Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97251 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:58:32

— Me’yoridan sal oshiribmiz. Xavotir olmang, hozir hushiga keladi, — dedi Dilmurod uning mijjalarini qayirib ko‘rar ekan.
Devona ikki soat harakatsiz yotdi. Keyin badaniga titroq kirdi-da, o‘rnidan turdi. Rhaq bilan Dilmurodga hayrat bilan tikilib, orqasiga tisarilganicha chiqib ketdi.
Dilmurod o‘zini xotirjam ko‘rsatishga urinsa-da, asta titrayotgan barmoqlari hayajonini fosh qilib turardi. Shuning uchun ham u asbobni shosha-pisha g‘ilofga joylagach, uyga borib dam olajagini bahona qilib chiqib ketdi.
Rhaq uning asl maqsadini bilgani uchun kuzatgani chiqmadi. Charm qoplangan so‘riga o‘tirib, o‘yga toldi...
«Hozir uyga boradi-yu, panalab qabristonga yo‘l oladi. Devonani kuzatadi. Hayajonini mendan yashirmoqchi. Birinchi sinovning yaxshi o‘tganini hali o‘zi bilmaydi. Qishloqqa kelganiga oy to‘ladi, ammo bir zum tinch turmadi. Doim bir narsani fikrlaydi, bahslashadi, isbot qilmoqchi bo‘ladi. Xullas, qaragan kishi uning tirik ekanini, yuragi urib turganini darrov his qiladi. Tangliklar esa... ularning tirikligini faqat harakatlanishidan bilish mumkin...»
Rhaqning ko‘z oldiga Fidning horg‘in chehrasi keldi. Rhaq ikkinchi safarga tayyorgarlik ko‘rayotganida Fid o‘zining qarashlarini oshkor etgan, hamisha Rhaq bilan yakdil ekanini bildirgan edi.
Yerga safar qilinguncha Tang donishmandlari masalalarni bahsga berilmay turib tezda hal etardilar. Lukn bilan Rhaqning kundaliklaridagi qarama-qarshi fikr kutilmaganda ularni ikki oqimga ajratib qo‘ydi. Rhaq Yer taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatmay, yerliklarning ichki dunyosini sof saqlab qolish kerak, degan talabni ilgari surgan edi. Fid Rhaqning «tezkor taraqqiyot bilan ichki ma’naviy dunyo bir-birini rad etadi. Tushunmovchilik, xatolar, urushlar barham topib, Yerda oqibat, chinakam mehr-muhabbat qaror topadi», degan fikrini qo‘llab yanglishmagan edi. Agar Yerga kelganda bunga o‘zi ham iqror bo‘lardi. Mutanosiblikni buzib, taraqqiyotni tezlatish tarafdorlari ko‘proq edi. Yerning boshqa nuqtalarini kuzatayotgan tangliklar agar o‘zgacha xulosaga kelsalar, qora oqim mutlaq qarorga kelib qo‘yishi mumkin. Fid atrofidagi bir necha donishmand bilan katta kuchga dosh bera olarmikan?..

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:58:40

Bu o‘lkaning asriy uyqudan uyg‘onayotganini ko‘r ham payqashi mumkin. Avvalgi safar chog‘ida Shoaziz o‘tkir zehnli allomalardan so‘z ochganida amir bo‘yniga ayb sirtmog‘ini ilgan edi. Salimxo‘ja esa zamon allomalarining ko‘z ochishi uchun nimalar qilish kerakligini aytgan edi. Uning bashorati to‘g‘ri chiqdi. Mana, Dilmurod Yer sathida hech bir donishmand o‘ylamagan ishni qildi. Erta-indin Devonaning xotirasini butkul tiklab, hushini joyiga keltiradi. Uyg‘onishning isboti uchun yana nima kerak?
Rhaq Devona hushsiz yotganda tunov kuni uni gipnoz qilganidan afsuslandi. Shoshilmasligi kerak ekan. Chunki o‘sha gipnoz ta’sirida Devonaning xotirasi qisman tiklanib qolgan, bugun esdaliklarning davomi yuz ochgan edi. Rhaq bu esdaliklarni o‘qib, endi Devonani o‘z holiga qo‘yishga ahd qildi.
Hozir xonada yolg‘iz qolgach, Devonaning boshiga tushgan savdolarning davomini ko‘z oldiga keltirdi. Ustarada qirdirilgan boshiga choldo‘ppi qo‘ndirilgan, oq yaktak, oq ishton kiygan, qoruvli gavdasini hiyol egib tasbeh o‘girgancha xomush tortgan Sabohiddin nigohidan ketmay qoldi...
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:59:01

