Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97253 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:54:33

— Norxo‘ja azaldan shunaqa, — dedi suhbatga qo‘shilmay o‘tirgan chalako‘sa qariya. — Eslaysizmi, Yikchi eshonga murid tushib yurgan edi. Xudoning rahmi kelib tirik qoldi. Zamon alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, yana jonini garovga tikibdi. Fikrimcha, u qorniga yig‘lamaydi. Katta bir taxtni mo‘ljal qilgan-ov...
— Taxt?! Bu yoqda Xoliqberdi to‘ra turganda unga yo‘l bo‘lsin?
— Noumid shayton. Shunday niyati bo‘lmasa, darbadarlik yukini yelkasiga olmas edi. O‘ziga lozim bo‘lsa, Xudodan saratonda ham qor yog‘dirishini so‘raydurgan odam u.
— Keling, qo‘ying, so‘ltamatni chaynamaylik. Yana xizrni yo‘qlagan bo‘lib unga yo‘liqmaylik. Och qornim-tinch qulog‘im. Bir-birini g‘ajiy-g‘ajiy oxir sillasi qurib tinchib qolishar...
Sabohiddin qariyaning bu so‘zlarini eshitib, beixtiyor Salimxo‘jani esladi. U ham bir suhbatida: «Bir-birining ildiziga bolta urib bo‘lishini g‘animlar intiqlik bilan kutib yotishibdi», degandi. Darvoqe, hozir Salimxo‘ja qaerda ekan? Zindondan qutula oldimikan? Bechora ushoqqina edi, ishqilib, Xudo o‘z panohida asrasin-da...
Qariyalar ekin-tikinning avji haqida so‘z yuritib, Sabohiddinni suhbatlariga tortmadilar. Kecha ko‘rgan-kechirganlari bilan boshi garang bo‘lib o‘tirgan Sabohiddin uchun bu ayni muddao edi. Qizilqiyaga shom chog‘ida yetib kelishdi. Sabohiddin, ulov topilmagani uchun noiloj shu yerda tunadi. Ertalab mo‘ylovi endi sabza urib, ovozi do‘rillab qolgan aravakash yigitga hamroh bo‘ldi. Yigit Qizilqiyaga yumush bilan tushgan, ishini bitkazib, kayfi chog‘ bo‘lib qaytardi.
Arava asta chayqalib boradi. Yo‘lning ikki tomoni tog‘. Tog‘larning beli qip-qizil. Xuddi birov uning ko‘ksiga bexos qilich tortib yuborganu endi bag‘ridan qon sizib chiqib turganday. Bunday g‘alati tog‘ boshqa yerda bo‘lmasa kerak. Hozir Sabohiddin go‘yo ikki tog‘ orasida emas, ikki o‘t orasida kuyib, yonib borar edi. Akasini ko‘rgandagi quvonchi so‘ngan, tungi uchrashuv, Xoliqberdi to‘ra bilan bo‘lgan suhbat uni gangitib qo‘ygan edi. Aka-ukaning oralariga qilich tushishi tayin.
Yigit ot ustida bir yonga sal qiyshayib o‘tiribdi. Qamchi ushlagan qo‘li xuddi jonsizdek. Ahyon-ahyonda otga qamchi urib qo‘yadi. Ba’zan mung‘ayib o‘tirgan hamrohiga qaraydi. Sabohiddinning o‘yga berilganini ko‘rib, indamaydi. O‘zicha xirgoyi boshlaydi:

Sevib olgan yoringiz muncha chiroyli yor ekan,
Qo‘llarimga suv berolmas, surati hayvon ekan.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:54:59

Yigit qo‘shiq so‘zlarini yaxshi bilmaydi shekilli, qolganini yamlab-yutib aytdi. Ashula yarmiga bormay, bir oz jimib qoldi-da, so‘ng boshqasini balandroq ovozda boshladi:

Tomga tariq sochilgan,
Hay bola, bola, omon yor...


