Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97052 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:38:04

BEGONA

Rhaq Tangga qaytar chog‘ida yaqinlari bilan ko‘rishish onlarini, ular bilan qanday muomala qilishini ko‘p o‘ylagan edi. Shubhasiz, yoru do‘stlarining ayrimlari hayotdan ko‘z yumgan, boshqalarining esa yoshi ulg‘aygan, hayotiy tajribalari oshgan, dunyoqarashlari ham qisman (balki butkul!) o‘zgargan bo‘ladi. Sirdosh begonaga, hamfikr esa g‘oyaviy muxolifga aylansa ajab emas. Yurtdan uzoqlarda yurish uni ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan holdan toydirdi. Lekin koinotdagi vaqt oqimi Tangdagi singari bo‘lmagani uchun yillarning o‘tgani, yoshi ulg‘aygani yuzida aks etmadi.
Tibbiy kuzatuv muddati tugab, hisob bergach, u yurtdoshlari bilan muloqotda bo‘ldi. Kutilmagan voqealar, gap-so‘zlarni eshitib ham quvonish, ham g‘azablanish, ham hayratlanish asnosida nima uchundir begonasiray boshladi. O‘g‘li birinchi uchrashuvdayoq, otasining taassurotlarini eshitib, uni keraksiz hissiyotga berilishda ayblashdan toymadi. Hech narsani bilmagan holda, so‘rab-surishtirmay turib, uni jamiyatga zarar keltiruvchi donishmandlar qatorida tilga oldi. O‘z farzandidan bunday aybnomani eshitishni Rhaq sira kutmagan edi. Yoshlar voqeaga nisbatan havoyi baho berishar ekan, xafa bo‘lishi kerak emas. Axir hamma ayb o‘zlarida — katta avlodda-ku?!
Xotini qaribdi, yuzlarini ajin bosibdi. Ayriliqning har yili chehrasiga bittadan chiziq tortgan. Tez-tez xastalanadi. Yuragi bezovta. Sog‘inch otashidan ajralib chiqqan har bir xo‘rsinish cho‘qqa aylanib yurakka dog‘ bo‘lib tushgan. Xullas, kampirga aylanayozgan xotinining umri kiprigiga ilinib qolgan edi.
Rhaq uyiga ham sig‘madi. Suhbatdosh yo‘q. Dardkash yo‘q. Xotini esa... U Yerda yurganida xotini, farzandiga talpingan edi. Yetishdi. Nimadan norozi?! Nima uchun hamma, hatto xotini ham begonaga o‘xshaydi?
O‘g‘li uylanibdi. Ammo haligacha farzand ko‘rmabdi. Rhaq bundan taajjublandi.
— Meni nevaralarim ham kutib olsa kerak deb o‘ylovdim, — dedi u oila a’zolari jam bo‘lgan mahalda.
— Nima demoqchi bo‘layotganingizga tushundim, — dedi o‘g‘li Rhaqqa yoqmaydigan bir ohangda. — Sizni befarzandligimiz qiziqtirsa kerak?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:38:11