MUBHAM SO‘QMOQ

Otasining nogahoniy o‘limidan dili vayron bo‘lgan Sabohiddin singlisining qismatini o‘ylab, yurak-bag‘ri ezilib ketdi.
U singlisi uchun Norxo‘janing qarorgohi nima ekan, u dunyoga borib kelishdan ham toymasdi. Sabohiddin ikki tomoni nayzayu tig‘lar bilan qurshalgan so‘qmoqqa kirib borayotganini bilardi. Tig‘lardan duoyu iltijolar yordamida qutulib bo‘lmasligiga ham aqli yetardi. Yoshligida ko‘ziga ajina ko‘rinsa, darrov kalima qaytarardi. Koshki edi, jinlar bazmiga kirib borayotgan bo‘lsa, yo‘q, u do‘zax otashi tomon boryapti. Balki u yerda azroil bilan yuzma-yuz kelar. Balki omonatini topshirar. Sabohiddin bila turib shu manzilga boryapti. O‘zga chora yo‘q. Uni bu tomonlarga jihod istagi boshlab kelgan edi. Endi esa fikru xayoli singlisining taqdiri bilan band. Ishqilib, singlisi omon qolsa, bas. Tengini topib uzatsa, bo‘ynidagi qarzdan xalos bo‘lib, otasining arvohini rozi etardi...
Sabohiddin shu o‘ylar girdobiga tushgan bir mahalda ot dupuri eshitildi. Chavandoz ularning eshiklari oldida to‘xtadi. U oy yorug‘ida akasini tanib, irg‘ib o‘rnidan turdi. Jamoliddin otasining qazosidan xabar topib kelgan edi. Shu uchun ukasini quchoqlab, unsiz yig‘ladi. Bu orada ichkaridan Sohiba aya chiqib past ovozda yig‘i boshlab, o‘g‘lini bag‘riga bosdi.
Sabohiddin: «Akam bas qil, deb qolmasmikan», degan xavotir bilan tilovat qila boshladi. Yo‘q, Jamoliddin indamadi. Aksincha, ukasiga qo‘shilib fotiha o‘qidi.
Aka-uka Sohiba ayaga: «Kirib damingizni oling», deyishsa ham, aya unamadi. O‘g‘illarining diydoriga to‘yay deb tun yarmidan oqquncha o‘tirdi. Tong bilan baravar turishdi. Sabohiddin bomdodni o‘qib olguncha Jamoliddin otiga yem tashlab, qashlagan bo‘ldi. Keyin ikkovlon qabristonga yo‘l oldilar.
— Men hozir ketishim kerak, — dedi Jamoliddin qaytar mahallarida. — Imillamay Mashhurani olib kel.
— Taqsirim bilan bormoqchimiz. — Sabohiddin Xoliqberdi to‘ra bilan uchrashganini, uning topshirig‘ini akasidan yashirdi.
— Shunday bo‘lishini sezgan edim. Bosmachilarga o‘tishing aniq ekan.
— Qishloqning ko‘p yigitlari islom lashkarlari, siz aytmoqchi, bosmachilar safida ekan. Ulardan bu qadar nafratlanishingiz o‘rinsizmikin... axir... «bosmachi» ham siz bilan menga o‘xshagan odam. Ular ham el-yurt deb azob chekishyapti.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:59:53

