Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97226 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:49:52

Bola bosh irg‘adi. Dilmurod Mirzavoyning maqsadin tushundi: Mirzavoy uning maqtovini keltirish bilan bola yuragida umid uchqunini yoqib qo‘ygan edi. Dilmurod kecha gap ustida professor Razzoqovning ish usullari haqida hikoya qilganida shunga o‘xshash voqeani ham aytgan edi. Mirzavoy hozir uni shu usulni qo‘llashga undab tavakkal qilyaptimi? Axir, Dilmurod sira bu ishga qo‘l urmagan-ku! Nima qilish kerak? G‘isht qolipdan ko‘chdi. Endi tomoshani ustalik bilan davom ettirishdan o‘zga chora yo‘q.
— Qani, mana bu yerga o‘tiring-chi. Tilingizni chiqaring. Barakalla. Ko‘zlaringizni ham ko‘rib qo‘yay-chi,— Dilmurod uning mijjalarini qayirdi, so‘ng boshini uqalagan bo‘ldi. — Og‘rimayaptimi? — Bola yo‘q ishorasini qildi. — To‘rt marta o‘tirib turing. Yaxshi, yoting. Mirzavoy aka, derazaga parda qoqish kerak bo‘lib qoldi-ku?
To pardalar tutilguncha Dilmurod bolaning qo‘l-oyoqlariga, boshiga ishdan chiqqan eski elektrokardiografning simlarini bog‘ladi. So‘ng fonendoskopni bolaning yuragiga olib borib, eshitgichni uning qulog‘iga taqib qo‘ydi.
— Yurakning urishini eshityapsiz-a? Hozir qorong‘i bo‘lgach, asbobni burayman. Keyin «Sanang!» deyman. Ichingizda yettigacha sanaysiz. Tushundingizmi? Ovoz chiqarib sanamang tag‘in. Keyin ozgina dam olib sakkizgacha, ozgina sabr qilib to‘qqizgacha, so‘ng o‘ngacha sanab, menga «bo‘ldi», deysiz. Asbobni o‘chirishim bilan ayangizni chaqirasiz. Xo‘pmi?
Bola tasdiq ishorasini qilish paytida ovoz chiqardi. Dilmurodning ichiga chiroq yoqilgandek bo‘ldi. Xona qorong‘ilashdi. «Sanang», deb buyurdi Dilmurod. Sukunat cho‘kdi. Dilmurod ham o‘zicha sanadi. Bolaning ovozi chiqishi kerak. Jimlik. Bola qimirladi. Gapirolmayapti. «Bo‘o‘... d» ... Dilmurod ishlamaydigan asbobning murvatlarini shaqillatib buradi. Yana jimlik. «A... a...» Dilmurod bolaning yoniga keldi.
— Gapirolmayapsizmi? Qo‘rqmang. Tezda ayangizni chaqiring, bo‘lmasa simlar oyog‘ingizga sanchiladi... — Dilmurod shunday deb uning tizzasiga asta igna sanchdi.— Chaqiring. — Bola yana «A...a», deb ovoz chiqardi. — «Aya», deb chaqiring. Tez bo‘ling! — Dilmurod endi ignani qattiqroq sanchdi. — Tez bo‘ling deyapman!
U yana igna sanchaman deganda bola «Aya!» deb baqirib yubordi. Mirzavoy pardalarni tushirdi. Ayol turgan yerida o‘zini tutolmay: «Aya, degan tillaringdan aylanay», deb piqirlab yig‘lardi. Dilmurod simlarni oldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:50:01

— Qani, turing-chi, otingiz nima?
— Ka... ka... g‘im... bbeg‘di...
— Karimberdimi? Barakalla. Ana, tilingiz chiqdi. Endi qo‘rqmay gapiravering.
— Do‘xtir amakigaa nima deyish kerak? — dedi Rhaq-Mirzavoy, bolaning yelkasiga qoqib.
— G‘..g‘g‘ah..mat.
— Ana endi ayangizga, yuring, ketdik, deb ayting.
Bola ayasini qo‘lidan ushladi.
— Yu...g‘ing, k...ket...dik.
