Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97252 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:53:02

— Gaping to‘g‘ri, to‘ppa-to‘g‘ri, — dedi Asqarali kulgidan namlangan ko‘zlarini qiyiqchasining uchi bilan artib. — Senga o‘xshagan qaqajonlarning maymundan paydo bo‘lgani aniq. — Asqarali shunday deb qo‘yib, «Og‘ir hazil qilmadimmi», degan havotirda Dilmurodga qaradi. Dilmurod bu hazilni o‘ziga olmagan edi. Asqaralining ko‘ngli xotirjam bo‘lib, Umidani bag‘riga tortib, peshonasidan o‘pib qo‘ydi. — Qizim, bor-chi, sutosh pishganmikin? Pishgan bo‘lsa ayt, olib kelishsin.
Umida «xo‘p bo‘ladi», deb yugurib chiqib ketdi. Dilmurod Asqaraliga qaradi.
— Asqarali aka, mushuk, it, musichaning ajdodlarini bilib oldik. Lekin odamnikini aytmadingiz?
— Buni chindan ham bilmayman, inim. Haligi ertaklarni buvam rahmatli aytib o‘tirardilar. O‘shanda odamning ajdodi kim bo‘lgan, deb so‘ramagan ekanmiz. Bu savolni qizingizdan eshitib turibman.
— Umida rost gapirdi, Darvin degan bir olim odamning maymundan paydo bo‘lganini isbotlab bergan.
— Bunisi bizga qorong‘i, inim. Menga qolsa, barchaning ajdodi maymun demasdim.
— Nimaga?
— Shuncha yil yashab, odamning har qanaqasini ko‘rdim. Nazarimda, bir qism odam — siz aytganday, maymundan, bir qismi — burgutdan, bir qismi itdan, mushukdan, sichqondan, hatto eshakdan ham tarqagan.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:53:09

Rhaq bilan Dilmurod qah-qah otib kulib yubordilar. Ularga Asqaralining o‘zi ham qo‘shilishdi...
Aqida bir yarim hafta deganda oyoqqa turdi. Turdiyu, yana ketishdan so‘z ochdi. Dilmurod unga qarshi so‘z aytmay, kechqurun safar tadorigini ko‘rib qo‘ydi. Saharda xotini bilan qizini olib markazga tushib ketdi. Qishloqdan chiqaverishda, yo‘l yoqasidagi qo‘ng‘ir xarsang ustida Devona cho‘nqayib o‘tirardi. Onasi bilan mashina kabinasida o‘tirib borayotgan Umida uni birinchi bo‘lib ko‘rdi. Qo‘lini silkidi. Lekin Devona uni ko‘rmadimi, har holda, joyidan jilmay, changitib o‘tgan yuk mashinasining orqasidan ma’yus tikilib qoldi. Keyin tuprog‘i ko‘pchib yotgan yo‘lda iz qoldirib qabriston tomonga yurdi.
Rhaq uni uzoqdan kuzatib turardi. Devona hujrasiga kirib ketganini ko‘rib, u ham qabristonga qarab ildam yurdi. Hujra eshigini ochib ichkariga bostirib kirdi. Ko‘rpa ustida boshini eggancha chordana qurib o‘tirgan Devona sapchib o‘rnidan turdi-da, g‘alati ovoz chiqarib, orqasiga tisarildi. Keyin devorga singib ketgudek bo‘lib bukchayib o‘tirdi.
— Sabohiddin! — dedi Rhaq u tomon yurib.
Devona «A... a!» deb baqirganicha boshini qo‘llari orasiga oldi.
— Sabohiddin! — dedi yana Rhaq qat’iy ovozda. — Qo‘lingni tushir. Menga qara. Yaxshilab qara. Tek o‘tir.
Devona uning buyrug‘ini itoatkorona bajardi. Rhaq ko‘zini unga qadadi. Devona nest bo‘lib o‘tirib qoldi. Rhaq yana ham yaqinlashib ko‘zining qorachiqlariga tikildi.
