Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97242 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:06:23

— E, qayda! Og‘iz ocholmadi. Nafsilamrini aytganda, unga ham... — Sultonmurod bir gap aytmoqchi bo‘ldi-yu, Sabohiddinning bo‘ydoqligini, o‘zining mavqeini eslab tilini tiydi, — nozik xotin kerak-da. Keyin yana so‘radim: «Mulla yigit, sizni kim tuqqan? Onangiz. Kim tarbiya qildi? Onangiz. Xotin eng avvalo shuning uchun yaratilgan. Ona jonivor ertadan-kechgacha erkak bilan barobar ishlasa, bolaga kim qaraydi? Bolaga kim tarbiya beradi?» deb so‘radim.
— Yana jim qoldimi?
— Yo‘q, o‘ttiz-qirq bolaga bir tarbiyachi bo‘ladi, deydi. Buning topgan gapini qarang, axir, odam hakka emaski, tuxumini boshqa inga qo‘yib ketaversa. Har bitta ona bolasiga sut bilan birga tarbiya ham berishi kerak. Sen tug‘ib qo‘ysangu boshqa xotin tarbiyalasa, bolada ena-otaga mehr bo‘larmidi? Asrandidan farqi qoladimi?
— Shu gaplarni aytdingizmi?
— Aytdim-da! Tayinli javob berolmasa ham, bo‘sh kelgisi yo‘q, bachchag‘arning.
Soyni kechib o‘tishganda kun tikkaga kelgan edi. Otdan tushib tahorat oldilar-da, namozni yalanglikda o‘qidilar. So‘ng to‘rvadan non, mayiz, turshak olib, tamaddi qildilar. Keyin yana soy bo‘ylab yuqorilay boshladilar.
— Taqsir, siz meni Norxo‘ja eshon huzuriga boshlab boryapsiz. Men u kishini sira ko‘rmaganman. U kishining niyatlarini ham bilmayman.
— Qo‘rboshining niyatlari ko‘krak sutidek pok, o‘g‘lim. Norxo‘ja eshon oqposhsho mahalida ham g‘ayridinlarga so‘z bermasdilar. Tegirmonlaridan tushgan daromad o‘zlariga yetib-ortardi. Ammo, u zot yurtimizni g‘ayridinlardan tozalash, imonsizlarni haq yo‘lga qaytarish istagida halovatlaridan voz kechib, islom lashkarlarini to‘playotirlar. Siz bilan mening vazifam — bandalarni jihodga chorlashda eshonga ko‘mak berish.
— Yurt-ku, g‘ayridinlardan ozod bo‘lar, lekin beklarning boshi birikarmikin?
— Xudo xohlasa, birikadi.
— Unda oq kigiz kimga nasib etadi? Xoliqberdi to‘ragami?
Sultonmurod javob bermay yuzini teskari o‘girib oldi. Keyin: «Hali bu haqda bashorat qilish erta», deb g‘udrandi. Sabohiddin uning Xoliqberdi to‘raga qarshi g‘arazi bor ekanini sezdi. Shunday katta kuchi bo‘la turib Xoliqberdi to‘ra, islom lashkarlarining qo‘li baland kelgan taqdirda, yurt qanday so‘ralishini bilmaydi. Qumursqalarga o‘xshagan bu ko‘rboshilarning niyati nima ekan? Xon bo‘lishmi? Xoliqberdi to‘ra ahli dinga ishonch bildirmadi. Balki, Norxo‘janing niyati islom jumhuriyati barpo etishdir?
Norxo‘ja eshonning qarorgohiga shomdan so‘ng yetib bordilar. Sultonmurod Sabohiddinning istagi bilan uni Mashhuraning o‘toviga boshladi. O‘zi qo‘rboshidan xabar olgani ketdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:07:11