— Ha, albatta. Turmush qurishning ma’nosi...
— Siz tez eskirish bobida falsafaning birinchi o‘rinda turajagini unutibsiz, chog‘i. Turmush qurishning hech qanday ma’nosi qolmagan hozir. Tabiiy zarurat tufayligina turmush quriladi.
— Sen kabi «donishmandlar» to‘qigan falsafa eskirishi mumkin, ammo hayot falsafasi unday emas. Hayot so‘nmasligi uchun nasl qoldiriladi. Tushunyapsanmi, hayot davom etishi uchun! — Rhaq keyingi gaplarni chertib-chertib gapirdi. — Sening gaplaring — xudbinlik falsafasi!
O‘g‘il otasini endi ko‘rayotganday tikilib qoldi. Ko‘zlar uchrashgach, miyig‘ida kuldi.
— Xudbinlar falsafasi, dedingizmi?! — U o‘rnidan turib deraza tomon yurdi. Zauraning o‘tli tig‘ini to‘suvchi ko‘kish pardani ko‘tardi. Xona yorishib ketdi. Derazani ham ochdi. — Bir qarang, atrof qanday go‘zal!— dedi u piching aralash. — Zaura saxiylik bilan nur sochadi. To‘yib-to‘yib nafas olish qanday rohat! Tuproq unumdor — qurigan cho‘p tushsa ham ko‘karadi!
Rhaqning xotini ko‘kragini ushlab yo‘tala boshladi. O‘g‘il darhol derazani yopib, pardani tushirdi. Onasi tinchlangach, gapini davom ettirdi:
— Ko‘rdingizmi? Yaxshi hamki, baxtimizga oddiy parda bilan sun’iy havo bor... Men farzandlarimga shularni ravo ko‘rishim kerakmi? Ular tug‘ilib qancha yashaydilar? Biz — o‘zimiz qancha yashaymiz? Sun’iy havo, sun’iy taomlar bilan yana necha yil hayot kechirish mumkin? Bevaqt o‘lim soya tashlab turgan bir paytda bola topish — jinoyat. Buni biz — yangi avlod to‘g‘ri tushunib yetdik
— Siz, ya’ni «yangi avlod», nihoyatda tushkunlikka berilibsiz. Kurashmoqdan chekinishni afzal bilibsiz. Biz yuksalish uchun ishlamog‘imiz, ishlash uchun yuksalmog‘imiz kerak! — Rhaq o‘zi suymaydigan shiorini aytib yuborgani uchun ich-ichidan g‘ijindi. Biroq, sir boy bermadi.
— Kurashmoq... Qanday kurashni nazarda tutyapsiz?— dedi o‘g‘il asabiylashib. — Kurashdan foyda bormi? Biz eng baxtiqaro avlodmiz. Bizga qoqsuyak sayyorani ravo ko‘ryapsizlar. Biz uni saqlab qola olamizmi-yo‘qmi, bilmayman. Qoldirishga arzirli merosimiz bo‘lmagani uchun ham farzand ko‘rishni istamaymiz. Sizning xudbinlik haqidagi gapingizni quruq safsataga yo‘yishga majburman. Afv eting. Siz uzoq vaqt bu hayotdan ajralib yashadingiz. Ko‘p narsalar o‘zgardi. Shularni hisobga oling, behuda bahslashishni bas qiling. O‘g‘il sifatida ogohlantirib qo‘yishim lozim edi. Buni bajardim.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:38:18

Darhaqiqat, ko‘p narsalar o‘zgargan, hatto ota-o‘g‘il o‘rtasidagi muomala ham boshqacha. Rhaq bu xil munosabatga ko‘nika olmas edi.
Zambarakni tepalikka sudrab chiqish mumkin. Ammo u bexos qo‘yib yuborilsa, hech to‘xtatib bo‘lmaydi: yo‘lida uchragan narsani bosib-yanchib ketaveradi. Tang taraqqiyoti xuddi shu zambarakka o‘xshaydi. Yaqindagina barcha ilm ahli zambarakni yuqoriga chiqarish bilan band edi. Barcha uni shunchaki bir tepalikka emas, balki oliy cho‘qqiga ko‘tarishga va shu yerda o‘q uzib, tabiat ustidan qozonilgan g‘alabani tezroq nishonlashga oshiqdi. O‘q uzildi. Ular zambarakning o‘q uzganida silkinishi, so‘ng pastga qarab sho‘ng‘ib ketishi mumkinligini bilardilar. Ammo zambarak g‘ildiraklarini mahkam tutib turuvchi sim arqonlarga ishongandilar. Afsuski, sim arqon chirigan edi. Endi zambarak eng muqaddas fazilatlarni, faqat ongli mavjudotga xos mehr-muhabbat, oqibat kabi his-tuyg‘ularni bosib, yanchib borardi.
Rhaqdagi ruhiy o‘zgarishni sezgan tibbiyotchilar uni darhol orom olish uchun dengiz sohiliga yubordilar. Rhaq e’tiroz bildirmadi. Yerdagi dengiz mavjlarini sog‘ingan edi. «Ko‘nglim sal-pal taskin topar», deya umid qildi.
Dengiz sohilidagi bu shahar ko‘rinishi ham boshqalari kabi sovuq, jonsiz. Oynaband binolar junjikib turganday, shovqindan esa zamin titrayotganday tuyuladi. Sohil odatdagiday gavjum emas. Dengiz to‘lqinlari avval qanday bo‘lsa, hozir ham shunday qirg‘oqqa bosh qo‘yadi, katta-kichik xarsanglarga to‘sh uradi. Ammo uning shovullashi Yerdagi kabi yoqimli emas. Shiddati sezilmaydi. Go‘yo za’faron suv o‘layotganday.
«O‘layotganday? Allaqachon o‘lib bo‘lgan... — deb o‘yladi Rhaq dengizga horg‘in tikilib. — Bu suvda nima qoldi? Qoni so‘rib olindi. Suv emas, keraksiz suyuqlikka aylandi...»
Shahar sohilga qarab bostirib kelgan. Qirg‘oqdagi bahaybat inshootlar suvning qonini so‘rib oluvchi kanaga o‘xshaydi. Behad katta quvurlar ajdaho singari suvni ho‘plab shu inshootlarga yuboradi. O‘nlab filtr, magnit maydonlari, elektr zaryadlari suv tarkibidagi temir, tuz, tillani ajratib oladi-da, boshqa quvurlar orqali jonsiz suyuqlikni dengizga qaytarib to‘kadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:38:26