O‘sha kuni Rhaqqa Devonaning hayotidan yana bir voqea ayon bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:53:23

MUZLIM

Sabohiddin oqshomda, eski to‘n kiygan badqovoq ko‘sa bir odamga ergashib, Marg‘ilonni tashlab chiqdi. Badqovoq kishi na o‘zini tanitdi, na Sabohiddinning kimligi bilan qiziqdi. Indamay yo‘l boshlab ketaverdi. Aftidan, u olgan ko‘rsatmasini keragidan ham oshirib o‘rinlatardi. Sabohiddin tuni bilan yursak kerak, deb o‘ylagandi. Yo‘q, qorong‘i tushishi bilan bir uyga qo‘nishdi. Xonadon egasi ham Sabohiddinni hayratga solib, salom-alikdan nariga o‘tmadi.
Tong otmay yana yo‘lda bo‘lishdi. Kun yoyilmasdan Vodilga yetishdi. Xoliqberdi to‘raning qarorgohi shu yerda edi. Badqovoq odam miltiqli kishiga Sabohiddinni topshirdi-yu, o‘zi g‘oyib bo‘ldi. Miltiqli kishi Sabohiddinni daraxtlar orasida zo‘rg‘a ko‘zga tashlanayotgan o‘tovga boshladi. Sabohiddin ichkariga kir-di-yu, o‘tovda o‘tirganlarning salobati bosib taraddudlanib qoldi. Keyin o‘zini qo‘lga olib, qiroat bilan salom berdi.
— Qadamingizga hasanot, — dedi to‘rda o‘tirgan kishi salomga qiroat bilan alik olgach. Sabohiddin qotmadan kelgan, xorij harbiylarining ko‘ylagini kiyib olgan kishini ko‘rib, «Xoliqberdi to‘ra shu bo‘lsa kerak», deb unga ta’zim qildi.
— Qani, mulla Sabohiddin, marhamat qilsinlar, o‘tovimiz tor bo‘lsa ham, bag‘rimiz keng, — dedi Xoliqberdi to‘ra unga joy ko‘rsatib.
Sabohiddin poygakroqdan joy olib o‘tirgandan so‘ng davradagilarga, omonlashish maqsadida, bir-bir boqdi. To‘raning yonida chordana qurgan qizil turkiy do‘ppili Zayniddin qorini ko‘rdi-yu, beixtiyor o‘rnidan turib ta’zim qildi. Keyin ko‘zini yerga tikkancha: «To‘ram, volidangizni berib qo‘yibsiz, bandalik ekan...» deb hol so‘radi-da, qur’on tilovat qilib, savobini marhumaning ruhiga bag‘ishladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:53:33

— Mulla Sabohiddin kim bo‘ldi, deb o‘tiribman. O‘zimizning so‘kir Saboh ekan-ku, — dedi qori tilovatdan so‘ng oraga tushgan sukunatni ko‘tarish maqsadida, keyin Xoliqberdi to‘raga yuzlandi, — Bu Jamol o‘risning ukasi-da, taniysizmi?
To‘ra, bilaman, degandek bosh irg‘adi. Shu payt uchta laganda hovuri bosilmagan go‘sht ko‘tarib kirishdi. O‘tovni ziraning xushbo‘y hidi tutdi. Taom kirgach, suhbatni bas qildilar. Sabohiddin ora-sira Holiqberdi to‘ra bilan Zayniddin qoriga qarab qo‘yardi. To‘raning nigohidagi qat’iylik, ko‘zlaridagi sergaklik, mehr Sabohiddinning e’tiborini tortdi. Shundagina u: «Odamlar to‘ramni bejiz hurmat qilishmas ekan», deb qo‘ydi. Tamshanib o‘tirgan qoriga keksalik o‘z hukmini o‘tkazibdi. Qoshlari, bir tutam soqoli oqargan. Ko‘zlari toliqqan kabi qisilgan. Ammo istarasi o‘sha-o‘sha issiq. Buxoroga ketganidan beri Zayniddin qorini ko‘rmagan edi. Zayniddin qori ilgarilari Novqatga har kelganida Sabohiddinlarnikiga qo‘nardi. Uning Jaloliddin bilan eski oshnachiligi bor edi. Jaloliddin ko‘p hollarda qoriga, uning maslahatiga suyanib ish ko‘rardi. Maslahat