Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97153 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:45:10

— Sibir deganlari do‘zaxning o‘zi emish, shu rostmi? — deb so‘radi Sabohiddin. Aslida, u: «Sibirda yurib ko‘p azob chekdingizmi?» deb so‘ramoqchi edi. Dabdurustdan shunday savol berishni noo‘rin deb bilib, gapni aylantirdi.
— Do‘zax emas, — dedi Jamoliddin ukasining niyatini anglab, — do‘zax bo‘lsa koshki edi, jilla bo‘lmasa isinib olardik. Juda sovuq yerlar ekan. Yozining ham tayini yo‘q. Lekin odam har narsaga chidarkan.
— Siz Sibirda, men bu yerda azobda qoldim, aka. Yaktagimni yechib berganim uchun hali-hali armon qilaman.
— Bu gaplaringni qo‘y, uka. Loyqa suvlar oqib o‘tib bo‘ldi. Endi pokiza suvlarni rohat bilan shimirish payti keldi.
— Aka, o‘tgan ishning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini Tangrining o‘zi baholaydi. Lekin men bir savolga javob topolmayapman.
— Nimani so‘ramoqchi bo‘lganingni bilib turibman. Sen ne sababdan qotillikni bo‘ynimga olganimni bilmoqchisan, shundaymi?
Sabohiddin tasdiq ishorasini qildi.
— Sen Ma’mur boyvachchani mening nomusim uchun o‘ldirding. Mening beparvoligimdan sendagi jangarilik ustun keldi. Buning uchun o‘zim jazo tortishim kerak edi.
— Meni ayamadingizmi?
Jamoliddin ukasining yelkasidan quchdi.
— Kel, endi bu haqda gaplashmaylik. Bu ishda sening aybing yo‘q. Taqsiring, hammasi Xudoning irodasi, deydi-ku. Mana, sog‘-omon diydor ko‘rishdik. Shuning o‘zi katta gap!
Akasining Xudoni piching bilan tilga olishi Sabohiddinning g‘ashiga tegdi.
— Aka, sho‘rolarning bari xudobezor, benamozlarmi?
— Hammasi emas.
— Imonlilari bormi?
— Hammasi imonli.
— Tushunmadim?
— Imon deganing e’tiqodni anglatsa, safimizdagilarning hammasi e’tiqodli. Ayrimlar Xudoga ishonishmaydi. Ularning e’tiqodlari haqiqatda.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:45:29

