Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97249 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:16:07

Professor kuyovining keyingi gaplaridan ranjib, suhbatni bas qilgan edi. Yarim kechada esa...
Dilmurod ustozining dono suhbatlarini qo‘msadi. Ko‘ngli vayron bo‘lib uyga qaytdi. Asqaralining kelini yeng shimarib tappi yopardi. Dilmurodni ko‘rib bir oz ishdan to‘xtadi-da: «Xontaxtaga dasturxon tuzab qo‘ydim», dedi. Dilmurodning nonushta qilgisi yo‘q edi. Bu gapdan keyin noiloj ayvonga o‘tdi. Har safar mazali tuyulgan qaymoq ham tomog‘idan o‘tmadi. Bir piyola choyni ichib, ko‘chaga chiqib ketdi.
Ko‘chalarga ilingan tamaki barglarining shodalari kamayib qolibdi. Guzarga boraverishdagi kolxoz saroyiga xotin-xalaj yig‘ilgan. Ular quriyozgan barglarni hafsala bilan taxlashadi. Mayda bolalar ham shu yerda. Qishloqning keksayib qolgan temirchisi saroy yonidagi ustaxonasini yana ochmabdi. Tobi qochib qolgandir. Bir o‘ziga qiyin. Shogirdi o‘qiyman, deb shaharga ketibdi. O‘g‘li esa tamaki bilan band.
Ikki kishi ustaxona oldidagi so‘richada gurunglashib o‘tiribdi. Terakka bog‘langan otlar shularniki bo‘lsa kerak. Ular Dilmurodni ko‘rib o‘rinlaridan turishdi-da, quyuq so‘rashishdi. Karimberdini tuzatganidan beri Dilmurodning obro‘yi oshib ketdi. «Professor ekan», degan gapdan o‘sha kuniyoq barcha xabar topgan edi. Endi uni «yangi do‘xtir» emas «propesur do‘xtir» deb atasha boshlashgan edi. Dilmurod bundan xijolat bo‘layotganini aytganida Asqarali: «Qo‘yavering, odamlar do‘xtirlarga ham ixlos qo‘yishga o‘rganishsin. Erta-indin professor bo‘lsangiz, xijolatingiz unutiladi», deb qo‘ya qoldi.
— Mirzavoy akam ichkaridamilar? — deb so‘radi Dilmurod Asqaralidan, so‘riga omonat o‘tirib.
— Saharmardonda dorivor ko‘kat terib kelaman, deb toqqa chiqib ketdilar. Sizni Mirsodiqjon kutib o‘tirib edilar. Hozirginada izlariga qaytardim. Kichiklari og‘rib qolibdi.
— Nima bo‘libdi?
— Qaydam, emganini tashlayverib, ko‘karib ketganmish.
— Onasi tamakiga chiqqan ekanmi?
— Mamarayim chiqmaganiga qo‘yadimi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:16:57

— Mamarayimingizga odam emas, tamaki kerak. Emizikli xotinlarga tegmang, devdim-ku. U xotin ham bargni ko‘kragiga qo‘yib taxlaganga o‘xshay- di. Bargning zahari sutga o‘tgan. Keyin bolasini zaharlagan. Tushuntirgan bilan quloqqa olishmay-di-ya! — Dilmurod shunday deb qo‘l siltadi-da, o‘rnidan turib ketdi.
— Kuyunavermang, inim, esi kirib qolar, — dedi Asqarali, uning bu harakatiga tushunmay.
Dilmurod pastga tushdi-da, qishloqning kunbotar tomoniga qarab ketdi. U ketdi-yu, guzarda qopchig‘ini orqalagan Rhaq-Mirzavoy ko‘rindi. Asqarali bilan omonlashib, shifoxonaga o‘tdi.
Shifoxona oldi supurilib, suv sepilibdi. «Shopo‘lat akamiz kelibdilar, yaxshi», deb o‘yladi u. Ammo ostonadan hatlay turib uch-to‘rt qizaloqning davrasida o‘tirgan Saboxonga ko‘zi tushdiyu to‘xtadi. Saboxon chanqovuz chalar, qizaloqlar undan taralayotgan ajib kuy sehrigami yoki ijrochining mahoratigami mahliyo bo‘lib qolgandilar. Rhaq ularga xalal bermaslik uchun, to‘g‘rirog‘i, chanqovuzni eshitish maqsadida to‘xtab, o‘zini panaga oldi.
Kuy tindi. Saboxonning ovozi chiqdi:
— Endi kim chaladi?
— Siz.
— Ie, hadeb men chalaveramanmi? Bo‘pti, kim chalishini hozir aniqlaymiz:

