— Hujjatingiz bo‘lmasa, ismingiz bordir?
— Ha, bor. Ismim Mirzaqayum. Mirzaqayum To‘xtamirzaev.
— Bo‘pti, qishloqchasiga Mirzavoy, deyaveramiz. Ma’qulmi, ketdik.
Rhaq — Mirzavoyning beulov ekanini bilgan rais tolga bog‘loqliq otlardan birini yechdi.
— O‘zimizning yigitlarniki, minavering. Ular arava-parava qilib boraverishadi, — dedi.
Rhaq ishning oson ko‘chganidan yengil tortib, otning jilovini oldi.
Uzangiga oyoq tirab, egarga qornini berganicha, bir amallab mindi. Avvalgi safar Yerga kelganida uch-to‘rt bor ot mingan bo‘lsa-da, hali chavandozlikning bismillosini ham o‘rganmagan edi. Uning beo‘xshov harakatini kuzatib turgan samovarchi bilan rais o‘zaro ko‘z urishtirib, jilmayib qo‘yishdi.
— Aslida eshakka minishingiz kerak ekan, — dedi rais yo‘lga tushishgach.
— Nimaga?
— Chayqalib ketayotganingizni ko‘rgan kishi bu odam tozza mast, deb o‘ylaydi. Bu ahvolda yiqilib tushishingiz hech gapmas. Eshakka minganingizda, yiqilguday bo‘lsangiz, oyog‘ingiz uzun ekan, yerga tirab turib olardingiz. Eshak oyog‘ingiz ostidan bemalol o‘tib ketaverardi.
Raisning bo‘yga ishora qilib aytgan hazil gapi ma’qul kelib, Rhaq kuldi. Rais sergap emas ekan. Bu Rhaqqa qo‘l kelib, unga ko‘z tikkanicha yashirin fikrlarini o‘qiy boshladi: bu odam bir oz tajang, bir oz o‘jar, qo‘polgina. Achchig‘i kelganda otasini ham ayamaydigan toifadan. Maqtanishni xush ko‘radi. Farosat bobida bir oz g‘arib. Kolxozi ancha badavlat. U kolxozni yana ham boy qilishni istaydi. Shu niyatda kolxozning cho‘pini birovga oldirmaydi. Oqibatda ko‘pning ko‘ziga yomon ko‘rinadi. Ammo o‘zi ham nafsini tiygani uchun unga otilgan tosh borib tegmaydi. Kolxozga manfaati bor, deb ishontirilsa, Quyoshni Yerga olib tushishga, agar zararli ekaniga iqror etilsa, uning yuziga qora bulut torttirishga tayyor odam. Har holda, fikri beqaror bunday rahbardan qo‘rqqulik. «Kompyuterga o‘xshab ketarkan, — deb o‘yladi Rhaq undan nigohini uzmay. — Kompyuter xotirasiga singdirilgan har bir ishni so‘zsiz bajaradi. Bu rais ham shunday. Kolxozni boyitaman, deb odamlarni xonavayron qilishi hech gapmas. Unga to‘g‘ri gapni tushuntirish qiyin. Afsuski, odamlar bir-birlarining fikrlarni o‘qiy olmaydilar. Yo‘qsa, bu odamni raislikka saylashmas edi. Kolxozni sermulohaza, ko‘proq ertani o‘ylaydigan, og‘ir-bosiq odamga topshirishgan bo‘lishardi. Yo‘l qo‘yilayotgan qanchadan-qancha xato yuz bermasdi. Ajab, ongli mavjudot uchun arzimas bir ish — biotok oqimiga asoslangan holda ma’lum masofada turib bir-birining fikrini o‘qiy olmaslik qanchalar dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin-a? Insoniyatning mana shu arzimas ojizligidan qanchalar odam foydalanishi, sirtdan yaxshi ko‘rinib, razil niyatlarini pinhona amalga oshiraverishi ham mumkin.