uchun O‘shga borib kelishdan ham erinmasdi. Shunday bo‘lsa-da, ularning oralarida ba’zan kelishmovchiliklar bo‘lib turardi. O‘g‘illarini rus-tuzem maktabiga bergani, yangi g‘oyalar quli bo‘lgani uchun, hatto turkiycha qizil do‘ppi kiyib yurgani uchun Jaloliddin oshnasi Zayniddin qorini ayblardi. Qori esa uni, aksincha, johilligi uchun koyirdi. Biroq, fikrlar va dunyoqarashlarning bu qarama-qarshiligi do‘stliklariga raxna solmasdi. Sabohiddinning Buxoroga borib qolishi ham Zayniddin qorining maslahati bilan bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, bu gap Sultonmuroddan chiqqandi. Har qanday yangilikni iskab bilib oluvchi imom mardikor balosi bosh ko‘targan paytda yana Jaloliddinning uyida paydo bo‘ldi. Jamoliddin Sibirga surgun qilingach, bu ko‘chadan o‘tmay qo‘ygan imom hech nima bo‘lmagandek uyga kirib o‘tirdi. O‘tganlarning ruhiga qur’on bag‘ishladi. O‘sha yili xasislik qilgani uchun Jaloliddindan o‘pkaladi.
— Men sizdan biron narsani tama qiladigan odam emasman, —dedi u gapni ko‘p cho‘zmay. — Sizga ham, farzandingizga ham mehrim bo‘lakcha. Mana hozir Sabohiddinning taqdirini o‘ylab, xonadoningizga bosh egib kirib keldim. Erta-indin uni ham mardikorga chaqirib qolsalar, nima qilasiz?
— Boshim qotdi, taqsirim. Xudo rahmimizni yer, deb o‘tiribman.
— Xudo, xudo deysizu, xudo yo‘liga bir tanga atashdan qochasiz.
— Bu gapingiz bekor. Siz yo‘l ko‘rsating, aytganingizni Xudo yo‘liga atadim, — dedi Jaloliddin uning niyatini fahmlab.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:53:40

— Sabohiddinni beto‘xtov otlantirib, Buxoroi sharifdagi madrasaga jo‘natamiz. Farzandi qobilingizni shu yo‘l bilan asrab qolasiz. Ustiga-ustak, u bag‘ringizga katta mulla bo‘lib qaytadi. Bir yog‘ingizni yozga, bir yog‘ingizni qishga qo‘yib rohatda yashaysiz. Uni Buxoroga o‘zim uzatib boraman. Lekin chiqimi sizdan...
Eshon o‘sha kuni niyatiga yetib, xali ham shuhrati so‘nmagan qorabayirni yetaklab chiqib ketdi. Sabohiddinning onasi chirqirab qoldi. Jaloliddinning baxtiga o‘sha oqshom Zayniddin qori Novqatga keldi. Imomning taklifini ma’qullab, sarmoyadan ham yordam qildi. Ana shu kishining himmati bilan Sabohiddin madrasada saboq olib qaytdi. Baxtini qarangki, akasi bilan uchrashib garangsib yurgan og‘ir damda bu donishmand odamga ro‘para bo‘ldi.
Dasturxonga fotiha o‘qilgach, o‘tovdagilar ta’zim qilib chiqib ketdilar. To‘ra Sabohiddinning qolishiga istak bildirdi.
— Jamol o‘risni... — Xoliqberdi shunday deb kulimsiradi. Keyin so‘zini to‘g‘riladi. — Akangiz Sibirga mendan keyin kelib, mendan ilgariroq o‘rischani o‘rganib olganiga Jamol o‘ris, deb yurib o‘rganib qolibman. Uni hali ko‘rganingiz yo‘qdir?
— Ko‘rdim. Marg‘ilonda uchrashdik.
— Nima deydi? Bosmachilarga qo‘shilma, degandir?
— Ha.
— Shunaqa... sho‘rolar bizlarni «bosmachi» deyishadi. Yurtni bosgan, talagan, xor qilgan ularu, «bosmachi» degan nomni olgan biz bechoralar. Xo‘sh, akangiz yo‘ldan qaytargan ekan, nega keldingiz?
