Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97191 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:37:19

Shilpiq shunday deyishi bilan Ahmad dev uning yuziga shapati tortib yubordi. Keyin so‘kindi-da, chiqib ketdi.
O‘sha kuni shomga yaqin qor yog‘a boshladi. Daraxtlarning za’faron barglari go‘yo kaft yoyib, qorlarni tutib olardi. Lekin allaqachon jon tomiridan uzilgan bu barglarga qor uzoq qo‘nib turmaydi. Ularni titratib pastga sirg‘alib tushadi. «Qor yerning g‘uborini berkitmoqchi bo‘ladi. Odamlar esa turli bahonalar bilan gunohlarini yashirmoqqa intiladilar. Ammo qor erib, yerning qora yuzi ko‘ringani kabi haqiqat quyoshining chehrasi ochilganda, ularning gunohlari ayon bo‘ladi-ku! Nima uchun buni o‘ylamas ekanlar? Mana shu Ahmad dev gunohlari oshkor etilgach, odamlarning yuziga qanday qarar ekan?»
Sabohiddin birinchi qorni shu xayollar bilan kutib oldi.
Oradan kunlar o‘taverdi.
Norxo‘jadan yarim oy darak bo‘lmadi. Ahmad dev yigitlarni olib ikki marta pastdagi qishloqlardan oziq-ovqat g‘amlab keldi. Qor tizza bo‘yi bo‘lganda Norxo‘ja beklarini olib qaytdi. Lashkarlarning yarmidan ko‘pi yo‘qligi, qo‘rboshining kirtaygan ko‘zlari, ma’yus chehrasi ularning mag‘lub qaytayotganini oshkor qilib turar, hol-ahvol surishtirish ortiqcha edi. Zero, Sabohiddin bunga ehtiyoj sezmadi. U Sojida aytgan so‘zlardan so‘ng Norxo‘janing maqsadi haqida ko‘p bosh qotirdi. Norxo‘ja nima maqsadda uni ushlab turibdi? Qorini nima uchun avval uylantirib, keyin o‘ldirdi? Gunohni singlisiga ag‘darish, keyin qizga shafqat ko‘rsatib, evaziga Sabohiddinni burunduqlash uchunmi? Bunchalik xatti-harakatning boisi nima? Norxo‘ja uni faqat va’z ayttirish uchun ushlab turgani yo‘qdir?
Sabohiddin ertami-kechmi Norxo‘ja maqsadini ayon qilajagini bilar, shu sababli uning qaytishini sabrsizlik bilan kutardi. Ibodatlarida Xudoga nola qilib, akasining gunohlarini so‘rardi. Chunki uning taxminicha, akasi bu paytda Namanganda ham bo‘lishi mumkin edi.
Norxo‘janing huzuriga Sabohiddin hol so‘ragani emas, majbur bo‘lgani uchun kirdi. Qo‘rboshining gapirishga ham hushi yo‘q edi. Sabohiddin undan faqatgina: «Sihatingiz yaxshimi?» deb so‘radi.
— Alhamdulilloh, — dedi Norxo‘ja. Keyin jim qoldi. Dam o‘tmay Sabohiddinga qarab so‘z boshladi:— Tangri bizning duolarimizni inobatga olmadi. Namanganni bizga ravo ko‘rmadi. Shaharga kirolmadik.
— Xudo xohlasa...
— Yo‘q, Xudo xohlamaydi. To‘rangizning qilayotgan ishlari toat-ibodatlarimizni yelga sovuryapti.
— Nimaga, taqsir?
— U o‘rislar bilan til biriktirgan.
— Sho‘rolar bilanmi?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:37:29

— Yo‘q, oqposhshoning odamlari bilan. Ertaga qo‘ylar so‘yib, xayri-xudoyi qilamiz. Shuncha balo-qazodan asragan egamga ming qatla shukr. — Norxo‘janing bu so‘zlari «gap tamom» degani edi. Sabohiddin buni sezsa ham o‘rnidan jilmadi.