Hakalakam, dukalakam,
Chovli chambar,
Ola ko‘zi qag‘da?
Bag‘da.
Lola,
Kaptar,
Guldur gup.
Olama-qurama,
Oftobda yurma,
San kir,
San chiq.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:18:26

Mana, Sojidaxonning gallari ekan.
Sochlariga pilik taqqan qiz chanqovuzni oldi. Endi kuy emas, yopishmagan tovushlar chiqa boshladi. Rhaq so‘ri tomonga yurdi. Saboxon uni ko‘rib o‘rnidan turdi. Qizaloqlar salom berib, sekin chiqib ketdilar.
— Chanqovuzni yaxshi chalar ekansiz, — dedi Rhaq-Mirzavoy uning salomiga alik olib.
— Voy, eshitdingizmi? — Saboxon chinakamiga uyalib ketdi.
— Ha, sal-pal, Shopo‘lat akam qanilar? — dedi Rhaq uning ko‘ziga tik qaray olmay.
— Kelmadilar. — Saboxon ham undan ko‘zini olib qochdi. Rhaq Saboxon bilan bir necha marta yolg‘iz qoldi. Har safar juvonga iliq gap aytgisi keladi, ammo o‘zi bilmagan holda, so‘zini yo‘qotadi. Sal dovdirasa ham juvondagi o‘zgarishni sezadi. Sezadi-yu, yuragi g‘alati o‘rtanib ketadi...
— Ko‘chaga suv sepilganiga, kelibdilarmi, debman.— Rhaq shunday deb, ichkariga kirdi. Xonaga qamalib qolgan dim havo dimog‘iga urildi. Borib derazani ochmoqchi edi, qanotlarini yoygancha pardaga yopishib turgan qushchaga ko‘zi tushdi. Tikilib qaradi. Bu nima? Qaldirg‘ochmi? Yo‘q-e, bunaqa kichkina bo‘lmasdi, dumi ham... rangi qo‘ng‘irmi.. Ko‘rshapalakmi? Ha, ko‘rshapalak. Qorong‘ida kirib olganu kun yorishib ucholmay qolgan.
Qushchaning bunday osilib turishi Rhaqqa ajoyib tuyuldi. Saboxonga ko‘rsatish uchun uni chaqirdi.
— Voy, qaldirg‘och! — dedi Saboxon uni darrov qo‘liga olib. — Hali ko‘rmabman. Qaerdan kirib qoldiykin? Chiqolmay toza qiynalibdi bechora.
— Qaldirg‘ochmi?
— Ha-da, mana, qanotini qarang.
— Men ko‘rshapalakmikin, debman.
— Voy, xudoyim, — Saboxon kuldi, — siz tomonlarda hech qaldirg‘och yo‘qmidi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:18:34