— Har ish Ollohning inoyati bilan, to‘ram, ayri bo‘lish peshonada bo‘lsa, na iloj? Men akamga emas, Ollohga bo‘ysunaman.
— Balki sizni Buxorodagi oliy zotlar qo‘rqitishgandir?
— Yo‘q, to‘ram, men ularning ayblashlaridan qo‘rqmayman. Ma’mur boyvachchaning qoni ham, akamning tortgan azoblari ham mening gardanimda, bu gunohim uchun Ollohning o‘zi jazolaydi meni.
— Ma’mur boyvachcha dedingizmi? Uni Jamol o‘ris o‘ldirmaganmidi?
Sabohiddin, Xoliqberdi to‘ra xabarsiz ekan-da, deb ajablandi. Sirni ochishga ochib qo‘yib, endi gapdan bo‘yin tovlashning foydasi yo‘qligini bilib to‘g‘risiga ko‘chdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:53:48

— Uni men...
— Ana xolos! Jamol o‘ris shuncha yil birga bo‘lib churq etmabdi-ya... Akangizning boshidan suv o‘girib ichsangiz arziydi, mulla. O‘zga odam bo‘lganda, «men ukamni qutqarish uchun shu azoblarni tortib yuribman», deb ikki jahonga jar solardi. Bu gapingizdan keyin Jamol o‘risni yana ham yaxshi ko‘rib qoldim. G‘animlarim orasida shunday pokiza odam borligidan xafa bo‘lib ketaman. Har jangga kirganimda Xudodan: «Adashgan birodarlarimning jonini omon saqla», deb so‘rayman. Ularning qonini to‘kishdan qo‘rqaman.
— Buxorodan bu yerga kela-kelguncha o‘ylab, o‘yimga yeta olmadim, to‘ram. Xudo qaysi gunohlarimiz uchun bizga bu azoblarni ravo ko‘rdi ekan. Qachonga qadar bir-birimizni qashqirday g‘ajiymiz?
— Bu azoblar o‘tadi-ketadi. Xudo xohlasa, farog‘atli kunlarga oz qoldi.
— To‘ram, aybga buyurmasangiz, bir so‘rog‘im bor edi? — dedi Sabohiddin ikkilanib.
— So‘rayvering, — Xoliqberdi to‘ra shunday dedi-da, lo‘labolishdan birini qo‘ltig‘i ostiga olib yonboshladi.
— Akam bilan murosangiz chiqishar ekan, nima uchun uni nohaq yo‘ldan qaytarib, qanotingiz ostiga olmadingiz?
Xoliqberdi to‘ra bu gapni eshitib kulib yubordi.
— Jamolni yo‘ldan qaytarib bo‘larkanmi? — dedi u kulgidan to‘xtagach. Keyin bir oz jiddiylashdi: — Uni avval qiymalab tashlab, keyin et-suyagini bittalab terib chiqsangiz ham birovning aytganiga yurmaydi. Men shunaqa odamni yaxshi ko‘raman. Birovning gapiga kirib ko‘ch-ko‘ronini ko‘taraveradigan subutsizdan juda qo‘rqaman. Mana shunaqa odamlar yurtni xarob qiladi. Ular bilan ehtiyot bo‘lib gaplashish kerak.
— Sho‘rolar haq yo‘lga qaytmasa, elning qoni daryo bo‘lib oqaverar ekan-da?
Xoliqberdi to‘ra asabiy holda qoshlarini chimirib Sabohiddinga qaradi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:53:56

— Yaramga tuz sepmang, — dedi u qovoq uyub. — Kecha akangiz dilimni vayron qilib ketgan edi. Elning qoni to‘kilayotgan bo‘lsa aybli emasman. Men xalqimning bag‘riga shamol tegsin, deb bu ovloqlarda izg‘ib yuribman. Mening Sibirda tortgan azoblarim o‘zimga yetmasmidi? Jamol ham xalqim deydi, siz ham, Zayniddin qori ham, Shermat ko‘r ham. Hammamiz xalq deymizu bir-birimizga tish qayraymiz. Akangiz o‘rislarning etagini tutaylik deydi. Zayniddin qori turkiyparast. Siz, albatta, ahli din deb turib olasiz.
