Ro’za sizu bizni irodasi kuchli taqvodor inson holiga keltiradigan ish-harakatdir. Ta’bir joiz bo’lsa, ro’za asrlar bo’yi davom etib kelgan ilohiy zamonaviy ish- faoliyat deyish mumkin...
Yigirmanchi asr insoni qidirib topolmagan iroda tarbiyasini ro’yobga chiqaruvchi ishdir. Lekin, afsuski, ba’zilar kechgacha ro’zasini tutishiga qaramay, iftorlikda birinchi bo’lib og’zini ochadi va shosha-pisha og’ziga sigaret oladi. Bu qanaqasi bo’ldi endi? Saqlansang-chi, chidasang-chi? Kuni bilan ro’za tutib chidadi, ammo shomga kelib ahdiga vafo qilmadi. Ro’za ta’lim-tarbiyasini davom ettirolmadi.
Demak, ro’za tarbiyasi orqali taqvoga ega bo’lasiz, yomon ishlardan saqlanishni o’rganasiz. Biror ishni harom yoki makruh deyilgan bo’lsa, gunoh ish bo’lsa, endi uni iftorlikdan keyin ham bajarmaysiz. Ramazondan keyin ham unga yaqinlashmaysiz.
Sizga achchiq va juda ham muhim bo’lgan bir haqiqatni aytish bilan so’zimni tugatmoqchiman: Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Ramazon — ibodatlarimiz qabul bo’lganligining alomati». Biz tarovih namozlari o’qidik, ajabo, u qabul bo’ldimikan? Ro’zalar tutdik, ajabo, u qabul bo’ldimikan? Kechalari tahajjud o’qidik, har xil yaxshiliklar qildik, sadaqalar ulashdik, iftorlar berdik, ajabo, bu qilgan xayrli ishlarimiz dargohi ilohiyda maqbul bo’ldimikan? Qabul bo’lishining alomati ramazondan keyin inson holining ijobiy tomonga o’zgarib davom etishidir!» — deb aytganlar.
Ramazondan keyin ham fe’lini tuzatmasa, ramazon ta’sir qilmagan bo’lsa, undan keyin yana eski yomon holatlarini davom ettiraversa, demakki, Alloh uning ramazonda qilgan ibodatlarini qabul qilmagan, ro’zaning ta’siridan bahramand bo’lmagan degan ma’no kelib chiqadi. Shuning uchun ham holatni o’zgartirishga harakat qiling! Ro’za tutishdan maqsad irodani mustahkamlash, o’ziga hokim bo’lish. Haromlardan, gunohlardan saqlanish, nafsi xohlasa ham unga yo’l bermasdan, bir quvvatga ega bo’lish va taqvo sohibi bo’lish. Shuning uchun ham bu asosiy vazifani hech unutmangiz! Iftordan keyin ham, ramazondan keyin ham unutmangiz! Doimo taqvo ahli bo’lib yashang! Chunki Alloh taolo jannatga muttaqiy qullarini kiritadi:
«Jannat va undagi ne’matlar taqvodorlar uchun tayyorlab qo’yilgan...». Ya’ni, agar siz ramazonda taqvoning haqiqiy ma’nosini tushunib, uni o’rganib, taqvodor, muttaqiy bir qul bo’lsangiz, jannat sizniki bo’ladi!»