— Ana, yanga, Karimpolvon sog‘aydi. Endi ajina, ajina, deb yo‘q narsalarni tilga olib bolani qo‘rqitavermanglar. Ko‘proq gapirsin. Tili yurishib ketadi. Ikkinchi irim-sirim qilib yurganlaringni eshitsam, do‘xtirxonaga yaqinlashtirmayman. Toshkentday joydan sizlarni deb katta do‘xtir kelib o‘tiribdi-yu, sizlar chala mullaga qo‘y so‘yib, ziyofatni begona qilib yuribsizlar.
— Voy, bir emas, o‘n qo‘y sizlardan aylansin. Dadasiga aytaman, poyondoz solib kutib olamiz.
— Endi buyog‘ini qo‘ya turing. Bir yo‘la Karimpolvonning to‘yida hisob-kitob qilamiz.
Ayol qayta-qayta rahmat aytib chiqib ketdi. Dilmurod stulga holsiz o‘tirdi.
— Pichoqsiz so‘ydingiz, aka. Yuragimni bir eshitib ko‘ring, to‘xtab qoldi shekilli.
— Hayajonlandingizmi?
— Yana so‘raysiz-a? Ish o‘ngidan kelmasa, nima degan odam bo‘lardik. Yana «professor» deb tanishtirdingiz-a?
— Bu usulni kecha o‘zingiz maqtagan edingiz-ku?
— To‘g‘ri maqtaganman. Lekin hali shakllanmaganini ham aytganman-ku. Bemorni hech bo‘lmasa bir-ikki kun tayyorlash kerak edi.
— O‘zim qoyilmaqom qilib tayyorlab berdim-ku. Assistentlarning piri bo‘lsam ham arzir ekanmi?
— Ishongim kelmayapti. Bunday tajribaning o‘ndan birigina muvaffaqiyatli chiqishi mumkin edi.
— Tavakkal ham qilib turish kerak, — dedi Rhaq kulimsirab. U Dilmurodni bu ishga atayin undagan, ayni paytda, Dilmurod pand yeb qolmasin, deb gipnozga shay turgan, bu usul foyda bermagan taqdirda bolaning miyasiga biotoklar oqimini yo‘llab, tilga kiritmoqchi edi. Rhaq bu muolajadan so‘ng Dilmurodning obro‘yi oshajagini bilar, alqissa, unga xuddi shu kerak edi.
Dilmurodning hayajoni bosilmay turib, xonaga Asqarali kirib keldi. Rhaq uning chehrasiga qarab, bir oz sarosimada ekanini sezdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:50:10

— Do‘xtir inim, sizlarga bir yumush chiqib qoldi,— dedi u uzun kursiga omonat o‘tirib, — mening bir qiyomatli oshnam bor. Ishoq buqoq degan odam. Unaqa askiyachi, unaqa qiziqchi yetti iqlimda yo‘q. Shu oshnam og‘irlashib qolibdi. Hozir nevarasi aytib ketdi. O‘zingiz bir borib ko‘rmaysizmi? Tunovida Mirza inim dori-darmon qilib beruvdilar. Birgalashib borsanglar...
Hayallamay yo‘lga chiqishdi.
— Oshnangizning yuraklari baquvvat ekan, — dedi Rhaq-Mirzavoy soy ustiga solingan ko‘prikdan o‘tayotib. — Ochig‘ini aytsam, men o‘sha kuni uzilsalar kerak, deb o‘ylovdim.
— E, bu odamni azob yegan. Bosmachining qaerdaligini aytasan, deb yerto‘laga qamab, ustidan suv bostirishgan ekan. Bo‘lmasa, kamida yuz yil yashaydigan quvnoq odam edi, — dedi Asqarali afsuslanib. — Ularning ajdodida sakson-to‘qsondan kam yashagan odam bo‘lmagan. Otasini sakson yettida yerga qo‘yishgan. Rahmatli polvon odam edi. Payg‘ambar oshini tortgandan keyin ham uloq chopardi. Azroilning changalidan qutulish mumkin edi-yu, ammo uning changalidan uloqni ajratib olib bo‘lmasdi. Ho‘kizni chertib qulatadigan kuchi bo‘lsa ham sira kurash tushmasdi. Keyin sababini bilsam, yigitlik chog‘ida bir polvonni ezib, mayib qilib qo‘ygan ekan. Shu-shu birovga ozor bermay o‘tib ketdi, rahmatli. Ishoq buqoq ham otasiga o‘xshaydi. Chivinga ozor yetkazganini bilmayman.
