Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97247 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:22:17

— O‘zlari kim bo‘ladilar taqsir? — deb so‘radi yigit unga ishonqiramay qarab.
— Sultonmurod akaning... o‘g‘illariman. Kechagina Buxorodan qaytdim.
— Ha, yangiligingiz bilinib turibdi. Hibsga olinganlarni, hali omon bo‘lishsa, yerto‘ladan topasiz. Qo‘rboshi bolshavoylarni ko‘pam tutib turmaydilar.
— Yerto‘la qaerda?
— Oq o‘tovni ko‘rdingizmi? O‘shaning shundaygina poyida. Qo‘rboshi izn bermasa, avliyoni ham yo‘latishmaydi u yerga. Borib ovora bo‘lmay qo‘ya qoling. Yoki bolshavoy yaqiningizmi?
— Nimaga bunday deyapsiz?
— Kuyunishingiz oshkor qilib qo‘yyapti-da.
Sabohiddin bu gapdan gangib, oq o‘tov sari yurdi. Ammo o‘tovga yetmayoq uni to‘xtatdilar...

Norxo‘ja ertasiga oqshomda qaytdi. Uning kayfiyati buzuq, qovog‘i soliq edi. Sultonmurod Sabohiddinni oq o‘tovga boshladi. Norxo‘ja to‘rda o‘tirardi. Sultonmurod Sabohiddinni tanishtirdi.
— Xush kelibsiz, mulla Sabohiddin. Buxoroi sharifdan yuborilgan nomani oldim. Qutlug‘ xabar yetkazibsiz.
— Mulla Sabohiddin xizmatingizga tayyorlar, — dedi imom ta’zim bilan.
— Qani, o‘tiring, xizmat qochmas.
Eshonning bu taklifi javobsiz qolib, Sultonmurod ham, Sabohiddin ham qo‘l qovushtirgancha turaverishdi.
— Yana nima gap? — dedi qo‘rboshi ular savol nazari bilan qarab.
— Uzrimiz bor.
— Keyin.
— Uzrimizni eshitmasangiz, yeganimiz ichimizga tushmaydi.
— Tezroq ayting bo‘lmasa.
— Tunov kuni beklaringiz Sabohiddinning akalarini olib kelishibdi.
— Ha, Jamol o‘rismi? Bir kambag‘alning sho‘rini quritibdi-da, a?
— Asti unday emas, bu tuhmat. Biz Jamoldiddinning gunohini so‘ramoqchimiz.
— Qo‘yib yuboring, deysizmi?
— Ha, taqsir. Jamoliddinni shayton yo‘ldan ozdirgan. Chilla tutib uning gunohini Xudodan so‘rayman. Marhamatingizni ayamang.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:22:34