* * *

Devona hujrasi yonidagi xarsang ustida jag‘ini tizzasiga tiragan holda, ko‘zini qishloq tomon tikib, qimir etmay o‘tirar edi. Bir mahal qabriston yo‘lida odam qorasini sezib, sergaklandi. O‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Dilmurodni tanib, joyidan jilmadi. Dilmurod xarsang ustidagi Devonani ko‘rgach, to‘xtadi. Daraxtning panasiga o‘tdi.
Devona uning barcha harakatlarini kuzatib o‘tirardi. «Bu odamlarga nima kerak o‘zi? — deb o‘ylardi u. — Nimaga mening atrofimda girdikapalak bo‘lib qolishdi? Ko‘ngillarida yomonlik yo‘qligini sezib turibman. Lekin maqsadlari nima? Ularni ko‘rganim sayin unutib yuborgan odamlarni eslaydigan bo‘lib qoldim. Padarla’nat Sultonmurod, Norxo‘ja qo‘rboshi tushimga ham kirmay qo‘yuvdi. Bugun Mashhurani esladim. Qiziq, Mashhura mehribon edi. Yomon odamni er qilibdi. Meni qamab qo‘ydi. Bilmaydi, deb o‘ylagan. Men bilaman, ha, hammasini bilaman. Ular: «Ko‘p ovqat yeb qo‘yadi, bizga qolmaydi», deb qo‘rqishadi. Yomon odam ular. Men bitta qo‘yni yeya olmayman. Padarla’nat Norxo‘ja yerdi. Akamni ham yedi. Akam? Akam qani?...» Devona seskanib tushdi. Sapchib o‘rnidan turdi-da, atrofiga olazarak qaradi.
— Aka!
Uning xirildoq ovozi Dilmurodga arang eshitildi.
— Aka... a... a!..
Bu safar Devona bor ovozi bilan baqirdi. Dilmurod cho‘chib tushdi. Devona paypaslanib, qo‘liga ilingan tosh-kesaklarni duch kelgan tomonga otib, xayolidagi akasini muhofaza qildi. Bir mahal qo‘li handalak singari yumaloq toshga tegib, serrayganicha qotib qoldi. Tiz cho‘kdi. Toshni avaylab olib, bag‘riga bosdi. «Aka, akajonim», deb piqillab yig‘lay boshladi.
Keyin o‘rnidan turib, hujrasiga kirib ketdi.
Dilmurod orqasiga qaytay deganda Devonaning qah-qah urib kulgani eshitildi:
— Qochdi, hammasi qochdi. Ularni boplab aldadim!
Dilmurod yana biror gap eshitilib qolarmikin, deb kutdi. Devonadan sado chiqmadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:11:03

QALDIRG‘OCH UCHIB KETDI

Kesganbel ko‘chalarini changitib poda qaytdi. Ayollar barcha yumushlarini yig‘ishtirib, hovliga kirib kelgan sigirlarni bog‘lagach, silab, erkalagan bo‘lishadi-da, cho‘nqayib sog‘a boshlashadi. Sigirlar oxurdagi bedani xotirjam kavshab, sal narida tipirchilab yelinga intilayotgan buzoqlariga ba’zan qarab sekingina mo‘’rab qo‘yishadi. Sut sog‘ib olingach, buzoq bo‘shatiladi. U boshini cho‘zib yugurganicha to‘g‘ri onasining yeliniga keladi. Oldingi oyoqlari bilan tizzalaydi-da, bo‘shab qolayozgan yelinni zo‘r berib ema boshlaydi.
Bolalarning kattaroqlari hali ko‘chadan qaytmagan, kuni bilan tugamagan o‘yinlarining eng qiziqarlisi endi boshlangan. Xuddi kunduzi uyga qamalib, endi bodroq kabi sochilganday, qishloqni bolalarning ovozi bosgan. Onda-sonda ayollarning: «Hay, Abdulboqi, kel deyapman, o‘yinlaring ham qurib ketsin-da, hech tugamaydi», «Jalilxon, yuguring, o‘g‘lim, dadangizni samovardan aytib keling», degan ovozlari aralashib qoladi.
Quyosh tog‘ ortiga o‘tib, qishloqqa asta qorong‘ilik cho‘ka boshlaganda poydevori baland qilib qurilgan samovarxona yanada gavjumlashdi. Odamlarning aksari ayvondagi so‘rilarda davra qurishgan. Belidagi qiyig‘idan nosqovog‘i do‘ppayib chiqib turgan oq yaktakli Asqarali eshik kesakisiga suyanganicha chiroq shisha artar, qulog‘i esa so‘ridagilarning suhbatida edi.
— Jamoa jam, Frunzening quroldoshi kelyapti,— dedi Asqarali kulib.
— Kim dedingiz? — Dilmurod Asqaralining gapiga tushunmay savol nazari bilan qaradi.
— Bir qaynovi ichida odam bor, ana, yuqoriga chiqib kelayotgan bahaybat kishini ko‘ryapsizmi? Yozda qirg‘izlar bilan yurib, qo‘tos boqadi. Ba’zi-ba’zida qishloqqa tushadi. Frunze bilan birga xizmat qilganman, deb yuradi. Hozir o‘zingiz eshitasiz.
Ko‘pchilik hurmat yuzasidan o‘rnidan turib, barzangi bilan qo‘l olib so‘rashdi. Ora-sira kulgi ham ko‘tariladi. Asqaralining imosi bilan dastyor bola bir choynak choy, cheti uchgan bitta piyola, patnisda turshak, mayiz, olmaqoqi keltirib qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:11:53