— Bu gaping to‘g‘ri. Bizdaqalari ham bor. Surgundan yurib men ko‘p narsa angladim. Eng muhimi, haqiqat yagona bo‘lsa ham uni turli odam turlicha tushunar ekan. Zamon notinchlanib, adashganlar ham ko‘paydi. Kim haq ekanini bilmay garangsib yurganlar undan ham ko‘p. Mana, o‘zing ham farqiga bormaysan-ku?
— Men haqiqat imonlilarda deb bilaman.
Sabohiddin, akam yana qizishib ketar, deb o‘yladi. Yo‘q, Jamoliddin uning gapini eshitib, bosh chayqab qo‘ydiyu oyog‘i ostiga qaragancha bir me’yorda yuraverdi. Qabristondan ko‘ngli cho‘kib chiqqani uchunmi, uning shashti past, ukasiga Marg‘ilondagi kabi qo‘pol muomala qilmas, aksincha, muloyim gapirardi. Boshqa bir tomondan u Sabohiddinning sirtmoqqa tushib qolganini fahmlagan, endi uni qutqarish yo‘lini izlab, garang bo‘layotgan edi.
— Bosmachilar quroq dasturxonga o‘xshaydi. Ularning dastidan yurt ham quroq bo‘lib ketdi. Bu ahvolda uzoqqa borisholmaydi. Ular chetga sig‘inishyapti. Go‘yoki chetdagilar dinning panohi, tayanchi emish. Padariga la’nat bunday tayanchning. Agar foyda unishiga ko‘zi yetmasa, hech kim qayrilib qaramaydi. Ular hamyonlarining qappayishini o‘ylab, yurtimizga adovat urug‘ini sochishyapti... Musulmonchilikning pok, nopok bo‘lishi bilan inglisning necha chaqalik ishi bor? Nahotki shuni tushunish qiyin bo‘lsa? Ularga dinning pokizaligi emas, yurtimizning boyligi kerak.
— Boylik kerak ekan, o‘zlari qo‘shin tortavermaydilarmi?
— Nodonsan, uka. Hali ham esing kirmabdi. Dunyoning ishlari sen o‘ylaganchalik oson emas. Boquvda turgan otga tushov urish mashaqqatli, ammo holdan toygani indamaygina bo‘yin egib turib beradi. Ular bizning o‘lar holga kelishimizni kutishyapti. Bu — birlamchi. Ikkilamchi, hokimiyatni bosmachilar qo‘li bilan olishmoqchi.
— Sho‘rolar-chi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:01:23

Sabohiddinning shu topda akasi bilan bahslashish niyati yo‘q edi. Savolni o‘zi istamagan holda berdi. So‘ramasa ham bo‘lardi, chunki olajak javobini taxminan bo‘lsa-da, bilardi. Sabohiddin ingliz bilan o‘risning muddaosida farq ko‘rmasdi. Ularning har biri oyoqlar ostiga munofiqlik to‘rlarini tashlashgan. Ularning har ikkovi ham makkor ovchi. Ovchi ov ovlaydi. Go‘shtini yeydi, terisini shilib, sotadi... Ovchi hech mahal o‘ljasiga erkinlik berish uchun tuzoq qo‘ymaydi. Agar «o‘ljamga ozodlik in’om etmoq maqsadida ov qilyapman», desa odamlar undan kulib, jinniga chiqarishadi. Ammo nechundir hech kim inglizdan ham, sho‘rodan ham kulmaydi, ularni tentak demaydi. Balki ko‘zlarini chirt yumganlari holda so‘zlariga inonmoq istaydilar. Sabohiddin Salimxo‘ja bilan suhbatlarida bunga amin bo‘lgan. Sabohiddin bu safar ham yanglishmadi: akasi u kutgan javobni berdi:
— Sho‘rolar bizning erkimizni o‘z qo‘limizga topshirgan.
Sabohiddin boshqa gap qo‘shishni istamadi. Akasining yonida jim boraverdi. U akasiga «siz sarob sari boryapsiz. Bora-bora topganingiz jahannam azobi bo‘ladi», demoqqa og‘iz juftladi-yu, biroq bunday so‘zlarning o‘rni emasligiga fahmi yetib, tilini tiydi.
— Adashganlar ko‘p, ularga achinaman, — dedi Jamoliddin xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotganday bosiq ohangda.
— Sizlar tomondami? — deb so‘radi Sabohiddin. Akasi unga norozi qiyofada qarab oldi.
— Yo‘q, senlar tomonda, — dedi «senlar» so‘ziga urg‘u berib.
— Xoliqberdi to‘ra hammi?
— Adashganlarning eng kattasi o‘sha. Bekorga qon to‘kilyapti. Yigitlar bekorga o‘lib ketishyapti...
— Bekorga emas... — Sabohiddin shunday deb jimib qoldi. Akasi «Gapni yamlama», deganday unga qaradi. Sabohiddin bir-ikki qadam qo‘ygach, so‘zida davom etdi: — Olloh taborak va taolo marhamat qilib deydiki: «Olloh yo‘lida halok bo‘lgan shahidlar haqida «bular o‘liklar», demangiz! Yo‘q, ular tiriklardir, lekin sizlar sezmaysizlar.» Ular uchun jannatdan joy hozirlab qo‘yilarkan. Ammo shahid jannatda ko‘rgan ehtirom va rohatdan keyin ham yana bu dunyoga qaytib chiqib yana o‘n marta halok bo‘lishni orzu qilarkan.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:01:56