Saboxon qushchani avaylab ushlagancha chiqib ketdi. Rhaq oq xalatni oldiyu kiygisi kelmay divanga o‘tirdi. Saboxonning gaplari suyak-suyagidan o‘tib ketdi: «Siz tomonlarda qaldirg‘och yo‘qmidi?..» Juvonga nima desin? Yo‘q edi, shuning uchun ham qushlarni farqlay olmayman, desinmi? Tangda-ku, qush zoti yo‘q edi. Axir, Yerga avval kelganda qaldirg‘ochni ko‘rgan edi-ku! Nahot unutdi? Nahot endi Yerda ham atrofdagi narsalarga befarq qaraydigan bo‘lib boryapti?..
Buxoroda, Naziraning ayvonida, shundaygina toqiga yopishtirib qaldirg‘och uya solgan edi. Og‘izlarini katta-katta ochib chiyillaydigan polaponlarga onasi yemish tashirdi. Kun bo‘yi tashisa ham bolalari to‘ymasdi. Rhaq qaldirg‘ochlarning osmonda charx urib uchishlarini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi. Ko‘m-ko‘k osmon, cheki-chegarasi yo‘q kenglik. Qaldirg‘ochning erkin uchishi... Uning qalbi ham kengliklarga intilardi. Biroq... taqdir taqozosi bilan unga gavjum shaharda yashash nasib etdi. Qaldirg‘ochning beg‘ubor osmonda uchishini ko‘rmaganiga, aniqrog‘i, ko‘ra turib avvalgiday e’tibor bermaganiga qancha bo‘ldi?
Rhaq o‘rnidan turib, deraza oldiga keldi. Saboxon ko‘rinmaydi. Nima qilyapti ekan? Rhaq shu xayol bilan tashqariga chiqdi. Saboxon ko‘cha tomondan kirib keldi.
— Qaldirg‘och qani? — deb so‘radi Rhaq.
— Uchib ketdi.
— Uchib ketdi?
— Ha, — Saboxon Rhaq-Mirzavoydagi bu o‘zgarishni sezib hayron bo‘ldi. «Yo qaldirg‘och kerakmidiykin?» deb cho‘chidi ham.
— Uchib ketgani yaxshi bo‘libdi... — Rhaq shunday dedi-yu, ammo qaldirg‘ochning uchib ketganiga yurakdan achindi. Go‘yo qushcha uning qalbidan nimanidir olib ketgan edi. Rhaq bir narsasini yo‘qotgan odamday garang bo‘ldi. Osmonga qaradi. Ikki qaldirg‘och uchib yuribdi. Shuning bittasi hozir ozodlikka chiqqan qaldirg‘ochmikin? Bir necha soatlik tutqunlikdan so‘ng erkning qadriga yetib, shodon charx uryaptimi? Rhaq dastlab uni ko‘rganda jonsiz deb o‘ylagandi. Juvonning issiq kaftida yangidan jon kirdimikan...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:19:01

Saboxon... Yoshi o‘ttiz beshlarga borib qolgan bo‘lsa ham, latofatini yo‘qotmagan. Unga ba’zan o‘g‘rincha qaraganida Rhaqning yuragi g‘alati bo‘lib ketadi. Nimagaligini aniq bilmaydi. Hozir ham shunday bo‘ldi.
— Yuring, o‘tiraylik, qiladigan ish ham yo‘q, — dedi Rhaq, so‘ri tomon boshlab. Saboxon undan sal chetroqqa o‘tirdi.
— Qishlog‘ingiz kichkina ekan, — dedi Rhaq gapni nimadan boshlashini bilmay.
— Zerikib qolyapsizmi?
Rhaq bu savolning qay maqsadda berilganini anglamadi.
— Zerika boshladim.
— Oilangizni olib keling edi-da.
— Bo‘lganda olib kelardim.
— So‘qqaboshmisiz, hali?
«Quvlik qilishini qarang-a, — deb o‘yladi Rhaq,— hammasini biladi, atayin gap qo‘shmoqchi».
— So‘qqaboshman. Uylanishga vaqt bo‘lmadi.
— Ol-a... — Saboxon piq etib kuldi.
— O‘zingiz-chi? O‘zingiz nimaga turmush qurmaysiz?
Saboxon unga yalt etib qaradi. Quyuq kipriklari titrab ketdi. Erkak kishidan, yana bo‘ydoq odamdan bunday savol kutmagani uchun dovdirab qoldi. O‘rnidan turib ketmoqchi bo‘ldi, ammo o‘zini tutdi. Sezilar-sezilmas xo‘rsindi.
— Erim bo‘lmagani bilan boshim ochiq emas, — dedi pichirlab.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:19:09