Rhaq sohilda uzoq turib qoldi. Qarashlari vazmin. Toliqqan ko‘zlarini bir oz yumib, Yerdagi dengizlar, daryolarni eslamoqchi bo‘ldi. Osoyishta, salobat bilan oquvchi daryolar, qo‘sh kokil bo‘lib ajrashgan, so‘ng yana birlashgan irmoqlar orasida daraxtlarga ko‘milib turgan orolchalar, qoyalar bag‘ridan shiddat bilan otilayotgan sharsharalar uning ko‘z oldiga keldi. Qo‘yosh nurida tovlanayotgan zumrad tomchilar xuddi yuziga urilganday seskandi. Ko‘zlarini ochdi: madorsiz dengiz qaltirab turibdi. Shu topda Rhaqning oyoqlari quvvatdan qolganday bo‘ldi. Nazarida bir qadam bosishga ham qurbi yetmaydi. Tomog‘i qaqragan. Yurak siqadi. Ko‘ngli ana shu jonsiz dengizning qattiq to‘lg‘anishini, osmonga sapchishini, so‘ng ruhsiz shaharlar ustiga yopirilishini istadi. Nimadir bo‘lishi kerak, nimadir... Bir me’yorda davom etuvchi silliq hayotga ko‘nikolmayapti. Ko‘nikolmayapti? Yer tabiati, yerliklar uning ruhini butkul o‘zgartirib yuborganmi? Nahotki, Yerdan olgan taassurotlari ongini zaharlab, o‘z yurtiga nisbatan bu qadar norozilik uyg‘otsa? Yo‘q, yo‘q, u Tangdan butkul norozi emas. Faqat yerliklarning ayrim tuyg‘ularini yurtdoshlariga «yuqishi»ni xohlaydi. Dengizdan «so‘rib olingan» temir, tuz, tilla...kelgusida qayta eritilib, qayta milligrammlarga aylantirilib, suv tarkibiga qayta singdirilgani kabi, tangliklar unutib yuborgan tuyg‘ular yuz ochsa...
Hech bo‘lmasa muhabbat uyg‘onsa edi. Yigit qizni suyib-suyib erkalasa, qiz yigitga suyib-suyib bo‘sa bersa... Mana shu sohilda shirin-shirin orzularga erk berib, tonglarni qarshilasa... Suyib-suyib turmush qurishsa, suyumli-suyumli farzandlar ko‘rishsa...
Rhaq xo‘rsindi. Ajin bosa boshlagan keng peshonasini siladi. «Bu qiyin masala, — deb o‘yladi u. — Muhabbat uyg‘onsa, nafrat ham paydo bo‘ladi. Keyin rashk bosh ko‘taradi. Yaxshilikka qo‘shilib yomonlik, mehrga qo‘shilib g‘azab, sadoqatga qo‘shilib xoinlik... kirib keladi. Yerdagi ziddiyatlarning hammasi Tangda ham hukmron bo‘lib olsachi? Barcha shu ziddiyatlar orasida o‘ralashib qolsachi? Chin muhabbati qaysi, soxtasi qaysiligini bilmay garangsib yurishsachi? Taraqqiyot nima bo‘ladi? Yo‘q, bizga nafratdan xoli muhabbat, xoinlikdan yiroq sadoqat, g‘azabsiz mehr, rashk o‘rniga ishonch... kerak. Faqat yorug‘ tuyg‘ular zarur! Bora-bora Yerda ham shunday bo‘ladi...»