— Menga gapingiz bormi? — deb so‘radi qo‘rboshi uning qimirlamayotganini ko‘rib.
— Ha, taqsir, bir narsaga fikrim ojizlik qilib qoldi.
— Nimaga?
— Qarorgohingizga kelganimdan beri qirq kun o‘tdi. Ammo bu yerda bo‘lishimning boisini bilolmay garangman.
— Garangsiramang. O‘z ishingiz bilan mashg‘ulsiz-ku?
— Men bu yoqlarga jihod istab kelib edim. Siz esa... meni faqat toat-ibodat va va’z uchun ushlab turmagandirsiz?
Norxo‘ja Sabohiddinning niyatini angladi. Bir oz o‘yga toldi.
— Siz aytgan va’zdan so‘ng lashkarlarning bir kuchiga o‘n kuch qo‘shiladi. Sizning jihodingiz shu. Buni fahmlashingiz kerak edi. Qolganini bizlarga qo‘yib bering. Sizga ijozat.
Sabohiddin ta’zim qilib chiqib ketishga chog‘landi.
— To‘xtang, o‘tira turing, — Norxo‘ja shunday deb o‘rnidan turdi-da, tashqariga chiqdi. Soqchiga «Hech kim o‘tovning yaqiniga yo‘lamasin», deb buyurib ichkariga qaytdi. — Mening bir rejam bor edi. Namanganni olgan taqdirimda bu rejamdan voz kechardim. Endi uni amalga oshirishga majburman. Bu ishni siz boshlab berasiz... Tog‘larga chiqib kelganimga ikki yil bo‘lyapti. Hali unga-hali bunga qo‘shilib yurish halqumimga keldi. Bir yoqda Muhiddin, bir yoqda Shermat, yana bir yoqda Ergash, Hamdam, Ismonqul... E, sanog‘i yo‘q bu qizig‘arlarning. Biri birining o‘limini poylaydi. Ularning boshini birlashtirishning birgina yo‘li bor. Farg‘onada mahdi paydo bo‘lishi kerak.
— Mahdi?
— Ha, mahdi. Qo‘rboshilar amiralmusliminga zohiran bo‘yin egsalar-da, botinan ko‘rarga ko‘zlari yo‘q. Hali Farg‘ona g‘ayridinlardan tozalanmay turib taxt talashishadi. Mahdi paydo bo‘lsa, ular majburan bo‘yin egadilar. Chunki lashkarlar endi mahdining etagini tutadilar... Reja ma’qulmi?
— Ma’qullikka ma’qul... Ammo mahdini Tangrining o‘zi yuboradi. Biz uni chorlaganimiz bilan Ollohning istagi...
— O‘z amrini bajarayotgan lashkarlardan Olloh marhamatini ayaydi, deb sizga kim aytdi? Go‘l bo‘lmang, mulla. G‘animni mag‘lub etish uchun hiyla ham ishlatish kerak. Hiyla yolg‘onsiz o‘tmaydi. G‘alaba bizga yor bo‘lgach, Olloh gunohlarimizdan kechadi. Siz ertagayoq qishlog‘ingizga qaytasiz. Masjidda tuxum bosib o‘tirmay, qishloqma-qishloq yurib va’z ayting. Musulmonlarni jihodga chorlang. Ora-sira bir tush ko‘rganingizni, Xudo xohlasa, yurtimizga mahdi kelajagini ayting. Bahorga qadar qiladigan ishingiz shu. Aqlli kishining tili hadeb tish hatlamaydi. Siz aqlli odamsiz.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:37:38

— Demak, qo‘rboshilardan biri maxdi1, deb e’lon qilinadimi?
— Ha.
— Kim?
— Bu yolg‘iz Ollohning o‘zigagina ma’lum.
Garchi Norxo‘ja shunday deb maqsadini yashirgan bo‘lsa-da, Sabohiddin bo‘lajak mahdining kim ekanligini angladi.
