Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)  ( 69191 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 B


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:27:46

Bu gaplarni eshitib, hazrati Umar (r.a.) yig‘lab yubordilar. Bu qandoq mo‘minki, o‘zi voliy bo‘laturib, boy bir o‘lkaning hukmdori bo‘laturib, o‘zi kambag‘allarcha turmush kechirsa, Baytul-moldan yegulik olishga haddi sig‘masa. U-ku bir voliy ekan, butun Islom olamining xalifasi hazrati Umarning (r.a.) o‘zlari-chi? Uning ham xonadonida uncha-munchaga qozon qaynamaydi, egnidagi xirqasining bir necha yamog‘i bor. Musulmonlikning, mo‘minlikning qismati shundoq. Voliysi ham, xalifasi ham, olimi ham, fozili ham sabr-qanoatda, tamkin-itoatda bir-biridan o‘zishga harakat qiladi.

Hazrati Umar (r.a.) shundan keyin voliyning vakillariga ming dinor berib tayinladilar:
-   Mendan Saidga salom aytinglar. Mana bu pullarni amiral-mo‘minin muhtojlikdan qutilishing uchun berib yubordi, deb aytinglar.

Umar ibn Xattob (r.a.) yuborgan xaltachani vakillar Said ibn Omirga keltirib berishdi. Voliy hayron bo‘lib ochib ko‘rdi. Qarasa, ichi to‘la dinor... Shunda u boshiga og‘ir kulfat tushgan odamday, istirjo aytdi: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un». Xaltachani chetga surdi, kayfiyati buzildi, yuragi siqildi. Oxiri barcha dinorni mayda xaltachalarga solib taqsimladi va hammasini musulmonlarga tarqatib, tinchidi.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:28:11

Amir qochib ketdi

Musulmon olamida bugun bir shodiyona. Ko‘ngillarni quvnatuvchi, dillarni yashnatuvchi bir mujda tarqalib, hammani shod-masrur qilgan. Yarmuk jangida rumliklar tomonida jang qilgan mashhur sarkarda, G’assoniya amiri Jablaxa o‘g‘li Ayxam ana shu urushdan so‘ng musulmon ummatining mardlik-shijoatiga, Islom dinining haq din ekaniga tan berib, Islomni qabul qilgandi. Hijratning 16-yili butun Madina ahli o‘z yoronlari bilan bu yerga kelgan Jablaxani zo‘r shodiyona bilan qarshi oldi. Xalifa hazrati Umar ham Jablaxaning musulmon bo‘lganidan g‘oyat xursand bo‘ldilar. Shu yili Jablaxa haj qilish uchun Makkaga jo‘nab ketdi. Ana shu haj paytida hazrati Umar (r.a.) bilan Jablaxaning oralarini buzib qo‘ygan mana bu voqea sodir bo‘ldi.

Jablaxa hayrat va ixlos ila Masjidul Xaromga kirib bordi. Ming-ming hojilarga qo‘shilib, Ka’bani tavof qila boshladi. Tavof paytida olomon ichida yurganida, bir a’robiy (sahroyi kishi) Jablaxa egnidagi kiyimning etagini bosib oldi. Bundan Jablaxa quturib ketdi. U bir amir, mashhur sarkarda, buning ustiga xalifaning mehmoni bo‘lsa-yu allaqayoqdagi nasl-nasabining tayini ham yo‘q bir sahroyi ehtiyotkorlikni unutib, uning etagini bosib olsa-ya! Jablaxa g‘azabini bosolmay, o‘sha a’robiyning yuziga bir shapaloq qo‘ydi. Bu ham kamlik qilganday, uni haqoratlab jerkib tashladi.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:28:29

Shunda a’robiy adolat izlab, Umar ibn Xattobni (r.a.) topish uchun ketdi. U xalifa hamisha har ishda adl turishini, haq yo‘l uchun hech kimni ayamasligini ko‘p eshitgandi. O’zini haqoratlab, zulm ko‘rsatgan Jablaxaning adabini xalifa yaxshilab berib qo‘yishini ham bilardi.

Hazrati Umar (r.a.) Jablaxani toptirib keldi. Uning ham so‘zini eshitib ko‘rgach, ayb Jablaxaning o‘zida ekanini bilib oldi. Keyin unga yuzlanib: «Yaxshisi, bu odamni rozi qil, bo‘lmasa, sening ham yuzingga uning shapalog‘i tushadi», dedi.

Jablaxa esa taajjubda: «Oddiy sahroyi bilan amirning orasidagi munosabat hali shumi?» - deydi zorlanib. Ammo xalifa yon beradiganlarga o‘xshamadi: «Islom nazdida oddiy halq bilan amir o‘rtasida hech qanday farq yo‘q», deydi hazrati Umar (r.a.).

