Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97233 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:51:31

TALVASA

Gala-gala qo‘ng‘ir bulut osmonni artib, uzoqdagi cho‘qqilar tomonga o‘tib ketdi. Ikki kundan beri o‘sha yoqda uzluksiz chaqmoq chaqadi, momaqaldiroq gumburlaydi. Vodiy tomondan kelgan bulutlar go‘yo yordamga shoshayotgandek qishloq osmonidan tez suzib o‘tadi. Momaqaldiroq qattiq jaladan darak berar, ammo tabiatning bu bemavrid ehsonidan qishloq hozircha holi edi. Faqat kunning tafti qaytib, kechalari ancha salqin bo‘lib qoldi.
Tamakining barglari uzun kanoplarga terilib, shoda-shoda qilib qo‘yilgan. Sarg‘ayib qolgan shodalar erta-indin olinadi. Qog‘oz kabi tekislab, bittadan taxlab, omborga jo‘natilgach, ko‘chalar huvillab qolgandek bo‘ladi. Qor isi kelib, daraxt barglari umrini yashab, xazonrezgi boshlanadi. Keyin qor tushadi. Hamma uyiga tiqiladi. Tongotargacha davom etuvchi gap-gashtak boshlanadi.
Asqarali tamaki barglarining shodalariga qaragancha shularni o‘ylab borardi. Uning mashqi ancha past. Yarim qadam orqada kelayotgan Dilmurod buni sezib, hamrohini gapga tutmadi. Guzarga yetishgach, Asqarali Dilmurodni choyga taklif qildi. Dilmurod tunda bir qarorga kelgan, hozir Mirzavoy-Rhaqqa maqsadini ayon aytmoqchi edi. Shu sababli Mirzavoy samovarxonada ko‘rinmagach, shifoxonaga o‘tishni ma’qul ko‘rib, Asqaralining taklifini yerda qodirdi. Asqarali buni ko‘ngliga olmadi. «Picha turib choyni o‘zim olib chiqaman», deb tosh zinadan yuqoriga ko‘tarildi.
Dilmurod ichkariga kirganda Rhaq Fid bilan xayolan bahs qilib o‘tirardi. Keyingi kunlarda ko‘rgan-kechirganlari, o‘zi sezmagan, holda, achinish hissini uyg‘otgan va bu xayoliy bahsga turtki bo‘lgan edi. U Dilmurodni ko‘rib, o‘rnidan turdi. Hol-ahvol so‘radi. Keyin oraga jimlik cho‘kdi. Dilmurod gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlandi. Keyin dangal maqsadga ko‘cha qoldi.
— Men siz bilan maslahatlashmoqchi edim, — dedi u sukutni buzib.
— Agar mendan biror aqlli gap chiqishiga ishonsangiz, marhamat, — Mirzavoy shunday deb jilmaydi. Biroq bu jilmayish yuzidagi o‘ychanlik pardasini ko‘tara olmadi.
Tashqarida supurgi ushlagan Saboxon ko‘rindi. Dilmurod oq xalatini kiygach, titilib yotgan charm divanga o‘tirdi. Rhaq deraza yonidagi stulni divanga yaqinroq surdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:51:40