Sabohiddin Xoliqberdi to‘ra bilan birinchi uchrashuvdayoq ochiq fikrlasha olgan edi. Norxo‘ja bilan ancha fursatdan buyon birga bo‘lsa-da, u bilan erkin suhbatlashishga jur’at etolmasdi. Qo‘rboshining andak qo‘pol muomalasi, cho‘rtkesarligi Sabohiddinni cheklab qo‘ygan edi. Bu safar ham qo‘rboshining orzusi ahmaqona ekanini bilsa-da, «tushuntirishga urinish befoyda», degan o‘yda tilini tiydi.
Qo‘rboshi huzuridan chiqqach ham uning rejasini o‘ylab, boshi qotdi: «Nobop odam, deb yursam, qip-qizil telbaga o‘xshaydi-ku? Bu fikrni unga kim berdi ekan? Har holda qori domlamdan bunaqa bema’ni maslahat chiqmasdi. Kurakda turmaydigan bu aqlni Sultonmurod domlamiz o‘rgatgandirlar. Mahdilik g‘oyasi shia mazhabida tug‘ilganini mendan boshqalar ham bilar. Men da’vat etsam, qo‘rboshiga qo‘shib meni ham telbaga chiqarishmasmikin? Tarixda Sayyid Ali Muhammad degan zotning o‘zini mahdi, deb e’lon qilgani, oqibat Eron shoxi tomonidan Tabrizda qatl etilganini aytsam, qulog‘iga olarmikin? Yo‘q, bu gapni eshitib, fikr qilg‘uvchilardan emas bu odam. O‘rtada men isnodga qoladiganga o‘xshayman...»
Ertasiga u qishloqqa qaytdi.
Uyda akasini ko‘rib, Xudoga shukr, deb qo‘ydi. Jamoliddin u bilan sovuqroq ko‘rishdi. Mashhura bilan onasi boshqa uyga chiqishgach, aka-uka yolg‘iz qoldi.
— Norxo‘ja nima uchun meni qo‘yib yubordi? — dedi Jamoliddin tik turganicha.
— Aka, besabr bo‘lmang, o‘tiring, bafurja gaplashaylik.
— Faqat iltimos qilganingni aytma. Qo‘rboshining boshqa niyati bo‘lishi kerak.
— Men ularning rejasini tuzuk anglay olmadim. Ammo bo‘lak rejasi borligini yuragim sezib turibdi.
— Durust... Mashhurani nima uchun kuyovga berding?
— Axir...
— Hech kim bilmaydi, deb o‘yladingmi?
— Majbur edim. Qo‘limdan nima kelardi? — Sabohiddin bo‘lgan voqealarni birma-bir aytib berdi. Biroq, qotillikda qo‘rboshi bilan Sultonmurodning qo‘li borligini yashirdi.
— Qo‘rqoq, boshingga ro‘mol o‘rab yur endi!
— Aka, unday demang, men faqat... Xudodan qo‘rqaman.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:37:48

— Ha, ana endi o‘zingga kelding. «Xudodan qo‘rqasan!» Xudoning sevimli bandalari esa or-nomusingni istagancha ermak qiladi. Sen chidaysan. Chidashga majbursan. Chunki tepangda Xudo bor. Xudoning qiladigan ishi yo‘q. Nigohini faqat senga tikib olgan. Har qadamingni o‘lchaydi.
— Aka, hammamiz musulmon farzandlarimiz, u qadar yomon gaplarni aytmang.
— Shakkoklik qilmang, degin... Qaytishingda Norxo‘jani ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim.
— Qancha askar bilan qaytdi?
— Bilmayman, bunday gaplarni mendan so‘ramang. Bilgan taqdirimda ham aytmas edim. Men ayg‘oqchi emasman.
— U holda sen bilan gaplashib o‘tirmasam ham bo‘ladi.