— Qo‘yib yuboraymi? — deya qayta so‘radi qo‘rboshi Sabohiddinga tikilib. — Bugun qo‘limdan chiqib ketsa, ertaga yana sheriklariga qo‘shiladi. To‘pponchasidan uchgan o‘q naq peshonangizga sanchilsa ham chilla tutib o‘tirasizmi?
— Endi zinhor bu yo‘lga qaytmaydi. So‘zimizni yerda qoldirmang.
— Iziga qaytmaydimi? Mulla Sabohiddin, sizdan so‘rayman: iziga qaytmaydimi?
— Xudo xohlasa...
— Qaytadi... — Norxo‘ja keskin ohangda shunday deb o‘yga toldi. Keyin tizzasiga shapatiladi. — Mayli, to‘rt tomoni qibla, ketaversin. Chiqib ayting, saharda yo‘lga solib yuborishsin. Qani, endi o‘tiringlar, uzringiz qabul bo‘ldi. Ahmad dev, Mamat chirik qani? Yusuf qiziqni topib kelibdimi?
— Yo‘q, begim, Yusuf qiziqni Marg‘ilondan topolmabdi.
— Osmonga uchib ketibdimi?
— Xoliqberdi to‘ranikida ekan.
— Shu yerda ham yo‘limga g‘ov bo‘ldimi? Bu marg‘ilonlikdan qutular kun bormi o‘zi?!
— Yana bir gap o‘tdimi?
— Siz uchun shunchaki bir gapdir, — dedi Norxo‘ja unga qovoq uyib. — Men uchun musulmonlarning hayot-mamotini hal qiladigan gap. Tunovinda dashnoqi armanlar peshin namozi paytida masjidga bomba tashlashibdi. Dashnoqlarni bitta qo‘ymay qirib tashlash o‘rniga, Xoliqberdi to‘ra Frunze bilan ahd-paymon qilib, bizni bittadan tutib bermoqchi.
— Begim, qaerimizdan tutar ekan, aytmadimi? — bu qochiriqning ma’nosini tushungan qo‘rboshi kulib yubordi.
— Omma zap olding, yomon yeridan olding, Ahmad dev, balosan, omma yomon balosan-da! — dedi Norxo‘ja chehrasini ochib. — U Sibirda yurganida o‘rislarga sotilgan-da! Qo‘qonda bir xotinchalishlik qildi, g‘azabimni ichimga yutdim. Endi rasmanasiga xoinlikka o‘tibdi. Kallasi og‘irlik qilib qolganga o‘xshaydi.
— Eshon, g‘azabga o‘rin bermaganingiz ma’qul. Jahl kelganda aql ketadi. Ikki urishqoq podshohdan ikki ahil darvishning kuchi ziyodroq, deyishadi. Murosai madora...
— Murosaga o‘rin yo‘q. Islom lashkarlari ichida xoinlar bo‘lmasligi kerak! Endi uning yigitlarini o‘zimizga ag‘darish harakatiga tushmog‘imiz lozim. Buni alohida kengashib ko‘ramiz. Ahmad dev, nima, shunday o‘taveramizmi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:23:15

— Begim, Mamat chirik Ishoq buqoq bilan Asqar cho‘tirni boshlab kelibdi. Chaqiraymi?
— Tashqariga joy qilishsin. Beklarimning ham bir bahri-dili ochilsin.
— Begim, ularning bir parizodi ham bor ekan, chiqaversinmi?
— Nima? — Norxo‘ja Ahmad devga o‘qraydi. — Ko‘ngling najasni istab qoldimi? Naq putlaringni yirib yuboraman-a!
— Qonimizdan keching, begim, ko‘nglingiz yozilarmikin, deb edim-da.
Ahmad dev ta’zim bilan chiqib ketdi.
Oq o‘tov oldidagi maydonga yigitlar davra qurishdi. Ikki kishi kelib qo‘rboshiga ta’zim qildi. Ularning oriqrog‘i chindanam uzun, go‘shtdor kishining esa tomog‘ida mushtday buqog‘i osilib turardi. Norxo‘janing imosi bilan ular childirmalarni chertib, aytishuvlarini boshladilar.

Oxirat bozoriga
Yuk bog‘lagan karvon, buqoq.
Olti ming g‘ishtni pishirgan
Betutun xumdon, buqoq.

Atrofni kulgi, qiyqiriq bosib ketdi. Ishoq buqoq davraning tinchishini kutib turdi. Keyin xirildoq ovozi bilan javob qildi:

Arilarning uyasini —
Bet bu, deb aldar cho‘tir.
Xuddi chakichlab chekilgan —
Patir, deb javrar cho‘tir.

Yana kulgi.

Yelkasiga xurjun osgan,
Xurjunida oshqovoq.
Har biri chorak yetilgan,
Mirishkor dehqon, buqoq.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:23:51

Bo‘ldi kulgi.

Bu kecha qaylarda qolding?
Betlaring itning izi.
Panjaragulchin yuzingdan
Ayladingmi or, cho‘tir?

Qiyqiriq avjiga chiqdi. Kulgidan ko‘zlari yoshlanib, ichak uzilay dedi. Cho‘tir avval qo‘lini ko‘tarib, keyin buqoqqa ta’zim qilib, taslim bo‘lganini bildirdi. Keyin ikkovlon qo‘shiq boshlashdi:

Bo‘z o‘g‘lonning bo‘z oti,
Ko‘kka qarab kishnaydi.
Uni ko‘rib jonona
Jilovidan ushlaydi.
Ushlama, qo‘y, oyimqiz
Harom o‘lgur tishlaydi.