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:38:33

Rhaq sohil bo‘ylab bir-ikki qadam bosdi. Oyoqlari og‘irlashib qolganday, boshi aylanganday bo‘lib to‘xtadi. Yerga tushib birinchi qadam qo‘yganda ham xuddi shu hol yuz bergan edi. Yerga taraqqiyoti behad yuqori bo‘lgan sayyoraning vakili sifatida, g‘olib sifatida qadam qo‘ygan edi. Iziga hissiz sayyoraning ruhi shikastlangan vakil holida, ma’naviy mag‘lub holida qaytdi.
Tangda muhabbat uyg‘onsa edi... Yerda yurganida ko‘nglida tug‘ilgan bu ilinji uning tinchini olgani uchun «Muhabbat hissini qanday uyg‘otish mumkin?», «Tangliklar sevishga, sevilishga qodirmi?» degan jumboqqa o‘zicha javob izlar edi. Keyingi kunlar ichi: «Xo‘sh, o‘zing seva olasanmi?», «Muhabbat nimaligini bilasanmi?», «Yerliklar kabi muhabbat yo‘lida o‘zingni qurbon qila olasanmi?»... degan savollar girdobida qolgan edi. U xotini bilan o‘tgan damlarni, o‘g‘lining go‘dak chog‘larini qayta-qayta eslar, oralaridagi munosabatlarda mehr bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlashga tirishardi. Muhabbat uyg‘ongan taqdirda munosabatlarning qanday o‘zgarishini chamalardi. Har qancha o‘ylamasin, jumboqlarga har qancha javob izlamasin puch xayollardan nariga o‘ta olmas edi.
«Yerliklarning tuyg‘ulari bo‘lakcha edi!..»
Rhaq o‘z aqidasiga tobora mute bo‘lib borardi. U ona sayyorasida emas, balki Yer bilan Tang orasidagi cheti-chegarasi yo‘q qorong‘i bo‘shliqda muallaq yashardi. U dam o‘zi tug‘ilgan sayyorasiga talpinardi, dam pokiza tuyg‘ulari tug‘ilgan Yerga intilardi. Arosatda yurish uning qalbini tobora yemirardi.
U yolg‘iz edi. Shunda ulkan sayyorada yakka-yolg‘iz... Yolg‘izlik halokat bilan tugaydi. Uning qismati ham shumi? Taqdiriga nima yozig‘liq? Aqldan ozishmi? Tangga uchib kelar chog‘idagi xayoliy bahslarida Fid: «O‘zingni o‘zing o‘ldir», deb undagan edi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:38:52

Yo‘q! Shunday fikr o‘rmalashi bilan Rhaq sapchib tushardi. Badbin o‘ylardan qutulish uchun xayolan Yerga qaytardi. Eng birinchi bo‘lib... Nazira bilan uchrashardi. Har bir «uchrashuvdan» keyin: «Nima uchun Nazirani bu qadar ko‘p eslayapman?» deb hayron bo‘lardi. U hali bu eslashlar bejiz emasligidan, yuragida Naziraga nisbatan muhabbat borligidan bexabar edi. «Tangda muhabbat uyg‘onsin» degani, yerliklar sevgisiga ixlos qo‘ygani bilan, o‘zi muhabbat tuyg‘usi qanday bo‘lishini hali bilmas edi. Bo‘lakcha ta’bir bilan aytilsa, muhabbat nimaligini aqlan bilardi, ammo bu dardni hali tanasida sinab ko‘rmagan edi. Mana, bugun ham yolg‘izlik komidan qutulish uchun Yerga «qaytganda» Nazirani ko‘rdi...
— Bugun chehrangizda g‘am borga o‘xshaydi?
— Dadam aytgandirlar?
— Aytdilar. Kuyov qulluq bo‘lsin?
— ...
— Xo‘rsinyapsizmi?.. Pichirlab g‘azallar o‘qir edingiz? Esingizdami:

Parishon holing o‘ldim, so‘rmading holi parishonim,
G‘amingdan darda dushdim, qilmading tadbiri darmonim,
Ne dersan, ro‘zgorim bo‘ylami kechsun, go‘zal jonim,
Ko‘zim, jonim, afandim, sevgilim, davlatli sultonim!