Oxiri noiloj qolgan Jablaxa xalifadan ertalabgacha muhlat so‘raydi. Xalifaning adolatidan qo‘rqqan Jablaxa yarim tunda butun shon-shavkati bilan Makkadan qochib chiqib ketadi va Qustantaniyadan panoh topadi.

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 14:58:20

YAMOQ KO'YLAKLI HALIFA

Iftixor

Hazrati Umarning (r.a.) xalifalik davrida bir ming to‘rt yuz shahar fath etildi, Vizantiya, Eron, Misr kabi o‘lkalarning xalqi musulmon bo‘lish baxtiga erishdi. Fath etilgan boy yurtlardan butun-butun xazinalar, g‘animat mollar, oltin-kumushlar xalifalik poytaxti -Madinai munavvaraga xuddi sel kabi oqib kelardi.

Ammo Islom olamining ikkinchi xalifasi Umar Xotamun-nabiy Muhammad (s.a.v.) vasiyatlariga amal qilib, kamtarona, faqirlarday turmush kechirar, juda oziga qanoat qilar, ahli baytini ham shunga targ‘ib qilardi. Uning xonadonida oylab qozon osilmas, kiyimlari yirtilib, to‘zib ketguncha yangi bo‘lmas, u zot o‘z ahvollariga odamlarning kulishi, masxara qilishi yoki achinishiga parvo ham qilmasdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 14:59:36

Bir kuni hazrati Umarning (r.a.) o‘g‘li otasiga shikoyat qilib qoldi:
- Otajonim, kiyim-boshim eskib, to‘zib ketdi. Oshnalarim masxara qilib, «Xalifaning o‘g‘li ham shunaqa juldur kiyimda yuradimi?» deb ustimdan kulishyapti. Yana «Otang mo‘minlar amiri bo‘lsa, Baytul-mol xazinasining  kaliti  uning  qo‘lida  bo‘lsa-yu  sening  seryamoq  ko‘ylakda yurishingni  qara,  yo dadang yomon  ko‘radimi?» deyishyapti.   Mana  hayit kelyapti, birorta yangi kiyim olib bering. Xalifa Umar (r.a.) norozi bosh chayqadi:
-   Bo‘lmaydi, o‘g‘lim, yangi kiyim olgani pulimiz yo‘q.
-   Otajon, yaqinda oladigan maoshingiz ustidan pul so‘rab ko‘ring, o‘sha pulni kiyimga berasiz, - dedi o‘g‘il hamon bo‘sh kelmay.

Noiloj qolgan hazrati Umar (r.a.) Baytul-molning xazinaboniga bir xat yozdi. Unda «Kelgusi oyning maoshidan biroz pul berib tur, o‘g‘limga hayitlikka libos olmoqchiman», deb yozilgandi. Maktubni o‘g‘lidan berib yubordi. Uni olgan xazinabon xatni o‘qib ko‘rib, kayfiyati buzildi, boshini sarak-sarak qilib, xalifaning o‘g‘liga shunday dedi:
-   Men pul berolmayman.


Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 14:59:49

-   Nima uchun? O’ maktubga ishonmayapsizmi? - so‘radi yigitcha qizishib.
-   Yo‘q, maktub xalifadan ekanini bilaman. Ammo yana bitta hujjat etishmaydi. Xalifa yanagi oygacha yashashi haqida tilxat bermabdi, - dedi xazinabon.
Hazrati Umarning (r.a.) o‘g‘li bu gapni eshitib, nima deyishini bilmay qoldi. Bo‘shashib, ortiga qaytdi. Uning hech narsasiz kelganini ko‘rgan ota so‘radi:
-   Ha, o‘g‘lim, nima bo‘ldi, pulni ololdingmi?
-   Yo‘q, otajon! Birinchidan xazinabon pulni bermadi va sababini aytdi. Shundan keyin pul olishdan voz kechdim. Ikkinchidan, uning qilig‘idan shunday xulosaga keldimki, siz shu qadar halol, Allohga ishongan millatning xalifasi bo‘lganingizdan har qancha iftixor qilsangiz arzirkan.
-   
Hazrati Umar (r.a.) o‘g‘lining faxr to‘la aytayotgan so‘zlarini eshitarkan, shunday dedi:
-   Xazinabon Umarning fe’lini biladi. Agar senga pul berib yuborganida, tug‘ilganiga pushaymon qildirardim. O’sha zahoti vazifasidan bo‘shatgan bo‘lardim. Sen esa xafa bo‘lma, o‘g‘lim. Alloh nasib etsa, yangi ko‘ylakham kiyib qolarsan.



Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 15:00:05

Kimning chirog‘i?

Bu voqea hazrati Umarning (r.a.) Madinada xalifalik qilib turgan paytlarida sodir bo‘lgandi. Bir kuni u zotning huzuriga makkalik Abdurahmon ibn Avf mehmon bo‘lib keldi. Qorong‘u kecha edi. Hazrati Umar (r.a.) uylarida davlat ishlari bilan mashg‘ul edi. Abdurahmon kirib kelganda, salomlashdi-da, unga joy ko‘rsatib, o‘tirishni va ishlarni tamomlagunlaricha kutib turishni iltimos qildi. Oshnalari xalifaning ishlarni tugatishini sabr bilan kutib turdi.

