Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 124824 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 29 B


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:39:31

Zulm qilganni kechirasan, shundagina jarohatlar bitadi, jamoalar go’zallashadi, yomonlar qilgan ishlaridan pushaymon bo’ladi. Ishlar shundagina tuzaladi. Aks holda jamiyatda ishning to’g’ri ketishi qiyin.

«Siz bilan aloqasini uzgan kishining huzuriga siz bordingizmi?» Esidan ko’tarilib ketibdi, sizni hech so’ramaydi, hol-ahvolingizdan xabar ham olmaydi, aloqani kesibdi, siz esa hech oldiga bordingizmi? Bu juda ham ahamiyatli.

Ustozimiz Muhammad Zohid Qo’tqu hazratlari bir shaharga kelganda:
«Falonchini ziyorat qilgani boramiz!» — deb qoldilar. Ziyoratiga boradigan odamimiz o’zlaridan yosh, o’zlarining muridlari va o’zlari haqida yomon gapirgan bir kimsa edi. Ig’vogarlik qilgan, odobsizlik qilgan, birovlar haqida gapiradigan bir kimsa... Shunda men ustozning oldilariga yaqinlashdim va:
«Ota! U odam siz haqqingizda bo’lar-bo’lmas gaplarni gapirmoqda, sizni uncha yaxshi ko’rmaydi, sizga muxolif!» — deb aytdim.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:40:31

Lekin, ular xossatan uning oldiga bordilar. U mening haqimda gapirmoqda ekan, deb o’tirmadilar. Natijada u odamning qanday o’zgarganini men yaxshi bilaman.
«Sizga xiyonat qilganga siz yaxshi vafoli bo’la oldingizmi?»
«Farzandlaringizni odobli qilib tarbiya qildingizmi?»
«Qo’shnilaringizni xushnud qila oldingizmi? Ular sizni duo qiladilarmi, mamnunmi sizdan?»
«Adashib qolmayin deb, noto’g’ri ish qilib qo’ymayin deb, haqni o’rganaman deb, diniy mavzulardagi mushkulotlaringizni olimlaringizdan so’radingizmi?»

«Chunki shubhasiz Men sizning shaklu shamoyilingizga va chiroyingizga qaramayman». Molu dunyongiz bor ekan, martabangiz baland ekan, har xil chiroyli sifatlaringiz bor ekan, naslu nasabingiz toza ekan. Lekin ular meni qiziqtirmaydi. Yuzingiz ham, suratingiz ham va sizning yaxshi vasflaringiz ham meni qiziqtirmaydi, men ularga nazar tashlamayman. Faqatgina qalblaringizga boqaman! Qalbingiz qanday — pokmi, unda sof niyatlar bormi o’zi, shunga e’tibor beraman va niyatlaringizga qarayman.

«Mana shu aytib o’tganlarimni, men xohlagan shaklda bajarsangiz, mening rizoligimni toping! Bu vasflar orqali Meni rozi qiling!» — deb buyurmoqda Alloh taolo.

Alloh taolo shu muborak ta’lim-tarbiya oyida, taqvoni o’rganish oyida, ibodat oyida, rahmati jo’sh urgan oyda; avvali rahmat, o’rtasi mag’firat, oxiri esa jahannamdan ozod bo’lish oyida hammamizni tafviqoti samadoniyasiga mazhar aylasin! Bu tabarruk oyning xayru barakotidan foydalanib, Alloh sevgan taqvodor solih bandalar holiga kelishni nasib aylasin! Yomon axloqlarimizni tark etib, go’zal xulq egasi bo’lishimizni nasib etsin!
Bihurmati asrori suratil fotiha...

7 fevral 1995 / 7 Ramazon 1415

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:01:21

TAVBAGA SHOSHILING

A’u’zu billa’hi minash shaytonir raji’m.
Bismilla’hir rahma’nir rahi’m.

Olamlarni tarbiyat qiluvchi Alloh taologa beadad, go’zal va muborak (barakotli) hamd bo’lsin! Uning Zoti azamatiga va saltanatining buyukligiga qandayin hamd sazovor bo’lsa, shunday hamdu sanolar bo’lsin! Va Sayyidimiz — Muhammad alayhissalomga va uning ahli xonadoniga va ashoblariga va Unga sidqidildan tobe’ bo’lgan barcha izdoshlariga salotu salomlar bo’lsin!