Sabohiddin boshini egdi-yu, «Akam shashtidan tushib qolar», degan umidda sukut saqladi. Jamoliddin ham hozirgi ahdida qat’iy qolib, gapirmadi. Shunda Sabohiddin boshini ko‘tarib akasiga qaradi-da, ma’yuslik bilan so‘z boshladi:
— Aka, sizga aql o‘rgatishga haqqim yo‘qdir... Lekin bir gapni aytish men uchun farz: Olloh sizga hidoyat bersin, iymonga qayting.
— Bekorchi gaplarni gapirib, boshimni og‘ritma,— dedi Jamoliddin keskin tarzda.
— Aka, — bu safar Sabohiddin o‘zi kutmagan holda yig‘lamsiradi, — iymonga qayting..
— Bas qil, dedim...
— Iymonga qayting, aka, oxiratingizni kuydirmang. Bir onadan tug‘ilib, u dunyoda ayri-ayri bo‘lmaylik.
Jamoliddin «Rostdan yig‘layaptimi yo xiyla qilyaptimi?» degan o‘yda ukasiga tikildi. Keyin avvalgidan sal yumshoqroq ohangda:
— Men to‘g‘ri yo‘limni tanlaganman. Biz quradigan jamiyatda Xudo degan gap bo‘lmaydi, — dedi.
— Aka, Xudosiz jamiyat yashay olmaydi, — dedi Sabohiddin.
— Shunday yashasinki, o‘zing qoyil qolgin. Hali ko‘rib turasan. Bu boshi buzuq bosmachilarni tinchitib olaylik, keyin senga o‘xshaganlar bilan ham shug‘ullanamiz. sen menga aql o‘rgatmaginu o‘sha payt kelgunicha esingni yig‘ib ol, bola.
Bu gaplardan so‘ng Sabohiddin jim bo‘ldi-yu, dardini ichiga yutdi.
Kechasi sandalning ikki tomonini egallagan aka-uka go‘yo daryoning ikki sohilida qaltirab yotganday edilar. Sandalning o‘txonasidagi cho‘g‘ ularni go‘yo isitmas, oyoqlar go‘yo daryoning muzlay boshlagan suvida zirillayotganday edi.
Sabohiddin tongga qadar Xudodan akasiga hidoyat tiladi.
Jamoliddin ukasini qanday qilib to‘g‘ri yo‘lga solish mumkinligini o‘yladi...
Jamoliddin ertasiga ketdi. Qaytar mahali ukasiga: «Qishloqdan jila ko‘rma», deb tayinladi. Boshqa so‘z aytmadi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:38:04

O‘RTA VAGON

Rhaq harakatsiz yotgan Devonaga qarab turib qoldi.
Yerliklar orasida olchoq, mal’un odamlar borligini u avvalgi safari chog‘ida aytarli sezmagan ekan. Rhaq odamlarning qalb g‘alayonlarini, qayg‘ularini vujudlarida yashira olishlarini bilganda ularga nisbatan bo‘lgan mehri yanada ortgan edi. Sabohiddin xotirasida uyg‘onayotgan voqealar, shuningdek, unda-bunda uchraydigan hiylagarlar uning ruhini cho‘ktirdi. Oralarida bunday makkorning borligiga odamlar ko‘nikib qolganlar. Hamisha ulardan ehtiyot bo‘lishga urinadilar, hatto botiniy tahlikada ham yashaydilar. Nima uchundir hiyla sohiblarini, qalban parokanda odamlarni fosh qilishga jur’at etolmaydilar. Axir hayot shunday davom etaversa, bunday mal’unlarning safi kengayaveradi-ku. Ular turli ko‘rinishlarda ildiz otib, oxir-oqibat sayyorani halokat yoqasiga olib kelmaydilarmi? Ilgari amir yomon edi. Boy, bosmachi yomon edi. Qancha qon to‘kib, ularni mahv etdilar. Odamlar nima uchun yomonlarga befarqlar? Agar Rhaq bularni ilgariroq fahmlab, kundaligida zikr etgan taqdirda, Luknning qarashlari to‘la ma’qul etilib, Yer xususidagi bahsga o‘rin qolmagan bo‘lardi.