— Esimda... hazrat Fuzuliydan... Men... g‘azallarga ishonar edim. Men... yo‘q, aytolmayman. Tabib afandi, aytolmayman, aybsitmang.
— Chehrangizga parishonlik yarashmas ekan. G‘am cheksangiz o‘zingizni dardga oldirib qo‘yasiz.
— Dardga?.. Dardga bo‘yin berib bo‘lganman.
— Dardga chalingan ekansiz, endi shifo lozim.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:39:11

— Muolajangiz dadamni bizga qaytarib berdi. Umidimizni uzib qo‘ygan edik... Umringiz uzoq bo‘lsin. Tabib afandi... Lekin... Lekin... Siz dardimga shifo topa olmaysiz. Umidimning rishtalarini kesib qo‘yishdi. Men... tunlari yulduzlarga tikilib yotaman. Qanot chiqarib uchgim keladi. O‘sha yulduzlarning birontasi Yerimizga o‘xshasa deyman. Sevishganlarning qanotlari qayrilmasa, deyman... Tabib afandi, siz dunyo kezgansiz, donishmandsiz, ayting, Xudo ne uchun bizga sevish baxtini ravo ko‘rib, so‘ng ayiradi?
— Savolingizga eng ulug‘ donishmandlar ham javob bera olishmagan.
— G‘azallardagi faryodlarga endi fahmim yetyapti.
«Bechoraman, bedavoman, qanotlarim qayrilgan, umidim rishtalari kesib qo‘yilgan...»

Rhaq — Tabib afandi Naziraning otasidan xabar olgani kirib, yangilikni eshitgan, shundan so‘ng qizning nima sababdan parishon bo‘lib qolganini anglagan edi. O‘sha kuni qiz unga ro‘yxush bermadi, gaplashmadi. Umuman, Rhaq Nazira bilan kam suhbatlashgan. Qiz o‘zini undan olib qochardi. Rhaq Naziraning fikrlarini o‘qigani uchun ham qizning bir yigitga ko‘ngil qo‘yganini bilardi. Bilgani sababli qizni hadeb kuzatishdan o‘zini tiyardi.
Hozir dengiz sohilida, yolg‘izlikdan qutulish uchun Yerni eslagan chog‘ida, Nazira bilan xayolan suhbatlashdi. Nazarida qiz o‘shanda unga — Tabib afandiga arzini aytganda xuddi shu zaylda so‘zlagan bo‘lardi. Balki bir bayt ham o‘qirdi. Balki mana bu baytni:

Nay kibi, har damki, bazmi vaslingni yod aylaram,
To nafas vordur quruq jismimda, faryod aylaram...


Keyin suygan yigitining dunyoda yagona ekanini, o‘sh suyuklisi qadar ba’mani, xushxulq, xushaxloq odam bu olam aro yo‘qligini aytardi. «Ko‘ngil qo‘yganim borligini dadamga ma’lum qiling, meni undan ayirmasinlar», derdi... Biroq Nazira unga arzi hol qilmadi. Dardini ichiga yutdi. Yerlik donishmandlar: «Yorug‘ olamda muhabbatdan kuchliroq narsa yo‘q», derdilar. Rhaq Naziraning iztirobini ko‘rib, bu fikrning yanglish ekanini angladi... «Muhabbatdan ham qizlik iffati qudratliroq ekan», degan to‘xtamga keldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:39:18

