Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157247 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 31 B


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:35:41

Endi, keyingilarning u kishidagi mazkur besh xislatdan faqat bittasiga ergashayotganiga qara. Hatto shu xislatga ham teskari ish tutmoqdalar. Shuning uchun Abu Savr (r.a.): «Men va boshqalar Imom Shofe’iydek (r.a.) kimsani ko‘rmadik», deganlar. Ahmad ibn Hanbal (r.a.): «Men qirq yildan buyon namozda Imom Shofe’iyning haqlariga duo qilaman», deydilar.

Sen duo qiluvchilarning insofiga nazar tashla va ushbu zotlarga ergashganlarini da’vo qilaturib, bir-birlarining nuqsonlarini o‘rganish uchun o‘rtalarida gina va adovat paydo etayotgan hozirgi ulamolarga qara. Ahmad ibn Hanbal Shofe’iyning (r.a.) haqlariga ko‘p duo qilganlaridan, o‘g‘illari u kishiga: «Shofe’iy qanday odamki, siz bunchalik uni ko‘p duo qilasiz?» deydi. Shunda Ahmad ibn Hanbal: «Ey o‘g‘lim, Shofe’iy (r.a.) dunyo uchun quyosh, odamlar uchun esa ofiyat beruvchi edi», deb javob berganlar. Yana u zot (r.a.): «Kimki qo‘liga siyohdon tutgan bo‘lsa, uning bo‘ynida Imom Shofe’iyning haqqi bor», der edilar. Yahyo ibn Said Hatton (r.a.): «Alloh taolo Shofe’iyga (r.a.) ilm eshigini ochib, ilmda haqqi rost qilgani uchun men qirq yildan beri o‘qiyotgan namozimda u kishini duo qilaman», deganlar.

Biz u kishining hayotlari haqida shu yozilganlar bilan kifoyalanamiz. Aslida, u zotning fazilatlari yozish bilan tugamaydi. Ushbu xabarlarning aksari Shayx ibn Nasr ibn Ibrohim Maqdisiyning (r.a) Imom Shofe’iy (r.a.) haqlarida yozgan kitoblaridan olindi.

Alloh u zotdan va barcha musulmonlardan rozi bo‘lsin.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:35:49

Imom Molik rahmatullohi alayh

Bu zot ham mazkur besh xislat bilan ziynatlangan edilar.

U zotdan bir kuni: «Ey Molik, ilm tolibi haqida nima deysiz?»  deb so‘rashdi. «Yaxshi, chiroyli hamda erta tongdan to kechga qadar senga kerak bo‘ladiganini o‘rgan», deb javob berdilar.

U kishi din ilmini o‘ta ehtirom qilardilar. Hatto hadis aytmoqchi bo‘lsalar, tahorat qilib, to‘shak ustiga o‘tirib, soqollarini tarab, xushbo‘yliklar sepib, o‘rinlariga viqor va haybat bilan o‘rnashib, so‘ng aytar edilar. «Nega unday qilasiz?» deb so‘rashganda, u zot: «Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) so‘zlarini ehtirom qilishni yaxshi ko‘raman», deganlar.

Imom Molik (r.a.) aytadilar: «Ilm nurdir. Alloh u nurni xohlaganiga beradi. U nur ko‘p hadis rivoyat qilishga bog‘liq emas». Bu ehtirom va ta’zim Alloh taoloning ulug‘ligini juda yaxshi taniganlariga dalolat qiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:35:57

Ilm tufayli Alloh taoloning rizosini iroda qilishlariga u kishining: «Din haqida bahs-jadal hech narsa emas» (ya’ni, insonga hech qanday naf bermaydi), degan so‘zlari dalolat qiladi. Yana, Imom Shofe’iyning: «Molikdan qirq sakkizta savol so‘raganimda, o‘ttiz ikkitasiga «bilmayman», deb javob berdi», degan gaplari ham dalolatdir.

Kim ilmi bilan Alloh taoloning rizosidan boshqa narsani xohlasa, uning nafsi «bilmayman» degan iqrorni aytishga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham Imom Shofe’iy (r.a.): «Agar ulamolar zikr qilinsa, ular ichida Molik uchar yulduzdir. Men uchun Molikdan ko‘ra ishonchliroq odam yo‘q», deganlar.