Bu qo‘shiq ham chala-yarim bo‘ldi. Biroq Sabohiddinni yelkasidan bosib turgan g‘am yukini bir oz yengillatdi. U xayollar domidan qutulib aravakashga qaradi.
— Ashulani yaxshi aytar ekansiz, — dedi.
— E, zerikkanda bir xirgoyi qilib qo‘yamiz-da, aka. Ashulani yaxshi ko‘ramanu, so‘zlarini to‘la bilmayman. Mana, kechagi bazmda bir ashula eshitib yodlab olgan edim. Hozir esimdan chiqibdi. Balki siz bilarsiz?
— Nevlay?
— Eshitib ko‘ring-a:

Qaro qush qichqirib o‘tdi, uyosida ilon ko‘rdi,
Baliq ko‘ksini chok aylab, azim daryoda qon ko‘rdi.


— Yo‘q, bunaqa ashulani eshitmagan ekanman.
— O‘zim ham birinchi marta eshituvdim. Hay, mayli, nasib etsa yana eshitarmiz. Mullaka, bu yerlarga hech yo‘lingiz tushganmidi ilgari?
— Ha, bir-ikki o‘tganman.
— Mullaka, so‘raganning aybi yo‘q, ismlari nima edi? Hali hiyla yo‘l yuramiz, gaplashib ketaylik. Mening ismim Abdusattor.
— Sabohiddin.
— E-ha, endi tanidim. Boyatdan beri ko‘zimga issiq ko‘rinyatuvdingiz. Siz Jalol tog‘aning o‘g‘lisiz-da, a?
— Ha.
— Buxoroda o‘qirdingiz-da, a? Akangizni ham bilaman. Ma’mur boyvachchani o‘ldirib sibir bo‘lgan ekanlar. Chamasi, biron yilcha bo‘ldi qaytganlariga. Rahmatli Jalol tog‘a u kishining...
— Nima?! Nima dedingiz?
— Ie, eshitganingiz yo‘qmidi?.. Jalol tog‘a... Jalol tog‘aning yigirmalarini ham o‘tkazdik.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:55:08