— Men Devonani davolashga urinib ko‘rmoqchiman.— Dilmurod, gapim qanday ta’sir etdi ekan, deb hamsuhbatiga tikildi. Rhaq Dilmurodning ruhiy xastaliklar bo‘yicha mutaxassis ekanini, Devonani dastlab ko‘rgandayoq uni davolamoqchi bo‘lganini sezgan edi. Ammo hozir uning qarashidagi ma’noni anglab, kutilmagan xabar eshitgan odamdek atayin hayratlandi.
— Shu mo‘ylovnimi? — dedi go‘yo ishonqiramay.
— Ha, o‘shani. Ammo bu ishni bir o‘zim uddalay olmayman. Siz yordam bera olasizmi?
— Menmi? Men-ku, jon-jon deb ko‘maklashaman. Lekin... umrimda... bunaqa ishlarga aralashmaganman. O‘zingiz bilasiz, texnikumning ta’limi bilan...
— Ha, texnikumda juda sayoz bilim berishadi. Hechqisi yo‘q. Men qo‘ldan kelgancha o‘rgataman.
— Rahmat, Dilmurodjon.
— Demak, rozisiz. Lekin bu hozircha ikkalamizning o‘rtamizda sir saqlanishi kerak. Chunki ishimizning oqibati hali noma’lum. Meni kutib olganingizda, katta chamadonimni ko‘rib: «Butun Toshkentni ko‘tarib kelganmisiz?» — degan edingiz. O‘sha chamadonda o‘zim yasagan bir yangi asbob bor. Unga TET — Toshkent elektron tabibi, deb nom qo‘yganman. Men bu yerga ikki maqsadda kelganman: birinchisi — tashqi muhitning, turli voqea-hodisalarning inson ruhiyatiga ta’siri, to‘g‘rirog‘i, ruhiy kasalliklarni keltirib chiqarishini chuqurroq o‘rganish, ikkinchisi, iloji bo‘lsa, TETni sinab ko‘rish...
«Qaynotasining hibsga olinganini yashiryapti. Axir, bu yerga kelib qolishining asosiy sababi o‘sha-ku? Buni mendan qachongacha yashirar ekan?» — deb o‘yladi Rhaq. Ammo sir boy bermay, o‘zini bilmaganga oldi.
— Birinchi maqsadingiz-ku, tushunarli, ammo ikkinchisi asossiz, — dedi u.— Nima, tajriba uchun Toshkentda jinni yo‘qmi? Undan keyin, yangi asbobni avval hayvonlarda sinab ko‘rish kerak shekilli? Bu o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas-ku!

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:51:48

— To‘g‘ri, o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Avvalo TETni hayvonlarda sinab bo‘lmaydi. Chunki hayvonlarning jinnisi bo‘lmaydi. Ilmiy kengash barcha ma’lumot va xulosalarimni tahlil etib, uni tajribada sinashga ruxsat bergan. Jinni masalasiga kelsak, ruhiy kasallar klinikaga tushganlarini oz bo‘lsa-da, his etadilar. Ular to‘rt devor orasida yashashni istamaydilar. Ozodlikka intiladilar.
— Esi borlar intilmaydimi? Ozodlik hammaga ham yoqadi.
— Klinikadagi bemorlar bilan ozodlikda yurganlari o‘rtasida farq bor.
— Yaxshi. Unda bemalol sinab ko‘ravering.
— Qanday sinayman? Avval Devonaning qarindoshlari bilan tanishib, kasallik tarixini aniqlashim kerak.
— Ha, ahvolingiz og‘ir, og‘ayni. Ayrim tahlillarni olish ham mushkul. Elektroentsefalografiya uchun markazga borish kerak. U yerda ham imkon bormi, yo‘qmi, bilmayman.
— Ba’zan bo‘g‘ilib ketaman-da, Mirzavoy aka, shu narsa yuzaga chiqqaniga salkam yigirma yil bo‘ldi-ya! Yigirma yildan beri uni qo‘llash tuzukroq yo‘lga qo‘yilmagan.
— Siz bo‘g‘ilavermang. TETingiz yaxshi natija bergan taqdirda ham uni barcha yerda qo‘llanishiga erishish uchun yana yugurasiz. Kashfiyot qilishga nisbatan uni ommaviy qo‘llashga erishish og‘irroq.
— Nega shunday? Axir, odamzot yangilikka chanqoq-ku?
— Dunyoda oq rangdan tashqari qorasi ham bor. Yangilikka chanqoqlik bilan loqaydlik qo‘shni bo‘lsa, nima deysiz? Loqaydlik ko‘lankaga o‘xshagan narsa — chopib ham, ko‘mib ham bo‘lmaydi.
Dilmurod o‘rnidan turib deraza oldiga bordi. Saboxon tarvaqaylab o‘sgan tolning soyasida bir juvon bilan gaplashib turibdi. Dambadam Dilmurod tomonga qarab qo‘yadi. Atayin qarayaptimi yo Dilmurodga shunday tuyulyaptimi?
Rhaq Dilmurodning yoniga kelib yelkasiga qo‘l tashladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:51:56