Sabohiddin bu gaplarni aytib, «Akam Marg‘ilondagi kabi sapchib tusharmikin, «jannating yo‘q narsa», deb yana kufrga ketarmikin», deb xavotirlandi. Lekin bu safar Jamoliddin javob qaytarmay, ukasini ajablantirdi.
Ko‘chalariga burilgach, eshiklari oldida to‘plangan odamlarni ko‘rib, ajablanishdi. Olomon ularning yo‘lini to‘sdi.
— Ana, kallakesar padarkushning o‘zi kelyapti, — deb qichqirishdi.
Jamoliddin bu gapni eshitib, qo‘lini g‘ilof sari yubordi.
— To‘pponchangni tek qo‘yatur, — dedi qo‘liga so‘yil ushlagan, yalang oyoq, piltasi chiqqan do‘ppi kiygan o‘rta yashar kishi.
— Ha, Maqsum tog‘a, bu nima harakat o‘zi? — dedi Jamoliddin.
— Go‘shtni qaerga yashirding?
— Qanaqa go‘sht?
— Peshonamda bittayu-bitta g‘unajin borligini bilarmiding. Bolalarning rizqiga Xudoning rahmi kelib, bosmachilarga ham oldirmagandi. Sen yulib oldingmi, haromi! — Maqsum tog‘a shunday deb so‘yilni ko‘tardi. Olomon baqirib-chaqirib ularning ustiga bostirib kela boshladi. Jamoliddin mauzerini chiqarib osmonga ketma-ket ikkita o‘q uzdi. Odamlar to‘xtashdi.
— Maqsum tog‘a, g‘unajiningizni boshimga uramanmi? Birov tuhmat qilibdi.
— Tuhmat deysanmi? G‘unajinning terisini ham birov og‘ilxonangga tashlab ketibdimi?
— Sho‘rolar kambag‘allarga qayishadi, deyishardi. Bosmachidan battar o‘g‘ri ekan-ku!
— Otangni sho‘rolar otgan edi. Xun olishni o‘ylamay...
— Bu gapni qo‘yatur. Go‘shtni berkitgan joyini ko‘rsatsin.
— Gapimga ishoning, — dedi Jamoliddin bo‘g‘ilib.
— To‘pponchangni yo‘qot. Ko‘zimga hech nima ko‘rinmay turibdi, mayib qilib qo‘yaman, bola.
— O‘g‘irlamagan bo‘lsang, aslahangni yechib gaplash biz bilan. Mana, hech birimizda qurol yo‘q.
— Bizga ishonmasang, ukangga berib qo‘y. Oldimizga tushib, ellikboshiga borasan.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:03:06

Jamoliddin bu gaplardan keyin noiloj aslahalarini yechib ukasiga berdi-da, olomon oldiga tushdi. Guzarga yetishganda besh chog‘li otliq ularning yo‘lini to‘sdi. Jamoliddin bosmachilarning tuzog‘iga ilinganini anglab, qochmoqchi bo‘ldi. Biroq, odamlar uning qo‘llarini qayirib oldilar.
— Nima gap? — dedi o‘ng qo‘lida beshotar ushlagan, shoyi chorsini peshonasiga chapanicha bog‘lagan kishi.
Odamlar biri olib, biri qo‘yib voqeani bayon qilishdi.
— Sho‘rolarning ta’zirini qo‘rboshining o‘zi beradi.
U gapini tugatishi bilan to‘rt yigit otdan irg‘ib tushib, Jamoliddinning qo‘l-oyog‘ini bog‘lay boshladi. Yordamga tashlangan Sabohiddinning boshiga og‘ir narsa urilib, hushidan ketdi. Ko‘zini ochib, o‘zini uyida ko‘rdi. Tepasida Sultonmurod, sal narida esa Sohiba aya taqdirni la’natlab o‘tiribdi. Sabohiddin nimadir demoqchi edi, tili aylanmadi. Uning aytmoqchi bo‘lgan gapini Sultonmurod angladi.
— Barini eshitdim, o‘g‘lim. Xotirjam bo‘ling. Akangizni Norxo‘janing yigitlari olib ketibdi. Xudo xohlasa, biz ham bomdoddan keyin yo‘lga chiqamiz.
... Sohiba aya o‘n to‘rt farzand ko‘rib, o‘n bir go‘dagini yerga qo‘ygan. O‘n bir marta onalik quvonchini norasidalariga qo‘shib qora yerga ko‘mgan. O‘sha «o‘n bir hur go‘dakning umrini ham, baxtini ham, rizqini ham Ollohim qolgan uchtasiga bergani rost bo‘lsin», deb yurganida, umidi xira tortdi. Kattasini uylantirib endi rohatini ko‘raman deganida o‘g‘li taloq xatini berdi. Yosh yigit so‘ppayib o‘tib ketarmidi dunyodan. Qayta uylantiramiz, deb turishganda, oraga shayton aralashdi-yu, Jamoliddinni surgun qilishdi. Xayriyatki, u besh yilda qaytdi. Ammo bari bir diydoriga to‘ymadi. Orzu-havas ko‘rolmadi. Olatasir boshlanib, o‘g‘li sho‘rolarga qo‘shilib ketdi. Ba’zan oylab xabari bo‘lmaydi. Ishqilib, ajal quvmagan bo‘lsin. Zamon notinch ekan, erkaklarning boshi tashvishdan chiqmaydi. Lekin qiz bolaning gunohi nima? Xudo qizini ham bag‘riga sig‘dirmay, unga yana qanday alamni ravo ko‘rdi ekan? Sultonmurod uni panohiga olib balki savob qilgandir? Unday desa musofirlikdan qaytgan Sabohiddinni ham uzoq yo‘lga boshlab ketyapti. Uy huvillab qolyapti. Go‘yo u sira farzand ko‘rmaganday, bir umr yakka-yolg‘iz yashaganday. Bir o‘zi... Yolg‘iz... Uning dardiga kim darmon bo‘larkin?.. U ham barcha onalar kabi ohini ichiga yutadi. Boshqa iloji yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:03:38