Sabohiddin uning boshqa so‘zlarini eshitmadi. Dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib ketdi. Bo‘g‘ziga yig‘i kelmagan bo‘lsa ham, nafasi siqildi. Abdusattor aravani to‘xtatdi. Meshdan suv quyib uzatdi. Sabohiddin ichmadi. Abdusattor nima qilarini bilmay bir oz turdi. Keyin aravaga chiqdi-da, otga yengil qamchi urdi. To Novqatga yetib borgunlaricha Sabohiddindan sado chiqmadi. Abdusattor ham uni gapga tutmadi. U aravani to‘g‘ri Sabohiddinlarning uyiga haydadi.
Sabohiddin aravadan tushib uyi tomon yurdi. Oyog‘i xuddi kishan urilgandek og‘ir edi. Devorlari nuragan, yetim bola kabi mung‘ayib qolgan uyni ko‘rgach, mijjasiga yosh keldi. Yuragidan otilib chiqqan faryodni tomog‘i g‘ippa bo‘g‘di. Ko‘chada yig‘lab yubormaslik uchun qadamini tezlatdi.
Sabohiddin ichkari kirdi-yu, cho‘nqayib o‘tirgancha qumg‘on qaynatayotgan onasini ko‘rdi. «Buvi, buvijon!» deb qichqirmoqchi bo‘ldi. Ammo ovozi chiqmadi. Tomog‘iga nimadir tiqildi. Ko‘zlari yoshlandi. Yuragida uyg‘ongan hayqiriq labidan sassiz uchdi — ona o‘g‘lining dardli nidosini eshitmadi. Biroq orqasida kimningdir nigohi qadalayotganini his qilib, yalt etib qaradi. O‘g‘lini bir nafas tanimadi... Yo‘q, yo‘q, tanidi. Faqat ko‘zlariga ishonmadi. Ko‘rayotgani tushi ham emas, sarob ham emas, balki zohir ekaniga ishonch hosil qilgach, avval lablariga titroq yugurdi. Keyin titroq turgan tizzalarini ushlab, qaddini rostladi. So‘ng «bolam, bolajonim...» deganicha qanot yoyib o‘g‘li tomon yurdi. Sabohiddin yurmoqchi edi, biroq jon chiqib ketgan oyoqlarini bosolmadi. Holsizlanib tiz cho‘kdi. Shu alfozda boshini ona bag‘riga qo‘ydi. Onasining yig‘lab aytgan gaplarini eshitmadi. Qulog‘iga shu topda faqat ona yuragining dukirigina urilardi.
Yig‘i ovozini eshitib qo‘ni-qo‘shnilar chiqdi. Ayollar yig‘i-sig‘i qilib bo‘lgach, ichkariga kirib ketishdi. Sabohiddin esa devor-darmiyon ikki qo‘shnisi bilan ayvonda qoldi. Tilovat qildi.
— Rahmatli Jaloliddinning joyi jannatda, rohat-farog‘atda yurgandir. Bu dunyoda ko‘p g‘am chekdi bechora.
— Uzoq yotdilarmi?
— Bir nafas ham yotmadi. Shu yoshga kirib «um» deganini bilmayman. Rahmatli hali baquvvat edi. Shu bahorda ham hech kimga so‘z bermay, yerini o‘zi ag‘dardi-da. Xudoning shafqatini qarang, jonini qiynamaygina oldi.
— O‘g‘lim, dadangizning qanday jon berganlaridan bexabarsiz-a?
— Xabarim yo‘q.
— Rahmatli dadangiz omonatlarini masjidda topshirdilar.
— Masjidda?
— Ha, masjidda. Dadangiz masjidimizda so‘filik qilayotgan edilar. Peshin namozidan so‘ng supurib-sidirib, endi ketaman, deganlarida, qayoqdandir bir daydi o‘q kelib...
— Kim otibdi?
— Kim otganini hech kim bilmaydi. Qishloq tinch edi. Faqat uch marta o‘q ovozini eshitdik. Keyin: «Jalol so‘fini o‘ldirib ketishibdi», deb xabar qilishdi. Masjidga borsak, qonga belanib yotibdilar. Ikkita o‘q ko‘kraklariga tekkan ekan. Bitta o‘q masjid eshigiga sanchilib qolibdi. Uch kundan keyin ko‘rdik.
— Siz ko‘p qayg‘uravermang, o‘g‘lim. Ollohning irodasi-da. Hammamiz bu dunyoda omonatmiz. Barchamizning peshonamizga o‘sha yog‘och otga minish yozilgan. Dadangiz imon bilan ketdilar, shukur qiling.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:55:18