— Bo‘g‘ilgan bilan ish bitmaydi. Devorga duch kelsangiz, boshingiz bilan urib teshib o‘tmaysiz-ku. Devorning yonida aylanma yo‘l ham bo‘ladi.
— Mumkin emas-da, Mirzavoy aka!
— Bilib qo‘ying, hatto qonunlar ham mutlaq emas, o‘zgarib turadi.
— Yozilmagan qonunlar ham bor-da.
— Hatto ular ham vaqti-soati bilan tahrirga muhtoj bo‘lib qoladi. Sezib yuribman, kelganingizdan beri jinniga razm solasiz. Unga allaqachon diagnoz ham qo‘ygandirsiz.
— Taxminan qo‘ydim.
— Qanday diagnoz?
— Total esipastlik — diffuz dementsiya sindromi. Bosh miya po‘stlog‘ining diffuz zararlanishi. Xotira, diqqat, nutq, tahlil, xulosa chiqarish, tanqid qilish, umuman, aqliy faoliyat qobiliyati ishdan chiqqan.
— Masala ravshan ekan, tajribani boshlayvering.
— Qanday qilib boshlay? Asbob uzoq masofadan ta’sir etmasa, jinnini bu yerga olib kelib, yotqizib bo‘lmasa...
— TETingizning ishlash jarayonini aytib bering-chi, bir ilojini topamiz.
— Bemorni yotqizib ensasiga, orqa miyasiga elektrodlar qo‘yish kerak. Keyin quyi chastotali kam kuchdagi impuls tok bilan miya to‘qimalarini qitiqlab uyg‘otamiz.
— Tushundim. Demak, elektr bilan talvasaga tushiramiz.
— Yo‘q, unday emas. Odam a’zolariga bunday qo‘pol aralashuvni biz eng so‘nggi chora deb bilamiz. Men unga butunlay qarshiman.
— Retrograd va aterograd amneziyalar tipidagi xotira yo‘qoladi, demoqchimisiz?
— Bugina emas, miya to‘qimalariga qon quyilishi mumkin. TET esa bunga yo‘l qo‘ymaydi. U gippokampni yoki talamusni asta qitiqlaydi. Agar miyaning bu bo‘limlarida ma’lum darajada tormozlanish jarayoni mavjud bo‘lsa, elektrodlarning qitiqlashi natijasida bu bo‘laklar miyaning umumiy ish jarayoniga bog‘lanadi.
— Psixiatr bo‘lmasam ham maqsadingizga tushundim. Endi bunday qilamiz: jinni amakini shifoxonaga ishga olamiz. Qarshi emasmisiz?
— Qarshi emasman... Lekin...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:52:05

— Demak, kelishdik. Xizmatdan so‘ng Dilmurod Musaev rahbarligidagi vrachlar delegatsiyasi Mo‘ylov hazrati oliylarini lutfan ishga taklif etgani boradi. Ha, aytmoqchi, unga biron ism qo‘yishimiz kerak. Jinni, deb chaqirmaymiz-ku?
— To‘g‘ri, ism tanlashimiz zarur.
— Nima desak ekan... — Rhaq avvaliga «Sabohiddin» demoqchi bo‘ldi. Lekin bu bilan Devonani cho‘chitib qo‘yishini bilib, xayoliga kelgan birinchi ismni aytdi: — Shopo‘lat! Bo‘ladimi?
— Shoh qilib yubordingiz-ku.
— Jinni o‘zini shohdek his qiladi-da...
— Nima, unda shunday maniya alomati bormi? O‘zini chindan shoh his qiladimi?
— Buni bilmadim. Shunchaki aytdim-da. — Rhaq shunday deb Dilmurodning soddaligidan kulib, yelkasidan quchdi.
— Bu taklifingiz yaxshi. Ammo yana bir ish qilishimiz kerak. Novqatga borib kelmasak bo‘lmaydi.
— Nimaga?
— O‘sha yerda singlisi bor ekan-ku, uning tarixini bilishim kerak.
— Kerakmi yo shartmi?
— Shart. Siz Freyd degan olimni eshitganmisiz?
— Freyd? — Rhaq eslamoqchi bo‘lgandek, o‘yga toldi. Avvalgi safar Yerga kelganda barcha olimlar qatori Freydni ham o‘rgangan edi. Freyd ta’limotini ayrimlar noto‘g‘ri hisoblagani uchun Dilmurodning bu boradagi fikridan ogoh bo‘lish niyatida: «Yo‘q, eshitmaganman», dedi.
— Hozir G‘arbda freydizm tamal toshi bo‘lib qolgan. Ular psixikani moddiy sharoitlar bilan uni tug‘diruvchi sabablardan ajratib o‘rganadilar. Yana birovlari Freydni tahrir etib, shaxs takomilida muhitning ta’sirini yetakchi o‘ringa qo‘yishadi. Lekin shaxs bilan muhit o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni butunlay inkor etishadi. Har ikkala yo‘l ham qip-qizil mantiqsizlikning o‘zi. Biz odam miyasi haqida bir qarashda juda ko‘p, haqiqatda esa juda oz narsa bilamiz. Miyadagi kimyoviy reaktsiyalarda, hatto molekulalarda insonning oddiy his-tuyg‘ularidan tortib, og‘ir qayg‘ularigacha jamlanadi. Shuning uchun ham bemor bilan vrach o‘rtasida mutlaq yaxshi munosabat va ishonch bo‘lishi kerak. Biz xastalikning eng so‘nggi bosqichi bilan yuzma-yuz turibmiz. Palapartish ish boshlasak, pand yeymiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:52:13

