganligi uchun u kishining atrofini gavjumlashib o’rab olishar ekan.

Kechaning asl ma’nodagi ihyosi — bu biroz uxlagandan keyin tun yarmida turib, Alloh rizosi uchun tahorat olib, namoz o’qish hisoblanadi. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar:
«Kechasi turib o’qilgan ikki rak’at namoz dunyodan va uning ichidagi hamma narsadan ham xayrli». Buni bizga Hazrat rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytmoqdalar. Gapiruvchilarning eng to’g’ri so’zlovchisi, Allohning habibi adibi; U zotni so’zlariga ishonamizmi, muhtaram birodarlar? Shak-shubhasiz! So’zning, kalimalarning ma’nolarini tushunishimiz lozim! «Dunyoda va dunyodagi hamma narsadan xayrliroqdir», — demoqdalar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam. Nega? Chunki «Shammatun min ma’rifatulloh». Ma’rifatullohning hididan boxabar bo’lamiz, ma’rifatulloh tomon qadam tashlagan bo’lamiz.

Kechasi turasiz, tahorat olasiz, xonangizda sizdan boshqa hech kimsa yo’q, yolg’izsiz. Birovga ko’z-ko’z qilish ehtimoli yo’q. Riyokorlik ehtimoli yo’q. Xolis Rabbingizga yo’nalasiz, Olamlarning Rabbisi. Alhamdu lillohi rabbil olamin. Qanday muhtasham kalima! Ulkan koinotning sohibi, yaratuvchisi Alloh taoloning devonida turibsiz.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  09 Oktyabr 2006, 06:40:03

«Senga hamd bo’lsin, ey Rabbim!» — deysiz. Ruku’ qilasiz, sajda qilasiz. Ibodatning mazasini totiy boshlaysiz.

Agar biror kishi uni kuzatib tursa, uyaladi, siqiladi, hatto ko’rsatishni xohlamaydi, qilmoqchi bo’lsa ham qilmaydi. Ammo kechasi yolg’izsiz, hech kimsa yo’q. Joynamozingizga yopishasiz, yig’laysiz, ko’z yoshlaringizni to’kasiz. Sajda qiladigan yeringiz nam bo’ladi. «Ey, Allohim!» — deysiz. Juda ham qiymatli bu tuyg’ular insonni avliyolik darajasiga yetkazadi. Bu his-tuyg’ular insonni boshqalarga eng chiroyli shaklda xizmat qiladigan martabaga ko’taradi. Bu zavqni inson kechasi turgan vaqtidagina topishi mumkin.

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga shunday amr bo’ldi:
«Ey (kiyimlarga) o’ralib olgan zot, kechasi (bedor bo’lib, namozda) turing! Faqat ozgina — uning (kechaning) yarmida (uxlab orom oling) yoki (uyquni kechani) yarmidan ham bir oz kamaytiring yoxud unga (biroz) ziyoda qiling (ya’ni, kechaning yarmidan ko’prog’ida uxlab, istirohat qiling) va Qur’onni tartil bilan (ya’ni dona-dona qilib) tilovat qiling!»

Eng birinchi nozil bo’lgan oyatlar «Iqra’» surasining besh oyati. Ikkinchi nozil bo’lgan oyatlar bir rivoyatga ko’ra «Yo ayyuuhal — muddassir»ning boshidagi oyatlar, boshqa bir rivoyatga ko’ra «Yo ayyuhal — muzzammil» surasining boshidagi oyatlar. Bular — ikkinchi yoki uchinchi nozil bo’lgan oyatlar. Ya’ni uchinchi vahiyda Payg’ambarimizga: «Kechalari tur, ey Rasulim!» — deb amr qilindi.

Qayd etilgan