— Dunyoning ishlari qiziq, — dedi Dilmurod Asqaralining gaplarini eshitib. — Kuchli odamlarning bag‘ri ham keng bo‘ladi. Katta polvonlar zaiflarni sira xafa qilmaydi. Ziyolilarda ham shunday o‘tkir iste’dod egasi boshqalarga yaxshilik qilish uchun hamisha vaqt topadi, birovga halaqit bermaydi, faqat qo‘llaydi. Ilm atrofida adashib, o‘ralashib yurganlar esa butun vaqtini, kuchini, o‘zini aqlli qilib ko‘rsatish uchun chiranishga sarflaydi. Jimgina sarflasa ham mayliga, boshqalarning asabi, tinchini buzish hisobiga kun ko‘radi.
— E, Dilmurodvoy, inim, bu hamma yerda bor kasal.
— Olimlarning ko‘pi odamdagi chap miya qobig‘i asosiy, o‘ngdagisi unga yordamchi, mustaqil faoliyati yo‘q, odamning iste’dod darajasini ana shu chap miya belgilaydi, deyishadi. Men esam odamlarning chap miyasi kam shakllangan deyman.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:50:22

— Ularda chapi ham o‘ngi ham shakllanmagan, deyavering, — Asqarali shunday deb qo‘l siltadi.
Rhaq Dilmurodning gapini eshitiboq, maqsadini aniqladi. Dilmurod odamlarning chap miya qobig‘iga «dominant», o‘ng qobig‘iga esa «subdominant» deb sifat berishiga qarshi edi. U isbotga kuchi yetmasa ham, o‘ng qobiq oddiy simmetriya emas, ya’nikim, asosiy hisoblanadigan qobiqqa butkul bo‘ysunmaydi, uning o‘ziga xos mustaqil yumushi bor, deb o‘ylardi. Professor Razzoqov Dilmurodning bu fikrini to‘la quvvatlamasa ham tajribalariga yordam berardi. Umuman, odamlarning xatti-harakati, xastalikka nisbatan chidami bilan qobiqlar haqidagi bu g‘oyaning nomutanosib ekani oydin bo‘lsa-da, ko‘pchilik bundan ko‘z yumar, ochiq fikrlashdan cho‘chirdi. Chunki, uzoq yillar mobaynida mutloq hokim bo‘lib kelgan g‘oyani noto‘g‘ri deyish, haqni isbot etish «Marksizmga zid fikrlovchi olim» tavqi la’nati ostida qamalish, hatto otilish uchun qadam qo‘yish demak edi. Holbuki, bu g‘oyaning o‘zgarishi ko‘p kasalliklarni davolashga yo‘l ochib berishi mumkin edi. Rhaq Dilmurodning xayolida yashirinib yotgan bu to‘g‘ri fikrni o‘qib, yana bir bor xursand bo‘ldi.
Olmazorni oralab o‘tib, kichik yalanglikka chiqishdi. O‘rtada pastak uy. Oldi ayvon, uyning chap biqinida qiyshiq tandir. Bahaybat o‘rik shoxlari yalanglikka ko‘lanka solib turibdi. O‘rikka bog‘langan eshak boshini eggancha qimir etmaydi. Ahyon-ahyonda dumi bilan xira pashshalarni haydaydi. Bu ham ta’sir etmagach, orqa oyoqlari bilan depsinadi. Atrofida o‘ralashib yurgan uch-to‘rt tovuq eshakning bu qilig‘iga parvo qilmaydi.
Ishoq ota ayvonda, eskirgan namat ustiga to‘shalgan ko‘rpada shiftga tikilgancha yotardi. Ko‘zlari botiq, yonoqlari turtib chiqqan. Mushtdek buqog‘i iyagiga tiralib turibdi. Et suyakka yopishgan, qimirlashga majoli yo‘q. Otani yelpib o‘tirgan kelini mehmonlarni ko‘rib, o‘rnidan turdi.
— Keldimi? — so‘radi ota zaif tovushda.
— Yo‘q... Asqarali tog‘a bilan mehmonlar kelishdi.
— Darrov dasturxonga qarang, qizim.
Asqarali do‘stining qo‘lini olib, hol so‘radi.
— E, so‘rama, u dunyoga bir borib, bir qaytib kelyapman, — dedi ota zaif ovozda.