Davra o‘rtasiga bu safar shopmo‘ylovli «juvon» eshilib chiqdi. Sabohiddin nari ketdi. Norxo‘ja savol nazari bilan Sultonmurodga qaradi.
— Akasini o‘ylab tinchini yo‘qotdi, — dedi eshon.— Manavilar bilan kelgan parizod Jamol o‘risning xotini bo‘lgan bir vaqtlar.
— Shunaqami? Bu biladimi?
— Singlisi aytgandir.
— Xoliqberdi unga nima yumush buyuribdi, so‘ramadingizmi?
— Yo‘q.
— So‘rang. Jilovni bo‘sh qo‘ymang. Kunimizga asqotib qoladi.
Bazm davom etardi. Yigitlarning har bir qiyqirig‘i Sabohiddin qalbiga tig‘ bo‘lib sanchildi. Uning ko‘ngli jihod istab bu tomonlarga yo‘l burgan edi. Bunda ko‘rganlari... Shularmi islom lashkarlari?! Yurt qon qaqshayotgan damda ko‘ngilochar bazmlari nimasi? Azon chaqirig‘ini birov qulog‘iga olib safga turadi, boshqasi o‘z yumushi bilan band. Akasining gapi isbot topyapti-ku? Chindan ham bular adashganlarmi? Sust iymon bilan g‘alabaga erishmoq mumkinmi? O‘z nafsiga jihod e’lon qila olmagan odamdan katta jihodda qanday karomat kutish mumkin? Qo‘rboshi amiralmuslimindan nafratlansa, bu qanaqa jihod bo‘ldi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:24:04

Afsus, alam, nafrat qorishgan paytda kishining bag‘rini portlatib, qo‘porib yuboray deydi. Sabohiddin hozir shu holatda edi. Bag‘riga ming-ming odamning dardini, sir-asrorini yashirib, qorong‘i kechada xunuk manzara kasb etib, mung‘ayib yotgan bu tog‘lar Sabohiddinning ham dardini yuta olarmikin? Ko‘rganlari shu o‘rkachlar ichiga sir bo‘lib singarmikin? Nahot Olloh shuncha nolayu ibodatini tariqcha inobatga olmasa? Yurt boshiga shuncha azoblar kammidi? Axir yurak hil-hil bo‘lib ketdi-ku? Oldinda yana necha qiynoqlar bor? Bu azoblarga Sabohiddinning vujudi chidash bergan taqdirda yuragi chiday olarmikin? Tars yorilib ketmasmikin? Sabohiddin miyasiga bexos yarq etib urilgan bu fikrni «alhamdulillah, shunisiga ham shukr», degan so‘zlar bilan quvmoqchi bo‘ldi.
U yong‘oqzor etagida yonib turgan gulxan sari yurdi. So‘ng gulxan atrofida davra qurganlar safiga qo‘shildi. Suhbat avvaliga qovushmadi. Sabohiddin uzun kosov bilan gulxanni titib o‘tirgan kishiga tikilib qoldi: qorato‘ridan kelgan, yonoqlari bo‘rtib chiqqan, ko‘zlari qisiqroq, mo‘ylovli... Yana nimadir yetishmaydi. Ha, soqol. Agar soqol qo‘ysa, Norxo‘janing quyib qo‘ygan o‘zginasi.
— Mendan ko‘z uzmay qoldingiz, taqsir, tinchlikmi o‘zi?
— Siz qo‘rboshiga juda o‘xshar ekansiz.
— Jiyani bo‘lgandan keyin o‘xshaydi-da, — dedi davradagilarning biri.
— Ie, jiyan bo‘lsangiz... bu yerda...
— Nima, anov yerda, to‘rda o‘tirishim kerakmi? — dedi jiyan to‘ng ovozda. — Men issiq o‘rnimni tovda o‘yin-kulgi ko‘raman, deb sovutmaganman. Qo‘rboshingiz shunday yuraversa, qornini o‘zimla yorib tashlayman!!
— Tilavoldi!
— E, sen meni tergayverma. Hammang pana-panada botirsanlar.
Tilavoldi shunday deb qo‘l siltadi-da, turib daraxtzor orasiga kirib ketdi.
— Bu boshqa olam, qo‘rboshi boshqa olam. Tilavoldiga Xudo devning yuragini bergan. Ammo gap kelsa, amakisini ayamaydi, — dedi Tilavoldini insofga chaqirgan yigit.
— Taqsir, hov o‘tovda yolg‘iz turgan qiz kimingiz bo‘ladi? O‘tovga kirib chiqqaningizni ko‘rib edim, — deb so‘radi davradagi yoshi ulug‘roq kishi.
— Singlim.
— U qizni ancha burun Sultonmurod boshlab kelganlar. Qattiq qo‘riqlaydilar. Bir sir bor, deyman-a...
— Sir yo‘q, taqsirim, shunchaki... panohlariga olganlar...
Sabohiddin bu gapdan keyin davradagilarning bir-biriga sirli qarab olishganini sezdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:24:22