Rivoyat qilishlaricha, Xalifa Abu Ja’far Mansur Imom Molikka «xotinini majburlab taloq qilish» haqidagi hadisni aytishni man’ qildi. So‘ng ortlaridan ushbu hadisni so‘rash uchun xufya odam yubordi. O‘sha odam so‘ragan edi, bir to‘p odamlar ichida: «Majburlangan odamning qilgan talog‘i taloq hisoblanmaydi», deb javob berdilar. Shundan so‘ng Xalifa u zotga darra urdirdi, lekin u zot o‘sha hadisni rivoyat qilishni tark etmadilar.

Imom Molik (r.a.) aytadilar: «Kishi yolg‘on gapirmasa, so‘zi rost bo‘lsa, Alloh taolo uning aqlini foydali qilib qo‘yadi va qariganda ham uni ofat va aql xastaligidan asraydi».

U kishining dunyodagi zuhdlariga quyidagi rivoyat dalolat qiladi:

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:36:10

Amirul mo‘minin Mahdiy  u kishidan: «Hovlingiz bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Yo‘q, lekin sizga hovli haqida bir hadis aytib beraman. Men Rabi’a ibn Abu Abdurahmonning: «Kishining nasabi uning hovlisidir», deganini eshitganman», deb javob berdilar. Horun ar-Rashid u kishidan: «Uy-joyingiz bormi?» deb so‘radi. «Yo‘q», dedilar. Shunda Xalifa uch ming dinor berib, uy sotib oling, dedi. Imom Molik pulni oldilar, lekin uni ishlatmadilar. Horun ar-Rashid hajdan qaytayotganida Imom Molikka: «Siz biz bilan ketmog‘ingiz lozim. Chunki Hazrati Usmon (r.a.) odamlarni bir Qur’onga to‘plaganlari kabi, men ham odamlarni «Muvatto»ga to‘plashga qasd qildim», dedi. Shunda Imom Molik Xalifaga: «Odamlarni «Muvatto»ga to‘plashga yo‘l yo‘q. Chunki Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) so‘ng u zotning sahobalari turli diyorlarga tarqalib ketgan, u yerlarda hadis aytganlar. Har bir shaharning olimi bor. Binobarin, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ummatimning ixtilofi rahmatdir», deganlar.74 Siz bilan ketishga ham yo‘l yo‘q. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Agar bilsalar, Madina ular uchun yaxshidir», deganlar.75 Va yana: «Bosqon temirning zangini ketkizganidek, Madina ham odamlar gunohini ketkizadi», deganlar.76 Mana, sizning dinorlaringiz, shundayligicha turibdi, xohlang oling, xohlang olmang. Siz bergan narsangiz evaziga Madinadan ajrashni taklif qilyapsiz. Lekin men butun dunyoni Madinaga almashtirmayman», dedilar. Imom Molikning dunyodagi zuhdlari mana shunday edi. Turli tomondan kelgan molk-mulklarni yaxshilik yo‘lida tarqatib yuborar edilar. U kishining saxovatpeshaliklari dunyoga muhabbatlari ozligi va zuhdlari yuksakligiga dalolat qiladi. Zohidlik mol-mulkni yo‘q qilish emas, balki unga muhabbat qo‘yishdan forig‘ bo‘lishdir. Inchinun, Sulaymon (a.s.) ham o‘z mulkida zohidlardan edilar. Imom Molik dunyoni xaqir sanaganlar. Imom Shofe’iy (r.a.) aytadilar: «Men Imom Molikning eshiklarida Xurosonning zotdor, chopqir otini va Misrning chiroyli xachirini ko‘rdim. Shunda Imom Molikka: «Muncha chiroyli», dedim. U kishi: «U senga mendan hadya bo‘lsin, ey Abu Abdulloh», dedilar. Men: «O‘zingizga qolsin, kerakli ulov», dedim. Shunda u kishi: «Men Allohning payg‘ambari (sollallohu alayhi vasallam) yotgan tuproqni ulov tuyoqlari bilan bosishga Alloh taolodan uyalaman», dedilar»


74. Hadis.
75. Muttafaqun alayh.
76. Muttafaqun alayh.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:37:20

U kishining saxovatlariga nazar tashla, zero, Madinaning tuprog‘ini e’zozlaganlaridan mollarini birdan hadya  qilib yubordilar.

