So‘ng Umar ibn Nabota ketdilar. Biz ham qaytdik. Men Bag‘dodga keldim, Imom Shofe’iy ham Iroqda ekanlar. Namozga tahorat olish uchun daryo labida o‘tirsam, bir odam oldimdan o‘tib menga: «Ey yigit, tahoratingni chiroyli qil, Alloh taolo dunyo va oxiratingni chiroyli qiladi», dedilar. O‘girilib qarasam, menga gapirgan odamning orqasidan bir jamoat ergashib ketyapti. Tezda tahoratimni olib, orqalaridan ergashdim. U kishi o‘girilib: «Menda ishing bormi?» deb so‘radilar. Men: «Ha, Alloh sizga bildirgan narsadan menga biror narsa o‘rgating», dedim. Shunda u kishi: «Bilginki, kim Alloh taoloni haq deb hisoblasa, u Alloh azobidan qutulibdi, kimki diniga ehtiyot bo‘lsa, halokatdan omon qolibdi va kimki bu dunyoda zohid bo‘lsa, ertaga Alloh taoloning bergan savoblarini ko‘rib, ikki ko‘zi quvnaydi», dedilar. So‘ng: «Ziyoda qilaveraymi?» deb so‘radilar. Men: «Ha», dedim. U kishi: «Kimda uch xislat bo‘lsa, iymonini mukammal qilibdi: amri ma’ruf qilib, o‘zida tadbiq etsa, yomonlikdan qaytarib, o‘zi ham qaytsa va Alloh taoloning hududlarida o‘zini sotmasa», dedilar. So‘ng yana: «Ziyoda qilaveraymi?» deb so‘radilar. Men «Ha, ziyoda qilavering», dedim. U kishi: «Sen dunyodan yuz o‘girib, oxiratga qiziquvchi bo‘l va oshkorayu maxfiy ishlaringda Allohni rost bil, shunda najot topganlar bilan birga sen ham najot topasan», dedilar. So‘ng ketdilar. Men u kishining kimligini so‘radim. Odamlar: «Imom Shofe’iy», deyishdi».
U zot Qur’oni karimni eshitganlarida hushlaridan ketib qolganlariga, qilgan pand-nasihatlariga e’tibor ber, bular u kishining zuhdlari va Allohdan xavflari qanday bo‘lganiga dalolat qilmoqda.
Ushbu xavf va zuhd faqat nomi ulug‘ va aziz bo‘lgan Allohni tanish tufayli hosil bo‘ladi. Albatta, bu gap «Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlarigina qo‘rqur», degan oyati karimaga muvofiqdir.