Bazm tugagach, Norxo‘ja o‘toviga kirdi. Ahmad dev unga ergashdi.
— Begim, bir narsani so‘rash niyatim bor.
— Surayver.
— Buxoroi sharifdan maktub oldim, dedingizmi?
— Ha.
— Yordamdan darak bormi?
— Kutinglar, deyishyapti. Amir jangga tayyorlanyapti.
— Tayyorgarligi juda cho‘zilib ketmadimikin?
— Bu bilan ishing bo‘lmasin.
— Mulla yuborgandan ko‘ra to‘rtta beshotar yuborishmaydimi?
— Kalta o‘ylaysan, dev. Bilagingda kuching boru kallangda aql yo‘q. Birgina mullaning yarim og‘iz so‘zi bilan sendaqa yuzta dev eplay olmaydigan ish bitadi. Bu yigit jihod ko‘rgan ekan, bizga asqotib qoladi. Besh yil Buxoro tuprog‘ini yalagan. Bu chakana gap emas! Ammo mulla yigitni sira nazardan qochirma. Bu yoqqa kelishdan oldin Xoliqberdining suhbatida bo‘lgan. To‘raning bir niyati borga o‘xshaydi. Lekin mulla yigit unga emas, menga xizmat qiladi. Bir niyatim bor. Inshoolloh, unga shu mullaning ko‘magi ham tegadi.
— Sultonmurod-chi?
— Endi u qarib qoldi... Qari eshak ag‘anab, tuproq to‘zitishdan boshqa narsaga yaramaydi. Men Xudo deb, qilich yalang‘ochlab yuribmanu, Xudo menga obro‘liroq biron shayxni ravo ko‘rmayapti. Avomni og‘ziga qarata oladigan bir shayx bo‘lganda edi. Xudo shu mullavachchani ravo ko‘ribdi, shunisiga ham shukr...
— Mulla bolangizdan ish chiqarmikin?
— Chiqadi. Bizning istagimiz bilan u katta obro‘ egasi bo‘ladi. So‘ng ana shu obro‘ bilan bizga xizmat qiladi.
— Oson esh beradiganga o‘xshamaydi.
— O‘xshamasa o‘xshatamiz. Hozircha hamma ishimiz xamirdan qil sug‘urgandek boryapti. Burnidan ip o‘tkazib oldik, qaerga sudrasak boradi. Yaqin kunlarda oyog‘iga ham kishan uramiz... Erta-indin Zayniddin qori keladi bu yerga. Uning tashrifi ham bejiz emasdir.
— Istasangiz, qori bu yerga yetib kelolmasligi ham mumkin.
— Esingni yema. Qori bizga dushman emas. Faqat yo‘li boshqacharoq. U dushman bo‘lgan taqdirda ham tirik qolishi kerak. Xalqning peshonasiga bunaqa odamlar har kuni bitavermaydi. Senga qo‘yib bersa... Bor, jo‘na.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:25:04

