Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 155811 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 29 B


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:06:53

Inson biror yaxshilikni aytishdan oldin, avvalo o’zi uni amalga oshirishga harakat qilishi kerak! Solihlarni sevsa, ulardan bo’lishga harakat qilishi kerak munofiqlarni sevmasa, ulardan yiroqlashishga harakat qilishi lozim!

Munofiqlarning holati qanday? Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Erkaklar bomdod va xufton namozlarini masjidda o’qishlikka harakat qilsinlar, bunga ahamiyat bersinlar. Chunki munofiqlar bu ikki namozga kelmaydilar!» — deb aytadilar. Demak, biror kishi bomdod va xufton namozlarini o’qish uchun masjidga chiqa olmasa, bundan tashvishga tushib, «Ey voh! Menda munofiqlarning holati bor ekan, ularga o’xshab uyda o’tirishim kerakmi?» — deb shoshilib masjidga chiqishi kerak. Modomiki, munofiqlarni sevmas ekanmiz, u holda, ulardagi biror sifatning o’zimizda bo’lmasligi uchun harakat qilishimiz kerak. Modomiki, solihlarni sevar ekanmiz, ulardek bo’lish uchun intilishimiz lozim.

Biz muborak insonlarning manoqiblarini, hayotlarini o’qishda juda katta foyda borligini ko’rdik. Chunki inson farzandi, yaxshi insonlardan, dindor kishilardan ibrat olishga intiladi, havas qiladi.

Hazrati Oyishai Siddiqa volidamiz uylariga kelgan hamma narsani kechgacha miskin-bechoralarga tarqatib yuboribdilar. Shom namoziga azon aytilibdi, hammalari ro’zador ekanlar, xizmatchisi chiday olmasdan:

«Ey mo’’minlarning onasi, bizga ham biroz ajratsangiz edi. Hammaga berdingiz, lekin o’zingiz ham ro’zadorsiz. Quruq non va xurmodan boshqa hech narsamiz yo’q!» — debdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:07:37

«Vaqtliroq aytganingda buni ham bajargan bo’lardim. Aqlimga kelmabdi», — deb javob beribdilar.

Solih insonlarning holiga qarang: ular qanday xayru hasanot bermoqdalar!

Hazrati Ali oilalari bilan birga iftorlikka o’tiribdilar. Shu payt bir miskin kirib qolibdi va «Alloh rizosi uchun biror narsa bersangiz, qornim och», — deb so’rabdi. Shunda ular o’zlari yeydigan taomlarni beribdilar va o’zlari och qolibdilar. Sabr qilamiz debdilar, ertasiga yana ro’za tutish uchun niyat qilibdilar va och ro’za tutibdilar.

Ertasi kun ovqatni tayyorlab, dasturxonga olib kelibdilar va yana o’sha vaqtda eshik taqillabdi. Bir yetim kelib: «Och qoldik, yeydigan biror narsa bo’lsa beringlar!» — deb so’rabdi. Ikkilanmasdan, nasibalarini unga beribdilar.

Uchinchi kun och hollarida yana ro’zani davom ettiribdilar. Dasturxon atrofida o’tirganlarida bu safar bir asir kelib qolibdi. «Och qoldik, biror narsa bering!» — deb so’ragan ekan, darhol beribdilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:08:22

Oyat nozil bo’libdi:
«Va taomni suyib-xohlab tursalar-da, (o’zlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni taomlantirurlar» — oyati karimasi Hazrati Alining bu saxovati haqida tushgandir.

Va bunday saxiy insonlar shunday deydilar:
«(Ular ayturlar): Bizlar sizlarni yolg’iz Allohning yuzidan taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ishimiz uchun) biron mukofot va minnatdorchilik istamasmiz — kutmasmiz». Evaziga molu dunyo ham istamaymiz, shukr ham xohlamaymiz. Qilganlarimiz faqat Alloh rizosi uchun, xolos.