Rhaq o‘zini o‘zi savolga ko‘mib, yana javob izlardi. Javobni unga Asqarali, Dilmurod, Aqida, Rhaq hali o‘zi ko‘rmagan Asqaralining o‘g‘li bilan professor Razzoqov berardi. Rhaq uzoqni ko‘ra bilish xususiyati bilan ularning kelajagiga ishonardi...

— Shopo‘lat akamiz hali ham uxlayaptilarmi? — eshikdan kirib kelgan Dilmurod shunday deb Rhaq-Mirzavoyning xayolini to‘zitib yubordi. Keyin to‘g‘ri ichkari kirdi-da, Devonaning bilak tomirini ushladi. — Qani, Shopo‘lat aka, turing endi, yotaverib belingiz qotib ketgandir.
Devona yarq etib ko‘zlarini ochdi. Dilmurodni birinchi ko‘rayotgandek unga boshdan-oyoq razm soldi. Keyin qaddini asta tikladi. Charm qoplangan taxta so‘rida, oyog‘ini osiltirib o‘tirdi. So‘ng eski kalishini kiydi-da, horg‘in bir ahvolda uydan chiqdi. Deraza oldida turgan Rhaqqa ham burgut qarash qildi-da, ko‘cha eshigi tomon yurdi.
— Sezyapsizmi? — dedi Dilmurod quvnoq bir ohangda. — Yana ikki marta muolaja qilsak, esini yig‘ib oladi. Endi bunga to‘la aminman.
— Keyin-chi?
— Nima keyin? — Dilmurod Rhaqqa hayron bo‘lib qaradi. — Odamlarga qo‘shilib yashayveradi. Balki uy-joy qilar...
— Uning jinni bo‘lganini qishloqdagilar unutadi deb o‘ylaysizmi?
Dilmurod xayolga toldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:38:21

Rais shifoxonada Saboxon qiladigan ish yo‘q ekan, deb uni idoraga oldi. Idorada ish ko‘pmidi, yo o‘zining kelgisi kelmadimi, har holda Saboxon shifoxonaga yo‘lamay qo‘ydi. Dilmurod bunga e’tibor bermadi. Rhaq Saboxonning nima uchun kelmay qo‘yganini bilsa ham, o‘zini bilmaganga olib yuraverdi. Bu orada Dilmurod raisning buyrug‘i bilan toqqa, cho‘ponlar oldiga chiqib ketdi. Ertasi kuni, kutilmaganda, shifoxonaga Saboxon kirib keldi. Rhaq uni iliq qarshilab, o‘tirishga taklif qildi.
— Yo‘q, rahmat, tezda qaytishim kerak, — dedi Saboxon bir oz gapidan tutilib.
— Olovga kelgan ekansiz-da?
— Sizni rais chaqiryapti.
— Hozir boraymi?
— Ha, kutib o‘tirishibdi.
Rhaq Saboxon bilan ko‘chaga chiqdi. Uning gaplariga juvon ba’zan javob qilmas, ba’zan «ha» yoki «yo‘q» deb qo‘ya qolardi. Rhaq bundan ajablandi.
Raisning xonasida o‘tirgan yigitni darrov tanidi. U bilan ikki oy burun rayon markazida tasodifan ko‘rishgan edi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida ishlovchi bu yigit Dilmurodning kursdoshi ekan. Dilmurodga aytganda, u qo‘l siltab qo‘ya qolgan edi. Dilmurod uni xush ko‘rmas, har narsadan hadiksirovchi, o‘zini chetga olib yuruvchi, «sen menga tegma, men senga» qabilidagi hayotni afzal biluvchi bu yigitdan hatto nafratlanar ekan. Anvar shaharda hammavaqt tramvayning ikkinchi vagonida yurarkan. Birinchisi bilan uchinchisi izdan chiqishi mumkin, o‘rtadagisi xavfsiz, deb hisoblarkan...
— Salom Don Juan, ahvol qalay? — dedi Anvar sovuqroq ohangda.