Ahmad dev chiqib ketdi. Norxo‘ja o‘ringa yonboshladi. Uning niyati faqat o‘zigayu Xudoga ma’lum. Bu qishdan eson-omon chiqib olsa, oshig‘i olchi. Xoliqberdi to‘ra o‘ziga xoinlikni ravo ko‘rib, sho‘rolar tomoniga o‘tsa o‘tar. Bu hali butun islom lashkarlari bo‘yin egdi, degan gap emas. Kuch yetmasa, hiyla ishlatadi. Laylatulqadr kuni Sabohiddin tush ko‘rganini qishloqma-qishloq yurib aytadi. Norxo‘jani mahdi deb e’lon qila boshlaydi. Xoliqberdi to‘radan ayrilgach Zayniddin qori shubhasiz, uning panohiga kiradi. Ana shunda uning yo‘liga hech kim g‘ov bo‘lolmaydi. Buxoro amiri qo‘shin tortmagan taqdirda ham Farg‘onani o‘zlari eplay olishadi.
Norxo‘ja shu xayollar og‘ushida o‘tirganda o‘tov og‘zida Sultonmurodning qorasi ko‘rindi. U yengil tomoq qirib ichkari kirdi-da, qiroat bilan salom berib poygakka tiz cho‘kdi.
— Ha, taqsir, paytavangizga qurt tushganga o‘xshaydi? — dedi Norxo‘ja, joyidan jilmay.
— Zayniddin qori kelarmishlarmi?
— Is oldingizmi darrov. Kelsa kelar, sizga nima?
— U kelsa beklaringizni yo‘ldan urarmikin, deyman-da.
— U holda yo‘liga peshvoz chiqing-da, iziga qaytarib yuboring.
Bu gapni eshitib Sultonmurod o‘rnida bir qimirlab oldi.
— Eshonim, hazil qilmang. Shu xususda bir fikr bilan kirib edim huzuringizga. Malol kelayotgan bo‘lsam, chiqa qolay.
— Ayting, fikringizni.
— Qori kelsa kelsin. Izzat bilan kutib olaylik. Keyin... uylantirib qo‘yib, iziga qaytarsak-chi?
— «Uylantirib» deysizmi? — Norxo‘ja bu taklif panasida qanday niyat bor ekan, deb bir oz o‘ylandi. «Zayniddin qori kelsa men beklarimni yo‘ldan uring, deb qo‘yib qo‘yar ekanmanmi. Qori kelsa yonimdan bir qadam ham siljimaydi. Bu tullakning xavotiri bo‘lak. Qori bilimi, e’tibori bilan undan baland. Bir davrada cho‘qishib qolsa rasvoi jahon bo‘lishi tayin. U shundan xavotirda». — Uylantirib qo‘yamizmi? — deb qayta so‘radi Norxo‘ja. — Kimga?
— Yallachilar bilan kelgan parizodga.
«Maqsadi endi ayon. Qorini xo‘rlamoqchi»
— Parizodga deysizmi? — Norxo‘ja shunday deb qaddini ko‘tardi. — Men uni sizga ravo ko‘rib edim?
— Menga? — Sultonmurodning kapalagi uchib ketdi. — Hazillashmang, eshonim. Mening uylanish niyatim yo‘q. Men taqvodor odamman, jonimni Olloh yo‘liga tikkanman. Oxiratni so‘rab yurgan menday odamga bu dunyo lazzati kerak emas.
— Shundaymi? U holda... — Norxo‘ja Sultonmurodga sinovchan tikildi. — U holda qorini parizodingizga emas, o‘zingiz boshlab kelgan qushchaga uylantiramiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:25:14