Boshqa so‘z aytmadi. Yuzini burgan holda, ariqdagi suv yuzini silab turgan atirgulning siniq shoxiga ko‘z tikib o‘tiraverdi. U shu topda boshidan o‘tgan savdolarni istarasi issiq bu «so‘qqabosh» odamga aytib bergisi kelar, lekin hayosi yo‘l qo‘ymas edi. Rhaq esa uning xayolidan o‘tgan gaplarni «o‘g‘irlab», u bilan fikran gaplasha boshlagan edi:
«Asqarali tog‘aning o‘g‘illariga ko‘nglim bor edi. Peshonam sho‘r ekan, boshqa kishini er qildim. Men uni azaldan yomon ko‘rardim. Yo‘q, o‘zi yomon odam emasdi, faqat sal to‘pori, ko‘rinishi sovuqroq edi. Tegishga tegdimu u bilan yashab ketishga ko‘nglim chopmadi. Yostig‘imiz boshqa-boshqa edi. Men ayvonda, u achchiq qilib uyga kirib ketardi. Bir kuni yonimga akasi kirib olibdi... Xo‘ja piyon deyishardi. Esipastroq odam edi. Ustiga-ustak, betinim aroq ichardi. O‘sha kechasi o‘zini osib qo‘ydi. Yonimga kelgani bilan menga tegolmadi. Irg‘ib turib ketdim. Uydan erim chiqdi. Akasining yigirmasi o‘tgandan keyin erim g‘oyib bo‘ldi. Uzunquloq gaplarga qaraganda shaharda emish. Men qaynonam bilan yashab yuribman. Unga ham qiyin, bir o‘g‘li o‘ldi, biri bedarak... Taqdirimga qaynonaning qosh-qovog‘iga qarab o‘tish yozilgan ekan shekilli...»
«Eringizni hech kim qidirmadimi?»
«Qidirishdi... Soyga xas tashlab izlab ko‘ring-chi, topa olarmikansiz...»
Saboxon Rhaqning tikilib o‘tirganini sezib yana yalt etib qaradi. Rhaqning xayolidagi suhbat uzildi. Juvonni noqulay ahvoldan qutqarish uchun o‘rnidan turdi. Ichkariga kiray deb turganida ostonada yuz-ko‘zini chang bosgan Dilmurod ko‘rindi.
— Saboxon, yaxnadan bormi? —dedi u so‘riga hor-g‘in o‘tirib. Keyin do‘ppisini olib yoniga qo‘ydi. Ro‘molcha chiqarib bo‘ynidagi terni artdi. Ro‘molcha qop-qora kir bo‘ldi. — Obbo, toza boplanibman-ku, bir yuvinib olmasam bo‘lmaydi. — U shunday deb, hovli o‘rtasidan o‘tgan ariqqa keldi-da, ko‘ylagini yechib yuvina boshladi. Rhaq ichkaridan sochiq olib chiqdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:19:34

— Suv yaxshi narsa-da, butun charchoqni oladi-qo‘yadi,— dedi u artina turib.
— Mana yaxna, — Saboxon shunday deb choynakni so‘riga qo‘ydi.
— Juda hayallab ketdingiz, tinchlikmi? Bolaga nima qilibdi? — deb so‘radi Rhaq.
— Zaharlanibdi. Uch oylik go‘dakni ko‘tarib tamakiga olib chiqibdi. Rayonga olib bordim. Bolani Xudo qaytarib berdimi yo vaqtida yetib bordik-mi, bilmayman. Rais mashina bermasa ahvol chatoq edi. Rayonga borganimizda bola ko‘karib ketgan edi. Yo‘q, endi picha tuzuk. O‘zingiz qalaysiz? Ha, aytmoqchi, rayonda ilon ovlovchilar bilan ko‘rishib qoldim. Ilonning zaharini to‘plashar ekan. Boquvdagi ilondan ozodlikda yurganlari ko‘proq zahar berarkan. Bunga nima deysiz?
— Nima derdim, to‘g‘ri.
— Demak, farazim isbotlandi. Esingizdami, klinikadagi bemor bilan erkin yuruvchi Shopo‘lat akamizni taqqoslagan edim. Demak, to‘g‘ri yo‘ldan boryapmiz... Bugun ham hech kim kelmabdi shekilli? Rayondagilar kasallaring yo‘q, bitta odam ishlasa ham bo‘ladi, deyishyapti. Boshim qotib qoldi. Ikkovimizdan bittamiz rayonda ishlaymiz shekilli...
— Aniq gapmi?
— Unchalik aniq emas. Hujjatlaringiz topilguncha indashmaydi. Qani, yuring, bir choy ichaylik. Keyin Shopo‘lat akadan xabar olarman.
Dilmurodning rejasi bo‘yicha TET ning ikkinchi sinovi shu kunga belgilangan edi. Shuning uchun Rhaq choy ichib bo‘lgach, mozorboshiga bordi. Devonaga yaxshi gapirib, uni pastga boshlab tushdi. Devona hovliga suv sepayotganda Dilmurod ham kirib keldi. Devona uni ko‘rdiyu ishdan to‘xtab, og‘zini sal ochib Mirzavoyga savol nazari bilan qaradi. Rhaq unga jilmayib qo‘ydi. Shunda Devona ularning har ikkovini hayratga solib ichkari kirdi-da, charm qoplangan taxta so‘riga yotib oldi. Dilmurod simlarni ehtiyotlik bilan uning ensasiga qo‘ydi. Devona shunda ham qimir etmadi. Faqat impuls yuborilganda sal titradi-yu, tinchidi. Bu safar hushini yo‘qotmadi. Ammo shiftga baqraygancha qimir etmay yotaverdi. Rhaq ham, Dilmurod ham bir chetda uni kuzatib turaverdilar. Devona «Qani Shopo‘lat aka, turing endi», deyilgandan keyingina o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Dilmurod Devonadan xabardor bo‘lib turishni Rhaqdan iltimos qildi-da, qog‘oz-qalam olib yozishga tutindi.
Devona bu safar mozorboshiga qarab yurmay, samovarxonaga kirdi. Eski odati bo‘yicha bir burchakda biqinib o‘tirdi. Devonaning boshqalarga xalal bermaslik uchun doim shu yerdan joy olishini Rhaq yaxshi bilardi. Asqarali uning oldiga bir choynak choy, non, qand-qurs keltirib qo‘ydi. Devona quvonib, unga qarab tirjaydi. Rhaq esa so‘riga yonboshlagancha uning shoshib non chaynashini, bo‘ynini cho‘zib yutinishini kuzatdi. Shu asnoda Devonaning xotirasida bugun uyg‘ongan voqealarni ko‘z oldiga keltirdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:19:53