Rhaq bu gapni eshitib g‘ijinsa ham sir boy bermadi.
— Endi maqsadga ko‘chsak ham bo‘ladi, — dedi Anvar rasmiy tarzda.
— Avval bir piyola choy... — dedi rais.
— Choyni keyin, bafurja icharmiz. Xo‘sh... — Anvar baqaloq portfelidan qog‘oz chiqardi. — Bizga bir xat tushdi. Shuni aniqlagani kelganman. — U qog‘ozni raisga uzatdi. — Siz yuborganmisiz?
Rais qog‘ozga astoydil qaradi.
— Shtampasi bizdi kolxozniki, — dedi. So‘ng hij o‘qiy boshladi. Mirzavoyning Saboxon bilan «oshiq-ma’shuqligi», juvonning shifoxonadan ketib qolishi haqidagi jumlani o‘qib bo‘lgach, Anvarga savol nazari bilan qaradi.
— Mehmon buni qaydan oldingiz? Toza g‘iybat qilibdi-ku? Saboxonni o‘zimiz chaqirib olganmiz. Ana, o‘zidan so‘raymiz.
— Oxirigacha o‘qing.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:38:28

Rais «xo‘p», deb xatni oxirigacha o‘qib chiqdi.
— Yo‘-o‘q, — dedi u xatni qaytarib berar ekan.— Buni men yozmaganman. Qo‘l meniki emas. Men yuboradigan xatlarimga yumaloq muhr bosaman. Buning muhri ham yo‘q. Birov nomimni sotibdi.
— Shtamp-chi?
— Shtampa — hisob emas. Yumaloq muhr hisob.
— Xatdagi gaplar to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri ham deyolmayman, noto‘g‘ri ham. Do‘xtirimizning chakki qadam qo‘yganini shu topgacha eshitganim yo‘q.
— So‘qqabosh ekanlar. Siz eshitmagan bo‘lsangiz...
— Men eshitmagan bo‘lsam, demak, do‘xtirimiz suyuqlik qilmagan. Xatingizga qaraganda, ular oshiq-moshiq emish. Be, qishloqda shundoq yurib bo‘ladimi? Siz bir qizga uchta gap aytaman deb, og‘iz juftlang, bir so‘zingizni tugatmay nima deganingiz qishloqqa ma’lum bo‘ladi. O‘ynash tutish katta shaharda yarashadi. Bu yerda har qadamingiz o‘lchog‘lik. Agar tekshirgani kelgan bo‘lsangiz, Saboning o‘zidan so‘rang, qo‘ying. Gap qishloqqa yoyilmasin. Yolg‘on gapni chinga aylantirib yuboradiganlar bor. Saboxon! — rais shunday deb o‘tirgan yeridan baqirib chaqirdi. — Baqqa bir qarang.
Saboxon kirdi. Anvar unga xatni uzatdi. Saboxonning rangi bo‘zardi. Rhaq xat ushlagan barmoqlarning qaltiraganini sezdi. Saboxon xatga tikilib turar, ammo o‘qimasdi. Rhaq buni ham payqadi. Rais bilan Anvarga qaradi: Mamarayim charm kreslosiga yastanib o‘tiribdi. Anvar stol ustidagi kitobchani varaqlayapti...
Saboxon xatni uzatdi.
— Hammasini o‘qidingizmi? — deb so‘radi Anvar.
— Ha.
— Gaplar rostmi?
— Yo‘q.
— Buni kim yozgan bo‘lishi mumkin?
— Nevlay?
— Shtamp sizda turadimi?
— Yo‘q, raisda.
— Unda...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:38:36

— Shtampa menda turadi, mehmon. Men besh-o‘n varaq qog‘ozga urib beraman. Vaqt-bemahalda men yo‘g‘imda ispropkaga kerak bo‘lib qoladi. Bu qog‘ozlar stol ustida turadi. Bitta-yarimta olgandir-da. Endi, Saboxon, qog‘ozlarni berkitib yuring. Odamlarga ishonib ham bo‘lmaydi.