— Ha, Jo‘ravoy omonlikmi? Selkillab yuribsanmi? — dedi Asqarali uni suhbatga tortish uchun.
— Yuribmiz, tog‘ajon, yuribmiz, qulluq, — dedi Jo‘ravoy qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. — O‘zim Jo‘ravoy, kelbatim meravoy. O‘zlari ham makkayiday bo‘yni o‘stirib, soqolni bittadan sanab yuribdilarmi? Ie, basharaga sepilgan donlarni qushlarga oldirib qo‘yibdilar-ku, a?
U Asqaralining chalako‘saligi va cho‘tirligiga shama qilgan edi. Asqarali uning yarg‘oq boshiga ishora qilib yana bir gap aytdi. Shu zaylda payrov boshlandi. Askiyaga boshqalar ham qo‘shildi. Atrofda ayollar bo‘lmagani uchun istagan o‘xshatishlarini keltirib, baralla xaxolab kulishardi. Jo‘ravoyning so‘zlari askiyaga nisbatan tentaknamo gapligini Dilmurod sezdi. U kishining laqmaligini yaxshi bilgan askiyachilar so‘z toshlarini faqat shu tomonga otardilar. Jo‘ravoy javob berishga ulgurmasdi. Payrovning siyqasi chiqib, fayz keta boshlagach, Asqarali gapni boshqa tomonga burdi:
— Jo‘ravoy uka!
— Labbay!
— Manavi yigit bizdi mehmon bo‘ladi. «Jo‘ravoy akangiz Frunzeni ko‘rganlar», desam ishonmayapti.
— Nimaga, chirog‘im, nimaga ishonmayapsiz, yo bizni odam sanamaysizmi?
Dilmurod nima deyishini bilmay xijolatda qoldi.
— O‘z og‘zingiz bilan aytib bering-a, omma ishonadigan qilib ayting, — dedi Asqarali.
— E, aytganim bo‘lsin. Mehmon, ishonmaganingiz chakki. Tepamda Xudo bor. Shu Asqarali tog‘amning katta o‘g‘illari bilan qizil askarlarga qo‘shilib ketganman. Tog‘amning o‘g‘illarini bilmayman, omma men Frunzening otryadida ishladim.
— O‘zini ko‘rganingizni ayting.
— Ko‘rganman, chirog‘im, shu deng, bir kuni pistirmada Xudo deb yotsam, kelib qoldi. «Ha, Jo‘ravoy aka», dedi. «Yuribmiz soyangizda, chirog‘im», dedim. Shu payt tovning orqasida qasir-qusir boshlansa, deng... «Jo‘ravoy, aka, qarang-chi, nima ekan», dedi o‘rtoq Frunze. «Xo‘p, akasi qarag‘ay», deb chiqib qarasam, bulutday bo‘lib bosmachi kelyapti.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:12:42