— Xudoga ishonishmasa, oxiratda...
— Ular oxiratga ham ishonishmaydi.
— Astag‘firulloh! Odamda ishonch bo‘lmasa aqldan ozadi!
— Bizda ishonch yo‘q, deb kim aytdi senga? Bizning ishonchimiz senikidan mustahkamroq. Biz mavhum narsaga emas, o‘z g‘oyalarimizga, irodalarimizga, qilayotgan ishlarimizning foydali ekaniga ishonamiz. Senlarda esa bu ishonch yo‘q. Sen o‘z kuchingga ishonasanmi? Yo‘q. Ollohdan marhamat kutasan. Irodangga-chi? Yo‘q. Tangrim bergan taqdir, deysan. Qilayotgan ishingning foyda-ziyonini ham bilmaysan. Oxiratda xudo ajratib oladi, deb javrayverasan.
Sabohiddin akasiga qarab angrayib qoldi. O‘ngimi, tushimi? O‘z jigarimi bu yo akasi libosidagi shaytonmi? Uning tili tanglayiga yopishib qolganday bo‘ldi.
— Ha, og‘zingga talqon solib olding? To‘g‘ri gapni tan olishga bari bir majbur bo‘lasan.
— Jim qolganim rizo alomati emas. Sizdan shunday gaplar chiqishiga aqlim lol. Fursat borida tavba qiling!
— Hayot shunaqa ekan, uka. Azob tortmaguncha oq-qorani tanimay, ko‘r bo‘lib yuraverar ekansan. Sen ham ko‘zingni och. Xudoga sig‘inib yuraverma.
— Aka! Menga bunday gaplarni aytmang! Odam yaratganiga sig‘inmasa, kimga sig‘inadi?!
— Haqiqatga sig‘in, mehnatga sig‘in. Odamning butun baxti ham, hayoti ham haqiqat bilan halol mehnatda.
— Aka, demak, siz ham...
— Ha, ishonmayman. Kalima keltiraver. Yana aytaman: ishonmayman... Xudo sen aytgancha chindan bor ham bo‘lsin. Arshi a’loda suzib, yerdagi voqealarni kuzatayotgan ham bo‘lsin. Lekin unda insof bormi? Mukofotlanishi kerak bo‘lgan odamni jazolaydigan, jazoga loyiq odamning boshini silaydigan Xudo kimga kerak? Mengami? Yo‘q. Sengami? Senga ham kerak emas. Lekin sen buni tushunmaysan. Madrasada ko‘zingga tuproq sochib ko‘r qilib qo‘yishgan. Ha. Yuzingdagi ikki ko‘zingda nur bor. Yuragingdagi ko‘zlaring esa ojiz. Qani ayt-chi, qaysi kambag‘alning fig‘oniga Xudo quloq tutdi? Har bir kalimalaring «karomatli, shafqatli, rahmdil Olloh» deb boshlanadi. Xo‘sh, biz Xudoga nima yomonlik qiluvdik? Qaysi gunohlarimiz evaziga bu azoblarni bizga ravo ko‘rdi? Indamaysanmi? Ha, javob bera olmaysan. Chunki men haqman. Hozir miyang zaharlangan, bularni tushunib yetishing qiyin. Bora-bora mening haq ekanimga imoning komil bo‘ladi. Biz kambag‘allarning kosasi oqarsin, deb kurashyapmiz. Sen ham kambag‘alning bolasisan. Lekin safimizga qo‘shilmaysan, buni yaxshi bilaman. Men bilan birga bo‘l, deb tashviq ham qilmayman. Faqat ikki qulog‘ingga quyib ol: bosmachilarga qo‘shilma. Qo‘shilsang, oramizga qilich tushgan bo‘ladi. Jangda otilgan o‘q aka-ukani ajratib o‘tirmaydi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:45:46

— Axir, aka...
— Gapim esingdan chiqmasin. Sen bir vaqtlar oilamiz nomusi uchun qayg‘urgan eding. Jangari eding. Maxsimchalik senga yarashmaydi.
Bu gaplar oddiy so‘zlar yig‘indisi emas, balki uchi zaharga botirilgan kamon o‘qlari kabi edi. Bu o‘qlar Sabohiddinning yuragiga sanchila qolsa mayliga edi, o‘lardi-yu, bu ruh azobidan qutulardi. Yo‘q, ro‘parasidagi akasi emas, akasining qiyofasiga kirgan shayton alayhila’na. Zaxarli so‘z o‘qlari esa Sabohiddinning miyasiga sanchilib, butun vujudni o‘yib, kuydirib o‘tib so‘ng tovonni teshib, o‘pirib chiqib ketyapti.
Akasi Ollohdan yuz o‘giribdi. Endi akasi iymonga qaytmasa, undan yuz o‘girmoqqa majbur. Yaratganni tanimay qolgan inson tirik o‘likdir. Sabohiddin bu gaplarni akasiga aytmoqchi bo‘ldi, ammo ukalik haddi bunga yo‘l bermadi. U payg‘ambar alayhissalomning «Ollohni yod qiladigan bilan yod qilmaydiganning o‘rtasidagi farq tirik bilan o‘lik o‘rtasidagi farq kabidir», degan muborak so‘zlarini bu onda tilga ko‘chirmak uchun o‘zida qudrat topa olmadi. Buni o‘z iymonining ojizligidan deb bilib, yanada ezildi.
U haj amallarida shaytonga tosh otmoqlik qanchalar shart bo‘lsa, bu onda akasining qalbida muhrlangan iblisga qarshi isyon qilmoqlik shunchalar zarurligini his qilib, lozim so‘zlarni aytmoqqa shaylanib turganida eshik taqillab, askar yigit kirdi-da, Jamoliddinni komandir chaqirayotganini aytdi. Jamoliddin anchagacha yo‘q bo‘lib ketdi. Sabohiddinga quyilgan choy sovidi. U butkul karaxt bo‘lib qoldi. Akasining kirganini ham sezmadi.
— Afsus, ukajon, tezda yo‘lga chiqishimiz kerak ekan. — U shunday deb aslahalarini taqa boshladi. — Uyga borib dadamga, buvimga, singlimga salom ayt. Meni sog‘-omon yuribdi, de. Qattiq gaplarim ko‘nglingga og‘ir botmasin. Ertami-kechmi haqiqatni bilib olishing kerak. Hozir chaynaladigan zamon emas. Shuning uchun dangal-dangal gapirdim-qo‘ydim. — U Sabohiddinni bag‘riga bosib xayrlashdi. — Shu yerda damingni ol. Navbatchi yigitlarga tayinlab qo‘ydim. Aytmoqchi, — Jamoliddin jilmaydi, — choydan ich, namozxon yigitlar damlagan. Faqat ularning boshini gangitib o‘tirma.
Jamoliddin shu gaplarni aytib, chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:45:55