— Yaxshi, bu shartingizga ham ko‘ndim. Raisga giyoh terib kelamiz, deymizu Novqatga jo‘naymiz. Istasangiz, ertagayoq...
— Yo‘q, avval Devonani o‘zingiz aytgandek «ishga olaylik». Keliningiz bugun-erta, uyga qaytadi. Ularni kuzatay. Novqatga keyin boramiz.
Oqshomda ikki doktor Devonaning makoniga qarab yo‘l oldi. Samovarxonada emasmikin, deb guzardan o‘tdilar. Devona hujrasida ham yo‘q edi. Rhaq atrofga alanglab Dilmurodni chaqirdi.
— Qarang, — dedi u soy tomon ishora qilib.
Soy bo‘yida Devona bilan Umida o‘tirardi. Umida yerda to‘p bo‘lib turgan toshchalarni bir-bir olib kaftiga to‘plar, Devona esa qiziqsinib, qizchaning qo‘lidagi toshchalardan ko‘z uzmas edi. Umida o‘yin qoidasi bo‘yicha barcha toshlarni kaftiga to‘plagach, Devonaga tutdi. Devona uquvsizlik qilib toshchalarni sochib yubordi. Umida arazlagandek yuzini burdi. Devona qizchaning ranjiganini anglab, irg‘ib o‘rnidan turdi-da, suvga tushib toshchalar terdi. Keyin o‘z ishidan mamnun bo‘lib, suv ichida irg‘ishlab, rangli toshchalarni ko‘z-ko‘z qildi.
— Onasi g‘aflatda qolganga o‘xshaydi, — dedi Dilmurod bu manzarani kuzata turib. Keyin bosh chayqab qo‘yib pastga tusha boshladi. Umida otasini ko‘rdi-da, hayiqqanicha turib qoldi. Soy o‘rtasida irg‘ishlayotgan Devonaning yuzidan kulgi yo‘qoldi.
— Hormang, Shopo‘lat aka, — dedi Rhaq ularga yaqinlashib. — Izlamagan yerimiz qolmadi. Umida qizimizni zeriktirmayapsizmi ishqilib? Qani, bu yoqqa chiqing-chi.
Devona «Shopo‘lat aka kim ekan», degandek yon-atrofga qarab asta qirg‘oqqa chiqdi.
— Qayoqqa qarayapsiz? — dedi Rhaq, — Shopo‘lat akani qidiryapsizmi? Shopo‘lat aka o‘zingiz-da. Otingiz Shopo‘latmi, axir?
— Ha, ha. Shop... Shopo‘lat, — Devona shunday deb kuldi.
— Qani, qo‘lni bering.
Devona Mirzavoyning kaftiga shapillatib urdi-da, rohat qilib kuldi.
— Ana endi Umidaning dadasi bilan ham ko‘rishib qo‘ying-chi... Devona Dilmuroddan bir oz hayiqib qo‘l uzatdi.
— Gap bunday, Shopo‘lat aka. Samovarxonada ishlab zerikkanga o‘xshaysiz-a?
— Ha, ha. Zerikdim. Zerikdim. Hi-hi-hi...
— Endi bizning samovarxonada ishlaysiz.
— Ishlayman, ishlayman, hi-hi-hi...
— Mana shu kishi sizga xo‘jayin. Nima desa qilasiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:52:21