Alloh taoloning quyidagi amrini Hazrat Payg’ambarimiz naql etadilar:
 «Ey Odam o’g’li! Ichingda tavba qilishdan gapirasan, o’ylaysan, niyat ham qilasan, ammo qachon tavba qilasan? Nega uning vaqtini kechiktirasan? Oxiratga ishonasan, lekin nima uchun oxirat uchun harakat qilishni orqaga surasan?»

Biz hammamiz Odam alayhissalom avlodlaridan bo’lganligimizdan, bu xitob hammamizga tegishli. Binobarin, bu savol har birimizni jiddiy o’ylantirishi lozim. Lekin yaxshi niyati boru uni amalga oshirishga harakat qilmayotgan odamlar bu savol haqida yanada ko’proq bosh qotirsinlar. Ko’pincha odamlar «Mening ko’nglim toza, niyatim pok. Asosiysi — shu. Qolgan ishlar — tavba, namoz, ro’za—ikkinchi darajali narsalar. Ha, endi, ertami-kechmi, bular ham amalga oshib qolar», — deb o’zlarini yupatib yuradilar. O’z-o’zingizga, nafsingizga aldanib qolmang, birodar! Agar yaxshi niyatu ko’ngil pokligining o’zi yetarli bo’lsaydi, Alloh bizlardan yaxshi niyatlaringni qachon amalga oshirasan, qachon astoydil tavba qilasan, deb so’ramagan bo’lardi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:02:01

Masalan, bir kishi hajga ketmoqchi. Lekin, «Bir ozgina vaqt o’tsin, hali erta, qariganda boraman», – deydi. Namoz o’qimoqchi yoki biror savobli ish qilmoqchi, lekin, «Bir oz vaqt o’tsin, bola-chaqamni uyli-joyli qilib olay, yoshim keksaysin», – deydi. Aslida esa inson har qanday yaxshi, xayrli ishni o’z vaqtida bajarishga harakat qilishi kerak! Balki, xayrli ishni kechiktirish mumkindir, lekin tavba qilishni kechiktirish katta fojeadir. Ba’zi insonlar «Bir ozgina vaqt o’tsin, qirq yoshdan-ellik yoshdan o’tay,, shundoq bo’lsin, bundoq bo’lsin» – deb yana uzoq bir muddatni ko’zlab yuradilar. Xuddi mana shu kechiktirishga tasvif deyiladi.

Bir birodarim bor edi. O’zi har jihatdan aqlli. Hattoki, fan nomzodi. Suhbatlashib qolsangiz, uning musulmonligiga hech shubha qilmaysiz. Lekin namoz o’qimaydi.
«Qani, namozni boshla endi!» – desangiz.
«Bir oz vaqt o’tsin, boshlayman, domla! Xatolarimni bilaman, kamchiligimni tushunaman»,- deb yerga qaraydi.
«Bilsang, boshla!»
«Boshlayman o’qishni...»

Xuddi mana shu boshlayman deyish tasvif deb ataladi. Bu tasvif shaytonning o’yin-hiylalaridan biri. Chunki Shayton insonni xayrli ishlar qilishdan qaytarishga harakat qiladi. Aksincha, yomonlik qildirishni xohlaydi. Yomonlik qildira olmasa, yaxshilikni qildirmaslikka harakat qiladi. Yaxshilik qilishdan to’xtata olmasa, hech bo’lmasa uni kechiktirishga harakat qiladi. «Qilasan-da shu ishni, do’stim, lekin bir ozgina sabr qil! Bir necha yil o’tsin...» kabi soxta taskinlar bilan uni ortga qoldirib boraveradi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:03:01

Tavba bu — hayotning eng ahamiyatli ishi. Tavba bu — Alloh taoloning yo’liga qaytish degani. Odamlar tavbani qo’liga tasbeh olib, «Astag’firulloh! Tavba, ey Alloh! Tavba qildim, ey Alloh!» — deb aytishdangina iborat deb tushunadilar. Unday emas.Tavba bu- Alloh yo’liga kirish, Alloh yaxshi ko’rgan bir qul bo’lish.

Hazrati Ali roziyallohu anhu Kufa masjidlaridan biriga kiribdilar. U yerda bir kishi masjidning burchagida o’tirib tavba qilayotgan emish: «Tavba, yo Rabbiy! Astag’firullohal azim va atubu ilayh...» Shunda Hazrati Ali roziyallohu anhu uning yoniga borib, ««Ey birodar! Faqatgina tili bilan «Astag’firulloh, tavba» deyish yolg’onchilarning tavbasidir», — debdilar.