Sabohiddin it azobida tong ottirdi. U kalavaning uchini yo‘qotib qo‘ygan edi. Akasi, Xoliqberdi to‘ra... Qachondir hamnafas bo‘lgan ekan. Endi bir-biroviga yov. Yov bo‘la turib bordi-keldi qiladi. Xoliqberdi to‘ra islom yo‘lida shamshir ko‘targan. Bular esa... Ertaga u Xoliqberdi huzurida bo‘ladi. To‘ra albatta akasidan so‘z ochadi. Qanday zamon bo‘ldi o‘zi?.. Sabohiddin ko‘zini yumdi. Qo‘ynilarini yong‘oqqa to‘ldirib, ko‘cha changitib yurishlarini esladi. Kunduzi aka-uka bir bo‘lib boshqa ko‘cha bolalari bilan yong‘oq o‘ynashardi. Goh yutib, goh yutqizib, goh yarashib, goh mushtlashib qaytishardi. Jamoliddin ukasini boshqalardan himoya qilib jiqqamusht bo‘lardi. Jahli chiqqanida esa Sabohiddinni ham ayab o‘tirmasdi. Oqshom chog‘ida ikkovlon hovlida o‘ynashguday bo‘lsa, Sabohiddin yong‘og‘ini yutqizib qo‘yib, g‘irromlik qilar, keyin yig‘lar, oraga onasi tushgach, yong‘og‘ini qaytarib olar, ammo quloq cho‘zmadan ham quruq qolmasdi.
Sabohiddin shularni eslab, entikdi. Akasi unga «Miyang zaharlangan», dedi. Sabohiddinning fikricha esa aslida akasining ongi zaharlangan edi.
«Choyni yangilab beraymi?» deb kirgan yigit Sabohiddinning xayolini to‘zitib yubordi. Sabohiddin bunga hojat yo‘qligini aytdi-da, iziga qaytmoqqa shaylangan yigitni to‘xtatib, so‘radi:
— Tinchlikmi? Biron yerni yov bosibdimi?
— Ha, Muhiddin qo‘rboshi O‘shga yopishibdi chog‘i.
Yigit gapni qisqa qilib, chiqdi. Sabohiddin «yov bosdimi?» deganda beixtiyor sho‘rolarni nazarda tutgan edi. Yigit esa ayni shu beixtiyorlik bilan qo‘rboshini tilga oldi. «Yov» deyilganda ularning ikkovlari ikki olamni nazarda tutdilar. Ammo Sabohiddin bunga e’tibor bermadi. Uni boshqa narsa tashvishga soldi:
...demak, akasi jangga ketibdi.
...demak, hayoti qil ustida.
...demak, bittagina daydi o‘q uni kofir sifatida...
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:46:05