Sultonmurod qo‘rboshining nigohiga dosh berolmay boshini egdi. Norxo‘ja undan sado chiqishini kutdi.
Sultonmurod bu safar yanglish kirganini fahmladi. Qo‘rboshi qorini yoqtirmaydi, aytganim bo‘ladi, deb adashganini bildi. Norxo‘ja Zayniddin qorini yoqtirmasa ham uning xizmatlariga hali umidi bor edi. Sultonmurod xuddi shuni hisobga olmay yanglishdi. Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Qo‘rboshi javob kutyapti.
— U qizaloq... qaydam, — deb chaynaldi, — akasi shu yerda... ko‘narmikin?
— Ko‘ndirasiz. Siz tongda mulla yigitni chaqirib, bir tush ko‘rganingizni aytasiz.
— Qanday tush?
— O‘zingizni go‘llikka solmang. Siz tushingizda uning dadasini ko‘rgansiz. Dadasi: «Qizimni qoriga atadim», degan. Men ham xuddi shunday tush ko‘rganman. Uqdingizmi? Boring, nonushtadan so‘ng o‘zim chaqiraman.
Sultonmurod bu safar hurmat yuzasidan emas, yelkasiga bexos tushgan g‘amdan bukilib tashqariga chiqdi.
«Kallasiga yaxshi fikr kelibdi, — deb o‘yladi Norxo‘ja, — Zayniddin qori ham o‘zimniki bo‘lib qoladi shekilli?»
Sabohiddin «qo‘rboshining amriga ko‘ra akamni tongda qo‘yib yuborsalar kerak, bir og‘iz bo‘lsa ham gaplashib olay», degan niyatda yo‘lga chiqib turgan edi. Kun yoyilsa hamki, qarorgoh tomondan hech kim kelmadi. Norxo‘ja fikridan qaytdimikin, deb xavotirlandi. Quyosh ko‘tarilgan sayin tashvishi orta boshladi. Endi qarorgohga qaytishni niyat qilib turganida qarshi tomondan otliq ko‘rindi. Sabohiddin tarvaqaylab o‘sgan archaning panasiga o‘tib, uni kutdi. Otliq yaqinlashgach, uni tanidi-yu, quchoq ochib qarshiladi.
— Qori domla, o‘zingizmisiz? Ko‘zlarimga ishonmayapman, — dedi shodligini yashirolmay.
— Xuddi o‘zimman. Nima, pistirmada yolg‘iz turibsanmi? — dedi Zayniddin qori otdan tushar ekan. — Qani, xurjunni ol, bahonada nafasimni rostlay.
Sabohiddin xurjunni olib, archa soyasiga joy qildi.
— Meshda qimiz bor, och, — dedi qori yonboshlab,— sen akangni kutayotganga o‘xshaysan-a?
Sabohiddin «Qaerdan bilasiz?» degandek yalt etib unga qaradi.
— Jamoliddinni yo‘lda ko‘rdim. Bomdodni o‘qiyotuvdim. Qarasam, qo‘rboshining ikkita yigiti oldiga solib kelyapti. Nima gapligini bilolmadim.
— Akamga tuhmat qilishdi. Kimdir sigir o‘g‘irlab so‘yibdi-yu, terisini og‘ilxonamizga tashlabdi.
Zayniddin qori kuldi.
— Sigirni kim o‘g‘irlaganini bilmadingmi?
Sabohiddin yelka qisdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:26:12