— Shu yotishingda u dunyoga borib kelyapsanmi, a? — dedi Asqarali gapini hazilga burib, uning ko‘nglini ko‘tarish uchun. — Balosan, buqoq, balosan. Menga qara, u dunyoda kimlarni ko‘rding. Enangdi ko‘rmadingmi?
Ishoq ota do‘stining ko‘ngli uchun jilmayishga harakat qildi. So‘ng ixranib bo‘lsa-da, javob berdi:
— Yo‘q, seni enangdi ko‘rdim.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:50:32

— Nima dedi, kelib tursin, demadimi ishqilib?
— Yo‘q, indamadi... — Ishoq ota tamshandi. Ammo so‘zi chala qolmasin uchun o‘zini majbur qilib gapini davom ettirdi: — Enang jannat bilan do‘zaxning naq o‘rtasida... U yoqqa o‘tganlarning ham, bu yoqqa o‘tganlarning ham yuzini chakichlab o‘tiribdi...
Asqaralining cho‘tirligiga shama qilib aytilgan bu qochiriqdan hamma miriqib kuldi. Ishoq ota ham rangiga bir oz qon yugurganday bo‘lib, jilmaydi.
— Olding, buqoq, olding. Ana, aytdim-ku, bunaqa askiyachi yo‘q, bu dunyoda deb, — dedi Asqarali, o‘zini kulgidan tiyolmay. Keyin, hazil-mutoyibani davom ettirishga otaning majoli yo‘qligini bilib, muddaoga ko‘chdi. — Toshkentlik do‘xtir o‘g‘ling, ota bilan birga otamlashaylik, deb keldi.
— Ha, mehmon boshlamasa, o‘zingcha kelay ham demaysan. Nevaralaring omonmi, ishqilib. Ha, Xudo to‘zim bersin. Mehmonlarni zeriktirib qo‘ymayapsanmi?
— Mehmonlar ish bilan ovora. Mehmonligi qolmadi. Manavi do‘xtir o‘g‘ling: «Shuncha yil yurib, Ishoq otanikidek baquvvat yurakni ko‘rmagandim, oh-voh qilib yotishlari nimasi?» deyapti.
Ishoq ota yana jilmayishga harakat qilib Mirzavoy-Rhaqqa qaradi.
— Men «Ishoq otangizning dardlari boshqa tomonda. Toshkentga kuyov qilmasangiz bo‘lmaydi», dedim.
— Tegishasan-a? — dedi ota. Unga Asqaralining hazili ma’qul kelgan, yuragida yana askiyaga mayl uyg‘otgan, lekin uni tilga chiqarishga endi qurbi yetmas edi.
— Qani, inim, kuyov to‘raning yuraklariga yana bir qo‘l solib ko‘ringchi, sizga nima der ekan, — dedi Asqarali Dilmurodga qarab.
Ota ko‘rpa ustida majolsiz cho‘zilib yotgan o‘ng qo‘lini salgina ko‘tardi:
— Kerakmas.
Dilmurod savol nazari bilan Asqaraliga qaradi. Asqarali hech narsa bo‘lmagandek gapni boshqa tomonga burdi:
— Abdulhay qani?
— Raisni yo‘qlab ketdi.
— Raisni nima qilarkan?
— Men ayttirdim. Ikki og‘iz so‘zim bor.
— E, bu errayimga so‘z hayf, ovora bo‘lganingga arzimaydi.
— Yo‘q, aytib ketishim kerak. Nasihat bizdan lozim. Omma sizlar ehtiyot bo‘linglar, sopi o‘zimizdan chiqqan.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:50:46

Asqarali mehmonlarga qaradi.
— Eshitganmisiz?
— Nimani?
— Sop haqidagi rivoyatni?
— Yo‘q.
— Buqoq, do‘xtir o‘g‘illaring bu hikmatdan bexabar ekan, aytib ber.
— O‘zing aytaqol, og‘zim quruqshab ketdi.
Asqarali piyoladagi choyni otaning og‘ziga tutdi. U ikki yutum ichib, tamshandi.
— Bir o‘rmonda Bolta paydo bo‘lib, daraxtlarni birin-sirin qiyrata boshlabdi, — dedi Asqarali piyolani joyiga qo‘yaturib. — Daraxtlar keksa Chinorning oldiga maslahat so‘rab kelishibdi. «Bolta deganlaring nima, temirmi?» deb so‘rabdi Chinor. «Ha», deyishibdi daraxtlar. «Dastasi-chi, dastasi ham temirmi?» — debdi Chinor. «Yo‘q, — deyishibdi daraxtlar. — Sopi og‘ochdan». «Ie, sopi o‘zimizdan ekan-ku, endi dodimizni kimga aytamiz?» — degan ekan Chinor.
