Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)  ( 69200 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 13 B


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:20:47

Hovuz bo‘yida

Bir kuni Rasuli akram (s.a.v.) shunday deb qoldilar: «Men tushimda ko‘rsam, bir quduq bo‘yida turibman. Undan chelakda suv olib, odamlarga ichirayotgan ekanman. Shu asnoda oldimizga Ibn Abu Qahofa (ya’ni, Abu Bakr) kelib qoldi. U menga dam bermoq niyatida qo‘limdan chelakni oldi-da, hovuzdan bir-ikki bor suv tortdi. Ammo suv kamroq chiqdi. Alloh taolo uni mag‘firat qilsin! Keyin Umar ibn Xattob kelib qoldi. U Abu Bakrning qo‘lidan chelakni olib, hovuzga tashladi. U baquvvat va mohir bo‘lgani uchun shu qadar ko‘p suv tortib chiqardiki, hatto odamlar suvni to‘ygunlaricha ichib, batamom qonishdi. Hovuz suvi esa kamayishi o‘rniga tobora ko‘payib borardi. Hatto odamlar quduq atrofiga tuyalari uchun qo‘ralar ham qurishdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:21:42

Qay biri mahbubroq?

Kunlarning birida janob Rasululloh (s.a.v.) Amr Ibn Osni qo‘shinga qo‘mondon qilib, Zotus-Salosilga yuboradigan bo‘ldilar. Safar oldidan ikkovlari biroz suhbatlashib qolishdi. Amr Ibn Os Sarvari olamdan (s.a.v.) so‘rab qoldi:
-   Ey Allohning rasuli, qo‘shinda Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo bo‘laturib, meni bosh qilib tayinladingiz. Bu odamlardan qay biri siz uchun mahbubroq?
-   Oishaning otasi Abu Bakr, - dedilar Sarvari olam (s.a.v.).
-   U kishidan keyin-chi? - yana so‘radi Amr Ibn Os.
-   So‘ng Umar ibn Xattob, - dedilar va u zot hazrati Umardan so‘ng yana bir necha kishining nomini sanab o‘tdilar.


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:22:05

Jannat bashorati

Ulug‘ sahobiylardan Abu Muso al-Ash’ariy uylarida tahorat olib, ko‘chaga chiqdilar. U kishining niyati Rasulullohga (s.a.v.) chin dildan komil ixlos bilan xizmat qilish, kunlarini u zot bilan birga o‘tkazish edi. Abu Muso yaqindagi masjidga borib, Rasuli akramni (s.a.v.) so‘radi. Masjiddagilar: «Hozirgina bu yerdan chiqib, hov anavi tarafga ketdilar», deyishdi.

Sahobiy ular ko‘rsatgan tomonga bordilar. Axtara-axtara surishtirsalar, Bi’ru Arisga, ya’ni sahnida qudug‘i bo‘lgan bir boqqa kirib ketgan ekanlar. Payg‘ambar alayhissalom toki tahorat olib, poklanib bo‘lgunlaricha, Abu Muso bog‘ning xurmo shoxlaridan yasalgan eshigi oldida sabr bilan kutib turdi. Keyin u zot turgan joyga bordi. Qarasalar, Payg‘ambar alayhissalom quduq taxtasining o‘rtasida izorlarini shimarib, oyoqlarini quduq ichiga osiltirib o‘tiribdilar. Sahobiy u zotning qoshlariga borib, salom berdilar. Rasuli akram (s.a.v.) alik oldilar-da, yana indamay xayolga berildilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:22:33

Abu Muso yana eshik oldiga borib o‘tirdi. «Bugun bir eshikbonlik qilib, Payg‘ambar alayhissalomni xushnud etayin», deb dildan o‘tkazdi. Shu asnoda Abu Bakr Siddiq (r.a.) kelib, eshikni taqillatdilar. Abu Muso:
-   Kim? - dedi.
-   Men Abu Bakrman.
-   Shoshmay turing, men janobi Rasulullohdan so‘rab kelay, - deb u zotning huzurlariga ketdi va Abu Bakr kelib, ichkariga kirmoqqa izn so‘rayotganini izhor etdi. Shunda u zot:
-   Ijozat ber va jannati ekanliklarini aytib, xushnud qil! - dedilar.