Shu fikr xayoliga keldi-yu, badaniga muz yugurdi. Shayton vasvasasidan qutqarishni so‘rab Ollohga yolbordi. Yana akasining jonini omon saqlashni, unga hidoyat bermoqlikni so‘rab, duo qildi. Duo qildi-yu, biroq, ko‘nglining bir chetida iltijolari ijobat bo‘lmasligini sezib, kuyundi. Ibrohim alayhissalom kofir otalarini mag‘firat etmoqlikni Ollohdan so‘raganlarida duolari qabul bo‘lmagan ekan. Payg‘ambarningki duosi qabul etilmasa, Sabohiddinniki nima bo‘lar ekan? Ollohga tavakkul qilmoqdan o‘zga chora yo‘q.
Sabohiddinning qulog‘iga kimdir pichirlaganday bo‘ldi: «Innahu man ya’ti Robbahu mujriman fainna laxu jahannama la yamutu fiyha va la yahyaa»1. Qur’on oyatlari Sabohiddinni titratib yubordi. U yana duo qildi. Akasiga hidoyat va yana hidoyat tiladi. So‘ng o‘sha ovoz yana pichirladi: «Vallaziyna kafaruu a’maluxum kasarabi biqiy’ati yaxsabuxuz zam’anu maa xatta izaa jaaxu lamyajidxu shay’an va vajadollaxa i’ndaxu favaffaxu xisabixu valloxu sariy’ul xisab. Av kazulumoti fi naxri lujjiyya yag‘shahu mavjun min favqiyxi mavjun min favqiyxi saxabun zulumatun ba’duxa favqa ba’din iza uxraja yadaxu lamyakadu yaraxa va man lam ya’jalilloxu laxu nuran fama laxu min nuriyn».2
Aslida hech kim pichirlamagan, Sabohiddinga deyarli yod bo‘lib ketgan Qur’oni karimning bu oyatlari beixtiyor ravishda xayolini yoritgan edi.
Akasi sahroda adashgan tashna odammi? Sarobni suv deb intilyaptimi? Qoqilyaptimi, yiqilyaptimi, a’zoyi-badanlari tilinyaptimi? Suv deb o‘ylagani sarobga yetib borgach, qiyomatda nimaga erishadi? Ollohning hisob-kitobiga...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:46:19

Sabohiddin sho‘rolarning kuchi nechog‘li ekanini bilmaydi. Ammo maqsadlaridan xabari bor. Salimxo‘ja bilan bu xususda ko‘p bahslashishgan. Akasining gaplariga qaraganda, Salimxo‘ja to‘g‘ri so‘zlagan. Shunday ekan, akasi sarobga intilib yashayapti. Akasi bir-ikki gap bilan yo‘lidan qaytuvchi go‘dak emas. Ammo qachondir boshi devorga borib tegadi. Xudoni g‘azabga keltirgan onida undan marhamat kutish qiyin...
Akasi endi nurdan mahrum etilganmi, umid yo‘qmi? Tubsiz dengiz ostidagi qorong‘u zulmatda qoldimi? Bu dengiz ustini yana katta to‘lqin qoplab olganmi? Zulmat ustiga yana zulmat... Bu ham yetmaganday uning ustini yana bulut bosgan... Bu zulmatlar ostidagi odam Ollohning nurini ko‘ra olarmi ekan? Hatto o‘z qo‘lini ko‘ra olmasa... Nahot shu azoblardagi odam uning akasi?!
Shularni o‘ylagan Sabohiddin beixtiyor pichirladi:
«Najot ber, Robbim, o‘zing hidoyat ber akamga...»
Ertami yo indin Sabohiddin intilib kelgani islom lashkarlari qarorgohiga yetadi. Musulmonlarga omonlik, kofirlarga ofat tilab duolar qiladi. Demak, akasiga ham... ofat tilaydi. Qanday bedodlik o‘zi bu!..
Sabohiddin shularni o‘ylab to‘lg‘anardi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:46:26