— Meningcha, eng to‘g‘ri yo‘l shu, to‘ram. Axir o‘zingiz ham, alhamdulilloh, musulmonsiz.
— Alhamdulilloh... — Xoliqberdi to‘ra shunday deb yengil xo‘rsindi. — Xo‘p, biz sho‘rolarni yengdik, deylik, xo‘sh, yurtni kim boshqaradi? Din peshvolarimi? Bunga ham ko‘ndim. Xo‘sh, kimga ishonasiz? Aniq aytolmaysiz? O‘zingiz yaxshi bilgan imomingiz Sultonmurodga o‘xshaganlar yurt og‘asi bo‘lsa elning sho‘ri qurimaydimi? Nimaga indamaysiz? Yo Shermatni qo‘yasizmi?
— O‘zingiz-chi?
Xoliqberdi to‘ra Sabohiddinga qarab turib, kulib yubordi.
— Hali ham esingiz kirmabdi, mulla. Kalta o‘ylamay, ko‘zingizni oching. Sho‘rolardan ustun kelgan kuni Xoliqberdining g‘animlari kamaymay, yana ko‘payadi. Qirg‘in davom etaveradi. O‘zbek asli mo‘min-qobil xalq bo‘lsa ham, qo‘chqor toifaligi bor. Ikkitasining boshi bir qozonda qaynamaydi. Elni birlashtirish uchun Temurga o‘xshagan Xudo yarlaqagan zot kerak! Xudo bizga yana bunday zotni ravo ko‘radimi, yo‘qmi, bilmayman.
— To‘ram, aqli qosirligim uchun gunohimdan o‘ting, nazarimda, siz qudratingizga ishonmaydiganga o‘xshaysiz?
— Bu savolingiz noo‘rin. Xalq men tomonda. Agar xalqqa ishonmasam, ko‘r bo‘laman... Ammo... sarmoyadorlar?! Shulardan xavfdaman... Ular yurtni xohlagan paytlarida sotib yuboradilar. Balki inglizlarga allaqachon pullashgandir ham?.. Har kuni quyosh charaqlab tursa ham dunyo qorong‘ilashib ketgan, oq-qorani ajratish mushkul bo‘lib qoldi. Buxorodagi oliy zotlar istagi bilan siz qishloqma-qishloq yurib, va’z aytib, islom lashkarlarining haqqiga duo qilib, xalqni haq yo‘lga chorlashingiz lozim ekan.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:54:03

— To‘ram, men haq ishga jonimni tikkanman. Huzuringizga kelmog‘imdan maqsad — jihodga kirmoqlik.
— Da’vat — jihod emasmi? Sizning birgina haq so‘zingiz miltiqdan uchadigan o‘nta o‘qdan afzal. Miltiqlardan o‘q uzuvchilar yetarli. Siz bir narsani farqlab olsangiz bas — bu yer Chanoqqal’a emas. Jangdan murod ham o‘zga.
Xoliqberdi to‘raning keyingi gapi Sabohiddinga bir oz malol kelib, o‘tirgan yerida bir qimirlab oldi. Xoliqberdi to‘ra buni sezib, so‘radi:
— Gaplarim yoqmadi chog‘i? Fikringizni yashirmay aytavering.
Sabohiddin ko‘zini hamsuhbatidan uzib, yerga qaradi. Fikrni ochiq bayon qilishga ijozat berilgan bo‘lsa-da, bu imkoniyatdan darrov foydalanishga shoshilmadi. Xoliqberdi to‘ra «Ha, mulla» deb qo‘ygach, unga qaradi:
— To‘ram, unda ham bunda ham jihoddan murod — Ollohning roziligi. Jindak farqi shuki, unda musulmonlar birlashdi. Bunda ayri-ayriga o‘xshab ko‘rinadir menga. Unda g‘anim aniq edi: inglislar, farangilar... bunda bir qanot o‘rislardan madad oladi, boshqasi inglislardan. G‘ayriddinlardan quvvat umid qilgan qush yana qafasida qolmasmikin?