«Mening ko‘ngil qo‘yganim bor...» Birgina shu gapni aytish Naziraning taqdirini hal qilardi. U aytmadi, aytolmadi. Rhaq buni jaholat deb bilib, qizni ayblashni ham, bardoshiga tan berib, unga ixlos qo‘yishni ham bilmay garangsib yurdi. Oradan ancha vaqt o‘tgandan keyin ham tugal bir to‘xtamga kelolmadi.
Nazira qanot chiqarib, yulduzlarga uchmoqchi edi. Yulduzlardan biri shu Tang. Qiz bechora bu yerga kelib nimani ko‘rardi? Qanot chiqarganiga ming pushaymon bo‘lmasmidi?..
Rhaq chuqur uf tortdi-da, qo‘lni orqasiga qilganicha asta yura boshladi. Bir qulochli xarsang poyida sochilib yotgan baliq suyaklarini ko‘rib engashdi. Keyin mavjlanib turgan dengizga qaradi. «Hali ham baliq bor ekan-da? Biz sun’iy havoga ko‘nikdik. Tarkibida hech vaqo bo‘lmagan suyuqlikda baliq qanday yasharkin?! Temir, tuz, oltin... Juda qimmatga tushyapti bu ashyolar. O‘g‘lim haq... Biz ularga yalang‘och sayyorani qoldiryapmiz. Hatto suvning ham qonini so‘rib oldik...»
Dengiz azob bilan to‘lg‘anadi. Ojiz to‘lqinlar Rhaqni la’natlaganday bo‘ladi. Dengizning alami bor. Qancha la’natlasa shuncha oz... U dengizdan ko‘z uzib, sohildan uzoqlashdi.
Rhaq Tang markaziga qaytganida oqshom cho‘kkan, ammo kunduzgi jaziramaning nafasi so‘nmagan edi. Sayyoraning umurtqasini qirsillatib yuborguday bo‘lib turgan bahaybat binolar qizigan tandirdek qaynoq sel ufuradi. Qariyb bir-biriga yopishtirib qurilgan baland imoratlar orasidan shamol o‘tmaydi. Binolar dudli bulutlarga sanchilib turganday. Rhaq talaba ekanida qaysi bir me’mor: «Shaharni ham eniga, ham uzunasiga to‘g‘ri chiziq bo‘ylab kesib o‘tuvchi ikki ko‘cha bo‘lishi zarur. Shunda yelvizak turib, havo almashinishi yaxshilanadi», degan taklifni o‘rtaga tashlagan edi. Bu gap barchaga ma’qul kelib, taklifni amalga oshirish choralari belgilangan, biroq gap gapligicha qolib ketavergan edi. Hozir ko‘pchilik o‘sha taklifni eslamaydi ham.
Rhaq uyiga qaytganda oila a’zolari ovqatlanayotgan edi. U xotinidan hol-ahvol so‘ragach, yuvinib keldi-da, to‘rga o‘tirdi. O‘g‘liga bir qarashda uning ruhi tushkunligini sezdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:39:26

— Nimaga ovqat yeyishlaringning mazasi yo‘q. Urishib qolmadinglarmi, ishqilib? — dedi u o‘g‘liga, noxushlikni ko‘tarish uchun.
— Urishish uchun sabab bo‘lishi kerak, — dedi o‘g‘il sovuqqina. — Bizda ko‘pdan beri bunday sabab yo‘q.
— Shunday bo‘lgani ma’qul.
— Noxushligimizni to‘g‘ri payqabsiz. Bugun Mek o‘ldi.
— Mek? Kim u?
— Eslashga urinmang. Siz uni tanimaysiz. U marhum do‘stimning o‘g‘li edi.
— Nimaga o‘libdi? Kasal ekanmi?
— Ovqatingizni yeng, keyin aytib beraman.
Rhaq, ishtahasi bo‘lmasa ham o‘zini majbur qilib ovqatlandi. Og‘zini sochiq bilan artib o‘g‘liga: «Men tayyorman, gapingni boshlayver», deganday qaradi. Xotini bilan kelini o‘rnidan turib dasturxonni yig‘ishtirishdi-da, qo‘shni xonaga chiqib ketishdi.
— Men Mekning otasini yaxshi bilardim, — deb gap boshladi o‘g‘il. — Biz birga ishlardik. U ehtiyotsizlik qilib oqqon kasaliga uchradi. Ayb o‘zida: kirma degan joyga kiribdi. Kasalni yashirib yurdi. Uylandi. Keyin xotini homilador bo‘ldi. Quvnoq edi... Tuppa-tuzuk ishlab yurib, bir kuni...o‘zini o‘zi o‘ldirdi. Murdani tekshirib, kasalini aniqlashdi. O‘lim haq ekanini bilib...
— Ojizlik!
— Yo‘q, ojizlik emas. U bari bir o‘lardi. Bolasini ko‘rib o‘lishni istamagan.
— Ana shuning o‘zi...
— Iltimos, bahslashmaylik. Bari bir fikrlarimiz bir yerdan chiqmaydi. Odatda, haqiqatni yuzaga chiqarish uchun bahslashadilar. Men bunday haqiqatni ko‘rmayapman. Gapimning davomini eshiting: xullas, bola tug‘ildi. Men tez-tez Mekni yo‘qlab borardim. Juda nozik, kasalmand bola bo‘ldi. Ammo ziyrak, aqlli edi. O‘qish-yozishni erta o‘rgandi. Bir kuni borsam, yotibdi. Meni ko‘rib yig‘lab yubordi.
— Nimaga xafasan? — deb so‘radim.
— Kasal bo‘lganlar o‘lar ekan, men ko‘p kasal bo‘laman-ku, nima uchun o‘lmayman, — deydi.
«Kasallarning hammasi ham o‘lavermaydi. Seniki tuzaladigan kasal», deb yupatishga harakat qildim. Ovunishi qiyin bo‘ldi. «Menam o‘lishni istayman. O‘lsam hamma yig‘laydi, menga achinadi. Meni gapiradi», deydi. Orzusini qarang... Niyatiga yetdi. Bugun joni uzildi. Ammo o‘limi uchun hech kimning qayg‘urmasligini bilmay ketdi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:39:34