— Nima uchun sendan emas, akangdan shubhalanishdi, o‘ylab ko‘rmadingmi? Shunaqa ham sodda bo‘ladimi kishi? Axir bu Norxo‘janing o‘yini-ku? Jamolni ushlab kelgandan keyin sen kelgansan. «Akamni qo‘yib yuboring», deb Xudoning zorini qilgansan. U «marhamatini ayamay» iltimosingni inobatga olgan, shundaymi? Shu yaxshiligi uchun sen endi undan qarzdorsan. Qani, biron ishdan bo‘yin tovlab ko‘r-chi, endi?
— Singlim ham o‘sha yerda...
— Buni eshitdim. Har holda Norxo‘ja Xoliqberdi to‘ra huzurida bo‘lganingni bilib, nayranglarini ishga solgan. U bizning nima uchun kelganimizni anglab turibdi. Seni qarmoqqa ilintiribdi. Meni bir balo qilib O‘shga qaytarib yuborishga urinadi.
Zayniddin qori shunday deb, qimizdan simirdi. Sabohiddinning ichgisi kelmadi.
— Siz ketib qolsangiz, men bir o‘zim...
— Sen hadiksirama. Uning xizmatlarini bajarib yuraver. Arqonni uzun tashla.
— To‘ramning topshirig‘i-chi?
— To‘ra aytaveradi. Quruq gap bilan odamni insofga keltirib bo‘lar ekanmi? To‘ra noto‘g‘ri ish qilyapti. Sho‘rolar bilan san-manga bormay, avval Norxo‘jaga o‘xshagan kichik baliqlarni yutish kerak. Ana keyin katta baliq bilan betlashsin. Sho‘rolar yengilgan taqdirda Nor ham, Ko‘r ham tek turmaydi. Buni Xoliqberdi biladi. Bila turib «jigarlarimga tig‘ tortmayman, insofga keltiraman», deydi. Amiralmusliminning onasigaki tig‘ urdilarmi, bu palagi nosog‘lardan yaxshilik kutib bo‘lmaydi.
— To‘ramning onalarini... Shular fatvo berganlarmi?
— Bilmasmiding?
— Yo‘q. O‘ylab ham ko‘rmabman.
— Shu ishing chakki. Endi sen mullavachcha emassan. Muhoraba o‘tidagi odamsan. Chanoqqal’ada aqling kirmadimi: lalaysang, peshonangdan o‘q yeysan. Xoliqberdi sho‘rolar bilan yarashsammi, yarashmasammi, deb kalovlanib turibdi. Yarashish niyatidan qaytsin, deb shu nopok ishga qo‘l urishdi. Ularning rejasicha, onasining sho‘rolar qo‘lidan qazosini topganini bilgach, to‘ra g‘azabga minishi kerak edi. To‘ra g‘azabga minishga mindi-yu, sir boy bermadi. Endi nima qilmoqchi ekani Xudoga ayon bo‘lmasa, bandaga ma’lum emas.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:27:05

— To‘ram fatvo berganlarni bilaman, degandilar.
— Bilmay-chi! Axir u ko‘r ham, kar ham emas. Ko‘rib, eshitib turibdi.
Qori hordiq chiqargach, o‘rnidan turdi. Sabohiddinning yelkasiga tiralib otga mindi. Sabohiddin otining jilovini olib oldinda yurdi. U arosatda qolgan, hozir Salimxo‘jaga o‘xshash dono hamsuhbatning maslahatiga zor edi. Qori ham dono kishi, ammo uning yo‘li boshqa, Sabohiddinniki boshqa. Qori manfaatdan kelib chiqib, nasihat qiladi, ehtiyotkorlikni hush ko‘radi. Sabohiddinga esa to‘g‘ri yo‘l uchun jonini ham ayamaydigan odamning nasihati kerak. Sabohiddin shunday xayollar bilan ketayotganida Qori yana so‘z boshladi:
— Nopok odamlar ham jismonan, ham irodasi kuchli kishini tez payqaydi. Keyin atrofiga to‘planib, uni aldab, boshqalarni esa gangitadi. Xalq ham omi-da, qo‘yga o‘xshab o‘sha kuchli odamning atrofiga to‘planaveradi. Nopoklar esa bundan foydalanib, podani o‘ziga kerakli yo‘lga buradi. Norxo‘janing atrofini ham shunaqa nopoklar o‘rab olgan. Uning ishonganlaridan biri o‘zingning domlang. Chala mulla domlangga qaraginu qo‘rboshiga baho beraver.
Sabohiddin bosh irg‘ab, qori domlasining gapini tasdiqladi. Qori esa gapini davom ettirdi:
— Bu qo‘rboshilar yoz chillasida tentirab yurgan laxtak-laxtak qora bulutlarga o‘xshaydi. Quyosh yuzini to‘sgani bilan bir parchagina yerga soya tashlashini bilmaydi. Nazarida hammayoqni ostin-ustun qilib yuborganga o‘xshaydi. Etagi yirtiqligidan, shu yirtiqdan nur oqib kirayotganidan xabarlari yo‘q. Laxtak bulutlar birlashsa, kuchli momaqaldiroq bo‘lsa, jala quysa, sel kelsa uning yo‘lini to‘sish qiyin. Laxtak bulut tashlagan uch-to‘rt tomchini yer birpasda yutadi. Qo‘rboshilar buni fahmlamay kuchanib yotishibdi. Turkiy bayroq atrofida birlashmas ekan, bu bulutlarni yengil shabada ham haydab ketadi.

Qayd etilgan