Banda Allohdan bir narsa so’rab, duo qilsa va qilgan iltijosi duoning shartlariga muvofiq kelsa, albatta, Alloh qabul qiladi. Hadisi shariflardan ma’lumki, harom yeydigan, harom narsalar so’zlaydigan, harom kiyinadigan kimsaning duosi qabul bo’lmaydi. Ammo, halol yeb-ichadigan, pokiza va duoning shartlariga muvofiq keladigan insonning duosini Alloh uch shaklda qabul qiladi:
1. Duosini ijobat qiladi. «Ey Rabbim, paykalim qurib ketdi, ertaga yomg’ir ehson qil. Bo’lmasa halok bo’lamiz, ko’p zararlar ko’ramiz», — deydi. Qarabsizki, ertasiga sharillab yomg’ir yog’adi.
2. Ba’zan istaganidan yanada a’losini beradi. Bu nimaga o’xshaydi? Bemor shifokorga: «Menga aspirin bering!» — desa, hakim: «Yaxshi, lekin oshqozoningda yara bor, yallig’lanish bor... Aspirin ichsang, oshqozoning umuman xarob bo’ladi. Sen aspirinni boshing og’riyotganligi uchun so’rayapsan. Men senga aspirin bermayman, lekin bosh og’rig’ini qoldiradigan yanada yaxshiroq dori beraman», — deydi.
Alloh ham shunga o’xshash: qul bir narsani so’raganida bermayotgan bo’lsa, demak, yanada yaxshirog’ini beradi. Biroz sabr qilish lozim.
Payg’ambarimiz aytadilarki: «So’radim, lekin Alloh bermadi, deb shikoyat qilmang, biroz sabr qiling, kuting! Inson sabrli bo’lishi lozim!»
Shuning uchun shoshilmaslik kerak, tinmay so’rayverish kerak! So’ragandan keyin odob bilan kutmoq lozim! Alloh ba’zan so’raganingizdan a’losini beradi, ko’rasiz hali. Kuting, bunday misollar sizning hayotingizda ham uchraydi. Mening hayotimda ham ko’p misollar bor bunga.