Devona birdan sergak tortdi. Dilmurodga g‘alati qarash qildi.
— E, qo‘ying-e, Shopo‘lat aka, kim aytadi sizni erkak deb. Bu kishi yashi odam. Urmaydi, so‘kmaydi. Umida yaxshi qizaloqmi, axir?
— Yaxshi, yaxshi, qiz... qizaloq, hi-hi-hi...
— Bo‘pti-da. Dilmurod Umidaning dadasi-ku.
— Kelishdikmi? — dedi Dilmurod suhbatga aralashib.
— Kelishdik, kelishdik. Hi-hi-hi, — Devona shunday deb yana qo‘l tashladi.
— Ertalab turib, soch-soqolni oldirib, bizning samovarxonaga o‘ting. Mana, sartarosh haqi.
— Hi-hi-hi... Samovarxona... hi-hi-hi... do‘xtirxona...
Dilmurod xayratlanib, Rhaq-Mirzavoyga qaradi. U Devona samovarxona bilan shifoxonaning farqiga bormasa kerak, deb o‘ylagan edi.
Ertalab shifoxona eshigi oldida Devona bilan Saboxonni ko‘rdilar.
Saboxon eshik oldini to‘sib olgan, Devona esa undan ikki qadam narida ishshayib turardi.
— Manovini qaranglar, ichkariga kirib olibdi. Zo‘rg‘a chiqardim. Endi ketmay, xira bo‘lib turibdi.
— Chakki qilibsiz. Biz Shopo‘lat akani ishga qabul qilganmiz. Supurish-sidirish endi shu kishining yelkasida.
Saboxon bu gaplarni, hazilmi-chin ekanini ham bilmay, chetga chiqib yo‘l bo‘shatdi. Devona «qoyilmisan?» degandek tirjayib, vrachlarning orqasidan ichkariga kirdi.
Bu orada quyosh irimiga bir yuz ko‘rsatdi-yu, yana qora bulutlar qa’riga kirib ketdi. Shamol tuproq ko‘chalarning changini to‘zitdi. Kesganbel tepasida momaqaldiroq qarsillagan paytda Umidani yetaklab Aqida kirib keldi. U ostonada turgan Saboxon bilan so‘rashdi. Umida Devona sari yurmoqchi edi, onasi bilagidan asta chimchilab, to‘xtatdi.
— Keling, singlim, — dedi Mirzavoy Aqidani qarshilab.
Aqida unga bosh irg‘ab, eriga yuzlandi. Maqsadini aytishga taraddudlandi.
— Bizni kuzatib qo‘ying, — dedi siniq ohangda.
— Qayoqqa? — Mirzavoy hayron bo‘lib er-xotinga bir-bir qaradi.
— Uyga ketmoqchi edik, — dedi Aqida sal yumshoqroq ohangda. — Dadasi men narsalarni shay qilib kelgandim.
Er-xotinning jimib qolganini ko‘rib, avval Saboxon, keyin Rhaq ham tashqariga chiqishdi. Devona gapi-gapiga qovushmayotgan bu odamlarga hayron qaradi-da, u ham asta chiqib ketdi. Aqida charm divanga o‘tirib, yuzini qo‘llari bilan to‘sganicha yig‘lab yubordi. Umida onasining bag‘riga kirdi. Dilmurod asta xotinini yelkasidan quchdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:52:30