Bu gapni eshitib, Holiqberdi to‘ra ma’yus jilmaydi:
— Durust, durust, — dedi u, — siz ham akangiz singari ushlagan yeringizdan kesarkansiz. Keling, orani ochiq qilib olaylik, yana huzurimdan mavhum xayol bilan ketmang. Chanoqqal’a urushidan xabarim bor. Bo‘g‘ozdan kofirlarning kemalarini o‘tkazmaymiz, deb jangga kirishni siz Olloh roziligi uchun jihod hisoblayapsizmi? Janjalning boshi nimada edi, bilasizmi? Turkiya ijozati bilan Olmon harbiy kemalari bo‘g‘ozdan o‘tib, o‘rislarga hujum qilganlar. Buni inglislar va farangilar Turkiya Olmonning sherigi hisobida muhorabaga kirdi, deb hisobladilar. Oqibat nima bo‘ldi? Olmoniya yengildi. Chanoqqal’a bo‘g‘ozidan inglisu farangilar uchun baribir yo‘l ochildi. To‘kilgan qonlar zoe ketdi.
— Aybga buyurmang, to‘ram... — Sabohiddin beihtiyor uning gapini uzdi-yu, keyin xijolat bo‘lib, nigohini olib qochdi.
— Gapiravering, mulla.
— To‘ram, Olloh roziligi uchun to‘kilgan qon zoe ketmaydi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:54:11

— Olloh roziligi uchun qon to‘kishdan oldin aqlni ishlatib ko‘rish kerak. Siz uchun jihod — ilm olmoqlik edi. Olloh sizni ilm olmoqqa yo‘llagan edi. Siz Ollohning roziligini Chanoqqal’ada emas, madrasada, ilm olishda topishingiz lozim edi. Bu tomonga ham miltiq ko‘taraman, deb oshiqqaningiz chakki bo‘lgan. Ustozlaringiz «xatmi kutub» bo‘ldi, deb duo berganlari bilan, ilmda qiladigan yumushlaringiz ko‘p edi. Hamonki, siz bunga kelibsiz, Buxorodagi oliy zotlarning istagini bir oz isloh qilamiz: Siz Zayniddin qori bilan birgalikda Norxo‘janing xizmatida bo‘lasiz. Farg‘ona bir siqimgina bo‘lsa ham qo‘rboshilarga to‘lib ketdi. Hammasi o‘ziga xon. Siz Norxo‘jani tiyishga unnab ko‘rasiz. U zo‘pidin aql bilan ish yuritmaydi sira. Sizga ham quloq solmaydi. Ammo yigitlari oq-qorani tanib olishlari kerak.
— To‘ram, aybga buyurmasangiz, bir narsani oydinlashtirish niyatim bor edi.
— So‘rayvering.
— Kecha akamni ko‘rganimda... volidai mukarramangizning qotillarini sizga topshirish uchun yo‘lga chiqishgan ekan. Shuning sababi ham... akam bilan eski oshnachiligingizmi?
Xoliqberdi to‘ra kulimsiradi.
— Oshnachilik osoyishta kunlarda, samovarxonada, ulfatchilikda bo‘ladi, mulla. Sho‘rolar «Xoliqberdi g‘azabga minib, daryo-daryo qon to‘kadi», deb cho‘chishgan. Ular Xoliqberdini hali yaxshi bilishmaydi. Xoliqberdi qonxo‘r emas, to‘ng‘iz ham emas. Onamning birgina oh urgani uchun daryo emas, dengiz-dengiz qon to‘ksam ham, bu qonni bir umr simirib yotsam ham xumordan chiqmayman. Onamni ikki-uch murtad o‘ldirgan bo‘lsa, xalqda nima gunoh? Xalqni tig‘dan o‘tkazganim bilan onam tirilib kelmaydi-ku? Kalta o‘ylagani uchun akangizdan ranjidim. Aslida u qotillar sho‘roniki emas, o‘zimizga tegishli odamlar. Bu Jamol o‘risga ham ma’lum. Shuning uchun men ularga qaramadim. O‘zlari hukm chiqarib, beklarimning oldida o‘zlari otishdi. Men qotillar bilan emas, ularga fatvo berganlar bilan, Xudo xohlasa, hisob-kitob qilaman.