— Xalqimiz xo‘p donishmand-da. Bunday hikmat tushimga ham kirmagan edi, — dedi Dilmurod hayajonlanib.
Daraxtzor orasida ikki kishining sharpasi ko‘rindi. Oldinda rais, orqaroqda Abdulhay.
Abdulhay suv sepilgan yerdan o‘tayotib oyog‘ini tap-tap urdi-da, etik changini qoqdi.
— Kelishdimi? — deb so‘radi ota boshini burishga harakat qilib.
— Ha, kelishdi, — deb javob berdi Asqarali.
Salom-alik, hol-ahvol so‘rashishdan so‘ng, ota raisga murojaat qildi.
— Mamarayim, inim, ishing ko‘p bo‘lsa ham chaqirtirdim, xafa bo‘lma.
— Xafaligi bormi, o‘zim ham kelaman, deb turuvdim. Dalaning ishi qaynab ketdi, bilasiz-ku... O‘zingiz tuzukmisiz ishqilib, rangingiz durust, ko‘z tegmasin.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:50:54

— Xudo deb yotibmiz, inim. Senga aytadigan so‘zim bor edi. Gapimni bo‘lmay eshit: bir kishining uch o‘g‘li bor ekan. Vaqti-soati yetganini sezgan ota merosini kimga qoldirishni bilmay boshi qotibdi. Keyin bolalarini sinash uchun ularni uch tomonga yuboribdi: «Odamlarga bittadan yaxshilik qilib qaytinglar», — debdi. Ishoq ota rivoyatning davomini eslamoqchi bo‘lganday jimib, ko‘z yumdi. Asqarali sergaklanib, uning peshonasiga kaftini qo‘ydi. — Suv ber, oshnam,— dedi Ishoq ota tamshanib. Labini ho‘llab olgach, ko‘zini ochib davom ettirdi. Aytadiganini aytib olishga shoshilib, bu safar tezroq gapirdi: — Kattasi bilan o‘rtanchasi otaning amrini bajarib, tezda qaytibdi. Biri nogiron kishining, biri ojiz kishining yumushini beminnat bajarib beribdi. Ammo kenja xiyla hayallab qaytibdi. Buning uchun akalaridan dakki eshitib, yerga qarabdi. So‘ng otasiga hisob beribdi: «Dada, falonchini bilasiz-a, ashaddiy dushmanim, har lahzada jonimni olish uchun payt poylaydi. Otasi sizning dushmaningiz edi. Ketayotsam, ashi tikka jarning yoqasida uxlab yotibdi. Bir ag‘darilsa, jarga qulab o‘ladigan. Men uni uyg‘otib yubormaslik uchun sekin-sekin surib, chetga olib qo‘ydim». O‘shanda ota quvonib, merosini kenjasiga qoldirgan ekan... Asqarali, choydan... Umring uzun bo‘lsin, oshnam... Qissadan hissa shuki, bobolarimiz eng razil dushmaningga ham yaxshiligingni ayama, degan. Men bu gaplarni o‘zim to‘qiganim yo‘q. Tog‘angdan eshitganman. Har jumada shunaqa ibratli va’z aytardi. Donishmand odam edi, ba’zi g‘alamislar so‘zi bilan bekorga quloq bo‘lib ketdi, bechora.
— Bizning urug‘da unaqa ruhoniylar bo‘lmagan, quloqlar ham, — dedi rais jahl bilan.
— Achchig‘ing chiqmasin. Tog‘angdan nima uchun tonayotganingni bilib turibman. Hali zamon tinchib ketadi. Qarindosh-urug‘dan kechish yaramaydi.
— Qo‘ying bu gaplarni!
Asqarali «Tek o‘tir, rais!» deb turtib qo‘ydi. Mamarayimning sholg‘omsifat yalpoq burni oqarib, taram-taram peshonasida ter ko‘rindi. Tumtayib oldi.