— Nima bo‘ldi, tinchlikmi?
— Boshqa chidolmayman, ketmasam bo‘lmaydi. Dadamdan xabar olishim kerak...
— Shunga ham yig‘imi, men bir narsa bo‘libdimi debman.
— Hali ko‘chada raisni ko‘rdim. «Siz do‘xtirning qonuniy xotinimisiz?» deb so‘radi. «Ha», desam, «Hujjatiga qaraganda eringiz siz bilan ajralishgan ekan-ku», deydi. «Keyin yarashganmiz», deb qo‘ya qoldim. G‘alamisga o‘xshaydi bu raisingiz. Keta qolay, yana boshingizga balolar yog‘ilmasin. Vaqt topsangiz, yanagi haftalarda xabar olarsiz...
Tashqarida shamol kuchaydi. Derazaga uch-to‘rt tomchi urildi. Dilmurod Aqidani yupatib, ertaga kuzatib qo‘yadigan bo‘ldi. Tashqaridan Asqaralining ovozi keldi. Dam o‘tmay tomoq qirib ichkariga kirdi.
— Bu yilgi chilla antiqa kelyapti, — dedi u choynak-piyolani stolga qo‘yaturib. — Kecha yuqorini sel olibdi. Qani, kelin, choyga qarang, bu yerda siz mehmonsiz.
Aqida qizargan ko‘zlarini yerga qadab o‘rnidan turdi.
— Rahmat, choyni uyda ichamiz. Endi boraylik.
— Havoning avzoyi chatoq, chiqmay turing, — dedi Asqarali oradan noxush gap o‘tganini sezib.
— O‘zim kuzatib qo‘yaman, — Dilmurod shunday deb oq xalatini yechdi-da, Umidani o‘radi. Guzardan o‘tishlari bilan jala quyib berdi. Suv ko‘chani to‘ldirib oqa boshladi. Ular qadamlarini tezlatdilar. Dilmurod bu ahvolda uzoq yura olmasliklarini bilib, xonadonlardan birida jon saqlamoq uchun eshikni ochay deganda, ko‘chaning u betidagi baqaterak qarsillab sinib, ularning ustiga ag‘darila boshladi. Aqida jonholatda qichqirib, Umidaning qo‘lini behos qo‘yib yubordi. Uchovi ham tarvaqaylagan shoxlar orasida qoldi. Umida o‘rnidan turaman, deb timirskilanayotganda, yuqoridan ayqirib kelayotgan to‘lqin uni shoxlar panjasidan yulib oldi-da, oldinga surib ketdi. Sal naridagi devor panasida biqinib, bu voqeani dahshat bilan kuzatayotgan Devona xunuk bir ovozda baqirgancha, o‘zini suvga otdi. To‘lqinlar bag‘rida bir ko‘rinib, bir g‘oyib bo‘layotgan Umidaga intilib, uni bilagidan ushlab oldi. Sel to‘lqini to kuchdan ketgunga qadar ikkovini har kuyga soldi. Umida butkul hushidan ketdi. Devona holdan toydi. Duch kelgan butaga yopishib, Umidani qirg‘oqqa sudrab olib chiqdi. Odamlarning baxtiga sel uylarni olmay, tezda kuchdan qoldi. Jala tindi.
Ag‘anagan baqaterakka yopishib jon saqlagan Dilmurod bilan Aqida bir necha daqiqalik bu dahshatdan o‘zlariga kelmay turib, xonadonlardan odamlar yugurib chiqdilar. Aqida atrofga telbalarcha boqib Umidani izladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:52:38

— Qizim... Qizim! — deb baqirdiyu hushidan ketdi. Dilmurod ham o‘zidan ketar darajada edi.
Yetib kelgan Rhaq: «O‘zingizni bosing, Umidani topamiz», deb to‘xtamasdan o‘tib ketdi.
Guzarga boraverishdagi yo‘l chetida o‘tirgan Devonani ko‘rib, qadamini tezlatdi. Bora solib chalqancha yotgan Umidaning qornini bosib ko‘rib, oyog‘idan ko‘tardi. Qizchaning og‘zidan suv keldi. Devona turib, indamay yurib ketdi.
Bu voqeadan so‘ng Aqida ko‘rpa-yostiq qilib oldi. Dilmurodning yurishga holi bo‘lmasa ham sir boy bermadi. Ammo Asqarali bilan Rhaqning ra’yiga qarab, uyda o‘tirishga majbur bo‘ldi. Umida esa ertasigayoq oyoqqa turdi. Ota-onasining qattiq nazorati ostiga tushgan qizcha zerikib, oqshomda Asqarali buvasi bilan Mirzavoy amakisining kelishini kutardi. Asqarali uni erkalab, ertaklar aytib berardi. Ertak tugashi bilan Umida savol yog‘dirib tashlardi. Shunda Asqarali: «Do‘xtir inim, qizingizning tanglayini savol bilan ko‘targanmisiz?» deb kulardi. Bir kuni, kattalar choy ustida gurunglashib o‘tirishganida, Umida yugurib kelib Asqaralini savolga tutdi:
— Buva, buvajon, — dedi u entikib, — mushuk nimadan paydo bo‘lgan, bilasizmi?
— Bilaman, qizim, bilaman. Mushuk arslondan paydo bo‘lgan.
— Unda nimaga arslonmas, mushuk bo‘lib qolgan?
— E, buning tarixi juda uzun, qizim. Ilgari mushuk ham arslon bo‘lgan ekan. Hammalari bitta o‘rmonda inoq-ahil yasharkan. Kunlardan bir kuni o‘rmonda arsloncha tug‘ilib, unga «Mushuk» deb nom berishibdi. Mushuk ulg‘aygan sayin o‘rmonda buyumlar yo‘qolaveribdi. Keyin, bilishsa, o‘sha Mushuk degan arsloncha o‘g‘irlarkan. Mushukni insofga chaqirishmoqchi bo‘lishganda, u shunaqangi lo‘lilik qilibdiki, asti qo‘yaverasan. Arslonlar qarashsaki, bu Mushuk insofga yurmaydigan. O‘g‘ri desa o‘g‘ri, qo‘rqoq desa qo‘rqoq, nomard desa nomard. Xullas, hech bir tuki arslonga o‘xshamaydigan. Shundan keyin qari arslonlar kengashib: «Buning turqi bo‘lakcha, ikki dunyoda chin arslon bo‘lmaydi. Pushtimizni bulg‘aydi», degan qarorga kelib: «Shu turishingda unib-o‘sma», deb qarg‘abdilar. Qarg‘ish tegib, mushuk o‘smay qolgach, uni o‘rmondan haydab yuboribdilar. Shundan beri arslonlar ichida nomardlar, o‘g‘rilar paydo bo‘lsa, «Mushuk bo‘l», degan qarg‘ishga uchrab, mushukka aylanib qolaverar ekan... Tushundingmi, qaqajon?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:52:48