— Uchib kelyaptimi?
— E, dayusning tog‘asi, otliqning uchganini qayda ko‘rgansiz? Yurib kelyapti. Orqamga qaytib: «Bosmachi kelyapti», dedim. «Endi Jo‘ravoy aka, umid sizdan», dedi. Yo‘q, deymanmi? Katta xo‘jayin bo‘lsa. Pulimotdi orqalab chiqdim. Shartta qo‘ydim. «E, malades, Jo‘ravoy, turgan-bitganing meravoy», deb ketdi.
— Pulemyotda otdingizmi, yo tayoqda pachoqladingizmi?
— Shuncha yil yurib bir martagina ko‘rdingizmi?
— E, ko‘p ko‘rdim, qay birini eslay. Frunze degani ham ko‘p ekan, to‘rttasini ko‘rdim-ov...
Jo‘raboy soddadilligi bilan yana askiyachilarga nishon bo‘ldi. Gap orasida Asqarali Dilmurodga: «Aslida Frunzeni ko‘rmagan. Miltiq ham ushlamagan. Qizil kaltakchilarga bir qo‘shilib qolgan», deb izoh berdi.
Qosh qoraygach, Asqarali o‘ninchi chiroqni yoqib, shiftga osig‘liq simga ilib qo‘ydi. Dilmurod biri olib, biri qo‘yib askiya qilayotgan kishilarga havas bilan boqar, o‘tkir askiya bo‘lganda qotib-qotib kulardi. U shaharda yurib, ilmiy ishga ko‘milib rasmana kulishni ham unutayozgan edi. Uning oshnalari kitobu ilmiy xodimlardan iborat bo‘lib qolgandi. Ko‘pdan beri bunday yozilib o‘tirganini eslolmaydi. Ba’zan nozik odamlar doirasida o‘tirasan, ba’zan miriqib kulishga arzirli gap bo‘lmaydi. Bunaqada erkak kishi ham piqirlab kulishga o‘rganib qolarkan. Dunyoda erkak kishining piqirlashidan xunuk narsa bo‘lmasa kerak. Mana bu odamlar kun bo‘yi dalada ishlashgan. Endi g‘am-tashvishdan xoli, yayrab o‘tirishibdi. Gaplari beg‘araz, mulozamatlari samimiy, yuraklarida kir yo‘q. Ichiqora odamgagina ularning mulozamatlari soxta tuyulishi mumkin. Vodiy qanchalik keng va go‘zal bo‘lsa, ularning bag‘ri ham shunday. O‘lkaning tabiati ko‘p hollarda odamlarning fe’l-atvorini belgilaydi.
Dilmurod samovarxonadan yengil tortib qaytayotganda hamma narsani unutib, miriqib xordiq chiqarganini Rhaq-Mirzavoyga aytdi.
— Shuning o‘zi eng yaxshi muolaja, — dedi u. — Agar har bir asabbuzarlikdan so‘ng shunday dam olsangiz hech qachon kasal bo‘lmaysiz. Ijobiy va salbiy ruhiy to‘lqin darajasini faqat shu yo‘l bilan tenglashtirish mumkin, — dedi u.
— Demak, hozirgi davrada ijobiy to‘lqin uyg‘ondimi?   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:13:07

— Albatta, ijobiy-da! Yayrab dam olish tarang tortilgan asab tomirlarini bo‘shashtiradi. Tartibsiz ishda, odamlar bilan muomalada yuzaga keladigan salbiy to‘lqin me’yoridan osha borsa, odam asab kasaliga yo‘liqadi. U davom etib yo yurakni ishdan chiqaradi, yo ruhni shikastlantiradi. Agar har bir odamda ruhiy kasallikka moyillik borligi hisobga olinsa, oqibat oydinlashadi. Antagonistik rivojlanishning yig‘indisi, albatta kasallik bilan tugaydi. Afsuski, ruhiy to‘lqinlar fiziologiyasi meditsina nazaridan chetda qolyapti. Hatto fiziologiya, patafiziologiya qo‘llanmalarida ham ruhiy to‘lqinlarning insonga ta’siri to‘g‘risida lom-mim deyilmaydi. Minglab mediklar ruhiy to‘lqinlarning nevrogen kasalliklarni keltirib chiqarishini bilmagan holda hayotga yo‘llanma oladilar. Hatto ruhiy to‘lqinni boshqarishni, tarbiyalashni o‘rgatish ham muhim ijtimoiy muammo. Bu borada ko‘p qo‘llanmalar kerak.
— Gapingizga qaraganda, hayotda salbiy to‘lqinning o‘chog‘i mo‘lday ko‘rinadi. Odam dam olishga kamroq vaqt ajratadiganga o‘xshaydi.
— Yo‘q, unchalik emas. Odam hatto bajarayotgan ishidan ham ijobiy to‘lqin olishi mumkin. Axir, bir maqsad yo‘lidagi ish mashaqqat emas, lazzat keltiradi-ku! Siz davolagan odamlaringizni ko‘rib quvonmaysizmi? Faqat maqsadsiz ishgina odamning boshini tashvishdan chiqarmaydi.
— Gaplaringizda qarama-qarshilik bor.
— Nimaga?
— Agar g‘am-tashvish salbiy ruhiy to‘lqinni uyg‘otsa, urush yillarida kasal ko‘payardi.
— Siz bir narsaga e’tibor qiling-da: og‘ir yillarda odamlarda asosiy ruhiy kasallik ko‘payadi. Boshqa xastaliklar esa keskin kamayadi. Urush yillari odamlarda og‘ir kasalliklarga qarshi o‘z-o‘zidan immunitet hosil bo‘ladi. A’zoyi-badanda kasallikka nisbatan qarshilik uyg‘onadi. Yashash sharoiti yaxshilangani sayin bu qarshilik susayib boradi. Avval e’tibor qilinmagan oddiy shamollash maxsus muolajaga muhtoj bo‘lib qoladi.
— Demak, bizdan keyingi do‘xtirlarning ahvoliga voy!
— Juda tushkunlikka tushib ketdingiz-ku?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:13:27

