Ammo badbaxt Lu’lua nima qilib bo‘lsayam hazrati Umarni o‘ldirishga qasd qilgandi. O’sha kuni kechqurun bir xanjar topdi, uni yaxshilab charxladi, o‘tkir og‘u bilan zaharlab tayyorlab qo‘ydi. U tong oqarmay turib, hazrati Umarning bomdod o‘qish uchun masjidga kelishlarini poylab turdi.
Xalifa namozga juda erta kelardi, shuning uchun masjidda qavm hali to‘la to‘planmagan edi. Qul masjid ichigi kirib yashirindi. Qo‘lidagi xanjarni shay qilib, yuragi duk-duk urib, hazrati Umarning namoz boshlashlarini kutib turdi. Chunki u xalifaning har qanday holatda ham namozni buzmasligini eshitgandi.
Mana, xalifa mehrobga o‘tdi. Ikki qo‘lini quloqlariga yaqinlashtirib, «Alloh akbar», dedi. Ortda turganlar ham guvranib qo‘shilishdi. Xalifa qiroatni boshladi. Hamma churq etmay, some’ bo‘lgan, pashsha uchsa, eshitilguday sukunat hukmron edi. Suiqasd uchun bundan ortiq imkoniyat bormi? Abu Lu’lua xanjarini mahkam changallaganicha, bekingan joyidan chiqib, mehrobga qarab yurdi. Hech narsadan bexabar holda Allohning kalomini qiroat qilayotgan xalifaga yaqinlashib, uning bo‘yni, yelkasi aralash olti yeriga xanjarini jon-jahdi bilan sanchib, botirib oldi. Xalifaning yonida Amr ibn Maymun va Abdulloh ibn Abbos turishgandi. Hazrati Umar (r.a.) ruku’ga ketdilar-da, birdan «Uh, meni o‘ldirdi, ushlanglar», deya qichqirib yubordilar. Abu Lu’lua hazrati Umarning bir necha joylariga xanjar urishga ulgurgan edi. Hazrati Umarning xitoblaridan so‘ng u namozxonlar orasidan otilib chiqdi-da, o‘ngu-so‘lida uchragan har bir odamga xanjar ura boshladi. Shu tariqa bir pasda u o‘n uch kishini jarohatladi, ulardan yetti kishi o‘ldi.