Tavbaning mohiyati shundaki, agar inson noto’g’ri yo’lda bo’lsa, to’g’ri yo’lga kiradi. Namoz o’qimayotgan bo’lsa, namoz o’qiydi, ro’za tutmayotgan bo’lsa, ro’za tutadi, yomon axloqlari bo’lsa, ularni tark etadi. Alloh taoloning amrlarini bajarmayotgan bo’lsa, bajarishga harakat qiladi... Ya’ni haqiqiy qaytish qiladi. Buni ko’rgan kishilar: «Bu odam o’zgardi, yomon yo’ldan qaytdi», — deydilar.

Kimdir qaytishni, o’zgarishni xohlamoqda-yu, lekin bu ishni kechiktirmoqda. Shuning uchun ham Alloh taolo: «Tavba qilishni xohlaysan-u, ammo qachongacha uni kechiktirasan?» — deb so’ramoqda. Shu bois Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar:

«O’limdan oldin tavbaga shoshilinglar». Qara, o’lim birdaniga keladi, qachon jon berishing ma’lum emas. Har xil noxush hodisalar, turli xastaliklar bor. Yoshni ham olib ketadi, qarini ham. Kasal o’rnida yotaveradi, ammo unga qarab turgan qarovchisi ketadi. Bolasi o’ladi, otasi qoladi. Allohning ishini bilish qiyin! Shuning uchun ham o’lim kelmasdan burun tavba qilish kerak!»

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:04:19

Hadisda aytilishicha, Rajab — Alloh qullarini avf etadigan oy ekan.

Nima degani bu? Butun oylar, butun yillar, butun dunyo, butun oxirat, hamma narsa Allohniki. Rajab ham Allohniki bo’lib, bu oyda qullarini kechirib, tavbalarini qabul qiladi... Shuning uchun ham o’sha vaqtdan boshlab tavba qilish lozim. Aslida, inson tavba qilishi lozimligini anglagan zahoti bir muddat ham kechiktirmasdan, darhol tavba qilishi kerak!

Hadisi sharifda «O’zing ham oxiratni talab qilasan, ya’ni jannatga kirishni xohlaysan-u, qani amali solihing, qani qilgan xayru ehsonlaring, ibodatlaring? Jannatni xohlaysan-u, jannatiy amallarni qilmaysan. Hali ham boshlamagansan. Qachongacha buni kechiktirasan?» — deb aytilmoqda.

«Ey Odam o’g’li! Nima qilmoqdasan o’zi?.. Obidlarning so’zini gapiryapsan, ammo o’zing munofiqlarning ishini qilyapsan?» Odamlarning gaplari chiroyli bo’ladi. Shuning uchun eskilar shunday deganlar:

«Nasihat qilish oson, uni qabul qilish esa mushkul». Ammo yaxshi nasihatni eshitish bilanoq qabul qilish kerak. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam davridagi sahobiylar yaxshi bir so’zni eshitishlari bilanoq qabul etar va unga amal qilar edilar. Bu zamonning odamlari esa nasihatni eshitadilar, uni qirq marotaba tushunib, haqli ekanligini bilib ham unga amal qilmay yuraveradilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:04:50

«Ichkilik haromdir» oyati tushishi bilanoq Madinada kimning uyida ichkilik bo’lsa, darhol ko’chaga olib chiqib, to’kib tashladilar. Ko’chalarda aroq seldek oqdi. Nega shunday qildilar? Oyat nozil bo’lgani uchun, albatta. Hozir odamlarning otasi musulmon, onasi musulmon, bolasi esa ichkilikka berilgan, tashlamaydi. Ichkilik — gunoh deysiz, baribir ichaveradi. Ammo o’zi nasihat qiladi: boshqasini oldiga o’tqazib olib: «Sigaret chekma!»—deydi-yu, o’zining kissasida sigaret turibdi. Qarshisidagiga to’g’risini gapirmoqda, lekin o’zi teskarisini bajarmoqda.