Xoliqberdi to‘ra shunday deb tizzasiga qo‘l tirab o‘rnidan turdi. Sabohiddin, suhbat yakunlanganini anglab, ta’zim qildi. Tun bo‘yi bu suhbat mag‘zini chaqishga urinib uxlamagan Sabohiddin ertalab qorining istagi bilan Novqatga, ota-onasini yo‘qlash uchun yo‘l oldi. Norxo‘janing qarorgohiga boshlab boradigan odamni uyida kutadigan bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:54:19

Qizilqiyani qoralab yo‘lga chiqqan Sabohiddin Iskobil1dan o‘tgach, uch qulochli anhor labida tarvaqaylab yotgan majnuntol soyasida hordiq chiqarmoqchi bo‘ldi. Otining oyog‘ini tushovlab, eski to‘nini yerga to‘shadi-da, xurjunini yostiq qildi. Majnuntolning zaif shoxlariga tikilib o‘yga toldi. Qiziq, daraxtlar ichida faqat majnuntolning qaddi egik. Hatto chinor yonidagi terak ham bo‘y cho‘zishga harakat qiladi. Bu esa... Elning hozirgi ahvoli shu majnuntolga o‘xshaydi. Balki majnuntol ham qadimda qaddi tik daraxt bo‘lgandir. Balki uning tik shoxlari joy, mavqe talashib, oqibatda sovuq shamollar zahriga chidash berolmay holsizlanib, ayri-ayrim bo‘lib qolgandir? Endi qaddini rostlash uchun necha yil, qancha kuch-qudrat kerak. Bu elning qad rostlab, ko‘krak kerishini ko‘rish Sabohiddinga nasib etarmikin?..
Yo‘l mashaqqati, uyqusiz tunlar azobi kuchini ko‘rsatdi: Sabohiddinning ko‘zi ilindi. Kun ko‘tarilishi bilan soya qochib, oftob tig‘ida qizib uyg‘ondi. Ko‘zini ochdi-yu, atrofga olazarak qarab, otini izladi. Seskanib, o‘rnidan turdi. U yon-bu yon yurdi — ot yo‘q. Ulovi qaysi bir chapdastning o‘ljasiga aylanganini bilib, xurjunini yelkasiga tashladi-da, yo‘l o‘rtasiga tushdi. Yurishini ham, yurmasligini ham bilmay turganda, qo‘qonaravaning qorasi ko‘rindi.
Mudroq aravakash Sabohiddinning iltimosini bee’tibor eshitdi. Keyin orqasiga yarim o‘girilib:
— Siqilishib qolmaysizlarmi, tog‘a? — deb so‘radi.
Aravadagi uch qariyaning keksarog‘i soqolini tutamlab, unga norozi qiyofada boqdi.
— Gapingni qara-yu, so‘ltamat! Aravangga yana bitta podsholikning odami sig‘adi. Yuragingni keng qil, — dedi jikkak qariya, keyin so‘zini tugatmay Sabohiddinga yuzlandi. — Qani, o‘g‘lim, xurjunni uzating. Odamning fe’li siqiq bo‘lsa, ko‘ziga dunyo ham tor ko‘rinadi. Qani, qo‘lni bering, ha, barakalla. Bu so‘ltamatdan xafa bo‘lmang. Zamon og‘ir. Yo‘lda uchragan odamga xavotir ko‘zi bilan qarashga o‘rganib qolyapmiz...
— Kecha yo‘limni to‘sishgan edi, — dedi aravakash o‘zini oqlash niyatida.
— Ana ko‘rdingizmi, — deb uni quvvatladi jikkak chol, — odamzot ozga sira qanoat qilmas ekan-da. Norxo‘ja yo‘lto‘sarlarni bilsami, naq putini yirib tashlar. Bosmachi boshqa, u boshqa.
— Agar qorni ochlar bosmachi bo‘lsa, mana, biz ham tog‘-toshda sanqirdik, — dedi yoshi ulug‘roq qariya. — Ular yurtni o‘ylashyapti ekan.

Qayd etilgan