— Endi nima qilamiz? — dedi Anvar, raisning so‘zini shart bo‘lib.
— Nima qilardingiz? Tuhmat ekan, deb borasiz. Do‘xtirimiz yaxshi ishlayaptilar.
— Shu gaplaringizni yozib berolmaysizmi?
— Kerak bo‘lsa, xat ham qilamiz. Saboxon, yozib turing, biz choy-poy ichib olaylik.
Tamaddidan so‘ng Anvarning istagi bilan shifoxonaga borishdi. Shamol xazonlarni gala-gala qilib uchirib yurardi. Eshiklarning lang ochiqligini ko‘rib, Rhaq hayron bo‘ldi. Shoshib ichkariga kirdi: TETning g‘ilofi ochilgan, simlar esa uzilib yotardi. Rhaq bu manzarani ko‘rib, ostonada qotib qoldi. So‘ng TETga yaqinlashib, sinchiklab kuzatdi.
— Nima bu? — dedi Anvar ichkariga kirib.
— Dilmurodning asboblari.
— TETmi?
— Eshitganmisiz?
— Ha. Ozgina ishlab dushman orttirib olganga o‘xshaysizlar.
— Bu dushmanning ishi emas. Dushman bo‘lganda faqat simlarni uzmay, TETni pachaqlab tashlardi. Qolaversa, dushman sizga emas, boshqa yerga, bo‘lak mazmunda xat yozardi.
— Bular do‘stning ishi ekan-da?
— Yo‘q, do‘st emas. Ammo dushman ham emas.
— Men xatni yozgan odamni aniqlab ketsam bo‘lardi.
— Qishloqda gap ko‘payadi. Eng muhimini aniqladingiz-ku, bo‘lar.
Anvar uzoq turmadi. Yuk mashinasiga o‘tirib, iziga qaytdi.
Rhaq bo‘lib o‘tgan voqeadan taajjubga tushib qolgan edi. Saboxonning fikrini o‘qiy olgani bilan, uning harakatlariga tushunib yeta olmadi.
Buning ustiga TET... Bu Sabohiddinning ishi. Xotiralari tiklanyapti. Vujudida g‘alayon uyg‘onyati. Endi o‘ylab ish yuritish kerak. Buni Rhaq Dilmurodga qanday tushuntiradi?
TETning uzilgan simlarini sozlash uchun o‘tirganda eshik oldida Saboxon ko‘rindi. Rhaq: «Keling», deb qo‘yib o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Saboxon ichkariga bir qadam qo‘yganicha turaverdi. «Kiring, o‘tiring», dedi Rhaq unga bir qarab olib.
— Yo‘q, ketaman, — dedi Saboxon. Rhaq indamadi.— Sizga bir gap aytmoqchiydim.
— Nima demoqchiligingizni bilaman.
— Bilmaysiz.
— Nimaga endi, bilaman, — Rhaq o‘rnidan turib, Saboxonga yaqin keldi. — Xatni siz yozgansiz.
— Yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:38:44

— Siz aytib turgansiz, boshqa odam yozgan. Har holda xatning mazmuni sizga tanish edi. Qo‘lingiz titrashidan sezganman. Uni tuzukroq o‘qimadingiz ham, to‘g‘rimi?
Saboxon qo‘llari bilan yuzini to‘sib oldi. Teskari qaradi. Yelkalari silkindi.
— Nimaga yig‘layapsiz?
— Siz hech narsani bilmaysiz! — dedi Saboxon shasht bilan o‘girilib. Ko‘z yoshi yonog‘ida iz qoldirib pastga tomdi. — Nima uchun shunday qilganimni bilasizmi?
— Balki rais...
— Rais! Yo‘q. O‘zim qildim bu ishni.
— Saboxon, o‘zingizni bosing. Aybim bo‘lsa, yuzimga ayting.
— Ayb? Yo‘q, siz begunoh farishtasiz. Siz... siz... hech nimani sezmaysiz!