* * *

Rhaq biotok oqimlari ma’lum qilgan bu voqeaning quruq bayoni bilangina tanishdi. U faqat Sabohiddinning akasi bilan uchrashganini va ayri-ayri maqsad yo‘lida ajrashganlarinigina biladi. Voqeaning asosiy bayoni bilan u keyinroq, Sabohiddinni Keskanbel qishlog‘idan topgach, tanishadi. Hozircha u uyqudan uyg‘ongan hamrohlari bilan Yerga tushish uchun tayyorlanishi kerak. Ko‘p o‘tmay yassi kemadan olti kichik kemacha ajralib, odam qiyofasiga kirgan tangliklarni Yer sari olib uchadi. Rhaqning kemasi avvalgiday Qizilqum markaziga qo‘nadi. Uning ixtiyorida Yer hisobicha, roppa-rosa bir yil vaqt bor. Shu bir yil ichida u Tang bilan ham, Yerning bo‘lak nuqtalariga tushgan hamrohlari bilan ham aloqa qilmay, mustaqil ish ko‘rishi mumkin. Markazning belgilangan rejasi shunday. Rhaq birinchi galda eski tanishlarini izlab topishi kerak.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:46:38

DEVONA

Rhaq shaharga yaqinlashgach, xaroba devorni ko‘rib ko‘zlariga ishonmay qoldi. Yer vaqti bilan yigirma yildan ziyodroq vaqt ichida ko‘rkamlashish o‘rniga ortga ketgan shaharning manzarasi uni behad ajablantirdi. Rhaq odamlarning yurish-turishiga qarab ko‘p narsa o‘zgarganini sezdi. Shuning uchun hech kim bilan hamsuhbat bo‘lmay, shahar aylandi. Buxoro sirtdan qaralsa, aytarli o‘zgarmagan edi. Lukn tik chiqib tushgan minora ham o‘shandayicha turibdi. Yo‘q, sharafasi sal-pal yemirilibdi. Nimadir urilganga o‘xshaydi. Sabohiddin o‘qigan madrasadan fayz ketgan. Mullavachchalar ko‘rinmaydi. Hujralarga yamoqchilar joylashibdi. Hovuzdagi suv ancha tiniqlashibdi. Atrofga yog‘och so‘rilar qo‘yilgan. Odamlar choy ichib, gurunglashib o‘tirishbdi. Odamlar zohiran osoyishta edilar. Botinan esa hadik va alam yog‘ida qovrilib yashardilar. Kulgu bilan ko‘z yoshlari qorishib ketgan edi. Rhaq ularga yaqinlashib, gurunglariga quloq tutdi: ular o‘zlari haqida emas, Ispaniyaning taqdiri, finlar bilan tuzilgan bitim, Gitlerning maqsadlari haqida, paxta, yangi traktor xususida suhbat qurishardi. Bu gaplarni eshitib Rhaq Salimxo‘jani, uning orzularini esladi. Demak, Salimxo‘ja aytganday bo‘lgan! Rhaq shunday kun kelishini, o‘shandayoq bilgan edi. Darvoqe, Salimxo‘ja bormikin? Amir changalidan omon chiqdimikin? Rhaq o‘rnidan turib, Salimxo‘ja yashagan uyni qoralab ketdi. Shaharning kunbotaridagi jinko‘chaga joylashgan boloxonali uyga yaqinlashib, ochiq eshikdan ichkariga qaradi. Torgina hovli bolalar bilan to‘la. Rhaq yanglishdimmikin, deb o‘ylab orqasiga tisarildi. Yo‘q, o‘sha uy. Faqat eshik peshtoqiga lavha qoqilibdi. «Ibtidoiy maktab...»
U nima qilarini bilmay turganda eshik og‘zida ko‘zoynak taqqan, tepa sochi to‘kilgan bir kishi ko‘rindi. U ro‘dapo chopon kiygan, burni beo‘xshov — katta, quloqlari esa kichkina, bukchayibroq turgan, baland bo‘yli Rhaqqa boshdan-oyoq razm soldi. (Yerdagi eski tanishlar bilan aloqani tiklanishi oson bo‘lsin uchun Rhaq avvalgi genetik kod asosida odam qiyofasiga kirgan edi.)
— Birodari aziz, siz kimni yo‘qlab keldingiz?
Rhaq javobga taraddudlandi. Keyin muddaosini aytdi.
— Asadovmi? — ko‘zoynakli kishining yuzida xavotir uyg‘ondi. — Bilmaysizmi hali?
— Nimani?
— Asadov — xalq dushmani, otishga hukm etilgan,— ko‘zoynakli kishi keyingi so‘zlarni qariyb pichirlab aytdi-da, ko‘chaga chiqishi lozim bo‘lsa ham qaytib ichqariga kirdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:46:46