Bunday ibratli voqealarni eshitgan kishilar muborak zotlarga havas qilib, ularga o’xshashga intiladilar. Shuning uchun ham solihlar hayoti haqida o’qish va ulardek bo’lish uchun harakat qilish lozim.

«Ey Odam farzandi! Bajara olmaydigan ishlaringni gapirasan va buyurilmagan ishlarni bajarasan».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:09:08

Bu yerda odam farzandining ikki qusuri aytilmoqda:

Ba’zi kishilar tushunib-tushunmay, unday qilaman-bunday qilaman deb, ko’p narsani tiliga oladi. Bajara olmaydiganini gapirish to’g’ri emas. Uddasidan chiqadigan darajada gapirib, aytgan so’ziga sodiq qolishi lozim. Buyurilmagan ishlarni esa bajarmaslik lozim.

«Buyurilmagan ishlarni bajarasan!» O’ylab ko’ring-a! Qilayotgan barcha ishlarimiz Allohning amrimi?.. Ishlarimizning qanchasi Allohning amri yoki Payg’ambar sallallohu alayhi vasallamning sunnatlariga mos?

«Bir kishida haqing bo’lsa, uni olishga harakat qilasan, ammo birovning haqi senda bo’lsa, uni qaytarishdan qochasan!»

Meros taqsimlanar ekan, falonchining bu merosda haqi bor. Shar’iy nuqtai nazardan qaraganda vafot etgan ayol merosida erkak jiyanlarining haqi bor. Ammo bugungi qonunlarga ko’ra haqi yo’q. Onadan qolgan merosni ikki qiz o’zaro bo’lishib oladilar. Ammo Qur’oni karimda buyurilishiga ko’ra faqat ikkovi emas, balki erkak jiyanlari ham ulush olishlari lozim. Bular nima qilyaptilar? Haqini bermayaptilar? Borib aytsang, buni qaerdan olding, deb janjal qiladilar. Buni men o’ylab topganim yo’q, axir bu Allohning amri-ku! Berishing kerak!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:09:43

«O’z haqingni tiyinigacha olmaguncha qo’ymaysan. Ammo boshqalarning haqini bermayapsan, ey odam bolasi». Avval ignani o’zingga sanch. Bir kishi haqingni bermasa, qanchalik jahling chiqadi!.. O’rtaga advokat solasan. Unday bo’lsa, sen ham boshqalarning haqini to’liq ber!

«Hech bir yangi kun yo’qki, yer yuzi, tuproq, mana shu yer senga quyidagicha xitob qilmasa: Ey, Odam o’g’li! Hozir ustimda yuribsan, bir vaqt kelib ichimga kirasan! Seni qora tuproqqa ko’madilar. Hozir kulib yuribsan, lekin ertaga go’shtingni, suyagingni qurtlar yeydi».

«Qabr ham insonga shunday xitob qilar ekan: Ey inson bolasi, Men savol-javob qilinadigan manzilman, diqqat qil. Qabrda «Rabbing kim?.. Payg’ambaring kim?.. Dining nima?.. Kitobing qaysi?.. Qiblang qaer?..» degan savol-javoblar bo’ladi».

«Yolg’iz o’zing qoladigan joyman. Yoningda do’sting, yordamching, yo’ldoshing bo’lmaydigan joyman». Inson qabrga qo’yilgach, o’zi yolg’iz qoladi, shunda uning yo’ldoshi kimlar bo’ladi? Barcha qilgan ibodatlari, amali-solihlari yo’ldosh bo’ladi. Namozi bir tarafida, ro’zasi ikkinchi tarafida, qilgan haji, o’qigan tilovatlari, zikrlari, xayru-hasanotlari bir tomonida uni qo’riqlaydilar...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:10:27

Bir hadisi sharifda shunday aytiladi: Lahadga qo’yilgan inson vujudidan nur taralib turgan nuroniy, muborak, sevimli chehrali bir insonni qarshisida ko’rishi bilan undan so’rar ekan:
«Sen kimsan, ey muborak zot? Men qabrda yolg’iz boshim bilan shunday qo’rqib turgan bir paytimda seni ko’rib turibman. Sening yuzing juda ham nurli, juda ham sevimli, sen kimsan o’zi?»