Abu   Bakr   (r.a.)   boqqa   kirib,   Rasulullohning   (s.a.v.)   huzurlariga
bordilar. Salomlashishgach, Abu Bakr (r.a.) ham izorlarini Payg‘ambar alayhissalom kabi shimarib, u zotning o‘ng tomonlarida quduqning ichiga oyoqlarini osiltirib o‘tirdilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:22:54

Abu Muso yana eshik yoniga qaytib keldi. Boya ko‘chaga chiqayotib, birodari Abu Burdaga «Tahorat olib, ortimdan yetib bor», deb tayinlab kelgandi. Shuning uchun Alloh taolo birodariga yaxshilikni ravo ko‘rgan bo‘lsa, bu yerga yetib kelib, Rasuli akram (s.a.v.) suhbatlaridan bahramand bo‘lishini orzu qilib o‘tirgandi. Shu payt eshik taqillab qoldi. Abu Muso shoshilib so‘radi:
-   Kim bu?
-   Umar ibn Xattobman, - degan ovoz keldi.
-   Biroz kutib tursangiz, - dedi o‘tinch ohangida Abu Muso. - Men ijozat so‘rab kelay.
U Rasulullohning (s.a.v.) qoshlariga borib, salom berdi va Umar ibn Xattob kelib, ichkariga kirish uchun ruxsat so‘rayotganini ma’lum qildi. U zot:
-   Ijozat ber va jannati ekanini aytib, xushnud qil, - dedilar. Abu Muso shoshqich eshik oldiga borib, Umar ibn Xattobga (r.a.) xitob qildi:
-   Kiring, janobi Rasululloh sizning jannati ekaningizni bashorat qildilar.


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:23:16

Xuddi shu taxlitda hazrati Umar (r.a.) ham boqqa kirib keldilar va janobi Rasulullohning (s.a.v.) chap yonlariga borib, oyoqlarini quduq ichiga osiltirib o‘tirdilar.

Birozdan so‘ng Usmon ibn Affon (r.a.) ham boqqa keldilar va jannatga kirishi bashorati bilan kutib olindilar. Faqat hazrati Usmon (r.a.) quduq labidagi taxtada joy qolmagani uchun quduqning janobi Rasulullohga (s.a.v.) qarama-qarshi tarafiga borib joylashdilar.

Sa’id ibn al-Musayyib bu voqeani, ya’ni janob Rasuli akramning (s.a.v.) o‘ng tomonlarida Abu Bakr Siddiq, chap tomonlarida Umar ibn Xattob, oyoq tomonlarida Usmon roziyallohu anhuning o‘tirganlarini ularning qabrlari keyinchalik qay tartibda joylashganiga yo‘ygan ekanlar.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:23:39

Ikki shahid

Bir kuni Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining eng sodiq sahobalaridan Abu Bakr, Umar, Usmon roziyallohu anhumlar bilan Uxud tog‘iga chiqdilar. Shunda hatto ongsiz, zabonsiz tog‘ ham azboroyi xursand bo‘lganidan titrab ketdi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom uni tinchlantirdilar: «Ey Hud, tek tur, chunki payg‘ambar va hamisha rostgo‘y (Abu Bakr) hamda ikki shahid (Umar va Usmon) ustingdadir», dedilar. Darhaqiqat, Abu Bakr Siddiq har qanday sharoitda ham biror marta yolg‘on so‘z aytmadilar, ikki xalifa Umar ibn Xattob va Usmon ibn Affon din dushmanlari qo‘lida shahid bo‘lishdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:24:06

MO’MINLAR AMIRI

«Allohdan qo‘rq!»