Rhaq joyida harakatsiz turib qoldi. «Bu odam nimalarni valdiraydi, — deb o‘yladi u, — Asadov xalq dushmani? Asadov otilgan? Axir, Asadov amir zamonidagi bahslarda shunday jamiyatni orzu qilardi, eng odil jamiyat shunday bo‘ladi, deb tortishardi-ku? Hamisha kambag‘alga qayishar edi-ku? Uni nima uchun otdilar, nima uchun xalqning dushmani deyaptilar? Nima uchun nomini tilga olishdan cho‘chiyaptilar? Mana bu odam dilida: «Asadov xalqparvar odam, yashab turgan bu uyini yigirmanchi yilda bolalarga topshirib o‘zi kulbasifat uyga chiqib ketgan, bor mol-mulkini o‘z ixtiyori bilan so‘nggi tangasigacha topshirgan», deyapti. Tilida esa o‘zga gap. Bu nimadan darak beryapti? Luknning bashorati tasdiqlanyaptimi? Tili boshqa, dili boshqa xalq taraqqiyot yo‘liga o‘ta oladimi? Hozir birmuncha ilgarilaganday tuyulyapti. Lekin qo‘rquvga asir bo‘lgan bu odamlar xasdan tiklangan uychani qasr deb faraz qilsalar, yaqin kelajak davrning ayovsiz shamoli bu xaslarni uchirib, uychani vayron qilsa-chi? Bu odamlar jar sari borayotganlarini anglab yeta olarmikinlar? Anglab yetgan onlari vaqt yonib ado bo‘lmasmikin?»
Rhaq shu savollarga javob axtarardi. Uning ongi oliy darajada bo‘lsa-da, hozir javobga ojiz edi. Sahroda suvsab, holdan toygan, o‘lim haq ekaniga ishonayozgan odam ko‘ziga layli sochlarini yoyib olgan majnuntol, uning poyida esa suvga lim-lim to‘lgan hovuz ko‘rinsa, bechoraga g‘oyibdan kuch-quvvat qaytadi. Yer tirnab emaklaydi, necha bor hushdan ketadi, o‘ziga kelib yana tirishib emaklayveradi. So‘ng... o‘sha laylisochli majnuntol, o‘sha suvga lim-lim to‘la hovuz sarob ekanini anglaydi-yu... Rhaq hozir o‘sha tashna odam, o‘sha sarobga qarab borgan bechora ahvolida edi. U umidi darz ketgan holda iziga qayta boshladi. Hovuzga yetmay, o‘ngga burilib, Shoazizning uyini qoralab ketdi.
Eshik ichkaridan tambalangan ekan, Shoazizning o‘zi ochdi. U ancha to‘lishgan, qorin qo‘ygan, ustida oq ko‘ylak, oq shim (Rhaq shaharda yurib, shu kiyimning rasm bo‘lganini sezgan edi), soqol-mo‘ylovini esa qirdirib tashlagan edi. U «Tabib afandi»ni tanisa ham, tanimaganga oldi.
— Keling, ota? — dedi u hadik bilan.
— Sizni bir ko‘rib ketay deb keldim. — Rhaq Shoazizga qattiq tikildi.
— Tanimayroq turibman? — dedi Shoaziz undan ko‘zini olib qochib.
— Men... Tabib afandiman. Uyingizda turar edim...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:46:53

