Alloh taolo hazratlari:
«Tongga qasam. (Zul-hijja oyidagi avvalgi) o’n kechaga qasam», — deb, o’n muborak kechaga qasam ichmoqdaki, bu kunlarda haj ibodatlari bajariladi.
Qur’oni karimdagi shunga o’xshash oyatlardan bu davr ko’p savobli va ko’p muborak ekanligi anglashilmoqda. Bu mavsumda qilingan ibodatlarning ahamiyati ulug’, tutilgan ro’zalarning savobi cheksiz. Haj qilmaganlar uchun hatto «Qurbon hayiti arafasida tutilgan ro’za uchun ikki yillik — o’tgan va kelgusi yillarning gunohlari mag’firat qilinadi» — degan rivoyatlar bor... Hajda bo’lganlar haj vazifalarini bajaradilar, ammo, haj qilmay, o’z mamlakatida bo’lgan kishilar uchun qurbon hayiti arafasida tutiladigan ro’zaning g’oyatda savobli ekanligi bildirilmoqda. Zulhijja oyining ilk to’qqiz kunini, o’n kechasini ihyo qilish: bedor holda toat-ibodat bilan o’tkazishning juda ham ulug’ savob ekanligi kitoblarimizda bitilgan.
Bu mavsum haj mavsumi deb atalgan oylarni o’z ichiga oladi. Bu oylarda haj qilish lozim bo’lganligi uchun ham insonlarning bir-birlari orasidagi kina, adovat, dushmanliklarni bartaraf etish oyidir. Qilichlar g’iloflarga solinadigan o’zaro hisob-kitoblar bir tomonga qo’yiladigan oylardir. Shu bois Harom oylar deb atalmoqda... Jangu jadal yo’q, hajga ketuvchilarga hech qanday mone’lik yo’q. Otasining qotilini ko’rgan bir arab yuzini o’girib, ko’rishmasdan, eshitmasdan o’tib ketibdi. Nega? Chunki bu oylar muhtaram va muborak bo’lganligidan urush-adovat harom qilingan.
Hammamiz haj Islomning eng muhim ibodatlaridan biri ekanligini bilamiz. Ham aqliy, ham ijtimoiy, ham moddiy, ham ma’naviy tomondan juda muhim bir ibodat ekanligini: musulmonu g’ayrimusulmon e’tirof etmoqda. «Juda ham muazzam bir ibodat, bunday ibodat boshqa bir dinda ko’rinmaydi!» — deb hayron qolganliklarini ifodalamoqdalar. Haj ibodatining hikmatlariyu, go’zalliklariga qoyil qolgan ba’zi g’ayrimuslimlar Islomga kirmoqdalar.