Ilmlari bilan Alloh taolo rizosini iroda qilganlari va dunyoni haqir sanaganlariga quyidagi rivoyat dalolat qiladi. U kishi aytadilar: «Men Horun ar-Rashid huzuriga kirsam, u: «Ey Abu Abdulloh, biznikiga tez-tez kelib turing, farzandlarimiz sizdan «Muvatto»ni eshitib turishsin», dedi. Men: «Mavloyimiz Amirul mo‘mininni Alloh taolo aziz qilsin. Bu ilm (asli) sizlardan (ya’ni, qurashiylardan) tarqalgan. Agar sizlar uni e’zozlasangiz, u aziz bo‘ladi, agar uni xorlasangiz, xor bo‘ladi. Ilmning huzuriga kelinadi, ammo ilm birovning huzuriga bormaydi», dedim. Shunda Xalifa: «To‘g‘ri so‘zladingiz», dedi va farzandlariga: «Masjidga chiqinglar, odamlar bilan birga (Imom Molikning darsini) eshitinglar», deb buyurdi».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:37:29

Imom Abu Hanifa hazratlari

Bu muborak zot (r.a.) ham obid, zohid, orif, taqvodor, ilmi bilan Alloh taoloning rizosini istagan zot edilar.

U zotning obidliklari ushbu rivoyatlardan ham bilinadi. Ibn Muborak aytadilar: «Abu Hanifa (r.a.) muruvvatli edi, ko‘p namoz o‘qirdi».

Hammod ibn Abu Sulaymon: «Abu Hanifa (r.a.) kechaning hammasini bedor o‘tkazar edilar», deb naql qilgan.

Rivoyat qilinishicha, Imom A’zam avvalida kechaning yarmini bedor o‘tkazganlar. Bir kun yo‘lda ketayotsalar, bir odam sherigiga u kishini ishora qilib: «Bu odam kechaning hammasini bedor o‘tkazadi», debdi. Shundan keyin u zot: «Ibodatda o‘zimda yo‘q narsa bilan vasf etilishdan Alloh taolodan hayo qilaman» deb kechaning hammasini bedor o‘tkazganlar.

U kishining zohidliklari haqida Robi’ ibn Osimdan rivoyat etiladi: «Yazid ibn Umar ibn Hurayra u kishining Baytulmolga hokim bo‘lishlarini istab, meni u kishining huzurlariga yubordi. Kelib aytsam, u kishi rozi bo‘lmadilar. So‘ng Yazid Abu Hanifani yigirma darra urdirdi».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:37:37

U zotning rahbarlikdan tiyilishlariga va azobni ko‘tarishlariga nazar tashla.

Hakam ibn Hishom Saqafiy aytadi: «Menga Shomda Abu Hanifa (r.a.) haqlarida aytib berishdi. U kishi omonatdorlikda odamlarning eng buyugidir. Sulton u kishiga davlat g‘aznasiga hokim bo‘lishni, yo‘qsa, gardanlariga darra urishini aytganida, Alloh taoloning azobidan sultonning azobini afzal ko‘rdilar».

Ibn Muborak (r.a.) huzurida Abu Hanifa (r.a.) zikr etilganida, «Dinidan qo‘rqib, undan qochgan odamni aytyapsizlarmi?» deganlari rivoyat qilinadi.

Muhammad Shujo’ ayrim do‘stlaridan rivoyat qiladi: «Imom Abu Hanifaga: «Amirul mo‘minin Abu Ja’far Mansur sizga o‘n ming dirham berishni buyurdi», deyishganida, Abu Hanifa (pulni olishga) rozi bo‘lmadilar. Pul olib kelinadigan kun u zot subh namozini o‘qidilar, so‘ng (hech kim bilan gaplashmay) kiyimlariga o‘ranib oldilar. So‘ngra elchi Hasan Qahtaba pulni olib kelib, huzurlariga kirdi, lekin u bilan gaplashmadilar. U kishining huzurlaridagilardan biri: «O‘zi biz bilan ham onda-sonda gaplashadilar», dedi. Shunda elchi: «Mana bu pullarni xaltachaga solib, uyning bir chekkasiga qo‘yib qo‘yinglar», dedi. Keyin Abu Hanifa (r.a.) o‘g‘illariga uydagi mol-mulklari xususida vasiyat qilar ekanlar: «Men o‘lsam, meni dafn qilganing zahoti bu o‘n ming dirhamni Hasan Qahtabaga olib borib ber va Abu Hanifaga qoldirib ketgan omonatingizni oling», deb ayt», dedilar. O‘g‘illari (Hammod): «Men otam aytganlarini bajardim. Shunda Hasan: "Alloh otangizni rahmat qilsin, u kishi dinlariga juda xasis edilar», dedi».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:37:45