U shunday javob berar ekan:
«Men sen o’qigan «Taborak» surasiman! Alloh menga bu suratni berib, sening yoningga yo’ldosh qilib jo’natdi!»

Amallarimiz, toat ibodatlarimiz bizga yo’ldosh bo’ladi qabrda. Shuning uchun ham hadisi sharifning oxirida Alloh taoloning shu amrlari joy olgan:
«U holda, meni ma’mur qilishga harakat qil, ey Odam o’g’li! Meni xarob-vayron qilma, buzmagin!»

Qabr ibodat bilan ta’mir qilinadi. Gunohlar bilan xarob qilinadi. Inson qabrining ma’mur etishligi xayru ehsonlarni bajarishi, xarob etishi esa, gunohlar sodir etishi bilan bo’ladi. Shunday ekan, inson umri bo’yi qabrini ta’mir qilish uchun harakat qilishi lozim.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:10:52

Alhamdulilloh, ba’zan ko’rib qolaman: xotinlar qabr namozlarini o’qiydilar, xatmi Qur’on tushiradilar va shunga o’xshash boshqa amallarni qiladilar. Bularning hammasi qabr ta’miri bobida qilinayotgan yaxshi ishlardir.

Bu hadisi sharif Alloh taoloning biz insonlarga xitobi. Undan kelib chiqadigan saboqlar shulardir: Tavbani — Allohga qaytishni kechiktirmaslik kerak. Modomiki, oxiratni sevar va jannat uchun ish qilar ekanmiz, so’zimiz ahvolimizga uyg’un bo’lsin, ishlarimiz munofiqu kofirlarning ishlariga o’xshamasin!

Men bozorni aylandim: o’zimizdagi musulmon ota-bobolarimiz ayol-qizlarimiz qaerdayu, bugungi yarim-yalong’och xotinlar qaerda! Hozir-ku bu yer biroz sovuq — 0 gradus atrofida, biroz qor bor. Lekin hozir sen borib Antaliyani ko’r! Qani bor, yoz kunida Antaliyada keza olasanmi?

Bizning bir birodarimiz Antaliyaning asl oilalaridan edi. O’zi Amerikadan kelgan, molu dunyosi bor. Chiroyli bir uy qurdiribdilar. Qarabdilarki, farzandlari qo’ldan keta boshlabdi, imonlari keta boshlabdi! Uyni ham, Antaliyani ham tashlab, qochib ketibdilar. Nima uchun? Chunki bu turistlarning dastidan yashaydigan hollari ham qolmadi.

Turistlarni bir chetga qo’yib tur, o’zimizning aholi ulardan ham battar bo’lgan? Ajnabiylardek kiyinyaptilar, taranyaptilar, bo’yanyaptilar, bezanyaptilar, xullas ular kabi yashamoqdalar... Namoz yo’q, tahorat yo’q, g’usl yo’q, ibodat yo’q, insof yo’q, harom-halolning farqi yo’q...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:11:35

«Mening onam namozni boshlamoqchi, lekin o’qishga tili kelishmayapti», — deb aytadilar. Bu yoshga kelib, katta xotin bo’libdi, lekin oddiy narsalarni ham bilmaydi. Oxiri aytdim: «Kichkina bolalarga o’rgatiladigan «Inna a’tayna»ni, «Qulhuvallohu ahad»ni o’rgansin va namozlarni ular bilan o’qisin». Holimizga qarang!

Allohning bergan ne’matlariga qanoat qilamiz! Boshimizga Allohning imtihoni yuborilsa, unga sabr etamiz! Bu imtihon kasallik, faqirlik, kamchilik va boshqalar bo’lishi mumkin. Hammasiga sabr qilamiz!