Umar ibn Xattob (r.a.) chinakamiga mo‘minlarning amiri, odil va foruq xalifasi edi. Hazrati Umar (r.a.) o‘z oilasi va bolalari uchun ovqat va unni o‘zi orqalab tashidi. Xalifa o‘z qo‘li bilan ovqat pishirib, yetimlarga tarqatdi. U Allohdan qo‘rqardi, hamisha Allohning rizoligini istardi, Allohga maqbul ishlarni qilishga intilardi. «Dajla qirg‘og‘ida bir cho‘ponning qo‘zisini bo‘ri olib qochsa, Alloh xalifa Umardan so‘raydi», deb ko‘z yoshini to‘kardi. Bir gal otda ketayotib o‘ziga-o‘zi: «O’ Umar, Allohdan qo‘rq!» dedi va shu zahoti otdan tushib, boshini yerga qo‘yib, sajda qildi va ovozi bo‘g‘ilgan holda «Umar kimki, Allohdan qo‘rqmasin!» deya nola qildi. U har ishda odillik qilardi, nochor, mazlum, ojiz kishilarning himoyachisi edi. Hatto, bir gal bir voliyga shahodatnoma berib, viloyatga rahbar qilib jo‘natayotib, suhbat chog‘ida uning o‘z farzandlarini biror marta quchog‘iga olib erkalamaganini bilib qolgach, shahodatini yirtib tashlab, quvib chiqargan ham shu hazrati Umar (r.a.) edi. U kishining yana bir odatlari bor edi. Har kuni qosh qoraygach, o‘zidan-o‘zi: «Ayt-chi, ey Umar, bugun Alloh yo‘lida nima ish qilding?» deb so‘rardi.


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:24:45

«Men ham kechirdim»

Hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifalik yillarida adolat bilan ish tutganlari, ayniqsa, faqir, nochor, mazlum kishilarga jon fido qilganliklari tillarda doston bo‘lib ketgan. U kishining xalifalik
yillarida bir odam janjalkash, shaddod xotinining janjallariyu baqir-chaqirlaridan to‘yib, xalifaga shikoyatga keldi. U Umarning (r.a) eshiklari oldiga kelib, endi chaqirmoqchi bo‘lib tursa, ichkaridan ayol kishining qattiq-qattiq gapirgani eshitildi. Boyagi kishi hayron bo‘lib qoldi, quloqlariga  ishonmadi. Nahotki, xalifaning xotini baqir-chaqir qilayotgan bo‘lsa? Astoydil quloq solsa, xalifaning xonimi Ummu Gulsum eri hazrati Umarga qattiq gapirmoqda. Xalifadan esa sado chiqmasdi.

Xotinidan shikoyatga kelgan odam o‘ziga- o‘zi shunday dedi:
-   Men xotinimning janjallaridan, uning yomon fe’lidan, menga nisbatan hurmatsizligidan xalifaga arz-dod qilib kelgandim. Bu qanday bedodlikki, mening boshimdagi g‘am-alam xalifaning boshida ham bor ekan. Yaxshisi, bu yerdan tinchgina ketaqolay!

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:24:59

U qaytib ketayotgan edi, Umar (r.a.) uni ko‘rib qoldilar:
-   Nega kelding-u endi nega ketyapsan? - dedilar.
-   Sizga xotinimdan shikoyat qilib kelgandim. Qarasam, bu dard, bu tashvish sizning boshingizda ham bor ekan. Shuning uchun shikoyat qilishdan kechib, qaytib ketayotgan edim, - dedi arzga kelgan kishi.
-   Agar gap shundoq bo‘lsa, endi menga yaxshilab quloq sol, - dedilar xalifa. - Oiladagi ayollarimizning bizga sabr-qanoat, toqat bilan qilgan xizmatlari ham, ayni paytda erning zimmasida uning haqlari ham bor. Xotinim jahannam otashi bilan mening o‘rtamda bir parda-to‘siqdir. Ko‘nglim u bilan rohat topadi, haromga boqmayman, chunki u menga xotinlik vazifasini qiladi. U uyim va mulkimning qo‘riqlovchi muhofizidir, uydan chiqsam, u uydagi mol-mulkimni saqlab, bekalik vazifasini bajaradi. Kiyimlarimni yuvib-tozalaydi, uyning boshqa yumushlarini bajaradi, hamma yoqni orasta tutadi, bolalarni yuvib-tarab, yedirib-ichiradi, tarbiya qiladi. U mening ovqatimni pishirib, oldimga qo‘yadi, boshqa yumushlarimni qiladi. Shuncha xizmatlarni o‘rniga qo‘yib bajarib, biror marta ham minnat qilmaydi, zorlanmaydi.

Boyagi odam hazrati Umarning bu nasihatlarini eshitgach:
-   Sizga qilinadigan bu xizmatlar menga ham qilinadi. Sizki
ayolingizni xush ko‘rib, ba’zi qusur-kamchiliklarini kechirganingizdan
keyin men ham xotinimning qusurlarini kechirdim, - dedi.


Qayd etilgan