— Men uzoqqa qarayapman. Sizning gapingiz men uchun yangilik emas. Ko‘chma gospitalda bir keksa do‘xtirimiz bor edi. Ichi g‘ij-g‘ij hikmatu bilim. Odamlardagi ruhiy o‘zgarishni dastlab o‘shandan eshitgandim. Titilib ketgan yerga rahmi kelardi. Cho‘rt uzib tashlangan daraxtlarga qarab achinardi.
— Urushda odamlar ham, tabiat ham ozor chekadi. Ammo tabiatning ozorini hech kim hisobga olmaydi.
— Odamlar o‘zlari uchun eng zarur bo‘lgan narsalarni yanchib tashlayveradilar.
— Insonga tabiat tomonidan dahshat soluvchi kasalliklarni yengish mumkin, lekin uning o‘zi yuzaga keltiradigan xastalik bilan kurashish qiyin. Daraxtzorlarni payhon qilish, havoni, yer-suvni zaharlash, shaharlarning kattalashuvi, shovqin, jismoniy harakatning kamayishi bizga hali ko‘p ish orttiradi. Ko‘mir o‘simliklardan, neft jonivorlardan paydo bo‘lgan, deyishadi. Biz hammasini yer qa’ridan olib yoqib yotibmiz. Neft ham, ko‘mir ham g‘uborga aylanib, ustimizga yog‘ilyapti. Hali toza havodan nafas olish muammosi ham chiqmasa edi.
— Texnika taraqqiyotiga qaraganda, bu muammo yaqin yillarda ko‘ndalang bo‘ladi.
— Ha... bu ahvolda meditsinaga noma’lum bo‘lgan turli kasalliklar qaynab chiqaveradi. Birorta kasallikning ruhiy buzilishsiz kechmasligini hisobga olsak, bizga ham ish yetib-ortadi. To‘g‘ri, bu buzilishlarning bir qismi asosiy kasalliklarga va u keltirib chiqargan toksikozga, bir qismi esa shaxsning shu kasallikka ko‘rsatadigan qarshiligiga bog‘liq.
Dilmurodning yonib bahsga berilganini ko‘rgan Rhaq avvaliga suhbatni yakunlamoqchi bo‘ldi. Keyin uning fikrlarini o‘z og‘zidan eshitish uchun, gapni davom ettirdi:
— Har bir odamda kasallikka moyillik turlicha bo‘ladi, — dedi u. — Bu uning chiniqishiga bog‘liq. Agar odamlar yoshlikdan chiniqib borsalar, bizning tashvishlarimiz o‘rinsiz bo‘lib qoladi.
— Mirzavoy aka, gap faqat chiniqishda emas, atrof-muhitga ham bog‘liq. Muhitdan ta’sirlanish natijasida paydo bo‘lgan har bir ruhiy to‘lqin, hayajon, qayg‘u boshqa a’zolarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Natijada qonga ayrim kimyoviy moddalar qo‘shilishi mumkin. Ularning ayrimlari, odamga qarab gormon bo‘ladi. Tabiatga qo‘pol ravishda aralashish natijasida paydo bo‘lgan kasalliklarni farmatsevtika zavodlarida ishlangan dorilar bilan tuzatib bo‘lmaydi. Faqat kasallikning rivojlanishini ozgina cheklash mumkin.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:13:39