Sabohiddin bunday paytda aytiladigan juda ko‘p oyatlarni, hadislarni yoddan bilsa-da, qo‘shni oqsoqolning bu jo‘ngina gaplaridan tasalli olgandek bo‘ldi. Ammo yurakda qolgan armonga hech qanday tasalli kor qilmadi.
Qorong‘i tushgani sababli qabristonga erta tongda boradigan bo‘lishdi. Sohiba aya o‘g‘liga Jaloliddin akaning so‘nggi kunlarini, «Yuragim siqilyapti», «Aloq-chaloq tush ko‘rdim», deganlarini, yana allaqancha mayda-chuyda gaplarni bir-bir so‘zlab berdi.
— Mashhura ko‘rinmaydimi? — deb so‘radi Sabohiddin uning gaplarini eshitib bo‘lgach. U onasi bilan ko‘rishayotgan chog‘idayoq ko‘zlari bilan singlisini izlagan, ammo qo‘shni ayollar chiqib qolib, so‘rashga ulgarmagan edi.
— Mashhurani... Sultonmurod olib ketdilar.
— Qaerga?
— Nevlay. Rahmatli dadangizning yigirmalariga kelib, bosh bo‘lib turdilar. «Zamon notinch, uyingizda erkak yo‘q, bo‘yi yetgan qiz, uvoliga qolmaylik, o‘zimning panohimda bo‘lsin», deb...
— Qaerga olib borishlarini aytmadilarmi?
— Aytdilar... Norxo‘ja eshonning qarorgohi, dedilarmikin...
— Indamay yuboraverdingizmi?
— Voy, bolam, xudoning zorini qildim... Gapimga quloq solsalar ekan. Yolg‘iz ayol boshimga shuncha kulfat kammidi, bolam? Ikki qanotim qirqilgan bo‘lsa, otangiz bir og‘iz vasiyat qilmay o‘tgan bo‘lsalar, qo‘ni-qo‘shnilar oraga tushishga qo‘rqishsa, qo‘limdan nima kelardi? Xudoga soldim. Xudodan qaytsin...
Sabohiddin onasining yosh to‘la ko‘ziga qaray olmadi. Imomning qilig‘ini qancha o‘ylamasin, tagiga yetolmadi.
Ertalab qabristonga bordilar. Sabohiddin qabrni quchoqlab, tungi salqinga to‘ygan tuproqqa bag‘rini berib yotdi. Onasiga qo‘shilib borgan qo‘shni ayollar yig‘i boshlashdi.
Sabohiddin qaddini ko‘targach, ayollar tinchishdi. Tilovat boshlandi. So‘ng Sabohiddin ayollarni uyiga jo‘natdi. Qabristonda yakka-yolg‘iz qoldi. Go‘yo ota mehriga qonayotgandek qabrga uzoq tikildi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:55:27

— Dadajon, ilohim joyingiz jannatda bo‘lsin, — deb pichirladi lablari.
— Inshoolloh, — deb javob berdi xayolidagi dadasi.
— Bizning rohatimizni ko‘rolmay ko‘zingiz ochiq ketdi. Go‘ringizga bir siqim ham tuproq tashlay olmadik.
— Ollohning irodasi bu, o‘g‘lim. Chirog‘imni yoqib tursalaring, bas.
— Endi kimga suyanaman? Maslahatgo‘yim kim?
Javob yo‘q. Chunki otasi bilan Sabohiddin xayolan so‘zlashayotgan, fikrida esa bu savolga javob yo‘q edi.
Kechqurun uylariga Sultonmurod kirib keldi. Sabohiddinga hamdardlik bildirdi-da, marhumning ruhiga bag‘ishlab tilovat qildi. Tayinsiz mavzularda bir oz suhbatlashishgach, Sabohiddin muddaoga ko‘chdi.
— Taqsir, men Norxo‘ja eshonning huzurlariga borishim kerak ekan.
— Ha, o‘g‘lim. Imonini yo‘qotmagan har bir musulmonning o‘rni o‘sha yerda. Ammo siz hozircha bu haqda tashvish tortmang. Uch-to‘rt kun dam oling. Rahmatli dadangizning ruhlariga xayri-xudoyi qiling. Eshon huzuriga birga boramiz. Men shuning uchun kelganman. Manavini oling, xarajatlarga lozim bo‘ladi.
— Taqsir, singlim...
— Mashhura sog‘-omon. Biron nomahramning ko‘zi unga tushmaydi.
— Uni uyga qaytarsak, onam yolg‘izlar.
— Buni kengashib ko‘ramiz. Hozir zinhor tashvish tortmang.
Sultonmurod shunday deb chiqib ketdi. Sabohiddinning norizo nigohi uning izlariga qadalib qoldi...
Sabohiddin esini tanibdiki, shu xasis odamni biladi. Maktabga qatnayotganida domlaning yaxshi gaplarini ham eshitgan, kaltagini ham ko‘p yegan. Jamoliddin o‘qishni xush ko‘rmas, kaltak yegandan keyin haftalab tutqich bermasdi. O‘g‘lining o‘qishga bo‘yni yor bermayotganini ko‘rib, otasi uni maktabga yubormay qo‘ydi. Sabohiddin akasining teskarisi, tez olovlanar va shunday tezlik bilan so‘nib, itoatkor bo‘lib qolardi. Kechasi janjal-to‘polon bilan maktabga bormaslikka ahd qilgan odam, ertalab burnini torta-torta yo‘lga tushardi. Xiyol ulg‘ayib, sho‘xligi avjga chiqib, qishloqdagi o‘spirinlarga ham bas kela boshlagach, bir tomondan otasi, bir tomondan domla siquvga olib, bo‘yniga itoat zanjirini solishga urindilar. Ularning bu harakati samara berdi. Ma’mur boyvachcha voqeasida zanjir uzilay dedi-yu, ammo Sultonmurod ustalik qilib qoldi. Sabohiddinni itoatkorlik to‘riga chirmab tashladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:55:45