— Tushundim, tushundim. Unda... — Umida bir oz o‘ylandi. — It nimadan paydo bo‘lgan?
— Itmi? Nimadan bo‘lardi, bo‘ridan-da.
— Qanday qilib?
— Qadim zamonda bir o‘rmonda...
— Arslonlar yashagan o‘rmondami?
— Yo‘q, boshqa bir o‘rmonda bo‘rilar yashar ekan. Ular erkin yashashni juda yaxshi ko‘risharkan. Odamlar yuz urinib, ming urinishsa ham bo‘rilarni qo‘lga o‘rgata olmas ekanlar. Bo‘rini tutib yaxshi ovqatlar bilan siylashsa ham, qiynoqqa solishsa ham bo‘lmas ekan. Bo‘rining oyoqlarini qayirib, sindirib tashlashsa ham, kaltaklashsa ham, o‘lsa o‘lar ekanki, ovoz chiqarib uvlamas ekan. Nima ham bo‘libdi-yu, bir kuni odamlar bo‘ri galasini o‘rab olib, ancha-munchasini qo‘lga tushirishibdi. Qo‘lga tushganlar orasida «It» degan bo‘ri ham bor ekan. Ozod bo‘rilar sheriklaridan ko‘ngil uzolmay, baland qoyaga chiqib qarab turishibdi. Odamlar bo‘rilarni bir chekkadan qiynay boshlashibdi. Ko‘p bo‘rilar o‘lib ketibdi. Navbat «It» degan bo‘riga kelganda, u tayoq yemayoq dumini qisib vangillabdi. Shunda odamlar: «Bu bo‘rida bir gap bor», deb unga yaxshi ovqat berishibdi. «It» degan bo‘ri ovqatni yeb, dumini likillatib, odamlarning oyog‘ini yalabdi. Keyin ularni bo‘rilar qarorgohiga boshlabdi. Ana o‘shanda bo‘rilarning eng keksasi: «Kim o‘z erkini bir burda go‘shtga sotsa, it bo‘lsin», deb qarg‘agan ekan. Itlarning tarixi shunaqa... — Asqarali shunday deb jim qoldi.
Uning bu qisqa ertagi Rhak bilan Dilmurodga ham ta’sir etgan, ular piyoladagi choyni ichmay, sovutib o‘tirishardi. Ertakning ma’nosini u qadar chaqib yetmagan Umida esa ko‘zini hiyol qisib yangi savol o‘ylardi.
— Buva, buvajon, — dedi u nihoyat, — unda musicha nimadan paydo bo‘lgan?
— Musicha burgutdan, baland ucholmagani uchun musicha bo‘lib qolgan.
— Chuvalchang-chi?
— Ilondan.
— Unda... Odam nimadan paydo bo‘lgan?
— Odammi? — Asqarali bir oz o‘ylab turdi-da, kulimsiradi... — Buni bilmayman.
— Men bilaman, bilaman! — dedi Umida quvonganidan irg‘ishlab. — Odam maymundan paydo bo‘lgan!
O‘tirganlar baralla kulib yuborishdi.

Qayd etilgan