— Gapingiz qiziq bo‘ldi-ku? Dori kor qilmasa, duo o‘qib davolaymizmi?
— Davoni tabiatdan izlash kerak. Shaharliklar bilan mana shu qishloqda yashaydiganlarning o‘rtacha yoshini solishtirib ko‘ring-a? Kim ustun? Albatta, qishloqdagilar. Bu oddiy haqiqat-ku! Toza havo, toza suv, vaqtida sut-qatiq, jismoniy harakat... Ular uzoq umrning eng muhim omillariga ega. Faqat bulardan oqillik bilan foydalanishni o‘rganish kerak. Shaharlar kattalashadi, dedim. Kattalashadi emas, kattalashyapti. Zamon tinmay harakatda. Odam kechagidan bugun ko‘proq axborot qabul qilib miyaga yuk ortyapti. Bu yukni ko‘tarish uchun miyada bor-yo‘g‘i o‘n to‘rt milliard asab hujayrasi bor. Holbuki, u qabul qilayotgan axborotlar soniga, taraqqiyotiga mos ravishda oshib bormaydi. O‘n to‘rt milliardligicha turaveradi. Shaharliklar tez-tez kasblarini o‘zgartirishga majbur bo‘la boshlaydilar. Taraqqiyot shuni talab qiladi. Bularning barchasi umrning egovi.
— Kasbni o‘zgartirish masalasi qishloqda ham bor. Mana, Zokirxo‘ja, ilgari tuppa-tuzuk juvozkash ekan. Endi moshin haydaydi. Inson yashashning odatdan tashqari tartiblariga ko‘nikma hosil qilib boradi. Vahimaga ham usta ekansiz. Gaplaringizni odamlar eshitsa, ertadanoq tarkidunyo qilishadi.
— Yo‘q, Mirzavoy aka, munday o‘ylab ko‘ring-a...
— Bo‘pti, o‘ylab ko‘ramiz, erta bo‘lsin-chi... — Rhaq-Mirzavoy shunday deb Dilmurodning yelkasiga qo‘l tashladi. Ular Asqaralining ko‘chasiga yetgach, xayrlashishdi.
Qishloq tun og‘ushida, ko‘p uylardagi chiroqlar o‘chgan. Itlar beto‘xtov huradi. Qaerdadir betayin xo‘roz qichqiradi. Onasidan ayirib bog‘lab qo‘yilgan buzoq mo‘’rab qo‘yadi.
Dilmurod chiroqning piligini sal pastlatib yotdi. Uyqusi kelmadi. Tongga yaqin ko‘zi ilindiyu boshi lo‘qillagan, lanj bir ahvolda o‘rnidan turdi. Bir o‘zini tashlab ketgani uchun xotinidan ranjib qo‘ydi. Turaymi-turmaymi deb yotganida yana ko‘zi ilinibdi. Tashqarida chelak taraqlab, cho‘chib uyg‘ondi. Bu safar irg‘ib o‘rnidan turdi. Qarasa, kun yoyilibdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:13:55