Ona ham dunyoga bir marta keladi, ammo necha bor o‘lib-tiriladi. Farzandiga zirapcha kirsa, uning bag‘riga xanjar sanchilganday bo‘ladi. Farzand dog‘i, ayriliq ona qalbini otashda qovuradi. Agar ona tiriklayin o‘tda kuydirilsa, bunchalik azob chekmasdi. Ona tortgan dard bilan quvonch tarozi pallasiga qo‘yilsa, umr bo‘yi ko‘rgan shodliklari bir kunlik dardiga ham bas kelolmasligi aniq.
Sabohiddin ayasining ko‘zlariga qarab, yurak-bag‘ri ezilib ketdi. Sohiba ayaning yosh aylanib turgan ko‘zlari mungga to‘lgan. Shu holda ham u Xudoga shukr qilib, dardini sirtiga chiqarmasdi. Sabohiddin bomdoddan keyin onasining iltijolariga beixtiyor quloq tutdi. «Farzandlarimni bag‘rimdan yulib olguncha, bir burda nonga zor qilsang bo‘lmasmidi...» Bu nola Sabohiddinning bag‘rini tilib, tuz sepdi. Xayrlashar chog‘ida ham onasining yig‘lamsirab aytgan gaplari qulog‘i ostida jaranglayverdi: «Farzandlarimni bag‘rimdan yulib olguncha, bir burda nonga zor qilsang bo‘lmasmidi...»
Sabohiddin onasini ostonada yolg‘iz qoldirib, ko‘ngli cho‘kkan, ezilgan ahvolda imomga ergashdi. Dastlab orqasiga o‘girilib qaraganida onasi eshikka suyanib turardi. Yana bir qarasa, mushtday bo‘lib cho‘nqayib o‘tiribdi. Keyinroq orqasiga o‘girilganida, ularning hovlisini daraxtlar pana qilib qo‘ygan edi. Shabada turib, daraxt barglari shivirlay boshladi. Bu shivir orasida u yana onasining ohini eshitdi:
« ... bir burda nonga zor qilsang bo‘lmasmidi...»

