— U holda... buzuqlik...
— Buzuqlik qonida bo‘lsa ochiq yursa ham, paranjida bo‘lsa ham baribir. Bitta buzuqni deb hammasini chordevor ichiga qamash kerakmi? Ayol ham odam. Odamday yashasin endi. Senga o‘xshagan mullalar fisqu fasod to‘qiyverib, ularni qon qilib yuborishdi-ku.
— Aka!
— Bas qil. Hozir aytishadigan payt emas. Gaping bo‘lsa yig‘ib tur, uyda gaplashamiz.
Jamoliddin shunday deb otga qamchi bosdi.
Ertasi masjidga Norxo‘ja kirib keldi.
«Tezda otlaning, yo‘lga tushamiz, — dedi u. Qo‘rboshining o‘zi safarga tayyor edi, shuning uchun Sabohiddinni shoshiltirdi.
Ular o‘nta o‘zlarining yigitlaridan, beshta sho‘ro askarlaridan olib Rishton tomon yurdilar.
— Taqsir, bir gap bo‘ldimi, yana aslahalarni taqib olibsiz? — deb so‘radi Sabohiddin shahardan chiqishgach.
— Sobiq beklarimdan bir qanchasi Shermatga qo‘shilib beboshlik qilayotgan ekan, shularni insofga chaqirgani boryapmiz. Xoliqberdi Shermatning oldiga ketgan.
Norxo‘ja boshqa yigitlar oldida sirni fosh qilmaslik uchun gapni aylantirgan bo‘lsa-da, Sabohiddin uning maqsadini tushundi. Qasos oni yaqinlashganini, birga ketayotgan yigitlarning, ayniqsa qi-zil askarlarning taqdiri allaqachon hal etilganini fahmladi.
Yo‘llar tinch. Norxo‘ja bilan Sabohiddin oldinda. Otliqlar bir-birlari bilan deyarli so‘zlashishmaydi.
Bahor oftobi ularni bir oz lanj qilgan, ko‘z ba’zan uyquga tortib ketardi. Rishtonga oqshomda kirib kelib, Ko‘rshermatga qo‘shilib ketgan Karimboyning qo‘rg‘onida tunashdi. Yarim kechada olatasir boshlandi-yu, dam o‘tmay tindi. Hovlida besh-olti kishi mash’ala ko‘tarib turar, yerda esa Sabohiddinning hamrohlari cho‘zilib yotardi. Sabohiddin mash’ala ko‘targanlar orasida Ahmad devni ko‘rib, tinchidi. Ammo, u bekboshiga yaqinlashib: «Iblis, sotqin!» deb qamchilay ketgach, lol qoldi. So‘ng qamchi o‘z yelkasiga ham bir-ikki tushdi. Ahmad dev: «Sotqinlarga o‘lim!» deb baqirib, qolgan qizil askarlarga o‘q uzdi. To‘rt kishini yer tishlatib, beshinchisiga qamchi urdi.
— Sen tirik qolasan. Xo‘jayinlaringga sovg‘a berib yuboraman, — dedi unga. So‘ng yigitlariga qarab buyurdi. — Sotqin qo‘rboshining miyasi aynib qolibdi. Bunday miyani ko‘tarib yurish har qanday gavdaga malol. Yelkasini yengillashtirib, achigan kallani bolshavoylarga sovg‘a qiling.
Norxo‘jani sudrab olib chiqishmoqchi bo‘lishdi. Qo‘rboshi dod soldi. Sabohiddinni ham turtib ko‘cha tomon haydadilar. Biroq kutilmaganda ko‘chaga chiqishlari bilan muomala o‘zgardi. Norxo‘ja, unga tegishmasa ham baqirar, tez-tez yechinardi. Yigitlarning biri uning kiyimlarini olib nari ketdi, Ahmad dev esa unga boshqa ust-bosh berdi. Qorong‘i ko‘cha bo‘ylab yurishgach, otlarga mindilar. Ahmad dev qoldi. Ammo qishloqdan chiqishga ulgurishmay, ularga yetib oldi.