CHIMILDIQDA JON BERGAN KUYOV

Mashhuraning dilida qancha dard yig‘ilib qolganini yig‘isi oshkor etib qo‘ydi. Ozib, xipchindek bo‘lib qolgan qiz akasiga hasratini to‘kib sololmay, faqat yig‘lardi. Hatto akasining yelkasiga bosh qo‘yishga ham hayosi yo‘l bermasdi.
Bir muchal oshib o‘tilgach, qizlardagi iffatning uyg‘onishi, ancha hurkak bo‘lib qolishlarini Sabohiddin bilardi. Shuning uchun ham singlisiga faqat yelkasini tutish bilan cheklandi.
— Sizni hech kim ranjitmadimi? — deb so‘radi Sabohiddin Mashhura ovungach.
— Yo‘q, — dedi qiz siniq ovozda.
— Tashqariga chiqyapsizmi?
— Qo‘rqyapman...
— Ovqat-oziqni kim keltiradi? Ayollardan bormi?
— Bor... tunov kuni haligi keldi...
— Haligingiz kim?
— Sojida... yangam...
— A? U bu yerda nima qilyapti?
— O‘zingiz ko‘rasiz, — Mashhura ularning nima bilan mashg‘ul ekanini aytishga uyaldi. Sabohiddin buni sezdi. O‘rinsiz savol bergani uchun o‘zi ham o‘ng‘aysizlandi.
— Kirib gaplashib turadimi?
— Ha.
— Nima deydi?
— Ko‘p gapiradi. Meni akangiz achchiq ustida taloq qilganlar, keyin chiqqan gaplarning bari tuhmat, deydi. Baxtsiz ekanman, deb yig‘laydi.
— Baxtsiz bo‘lsa ham, baxtli bo‘lsa ham Xudodan. Xudo gunohlari uchun axir bir kun jazo beradi.
— Shu ko‘yda yurishining o‘zi xudo urgani emasmi?
Sabohiddin singlisiga qaradi. Faqat bo‘yiga bo‘y, husniga husn emas, aqliga ham aql qo‘shilibdi. Oq-qorani ajrata boshlabdi.
Sultonmurod o‘tov oldiga kelib bir yo‘talib oldi-da, ichkari kirdi.
— Qo‘rboshi Shermuhammadnikiga ketibdi. Buguncha dam olsak ham bo‘ladi, — u shunday deb to‘rga chiqib o‘tirdi.
— Akam-chi, akam shu yerda ekanlarmi? — deb so‘radi Sabohiddin uning fotiha o‘qishini kutmay.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:20:28