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:04:01

Otlarni o‘z holiga qo‘yishdi. Jonivorlar asta yo‘rg‘alaydi. Katta oq salla o‘rab, oq chopon kiygan Sultonmurodni ko‘rganlar ta’zimga shaylanishadi. Qishloqdan chiqishgach, otlarni ildamlatishdi.
— Taqsir, shuncha kundan beri og‘zingizni poylayman, o‘zingiz ayta qolay demaysiz.
— Nimani, o‘g‘lim?
— Siz qishloqdagi hamma odamni yaxshi bilasiz. Dadamni kim o‘ldirgan bo‘lishi mumkin?
— O‘zimning ham aqlim bovar qilmay qoldi, o‘g‘lim. Dadangiz begunoh mo‘min-musulmon edi. Birov bilan hech mahal sen-menga borganmas.
— Yoki qotil biror boshqa kishi bilan adashtirdimikin?
— Bundan bexabarman.
— Otgan odam sho‘rolardanmi, yo...
— Masjidga qarab kim o‘q uzishi mumkin?
— Axir, akam sho‘rolar tomonida-ku?
— Xudodan qo‘rqmagan, otani ayamaydi.
Sabohiddinning nafasi ichiga tushdi. U «taqsir sirni ochishga ko‘maklashar», deb o‘ylagan edi. Aksi bo‘lib chiqdi.
Yon-atrofda daraxt ko‘rinmaydi. Bahaybat toshlar orasida, quyoshning nurli tig‘ida kuyib borishadi. Sultonmurod otni niqtab tezlatadi. Otlar mayda toshlarda sirg‘ana-sirg‘ana ildamlaydi. Sabohiddin domlaning og‘zini poylaydi. Yo‘l boshlab ketayotgan imom esa jim. Daradan o‘tishgach, Sabohiddin unga yana so‘z qotdi:
— Taqsir, odamlarning bo‘linib-bo‘linib ketganiga sira tushuna olmayapman. Tuppa-tuzuk, ahil-inoq yashar edik-ku? Bir qism odam endi sho‘rolarga qo‘shilibdi, bir qismi Norxo‘ja eshonda, bir qismi Xoliqberdi to‘rada, yana bir qismi Shermat qo‘rboshida, Muhiddin qo‘rboshida...
— Yana mayda qo‘rboshilarni ayting.
— Ha, ilgarilari ochin-to‘qinga ham chidab birga-birga yashardik. Xudo urgani shumikin?
— Odamlar aqldan ozdi. Shaytonning qo‘li baland kelib qoldi. Bu nima? Bu — oxir zamon belgisi! Agar imonsizlar yo‘ldan qaytmasa, qiyomat bo‘ladi.
— Taqsir sho‘rolar Xudoning adashgan bandalari, shakkoklar, imonsizlar desam, oralarida imonlilari ham bor emish.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:05:02

— Chin musulmon bandalari kam ularning orasida. Sho‘rolar kofirlarning fisqiga uchib, ularning dinini qabul qilmoqchi. Avval podshoni yo‘q qilishdi. Keyin xesh-aqrabolarni. Ular barcha baravar ishlasin, hosilni teng bo‘laylik, deydi.
— Bu gaplari yomon emas-ku?
Sultonmurod ichida «qazisan, qartasan...» deb g‘ijinganicha unga olayib qaradi.
— Bandalarga rizqni sho‘rolar emas, faqat va faqat Olloh berishini unutdingizmi? Men yaqinda, Norxo‘ja eshon Novqatni olmasdan ilgari, bir bolshavoy bilan tortishdim.
— Siz-a?
— Ha-da! Uning aytishicha, erkagu xotin baravar bo‘lar emish. Erkak nima ish qilsa, xotin ham shuni qilarkan. Erkak kirgan joyga xotin ham kiraverar ekan.
— Masjidga hammi?
Sultonmurod kulib yubordi.
— E, lodon, ular masjidning kulini ko‘kka sovurmoqchi-yu, xotinlarni olib kelishadimi? Uning aytishicha, do‘kon rastalarida xotinlar ham savdo qilishi mumkin, dalada ham ochiq-oydin ishlayveradi. Erkaklarga qo‘shilib savod chiqaraveradi. Nomahram degan gap bo‘lmaydi. Ammo men uni boplab mot qildim.
— Bolshavoynimi?
— Ha. Xotinlar zaifa bir narsa, do‘konda qosh-ko‘zini suzib tursa, erkaklarning niyati buzilmaydimi, ayollar xiyonat yo‘liga kirib ketmaydimi, dedim.
— U nima deydi?
— Nima derdi, yo‘q, deydi-da. Shunda men: «Mayli, siz aytganday bo‘lsin. Xotiningizni birovning qo‘ynida yotganini ko‘rganingizda imom-domla haq ekanlar, deysiz», dedim. Qizarib, alanga bo‘lib ketdi, bechora. Keyin men undan: «Xotin kishi nima uchun yaratiladi?» deb so‘radim. U allaqancha gaplarni aytib tashladi. So‘ng men maydalab so‘radim. «Ayol kishi erkakdan zaifroq, nozikroq bo‘ladi-a? Shu nozikligi bilan erkaklarning ko‘nglini ovlaydi. Erkak bilan baravar ishlasa, nozikligi qayga ketadi? Badani dag‘al, qo‘llari tosh xotin kimga kerak?»
— Menga kerak, demadimi?

Qayd etilgan