Bizning universitetdagi talabalarimiz orasida bir qiz bo’lardi. Turmushga chiqdi, juda ko’rkam farzand ko’rdi. Haqiqatan ham oydek bir chaqaloq edi. Juda sevingan edilar. Kasalliklari bor ekan, bola biroz qiyinchilik bilan tug’ilibdi... Bir haftadan keyin Alloh bolani oldi. Nachora bergan ham Alloh, olgan ham Alloh. Sabrdan bo’lak ilojimiz yo’q.

Qiz esa Allohga qanday haqoratomuz so’zlarni gapirmadi, deysiz! Meni yuragim yorilayozdi, qo’rqib ketdim. U esa jinni bo’lib qoldi, aqli boshidan uchdi. Nima ham qilardik, Xudoning taqdiri ekan. Bergan ham Alloh, olgan ham Alloh... Sabrni o’rgan!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:12:02

Bizning qishloqdagi masjidning bir imomi bo’lgan ekan. Farzand ko’rar ekan-u, bir oz muddatdan keyin vafot qilaverar ekan. Ba’zan qon quyilishi va shunga o’xshash sabablar bilan o’lavergan. Bundan g’am chekkan domla shunday yig’lar ekanki, shundayin ko’z yoshi to’kar ekanki! Bir nechta bolasi shunday bo’lib o’lib ketibdi. Bir kun qishloqqa olim, fozil, yoshi kattaroq bir kishi kelibdi. Xuddi o’sha vaqtda domlaning yana bitta bolasi vafot etgan ekan. Imom domlaning yig’lab-yig’lab qiynalganini ko’rib, «Ie, sen domlasan, qani, o’tir bu yerga!» — deb o’tqizibdi.

«Senga bu farzandlarni kim beryapti?»
«Albatta, Alloh beryapti».
«Xo’p, bu farzandlarni sendan kim olyapti?»
«Alloh olmoqda».
«Senga nima bo’lyapti o’zi? Sabr qil! Imom domla ham shunday bo’ladimi, mardlik ham shunday bo’ladimi? Allohning imtihoniga sabr ko’rsat!» — deb aytibdi.
U ham «Xo’b bo’ladi!» — deb so’z beribdi va sabr qilibdi. Keyingi tug’ilgan bolasi o’lmabdi. Imtihonni qarang!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:13:30

Shuning uchun ham Allohdan ofiyat istaymiz. Alloh dunyoda ham, oxiratda ham ofiyat bersin hammamizga! Hamma kunlaringiz xush bo’lsin, hamma ishlaringiz rost kelsin! Agarda shunday bo’lmasa-chi? Sabr qilish kerak! Hamma vaqt ham yoz bo’lavermaydi, ba’zan qor ham yog’adi. Hamma vaqt ham to’qchilik bo’lavermaydi, ba’zan yo’qchilik ham bo’ladi. Hamma vaqt ham salomatlik bo’lavermaydi, ba’zan kasallik ham bo’ladi. Sabr qiling!

Yaxshi musulmon sabr qiladi, ovozini chiqarmaydi, g’iq etmaydi. Allohdan kelganini biladi, sabr qiladi. Sabr qilib savob topadi. Inson ikkita narsadan savob topadi:
1. Musibat kelsa, sabr qiladi, savob topadi.
2. Ne’mat kelsa, shukr qiladi, savob topadi.

Bir shukrdan savob topadi, bir sabrdan. Agar ne’mat kelsa-yu, shukr qilmasa, savob topmaydi, gunohga botadi. Imtihon kelgan vaqtda sabr qilmasa, ham kelgan narsaning achchig’ini totadi va sabr qilmaganligi sababli savobni ham qochiradi, gunohga ham botib qolishi mumkin.

Bir xotin sochlarini yulib-yumdalab, baqirib-chaqirib yig’layotgan ekan. Buni ko’rgan Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam uning yoniga borib, «Ey xotin, sabrli bo’l! Allohning taqdiri, nima ham qilardik! Boshingga nima kelgan bo’lsa, kelgandir, sabrli bo’l!» – deb buyuribdilar.

Qayd etilgan