Sabohiddinning Buxoroga borishi aniq bo‘lgach, Sultonmurod uni yo‘qlab, pand-nasihat qildi:
— Olloh-taolo barcha bandalariga rahm-shafqatni bir xilda sochgan. Odam zoti rizqini kuchi yetganicha o‘zi terib yeydi. Janob rasulilloh deydilarki: «Tangrim sizlarni yer yuzida voris etgan va o‘zi ato qilgan narsalar bilan bizlarni sinab ko‘rish uchun ba’zilaringizning darajangizni boshqalarnikiga nisbatan yuqori qilib qo‘ygan». Yana Muhammad alayhissalom aytadilarki: «Ba’zi bir oilalarning bu dunyodagi hayoti farovon etilmish, ularga atalgan narsalarga sen ko‘z tikma». Demoqchimanki, Olloh-taolo Ma’mur boyvachchaning bu dunyosini farovon etmakni inoyat qilib, uning rizqiga rizq qo‘shgan. Akangiz xotinini taloq qilgach, Xudo o‘zining bu ojiza bandasini ham Ma’mur boyvachchaga in’om etdi. Garchi Ma’mur boyvachcha yangangiz taloq bo‘lmasidan ilgari don olishgan taqdirda ham sizning o‘ldirmog‘ingizga huquqingiz yo‘q. Zinokorga jazoni Ollohning o‘zi belgilagan. Ammo Tangri bilan bandalar o‘rtasida shayton bor. Olloh-taoloning to‘liq hikmati va inoyati birlan jannatdan quvilgan shayton mo‘min-musulmonlarni haq yo‘ldan ozdirishga harakat qiladi. Ma’mur boyvachchaning begunoh qonini to‘kkan kimsa shayton vasvasasiga uchib, Xudoning qahrini keltirdi. Jamoliddin begunoh. Uning gunohsizligi Olloh-taologa, menga va yana bir kishiga ayon. Jamoliddin o‘n uch yil do‘zax azobini tortadi. Uning uvoli ham qotilning yelkasida.
Sultonmurod shu zaylda gapni aylantirib-aylantirib, ayb sirtmog‘i yasadi-da, Sabohiddinning bo‘yniga tashladi. Sabohiddin bu sirtmoq oldida ilojsiz qoldi. Ammo taqsir uning boshini silab, rahm-shafqat ko‘rsatdi:
— Siz hozir borib, «Ma’mur boyvachchani men o‘ldirgan edim», desangiz ham akangiz Sibirdan qaytarilmaydi. Bu birlamchi. Ikkilamchi — so‘zlaringizga hech kim ishonmaydi. Ammo, umid chinnisini sindira ko‘rmang. Tavbalar qiling, Tangrining shafqati beqiyos. Olloh, akangizni Sibirning do‘zaxiy azoblaridan barvaqt xalos etib, sizning ham gunohlaringizdan o‘tsa ajab emas. Buning uchun siz butun borlig‘ingiz bilan ibodat qilmog‘ingiz, bu dunyoning rohatlaridan voz kechmog‘ingiz lozim. Ibodat chog‘ida Ollohga shunday sig‘ining-ki, xushu’ chog‘ida qilich ko‘kragingizga sanchilib, kuragingizdan chiqsa ham sezmang. Men befarzand, Xudoning bir bechora bandasiman. Sizni o‘g‘lim qatori ko‘rib, mehr qo‘ygan edim. Sizni yosh deb fahmlab, ortiqcha azoblarga giriftor bo‘lmasin, deb o‘sha kuni yolg‘on gapirdim. Yelkangizdagi gunohlarning yarmi mening bo‘ynimga tushdi. Shu topgacha gunoh ishga qo‘l urgan banda emasman. Gunohlarimni yuvish uchun toat-ibodatlarimning o‘zi kifoya emas. Inshoolloh, xatmu kutub qilganingizdan so‘ng, agar Tangrim umrimizni bersa, birga haj qilib, Ka’batullohni tavof etib, Ollohdan gunohlarimizni so‘raymiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:56:29