Erinibgina hovliga chiqib, soy tomonga yurdi. Suvning shabadasi bag‘riga urilib entikdi. Atrofga qarab, xotin-xalaj yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, shimini yechib suvga tushdi. Seskana-seskana yuvindi. Oxiri sovuqqa chiday olmay, hakkalab qirg‘oqqa chiqdi-da, diydiragancha artina boshladi. Darrov iziga qaytmay, xarsang tepasida o‘tirdi. Oftob nuri badaniga xush yoqdi. Kechagi suhbat xayoliga keldi.
«Texnikumda o‘qiganman, ko‘p narsani bilmayman, deb talmovsirab turardi. Baloga aqli yetar ekan-ku?—deb o‘yladi u. — Institutni bitirganlar ham bunchalik fikrlamaydi. Hadeb unga ma’ruza o‘qib, aql o‘rgatavermasligim kerak ekan. Yana meni ahmoqqa chiqarib yurmasin. O‘zi shu bema’ni odatimni tashlashim kerak. Bilgan narsam ichimda tek turmay, qaynayveradi. Shuning uchun ham domlamdan ko‘p dakki eshitardim... Endi esa dakki beradigan odam yo‘q. Mirzavoy aka indamay quloq solaveradi. Kechagi suhbatda domlam bo‘lganlarida, ta’zirimni berardilar...»
Uning ko‘z o‘ngiga qaddi sal bukik, tepakal, mo‘ylovlari ham bir tekis oqargan, nigohi sergak professor Razzoqov keldi. Domlasini olib ketishmasdan bir kun oldin ham ustoz-shogird tortishishgandi. O‘sha kuni gap davolash usullari haqida borgan edi... Uyda ham oila tashvishlarini o‘ylamaydigan qaynota-kuyovning bu odatiga ko‘nikib qolgan Aqida qizini olib qo‘shni hovliga chiqib ketdi.
— Qadimgi odamlar «Ponani pona bilan chiqaradilar», deyishgan ekan. Biz ham kasallikka qarshi kurashda kimyoviy dorilardan voz kechishimiz kerak,— dedi Dilmurod jo‘shib. — Men bir xil kasallikka davo beruvchi kimyoviy dorining albatta ikkinchi xil xastalik tug‘dirishiga aminman. Balki yangi tug‘ilgan xastalik biz uchun xavfliroq bo‘lar. Men davoni tabiatning o‘zidan qidirish tarafdoriman.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:14:44

— Men qarshilik bildirmadim shekilli? — dedi professor kulimsirab. — Siz aytayotgan faraz ming yillar ilgari kun tartibiga qo‘yilgan. «Kalila va Dimna» bilan tanish bo‘lganingizda bu muammoni yangilik sifatida ilgari surmasdingiz.
— Faraz tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Lekin odamlar irim-sirimning quli bo‘lib kelishyapti-ku?!
— Irim-sirimlarni qoralashingiz yaxshi. Bid’at hamisha zahar bo‘lib kelgan. Ammo, xalqning urf-odat-lari o‘n yoki yuz yil ichida emas, ming yillar davomida shakllangan. Bizga yoqinqiramayotgan irim-sirimlarni bir hamlada yo‘qotish qiyin. Esini taniganidan beri Xudoning nomi qulog‘iga quyilgan odamni koinot bo‘ylab aylantirib chiqing-da, keyin: «Mana, hech qaerda Xudo yo‘q», deb ko‘ring-chi, ishonarmikan. Oshdan kurmak chiqsa, tovoqni irg‘itmaysiz, shundaymi? Irim-sirimlarni butunlay inkor etmasdan, o‘rganish kerak. Hozir o‘zingiz, davoni tabiatdan izlash kerak, dedingiz. Unda tog‘lardan giyoh terib dori tayyorlovchi tabiblarni inkor etishingiz nimasi? Ularning bid’atga mutlaqo aloqasi yo‘q. «Xalq tabobati» degan iborani to‘g‘ri ma’noda qabul qilish vaqti yetdi. Axir ilgari kasalga chalingan odam o‘lib ketavermagan-ku. Xalq tabobatida ar-Roziy, ibn Sino singari buyuk allomalarning ta’limotlari yashiringan. Yo «namoz o‘qigan» deb ulardan ham yuz o‘girasizmi?
— Men ularni qoralaganim yo‘q. Chala mullalarni nazarda tutdim.
— Hatto ularni ham o‘rganish kerak. Men ruhiy kasallarni davolaydigan eshonlarni oqlamayman. Bichib qo‘yadigan, zanjirband bemorlarni kaltaklab, qo‘rqitadiganlarni yovuz maxluq deb bilaman. Lekin azayimxonlarning odam ruhiga ta’sir etish san’atini nazardan qochirmaslik kerak.
— Fikringiz to‘g‘riga o‘xshasa ham, qo‘shila olmayman. Moshdek foyda izidan keluvchi olmadek zararga befarq qarab bo‘lmaydi. Dadangiz o‘tkir tabib o‘tgan ekanlar. Shuning uchun ham siz tabobatni yoqlayapsiz. Zamon meditsinasi xalq tabobatidan ancha ustun turadi. Ularga murojaat qilishning hojati yo‘q!

Qayd etilgan