— Sen-chi? Sen qayg‘uryapsan-ku?
— Qayg‘urishim kerak edi. Ammo muhit bunga yo‘l bermaydi. Men har bir hujayralarim bilan ishni, faqat ishni o‘ylashim kerak. O‘lganlar o‘laveradi. Murdalarni esa dafn guruhi ko‘maveradi. Hatto... vaqti kelib onam... Axir, siz ham onangizni dafn etishda bo‘lmagansiz-ku?!
— Gapni chalg‘itma. Bir go‘dak uchun masalani chuvalashtirish shart emas.
— Mek o‘ldi. Uni sizning taraqqiyotingiz o‘ldirdi!
— Taraqqiyotni biz boshlamaganmiz. To‘xtatish ham qo‘limizdan kelmaydi. Hadeb ta’na qilaverma. Qo‘lingdan kelsa, ana taraqqiyotga qarshi kurashib ko‘r.
— Qo‘lingdan kelsa?.. Hm. Kelmaydi!.. Bir marta kurashmoqchi edik. Esingizdami? Endi... O‘limimni kutib o‘tirishdan o‘zga hech nima qo‘limdan kelmaydi.
Rhaq hozir o‘g‘li bilan gaplashish befoydaligini bilib qo‘zg‘aldi. Xotini yotgan xonaga kirdi.
Xotini pinakka ketgan ekan, sharpa chiqarmay iziga qaytdi. O‘g‘li qayoqqadir g‘oyib bo‘libdi. Rhaq nima qilarini bilmay xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
O‘g‘lining gaplarida jon bor. Rhaq o‘zi istamagan holda unga tanbeh berdi. Aslida Rhaqning o‘zi ham shunday fikrlardi. U jon-dilidan o‘g‘lini quvvatlagisi kelardi, lekin oqibat degan tushuncha farzandini tergashga majbur etardi. Rhaq o‘g‘lidagi yaxshi hislarning uyg‘oq ekanidan xursand holda, uning kelajagini o‘ylab qayg‘urardi. Tangning ma’naviy yuksalishida u biron-bir o‘zgarish ko‘rgani yo‘q, shu sababli behad tashvishlanardi.
Ertaga haligi go‘dak dafn etiladi. Ammo bu bola uchun hech kim nola chekmaydi. Jonzotning qadri shuncha... Yerda esa butunlay boshqa edi. Odamlar hatto marhumning izidan qabrga kirishga ham rozi bo‘ladilar. Balki, bu ortiqcha hissiyotdir. Ammo, bari bir kuyinish yaxshi... Rhaq yumshoq, pastak kursiga yastanib o‘tirib, yerliklarni esladi. Xayoliga kuyunchak, ayni choqda, keskin, to‘g‘ri yo‘lni fahmlay olmasdan qiynalayotgan Sabohiddin keldi.

Qayd etilgan