Sultonmurod bir necha marta uylanganiga qaramasdan, befarzand edi. Uning mehr bilan aytgan so‘zlariga Sabohiddin ishondi. Ammo Sabohiddin uning qalbida yashiringan niyatidan bexabar edi. Sultonmurod Andijon madrasasida bilim olgan, dadasining topish-tutishi ham yomon emasdi. Boshqalarga nisbatan ziyrakroq bo‘lgani, yaxshiroq bilim olgani uchun durustroq obro‘-e’tiborni xayol qilgandi. Qishlog‘iga oddiy imom bo‘lib qaytish uni qanoatlantirmas edi. Yurtning eng obro‘li ulamolari qatoridan o‘rin olish yo‘llarini izlab yurganda xalq besaranjom bo‘lib qoldi. Yikchi eshonning g‘alabasiga ishonib, tahsilni ham tashladi-da, uning etagidan tutdi. Qirg‘izlar tog‘dan tushib eshonni hol-joniga qo‘ymay oq kigizga o‘tkazib, «Xon» deb e’lon qilishganda Sultonmurodning yuragi xapriqib ketdi. Eshonga madhiya aytayotganlar orasidagi Sultonmurod ko‘zini bir yumdi-yu, oq kigiz ustida Yikchi eshonni emas, o‘zini ko‘rdi. Bu manzara — oq kigiz ustida viqor bilan o‘tirgan Sultonmurod ongiga muhrlanib qoldi. Hujum boshlanganda ham, bir necha soat ichida g‘alabadan umidini uzib qochganda ham, katta obro‘ istagida Buxoro madrasasiga yo‘l olganda ham, hatto tunlari o‘g‘rincha qo‘shni mahallaga borib yurganlarida ham shu manzara ko‘z oldidan nari ketmasdi. Nazarida, Xudo uni xon bo‘lish uchun yaratganday edi. O‘sha mahallaga qatnab yurganida juhud yigitlarning qo‘liga tushib bichib qo‘yilgach, niyati darz ketdi. Ammo Xudodan umidvor bo‘lib yuraverdi. Biroq har qancha urinmasin, ishi orqaga ketaverdi. Oqibatda, Buxoro madrasasidagi tahsil ham chala qolib, qishlog‘iga qaytdi. Qaytdiyu boylik to‘plashga kirishdi. U endi xonlikdan umidini uzib, viloyatdagi eng boy odamga aylanishni istab qoldi. Oyog‘i ostidan Sabohiddin mojarosi chiqdi-yu, bu ham bir korimga yarar, deb diliga tugdi. Sabohiddinni Buxoroga yuborib, u bir o‘q bilan ikki quyonni urgan edi. Avvalo qorabayirga yetishib, uni tuzukkina aqchaga pulladi. Qolaversa, nazarida, Sabohiddin undan ma’naviy qarzdor bo‘ldi. Farg‘onada g‘alayonlar boshlangach, u eski tanishi Norxo‘janing etagidan tutdi. Norxo‘ja unga ro‘yxush beravermagach, Sabohiddinga muhtojlik sezdi. Baxtiga Xoliqberdi to‘ra boshqa qo‘rboshiga emas, aynan Norxo‘jaga yuboribdi. Ammo Zayniddin qorining ham kelishi Sultonmurodga yoqmadi. Undan qutilish yo‘lini izlay boshladi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:56:37