— Tabib afandi? — Shoazizning rangi bo‘zardi-yu, ostona hatlab ko‘chaga chiqdi. Atrofga olazarak qaradi. — Nimaga keldingiz? Sizni birov yubordimi? Chuchvarani xom sanashmasin! Borib ayting: sizni tanimayman. Sizlar bilan hamtovoq bo‘lmaganman. Amir zamonida ham sizdayin afandilarni ko‘rarga ko‘zim yo‘q edi, ha! Mening e’tiqodimni hech kim bukolmaydi. Borib ayting sizni yuborganlarga! — Shoaziz shunday deb jazavaga tushayozdi. Rhaq bu gaplarga e’tibor qilmay qattiq tikilganicha uning fikrini o‘qiy boshladi. Shoaziz battar sarosimaga tushdi: — Menga bunday tikilmang. Jo‘nang! Bu yerda qorangizni ko‘rmayin! — U shunday deb hovlisiga kirdi-da, eshikni shartta yopdi.
Rhaq esa turgan yeridan jilmadi. Bir onning o‘zida Shoaziz vujudida yashiringan haqiqatni bilib oldi. Rhaq o‘sha damlardayoq Shoazizning e’tiqodsiz ekanini bashorat qilgan edi. Agar Yerdan ikki-uch odam olib chiqib ketishga ruxsat berilganda edi, birinchi galda shu Shoazizni mo‘ljallagan bo‘lardi. Rhaq uni dastlab ko‘rgandayoq: «Tangbop odam ekan, olib chiqib ketsam, yerliklar bitta e’tiqodsiz odamdan qutulardi. Buning yaramas odatlari boshqalarga yuqmas edi», deb o‘ylagan edi. Fikri yana to‘g‘ri chiqdi.
U iziga qaytmoqchi bo‘lib besh-olti qadam bos- di-yu, to‘xtadi. Aslida, Rhaqni bu ko‘chaga boshlab kelgan kuch faqat Shoaziz emas, balki Nazirani ko‘rish ishtiyoqi ham edi. Ammo nima uchundir qiz bilan uchrashuvga yuragi dov bermadi. Yerga uchishga tayyorgarlik ko‘rib yurganida yaqinlari bilan bo‘ladigan uchrashuvlarni turlicha tasavvur qilardi. Ayniqsa, Nazirani ko‘rishni.... O‘ylaganlari amalga oshmaydiganga o‘xshaydi. U shu hadik bilan Naziraning eshigidan uzoqlashayotgan edi, ammo ko‘p yurolmadi. Iziga qaytib, ikki tavaqali eshikni taqillatdi. Eshikni yigirma besh yoshlar chamasidagi jikkak yigit ochib, ro‘dapo kiyimdagi notanish odamga ajablanib qarab qoldi, hatto salom berishni ham unutdi.
— Men Zokir akani yo‘qlab kelgan edim, — dedi Rhaq uning ajablanib turganini sezib.
— Zokir aka?
— Ha, bu yerga kelmaganimga ham ko‘p yillar bo‘ldi. Nazira degan qizlari... Shamsi degan o‘g‘illari bor edi...
— E, Zokir otami? U kishi olamdan o‘tganlarida men hali esimni tanimagan edim.
— O‘g‘illari-*chi?
— To‘xtamurod aka... Ibrohimbekka qo‘shilganlari uchun qamalib ketganlar.
— Nazira-chi?!
— Nazira opammi? Mening yangam bo‘ladilar. Akamning oilalari. Hozir Toshkentda turishadi.

Qayd etilgan