— Agar bironta odamga yaxshilik qilish qo‘lingdan kelmasa, hech bo‘lmasa, yomonlik qilma. Bu ibratni ham tog‘angdan eshitganman. U, balki, tog‘ang emasdir, balki chindan ham sen aytganday «xalq dushmani» bo‘lgandir. Ammo haq gaplarni aytib ketgan. Shu ibratlarga amal qilsang, baraka toparding.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:51:04

— Men shu topgacha birovga yomonlik ravo ko‘rganim yo‘q. Bo‘lsa shu kolxozga bo‘lsin, deb jonimni jabborga beryapman. Bitta to‘nim hali ikki bo‘lgani yo‘q.
— Durust... Birovga yaxshilik qilaman deysanu ko‘ngliga ozor berib qo‘yasan.
— Nima, meni tergash uchun chaqirganmisiz?
— Yo‘q, — dedi Ishoq ota, - ikki og‘iz nasihatim bor. Aslida, men seni qarg‘ashim lozim edi. Lekin buning foydasi yo‘q... Shamolda shildirayotgan makkayining barglarimi?
— Ha.
— Ilgari makkayining o‘rni nima edi?
— Bog‘ edi.
— Men bu bog‘ni yigirma yil parvarish qilgan edim. Xudo umr bersa, anavi tepalikni ham bog‘ qilaman, degan umidim bor edi. Atti bog‘ qilish Abdulhayning chekiga tushgan ekan. Baraka topsin. Sendan ilinjim shuki, inim, rais bo‘lsang, odil rais bo‘l. Ko‘p bilan kengashib ish yurit. Bog‘larni xazon qilma, uvoli tutadi. Gunohi o‘zingga urmasa, bolalaringga uradi.
— Bog‘ingizni buzdirgan bo‘lsam, tashlab qo‘yganim yo‘q. Bog‘dan foyda kam kolxozga. Makkayining foydasini yeb yotibsizlar-ku!
— Makkayiga bo‘lak joy qurib ketgan edimi?..
Ishoq ota shunday deb jerkidi-da, yana ko‘zini yumdi. Asqarali unga choy tutdi. Ishoq ota tamshan-di-yu, choydan ichmadi. Asqarali piyolani Abdulhayga uzatib, «suv bering», dedi keyin «paxta ham» deb pichirladi. Ota ko‘zini ochdi. Bu safar raisga qaramay shiftga tikilib gap boshladi:
— Dovonda muzlab qolgan odamlarni ko‘rgan edim. Tik qilib qo‘ysang, xuddi tirik odamga o‘xshaydi... Sen ham o‘sha murdalarga o‘xshab qolma. Sirtida jon boru ichi o‘lik odamlar xalqning qarg‘ishiga qoladi-ya!
Rais g‘azabdan bo‘lg‘ilsa ham, o‘zini tutdi. Jon taslim qilay deb yotgan qariya bilan olishishga jur’at etmadi. Uning bosh egib o‘tirganini ko‘rgan Ishoq ota ham gapni kalta qildi. Abdulhay otasining imosi bilan kosalarda sho‘rva keltirdi. Asqarali orada hech qanday og‘ir gap o‘tmaganday gurungni boshladi. Rais ham sal ochilib, kolxozga yangi traktor undirayotganini aytib, maqtandi. Abdulhayning bog‘iga oqsoqollar hordiq chiqaradigan shiypon qurdirajagini bildirdi. Keyin otaga sihatlik tilab, chiqib ketdi.
Rais ketgach, Ishoq ota gapirmay, ko‘zini bir ochib-bir yumib, tamshanib yotdi. Shom qorong‘isi tushganda Abdulhayni chaqirdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:51:12

— Bolam, omonatimni topshirguday bo‘lsam, bog‘ingga qo‘y, bog‘ingni qo‘riqlab yotay, devdim, esingdami?
Abdulhay bosh irg‘adi.
— O‘ylab qarasam, shayton vasvasasiga uchgan ekanman. Yolg‘iz yotishdan Xudo asrasin ekan. Ko‘pning orasiga qo‘yaver. Raisga insof berib, bog‘ingga shiypon qursa, ko‘pning duosini olasan. Ana shu duo arvohimga madad bo‘ladi, bolam...
Asqarali Mirzavoy-Rhaq bilan Dilmurodga ruxsat berdi. Ammo ular shu yerda qolish istagini bildirishdi.