Obidlarning gapini gapirib, munofiqlarning hayotini yashamoqda. Munofiqning bosh sifati nima? Munofiq — yolg’on gapiradi, va’dasida turmaydi, omonatga xiyonat qiladi, ya’ni, ishonchsiz bir inson. So’zi boshqa, ishi boshqa. Mo’’min esa bunday emas: uning ishi sog’lom, so’zida sodiq turadigan ishonchli kishidir.

Bir kishi Istanbuldagi bir do’stimizning muborak otalaridan — (U muborak zot vafot etdilar. Alloh rozi bo’lsin. Merosini o’g’li darhol jome’ qurishga sarf qildi). — «Hoji ota, anchagina ehtiyojim bor, qarz berib tursangiz menga», — deb aytibdi. «Bolam, kassa u yerda! Borib qancha qarz kerak bo’lsa, oling!» — deb yuboribdi. O’zi hatto kassasining oldiga bormagan ham. U esa, borib qancha kerak bo’lsa olibdi. Ma’lum bir vaqtdan keyin kelibdi va «Hoji ota, bilasizmi, men sizdan bir vaqtlar qarz olgan edim, o’shani olib keldim», — deb aytibdi. «O’g’lim, kassa o’sha yerda! Olib borib qo’ygin u yerga!» — deb jo’natibdi. Ana shu otaxon bir kuni o’g’lining ishxonasiga kelibdi. Qarasa, stolning ustida har xil qog’ozlar, fakturalar, veksellar, «Bular nima o’zi?» — deb so’rabdi. «Imzoli veksellar?..» «Voy, voy, voy! Ishlarimiz shunday qog’ozlarga qoldimi endi! Bizning davrlarimizda bir og’izgina so’z bilan do’kondagi butun mollarni jo’natar edik, u ham bizga o’z haqqini belgilangan miqdorda berar edi», — deb ayblabdilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:05:29

Hoji ota eski zamon odami bo’lganlari uchun bu zamonni ayblamoqdalar. Insonlar mo’minlikni tashlab, munofiqlashdilar. Inson so’zida turmaydigan bo’lib qoldi. Va bu hol ko’pchilik uchun oddiy, odatiy bir narsaga aylandi. Hattoki, ko’pgina namozxon birodarlarimiz ham bu qusurdan xoli emaslar. Bir joyda devorga shunday hadisi sharif yozilgan ekan: «Bir kishining namoz o’qishi, ro’za tutishiga qarab aldanib qolmagin. Muomalasiga qaragin-chi, qanday ekan? Ishi qanday? Ro’za ham tutmoqda, namoz ham o’qimoqda, lekin, ishi teskari, egri bo’lmoqda, yomon hiylali, buzuq, yolg’on bo’lmoqda».

Ispartalik birodarlarimizdan «Ispartada qo’lda to’qilgan joynamoz qancha turadi?»-deb so’radim.

«Domla! Chirigan xom-ashyolardan to’qiy boshlaganliklari uchun xaridorlarning talabi ham qolmadi unga», — deb javob berdilar.

Bir xaridorni bir marotaba aldaydi, xolos... Chirik ipdan bir dona to’qib sotdi, chirik bo’lganligidan bexabar xaridor ham bir marta oldi, ikkinchi marta olmadi. Vaholanki, har bir ishimiz mo’’minning ishidek bo’lishi kerak! Alloh rozi bo’ladigan shaklda bo’lishi lozim!

«Senga biror narsa berilganida, unga qanoat qilmaysan! Alloh tarafidan boshingga bir imtihon kelganida sabr etmaysan!» Mo’’min berilgan rizqiga qanoat qiladi! «Alhamdulilloh, shukrlar bo’lsin shu holimga, shu kunlarimga!» — deb shukr qiladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:05:56

Chanoqqal’ada birov bilan gaplashib qoldik. U kishi bizga: "œBu yerda tabarruk cholu kampir yashashadi. Juda ham dindor, yaxshi insonlar», — deb aytdilar. Men shularni bir ziyorat qilaman deb qaror qildim va birga bordim. Uylari yo’q, usti tunukadan berkitilgan bir kulbada yashamoqdalar. Shunchalik torki, faqat bir o’rindiq sig’adi, xolos. Cholu kampir o’sha yerda yashaydilar. Yo Alloh, xotin shunday ham mamnunki, og’zi duoda, shirin so’zli... «Astag’firulloh, shu ne’matlarni qarang!», «Shu holimizga qarang!» — demoqda. Oyoqda turib bo’lmaydigan, sandiqdek kulba ichidagi bu bechora qariyalarning holini ko’rib uyaldim, men uyalib ketdim. «Shu holimizga shukr bo’lsin». "œShu ne’matlarni bizga berib qo’ygan Allohga hamdu sanolar bo’lsin... Biz kimmiz o’zi, bizni ziyorat qilishga kelibsizlar, ziyoratga yaramaymiz?» — deb aytmoqdalar.