Sultonmurod Sabohiddinning savolini eshitmaganday fotiha o‘qigach, qizning hol-ahvolini so‘radi. So‘ng norozi qiyofada unga qaradi:
— Ko‘pam besabr bo‘lavermang. Jamoliddin sog‘-omon. Teginmanglar, deb tayinlab keldim. Xotirjam bo‘ling.
— Axir akam o‘g‘irlik qilmaganlar. Xudo shohid.
— Bunga men ham ishonaman. Lekin akangizning mo‘’minlar oldida bo‘lak ayblari ham bor. Qo‘rboshi siz bilan mening yuzimni qilib, akangizning aybidan o‘tsa, ajab emas, — u yana yuziga fotiha tortdi-da, o‘rnidan turdi. Keyin «Sizlar bafurja gaplashaveringlar, mening beklarga aytadurgan so‘zim bor», deb chiqib ketdi.
Kech kirib, osmonga yulduzlar sochildi. Tog‘ o‘rkachlari qorayib ko‘rindi. Otlar pishqiradi, kishnaydi. Toshlarga urilib oqayotgan suvning shovqini ko‘tarilganday bo‘ladi. Bir necha yerda o‘t yoqildi. Eng katta gulxan yo‘g‘onligi ikki quloch keladigan chinor ostidagi oq o‘tov qarshisida alanga oldi. Bir zamon o‘sha tomonda kimdir xirqiroq ovozda qo‘shiq ayta boshladi. Doira gumburi, yigitlarning qiyqirig‘i unga jo‘r bo‘ldi.

Qibladan ko‘rsat yuzingni, Makkaday aylay tavob,
Sen labingdan bo‘sa bersang, men qilay bag‘rim kabob.


Mashhura yuziga qizil yugurib, yerga qaradi. Qo‘shiq shu yerda uzilib, yigitlarning qiyqirig‘i doira ovozini ham bosib ketdi.
— Ana, chiqdi shekilli...
— Kim?
— Anovi-da, qarang.
Sabohiddin tashqariga chiqib, gulxan tomonga qaradi. Yigitlar o‘rinlaridan turib ketishgan, o‘rtada kimdir o‘ynar, lekin uni tanib bo‘lmas edi. Sabohiddin davra tomon yurdi. Yana qo‘shiq boshlandi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:21:36

Olti kaptar yetti bo‘lib qo‘ndi terakka,
Qo‘shnimizning ikki qizi chiqdi elakka.
Do‘st, chiqdi elakka, yana chiqdi elakka,
Bodomqovoq, yupqa tomoq, dodimga yetsang-chi!
U yog‘ingdan o‘tay, bu yog‘ingdan o‘tay, ko‘nglingni olay.
To‘tiqushning bolasiday qo‘lingga qo‘nay.
Ha, qo‘lingga qo‘nay, do‘st, qo‘lingga qo‘nay!
Bodomqovoq, yupqa tomoq, dodimga yetsang-chi!


O‘rtada ayolcha kiyinib, durracha bog‘lagan, gajak yasagan semiz bir yigit lorsillab o‘yinga tushardi. Sabohiddin uni ko‘rib kulimsiradi. Singlisi shuni Sojida deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Yigit qosh qoqib, nozik qiliqlar qilib xotin bola-chaqasidan yiroqda yurgan erkaklarning xirsiga tegar, ular qarsak chalib «Do‘st!», «joningdan!» deb qiyqirishardi.

Tog‘da quyon otibman, iyagi yo‘q,
Jonon ko‘ylak kiyibdi, jiyagi yo‘q.
Jiyagi yo‘q joylaridan qo‘lim solsam,
Bilqillaydi qo‘sh anori, suyagi yo‘q,
Dod, suyagi yo‘q...

Qiyqiriq avjiga chiqdi. Hayajoni toshib ketgan yigitlarning ayrimlari o‘rtaga tushib «juvon» bilan o‘ynay boshladilar. Ayrimlari «juvon»ni belidan ushlab, o‘ziga tortgan mahalda, ba’zan esa «juvon»ning o‘zi kimgadir «karashma» qilib o‘tganda oh-dodlar ulanib ketardi.
Sabohiddin iziga qaytdi. O‘tovga yaqinlashib, to‘xtadi. Atrofga alangladi. Hamma ko‘ngil ochish bilan band. Qo‘rboshidan marhamat kutmay akasini qochirib yuborishning ayni payti emasmikin? Qo‘rboshining Jamoliddinni afv etishi uning bo‘yniga qo‘shimcha sirtmoq bo‘lib tushmaydimi? Lekin akasi qaerda, uni qaerdan izlash kerak? Sabohiddin beixtiyor narida yonayotgan gulxanlar tomon yurdi. Qumg‘onda choy qaynatayotgan yigitga yaqinlashib salom berdi-da, kecha tutib olib kelingan odamning qaerda yotganini so‘radi.

Qayd etilgan