Atrofdan: «Ha, bir eshitaylik», «Yurakni qon qiladig‘onidan bo‘lsin», «Eshitganlar murodlariga yetsinlar», degan ovozlar keldi. To‘rda o‘tirgan ko‘zlari yumuq, cho‘tir yuzli, to‘ladan kelgan kishi yonini paypaslab tanburni oldi. Uni baxmal g‘ilofdan chiqarib, sozladi. So‘ng hazin kuy yangradi. Go‘yo tanbur simlari emas, o‘tirganlar qalbida g‘ubor bosgan torlar chertildi. Barcha, jumladan, Sabohiddin ham ajib bir sirli holat pardasiga burkaldi. Bugungi marosim ham, alg‘ov-dalg‘ovlar ham unutildi. Go‘yo hech yerda urush-janjal yo‘q, go‘yo hech yerda qon to‘kilmayapti, go‘yo hech kim alam bilan boshini toshga urmayapti. Go‘yo dunyoda hech gap yo‘q. Faqat olamda shu so‘lim samovarxona mavjud. Go‘yo yer yuziga tanburdan taralayotgan shu kuygina hukmron. Yo‘q, faqat kuy emas, shirali ovozda aytilgan qo‘shiq ham bor. Ana, kuy pastlab, qori qo‘shiq ayta boshladi:
Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon bo‘ldum,
Demon bexonumon, ovorai ikki jahon bo‘ldum.
Labing gar bermasa bo‘sa, nechun jon elta olg‘ayman,
Bu yo‘ldakim adam sahrosig‘a emdi ravon bo‘ldum.
Qo‘shiq tugadi. Oraga jimlik cho‘kdi. Tinglovchilar ashula sehridan qutulib, ijrochiga olqish aytishga ulgurmay ikkinchi qo‘shiq boshlandi:
Qani Shirin bilan Layliki, sendin noz o‘rgansa.
Qani Farhodu Majnunkim, alarg‘a ishq o‘rgatsam...
Tanburning zir titrayotgan torlari, hofizning nolali ovozi hammani bandi qilib qo‘ygan, ayniqsa vodiyning qo‘shiqlarini, vodiyning gurunglarini sog‘ingan Sabohiddinni sehrlab olgan edi. Garchi Buxoro bilan Farg‘ona osmoni bir bo‘lsa-da, Sabohiddin kindik qoni to‘kilgan yerni ko‘p qo‘msardi. Xatm kutubni orziqib kutardi. Ota-onasi bag‘riga intilardi. Uyiga mulla yigit bo‘lib kirib kelishni, xonadonidagi shodiyonani kunda turlicha tasavvur etardi. Dunyoning nomardligini qarangki, uning qaytishi notinch kunlarga to‘g‘ri kelibdi. U Chanoqqal’ada ekanida: «Tanamni qirqqa bo‘lib, osmonga sochib yuborsalar ham mayli, daydi shamollar birgina bo‘lagimni uchirib, qishlog‘imga tashlab o‘tsa, mingdan-ming roziman», deb xayol qilardi. Shukrki, ota-onasi bag‘riga to‘rt muchasi sog‘ qaytyapti. Yana oddiy mulla emas, islom lashkarlarining murodbaxsh rahnamolari qanotiga kiruvchi e’tiborli odam sifatida qaytyapti. Musulmon bolasi uchun bundan bo‘lak ulug‘roq ajru saodat bormi?