Qanoat, ko’ngil boyligi insonni ana shunday baxtli qiladi. Agar berilgan ne’matlarga nisbatan qanoatsizlik mavjud bo’lsa, u insonni juda ham behuzur qiladi. Allohga shukrlar bo’lsinki, qornimiz to’q, ustimiz but... Alhamdulilloh, shukr qiladigan qanchadan-qancha ne’matlar bor. Ko’zimiz ko’radi, qulog’imiz eshitadi, aqlimiz ishlaydi.

Inson berilgan ne’mat qadrini bilib, unga qanoat qilishi lozim! Har bir kishining boshiga turli balolar kelishi mumkin. Sabr qilishi kerak. Chunki balolarga payg’ambarlar ham sabr qildilar.

«Insonlarni yaxshilikka buyurasan, o’zing esa qilmaysan. Yomonlikni qilmangiz, deysan-u, o’zing bajaraverasan! Bunday bo’lmaydi!»

«Solih bandalarni sevasan, ammo ulardan emassan! Munofiqlarga nafrat qilasan-u, ularning sifati esa senda ham bor! Bunday bo’lmaydi, ey Odam o’g’li!» — deb aytmoqda Rabbimiz hammamizga umumiy qilib. Tabiiyki, umumiy qilib aytilgan so’zlardan har bir kishi o’z hissasini olaveradi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  01 Oktyabr 2006, 06:06:26

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilarki: «Munofiqlarning sifatlari bor. Agar bir insonda bu sifatlarning hammasi mavjud bo’lsa, xolisu muxlis kishi ham munofiq bo’ladi qoladi. Agar bu sifatlardan bittasi mavjud bo’lsa, munofiqlikdan bir parchasi bo’lgan bo’ladi». Shuning uchun ham insonda bunga o’xshash narsalar bor bo’lsa, ularni tark etishi lozim!

Yosh bolaga: «Bolam, to’g’riso’z bo’lgin, yolg’on gapirma!» — deymiz. Bir ozdan keyin telefon jiringlasa, «Uyda yo’q, deb ayt», — deb buyuramiz. Xo’p, endi nima bo’ldi? Yolg’on gapirma, deb aytgan edingiz-ku? Bola buni juda yaxshi tushunadi: «Ota, siz menga yolg’on gapirma demaganmidingiz?» — deydi. «Dada, shunday ham bo’ladimi? Onajon, bunday narsa ham bo’ladimi?» — deb taajjublanadi. Ular esa: «Jim tur, sen gapirma!» — deydilar. Lekin nega bola gapirmasin. Bu yerda u haq, kattalarning o’zlari nohaq.

Yaxshilikka buyurgan kishi unga avvalo o’zi rioya qilishi lozim! Shundagina so’zining ta’siri kuchli bo’ladi.

Bir kun Abdulqodir Giloniy hazratlari va’z o’qish uchun xutbaga chiqibdilar. A’uzu basmalani aytib, va’zlarini oddiy so’zlar bilan boshlabdilar: «Uyda edim, xonimim unday qildi, bunday qildi...» — deb. Hali ma’ruzaning asosiy mavzusiga kirmasdan, odamlarning ko’zlaridan yoshlar oqa boshlabdi.

O’g’li: «Men ham kursining ustiga chiqib, shunday narsalarni aytamanki...» — debdi. Otasi uning qanday holatda ekanligini darhol tushunibdi. «Xo’p, bu hafta sen va’z o’qiysan», — debdi. U ham yaxshilab tayyorgarlik ko’ribdi. Odamlar eshitibdilar, lekin na bir hayajon, na boshqa biror narsa bor... Nega shunday bo’ldi? Chunki otasining so’zlari hayotiy bo’lganligidan ta’sirli edi. Lekin balandparvoz so’zlar, hayajonli o’xshatishlar bilan gapirsa-da, agar o’zi uni amalda qilmasa eng ibratli so’zning ham ta’siri bo’lmaydi.

Qayd etilgan