Ayvonga bir sidradan ko‘rpacha tashlab yotdilar. Biroq ko‘zlari ilinavermadi. Oy tikkaga kelganda ot tuyoqlarining ovozi eshitildi. Otliqlar qabriston tomonga o‘tdilar. Dilmurod bir Asqaraliga, bir Mirzavoyga qaradi-yu, tungi otliqlar haqida so‘ramadi. Qabristonga qarab yotaverdi. Tepalikda Devonaning hujrasi qorayib turibdi. Bir ozdan so‘ng qabristonda qora sharpalar ko‘rindi. «Otliqlarmi?» deb o‘yladi Dilmurod. Yana Asqaraliga qaradi-yu, so‘rashga botinmadi. Otlarning kishnashi eshitildi. Dam o‘tmay qabristonda olov ko‘rindi.
— Uyqungiz kelmayaptimi? — deb so‘radi Asqarali uning bedorligini bilib.
— Qarang, o‘t yoqishyapti.
— Mozordami? Ha, Abduholiqning urug‘lari bo‘lsa kerak?
— Nimaga bunday qilishyapti?
— Irimi shunaqa. Bir oiladan ketma-ket odam o‘laversa, tunda qabrlarga ot soladilar. Oyog‘i yozilmay qolgan murda odam chaqirarmish. Ot o‘shaning qabridan oshib o‘tolmas ekan. O‘sha murdani yo qiymalab chopadilar, yo yoqadilar.
— Biz tomonlarda murdaning oyog‘ini uzatib qayta ko‘mishadi. Bu yerdagisi dahshat-ku!
— Dahshat deysizmi? Yo‘q, bu ota-bobolarimizdan qolgan odat.
— Shu bilan o‘lim to‘xtaydimi?
— Ba’zan to‘xtaydi.
— Axir o‘limning ketma-ket kelishi avloddan-avlodga o‘tuvchi kasalliklar natijasi-ku?
— Buni biz tushunmaymiz, inim... — Asqarali shunday deb yonboshga o‘girildi. Shu bilan suhbat ham tugadi.
Gulxan ancha vaqtgacha yonib turdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:51:20

Ishoq otaning joni tongda uzildi. Uning uzilganini sezmay qolishdi. Beozorgina jon berdi...
Atrofi oq mato bilan o‘ralgan tobut yerdan uzildi. Ayollar yuzlarini timdalab, faryod ko‘tardilar. Abdulhay lahadga tushib otasini qo‘yayotganda, Asqarali to‘nining etagini ochib davra aylandi. Odamlar bir siqimdan tuproq olib, pichirlab duo o‘qib, kuf-suflab etakka tashlashdi. Hammadan chekkaroqda o‘tirgan Devona ham tuproq oldi-yu, joyidan jilmadi. Asqarali buni sezib unga yaqinlashdi. Devona duo o‘qimayoq bir kaft tuproqni etakka tashladi-da, unga qarab tirjaydi.
Asqarali to‘plagan tuproqni lahadga to‘kdi.
— Devonaga borganing nimasi edi? — dedi go‘rkov norozi ohangda.
— U ham odam-ku...
Go‘rkov lahad og‘ziga guvala terib bo‘lgach, Ishoq otaning yaqinlari ketmonni qo‘lma-qo‘l olib qabrga tuproq tortishdi. Bu manzarani bir chetda turib kuzatayotgan Rhaq o‘yga toldi: mana shu tumonat odam ichida Ishoq otaning qarindoshlari ham, yetti yot begonalar ham bor. To‘g‘ri, ularning barchasi ko‘z yosh to‘kib , bir xilda qayg‘urishmayapti. Ba’zilar otaning qo‘lidan, hatto bir piyola choy ichmagan, hamsuhbat bo‘lmagan, salom-alikdan nariga o‘tmagan. Ammo ular ham kuyinishyapti. Bir odam bolasining bu dunyoni tashlab ketganiga achinishyapti. Erta-indin mana shu tuproq tortayotganlardan biri qarimi, yoshmi ko‘z yumsa ham shu hol takrorlanadi. Odamlar uning o‘limidan kuyunadilar. Mana, hatto Rhaqning o‘zi ham achinyapti. Achinyapti? Qiziq, axir unda bunday his sira uyg‘onmas edi-ku? Hatto o‘g‘li, xotini uchun ham bu qadar achinmagan edi. Nahot odamlarning tuyg‘ulari unga ham o‘tayotgan bo‘lsa?

Qayd etilgan