— Nimani sezishim kerak?
Rhaq Saboxonning yosh to‘la ko‘zlariga qarab, yuragi o‘rtanib ketdi. Voqea endi oydinlasha boshlagan edi. Darvoqe, u Saboxonning sirli qarashlarini sezardi. Lekin bu qarashlarga qanday javob berishni, o‘zini qanday tutishni bilmasdi.
— Axir, sizni keting, deb shu ishlarni qildim.
— «Keting» deb?
— Ha... Meni... qiynamang, keting bu yerdan!
Saboxon shunday deb ho‘ngrab yubordi. Boshini Rhaqning yelkasiga qo‘ydi.
Kutilmaganda Rhaqning bag‘riga iliqlik yugurdi. Juvonning iliq nafasi yelkasini kuydirganday bo‘ldi. Vujudida g‘alati his uyg‘ondi. G‘alati his... Esladi! Xotini bilan ilk bor qovushganda shu holga tushgan edi. Ajab!!! Genetik kod asosida yerlik qiyofasiga kiradigan tanglik bunday hislardan mahrum etilar edi-ku? Qaerdan keldi bu his? Juvon uning yelkasiga bosh qo‘yib turibdi... Rhaq esa savoliga javob topa olmaydi. Aksincha, badani qizib, maylini yangidan uyg‘ongan hislarga topshira boshlaganini o‘zi ham sezmay qoldi; juvonni mahkam quchoqlab, o‘pa ketdi. Saboxon qarshilik ko‘rsatmay yig‘lar, Rhaq esa o‘zini tamom unutib, juvonni bag‘riga tobora qattiqroq bosardi. Qo‘llari bejo harakat qila boshlagach, Saboxon uni itarib yubordi. Shundagina Rhaq o‘ziga kelib, hansiragancha unga tikilib qoldi.
— Saboxon...
— Yo‘q! Yaqinlashmang! Siz... yomon odam ekansiz...
— Saboxon!
— Nomusdan o‘ldirasiz meni...
— Saboxon, axir o‘zingiz...
— O‘zim... o‘zim ahmoqman... Bu yerdan keting, o‘tinaman. Bo‘lmasa... men ketay. Sizni ko‘rsam... meni gunohga qo‘ymang. Endi sizga ishonmayman. Sizdan qo‘rqaman.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:38:51

Saboxon shunday deb chiqib ketdi.
Rhaq: «E, ahmoq kalla!» deb o‘zini o‘zi koyigancha, yuragi siqilib o‘tirdi. Endi u hamisha ehtiyot bo‘lib yurgan dardga chalinganiga — yerliklar tuyg‘usi vujudiga butunlay singganiga amin edi.
Rhaq o‘zini ovutish uchun uzilgan simlarni uladi. Oqshomga yaqin Dilmurod qaytdi. Uning iltimosi bilan Devonani topib keldi.
Devona charm qoplangan taxta so‘riga itoatkorlik bilan yotdi. Ammo muolaja yarimlaganda titray boshladi. Dilmurod buni sezib asbobni o‘chirdi. Devona shu zahotiyoq o‘rnidan turib ketdi.
— Qonxo‘r! — deb baqirdi u bor ovozi bilan. — O‘ldiraman! — u atrofiga alanglab bir narsa izladi.— O‘ldiraman! — deb baqirdi yana. Rhaq vaziyatni tushunib, unga ko‘zlarini qadadi-da, fikran buyruq berdi. Devona yuzini kaftlari bilan to‘sib so‘riga o‘tirdi. Dilmurod har ehtimolga qarshi tayyor qilib qo‘ygan tinchlantiruvchi dorini olib, uni em ignasi bilan Devonaning bilagiga yuborgach, yelkasidan ushlab yotqizdi.
Devona uyquga ketdi. Rhaq voqea oydin bo‘lgani uchun tashqariga chiqdi. Dilmurod esa garangsib, Devonaga tikilgancha o‘tirib qoldi.

Qayd etilgan