Sultonmurod pul tashlab ketgach, Sabohiddin Salimxo‘janing kuyunib aytgan gaplarini esladi. Buxoroda ekanida o‘z erkicha turmush kechira olishga qurbi yetadigandek edi. Ammo o‘t-olov bag‘ridan o‘tib kelar chog‘ida ko‘rgan-eshitganlari uni anchayin o‘ylatib qo‘ydi. O‘z maylicha yashay olmasligiga ishonch hosil qildi. Shu tobda Salimxo‘jani, uning suhbatlarini qo‘msadi. Salimxo‘ja hozir yonida bo‘lganida, «aytmovdimmi», deb gina qilardi. Avval qoshlarini chimirib o‘yga tolardi. Keyin ayrim shaxslar manfaatidan yurt-el manfaati ustunroq ekani haqida gapirardi. So‘ng iroda haqida, balki oydin maqsad haqida so‘z ochardi. Har nechuk, Sabohiddinni maslakdosh deb bilmasa-da, unga dalda bo‘lardi. Afsuski, Salimxo‘ja uzoqda qolgan. Bu yerda esa fikrlashadigan, dardlashadigan hech kim yo‘q. Bundan buyon bo‘lmasa ham kerak.
Endi istasa-istamasa Norxo‘janing huzuriga boradi. Chunki Mashhura o‘sha yerda.

* * *

Devona xirillagan ovoz chiqarib titray boshlagach, Rhaq undan ko‘zini oldi-da, tashqariga chiqib ketdi. Devona o‘sha kuni ostona hatlamadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:56:50

SINOV

Kesganbelga shom tushdi. Asqarali, choyxonada hech kim qolmagan bo‘lsa-da, Dilmurod kelib qolar, deb poylab o‘tirdi. Kunduzgi voqea asirligidan qutula olmagan Rhaq-Mirzavoy ham noiloj samovarxonada qoldi. Asqarali choy damlab kelib so‘riga chiqdi-da, Mirzavoyni yoniga chorlab, choy quyib uzatdi.
— Dilmurodjon ham xuddi to‘ng‘ichimga o‘xshab besaranjom ekanlar, — dedi u kaftiga nos tashlab,— to‘ng‘ichim o‘ziga-o‘zi qildi. Raislikni tuppa-tuzuk eplab turuvdi. Xalq ham undan rozi edi. Ispaniyaga borishning nima keragi bor edi unga, hayronman. Begona yurt bo‘lsa, u yerda amma-xolasi bo‘lmasa. Na aza ochishni bilasiz, na kutishni...
— Ketayotganlarida rizolik berib edingizmi?
— Rizolik... — Asqarali bir zum o‘ylanib bosh irg‘adi-da, kaftidagi nosni yana nosqovoqqa qaytarib to‘kdi. — Rizolik bermay ilojim qancha?
— Boshqalarning dardiga befarq qaramasa, yaxshi odam ekan o‘g‘lingiz.
— Nimasini aytasiz. Shu kolxozni deb necha o‘lib, necha tirilgan. Agar o‘g‘lim yelib-yugurmaganda Mamarayimga o‘xshaganlar qishloqning yarmini quloq qilib yuborishardi. Kelib-kelib ro‘yxat tuzishni Mamarayimga topshirishibdi. Bitta sigiri borni ham tirkabdi-da ro‘yxatga bu zang‘ar. Yo‘q, o‘g‘lim yo‘l bermadi. Kattalargacha borib keldi. Bo‘lmasa unga nima edi? Ro‘yxatni Mamarayim tuzgan. Gunohi ham uning bo‘ynida... G‘alati bola edi to‘ng‘ichim, esiz, peshonamga sig‘madi. Bolamdan zurriyot qolmadi. Shunga kuyaman. Boyoqishning Saboxonda ko‘ngli bor ekan. Boshqaga uylanmadi. Saboxonning ham ko‘ngli bor edi o‘g‘limga. Ammo otasi iblislik qildi. «To‘rtta odam yig‘ilsa, qudam shu kishi bo‘ladi, deb cho‘tirni ko‘rsatamanmi?» debdi. Gapini qarang, zang‘arning. U aslida mening cho‘tirligimdan or qilmagan. Foyda unsa moxov bilan og‘iz-burun o‘pishadi u odam. Mo‘mayroq qalinga umid qilgan, chamamda. O‘g‘lim rais bo‘lgani bilan echkimiz ham yo‘q edi. E, ishqilib omon bo‘lishsin. Dunyo shunaqa ekan-da.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:56:58