Nihoyat, hazrati Umar (r.a.) ishlarini tamomlab, yonib turgan chiroqni o‘chirdilar   va  boshqa  bir   chiroqni   yoqa  boshladilar.   Buni  hayrat   va taajjub bilan kuzatib turgan oshnalari bir chiroqni o‘chirib-boshqasini yoqishining sababini so‘radi. Hazrati Umar (r.a.) unga shunday javob qaytardilar:
-   Boyagi o‘chirgan chirog‘imning yog‘i davlat xazinasidan olingandi. Davlat ishlarini qilayotganimda, u yonib tursa, menga halol bo‘lardi. Sen esa mening oshnam bo‘lganing uchun sen bilan qiladigan suhbatimiz o‘zimizga tegishli bo‘ladi. Shu sababli yog‘ini o‘z pulimga sotib olgan ikkinchi chiroqni yoqib qo‘ydim. Davlat molini xususiy ishlarda foydalanilsa,
yorug‘lik o‘rniga qorong‘ulik, ya’ni uyat va insofsizlik bo‘lur edi.


Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 15:00:19

«Yo‘limizdan ayrilma!»

Payg‘ambar alayhissalomdan ibrat olgan sahobai kiromlar kamtarona, odmigina, boriga qanoat qilib yashadilar. Hazrati Umar (r.a.) ham bu sohada qolishmadilar, imkonlari bo‘laturib juda oddiy, faqirona turmushni afzal ko‘rdilar.

Hazrati Umarning qizlari, hazrati Payg‘ambarimizning zavjalari Xafsa onamiz bir kuni juda xafa bo‘lib ketdilar. Sababi, otalari mo‘minlar amiri bo‘lsa, dunyoning hamma joyidan mol-dunyo oqib kelayotgan bo‘lsa, boyiganlar boyib yursa-yu shundoq xalifaning dasturxoni juda g‘arib edi, otalari quruq, bemaza ovqatlar bilan kifoyalanib yuradi. Xafsa onamiz otalariga ta’na qila boshladilar:
-   Otajonim, hayotimiz ancha yaxshilanib qolgan, hammaning o‘ziga yarasha nafaqasi bor. Biroz o‘zingizga qarasangiz, ahvolingizni yaxshilasangiz, o‘zingizga yoqadigan, mazali taomlardan buyursangiz.


Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 15:00:37

Bu gaplarni eshitgan hazrati Umar (r.a.) tutoqib ketdilar:
-   Hoy, menga qara, shu gaplarni Payg‘ambar alayhissalomning xotini gapiryaptimi? Axir sen u zotning qanday yashaganlarini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilasan-ku! Nega endi menga boshqacharoq yashashni taklif qilasan? Bilib qo‘y, men aslo Rasuli akramning (s.a.v.) yo‘llaridan,
sunnatlaridan chiqmayman!

Xafsa binti Umar otalariga endi gap uqtirib, ko‘ndirib bo‘lmasligini anglab, jim bo‘lib qoldilar. Chunki bundan avvalroq ham ikkovlarining o‘rtalarida xuddi shu sohada ko‘ngilsiz gap-so‘zlar o‘tgandi.

O’sha kuni Xafsa onamiz otalarining ziyoratiga kelgandi. Hol-ahvol so‘rashildi, yig‘ilgan gaplar gaplashildi. Shunda Xafsa roziyallohu anho gap orasida otasiga shunday deb qoldi:
-   Otajonim, bugun xirqa (kiyim)ngizda o‘n ikkita yamoq sanadim. Bu eski kiyimni biror faqirga berib, yangisini sotib olsangiz bo‘lmaydimi? Axir Islom olamining xalifasisiz, oldingizga uzoq-yaqindan turli mehmonlar kelib turadi.

Qayd etilgan


Munira xonim  12 Oktyabr 2006, 15:00:50

Hazrati Umar (r.a.) qizining kuyunib aytayotgan so‘zlarini eshitib turdi-da, miyig‘ida bir kulib qo‘ydi:
-   Ey mening suyukli qizim! Mana sen Rasuli akramning oilasi bo‘lishga musharraf eding, u zotga bizdan ham yaqin eding. Rasuli akramning bu o‘tkinchi dunyoga qanchalik qiymat berganlarini, bu foniy dunyoni nechog‘li xaqir ko‘rganlarini, «Mahshar kuni men va Abu Bakr bilan bo‘lishni  istasang, yo‘limizdan ayrilma!» deb buyurganlarini nahotki tushunmasang?! Oxiratda Allohga hisob berish kerakligi uchun ushbu yamoqli kiyimni kiyib yurganim ma’qul.


Qayd etilgan