Asqarali kaftiga nos to‘kib, tilining tagiga tashladi-da, kaftini qoqdi.
—Turib-turib Saboxonga achinaman. Otasining ra’yiga qarab bebaxt bo‘ldi, bechora. Qaynag‘asi o‘zini osib qo‘ygandan keyin eri to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Yerga kirib ketdimi, osmonga chiqdimi — hech kim bilmaydi. Saboxon ikki o‘t orasida kuyib ado bo‘lyapti. Erini kutay desa, kuz kelsa uch yil bo‘ladi — nom-nishon yo‘q. Boshqasini er qilay desa — boshi ochiq emas. Tag‘in ham ayol zotining joni temirdan bo‘larkan. Boshimga bunaqa g‘am tushsa, men chidamay, tars yorilib ketardim... — Bu gaplarni eshitib Rhaq-Mirzavoyning ko‘z oldiga Nazira keldi. Saboxonning uzori Naziraga o‘xsharkan, deb yursa, qismati ham bir ekan-ku? Nazira ham ko‘ngil qo‘yganiga yetisholmay azobda qolgan edi. Saboxon ham. Nahot birgina gapni aytish qiz bola uchun shunchalar mashaqqat bo‘lsa?.. Bu holni birov bayon qilsa Rhaq ishonmas edi. Nazirani ko‘rib, ikkilangan edi. Saboxonning qismati endi uni butkul hayratga soldi... Chunki u ayolning go‘zalligi tashqi chiroyida emas, balki hayoda, nomusda, iffatini saqlashida ekanini hali bilmasdi.
— Choyga qarang, — Asqarali shunday deb piyolani chertib qo‘ydi. Rhaq-Mirzavoy sergak tortib, Asqaralining qo‘lidan piyolani oldi. — Xayol olib qochdimi, deyman-a? — dedi Asqarali unga sinov nazari bilan qarab.
— Ha... ayollarni o‘ylayapman. Birovga ko‘ngil qo‘yishsa ham «yaxshi ko‘raman», deb aytisholmaydi.
— Be, aytish qayoqda! Yaxshi ko‘rishning dardi ham, lazzati ham shunda bo‘lsa kerak-da. Qizlarni gapirasiz, erkak bo‘la turib vaqtida yigitlar ham chaynalib qolishadi-ku... O‘g‘limni ayting. Bir og‘iz gapirmadi. Ispaniyaga ketyapman, dedi-yu, jo‘navordi. Saboxonning dardi ichida, qon-qaqshab qolaverdi. Mirzavoy, inim, bizning bir aybimiz bor: hamma narsani ipidan-ignasigacha bilishni istaymiz. Shu deng, sizdan bir narsani so‘ramoqchiman: yurishingizdan so‘qqaboshga o‘xshaysiz. Uylanmaganmisiz?

Qayd etilgan