Rivoyat qilinishicha, u kishi qozilik mansabiga taklif qilinganlarida: «Men bu vazifaga loyiq emasman», dedilar. Yolg‘on aytyapsiz, degandek, «Nima uchun?» deyishdi. Shunda u kishi: «Agar rostgo‘y bo‘lsam, haqiqatdan qozilikka yaramayman. Agar (sizlar o‘ylayotgandek) yolg‘on so‘zlayotgan bo‘lsam, yolg‘onchi qozilikka yaramaydi», dedilar.

U kishining oxirat yo‘lini, din ishlarini va Alloh taoloni tanishlariga dunyodagi zuhdlar va Alloh taolodan qattiq qo‘rqishlari dalolat qiladi.

Ibn Jurayj (r.a.): «Menga sizlarning Kufangizdagi No‘’mon ibn Sobitning Alloh taolodan qattiq qo‘rquvchi ekani xabari keldi», deganlar.

Sharik an-Naxa’iy (r.a.): «Abu Hanifa (r.a.) uzoq sukunatli, doimiy tafakkurda bo‘lgan va odamlar bilan kam so‘zlashuvchi kishi edi», deganlar. Ushbu sifatlar u kishining botiniy ilmiga va din hikmatlari bilan mashg‘ul bo‘lganlariga ravshan alomatdir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:37:53

Kimga sokinlik va zuhd berilgan bo‘lsa, demak unga ilmning barchasi berilibdi. Ushbu aytilganlar uch buyuk imomning holatlaridan bir parchadir.

Ammo Imom Ahmad ibn Hanbal va Sufyon Savriyga (r.a.) ergashuvchilar u uch imomga ergashuvchilardan ozdir. Sufyonning tobe’lari Ahmad ibn Hanbalnikidan ham ozroq. Lekin u ikkovlarining taqvo va zuhd bilan mashhurliklari barchaga ma’lum. Bu kitob u ikki zotning so‘zlari va amallari hikoyasiga  to‘la. Shuning uchun hozir buni yoritib o‘tirishga hojat yo‘q. Endi sen uch imomning siyratiga boq, ularning holatlari, so‘zlari va dunyodan yuz o‘girib, qilgan ishlarini, Alloh taolo uchun har narsadan o‘zlarini xalos  etganlarini taammul qil.

Fiqhning far’iy juz’lari bo‘lgan salam, ijara, zihor, iylo’, li’on ilmlarini bilishning o‘zigina beradimi yoki undan oliyroq va sharafliroq boshqa ilmmi?! Sen ushbu imomlarga iqtido qilganlik da’vosidagilarga nazar tashla, ular da’volarida sodiqmi, yo‘qmi?!

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:27:40

 
Uchinchi bob
 Omma mahmud hisoblagan, ammo mahmud bo‘lmagan ilmlar haqida

Ushbu bobda ayrim ilmlarning gohida mazmum (qoralangan) bo‘lishi, fiqh, tavhid, tazkir va hikmat kabi ilmlar nomlarining o‘zgarishi, shar’iy ilmlarning mahmud va mazmum bo‘lgani miqdori bayon etiladi.
 
Mazmum bo‘lgan ilmni yomonlash illatining bayoni

Ehtimol sen: «Narsa qanday bo‘lsa, uni shundayligicha bilmoq, tanimoq ilmdir. Va u Alloh taoloning sifatlaridan biridir. Endi qanday qilib, narsa ilm, shu bilan birga, yana mazmum ham bo‘ladi», deyishing mumkin. Bilgilki, aynan ilmning o‘zi qoralanmaydi, balki uchta sababning biri tufayli bandalar qoralanadi.

Birinchi sabab – ilm o‘z sohibini yoki boshqalarni qandaydir zararga olib borishi. Masalan, sehr va tilsim  ilmlari, haq bo‘lsa-da, shu sabab tufayli yomonlanadi. Zero, Qur’oni karim sehrning borligiga guvohlik bergan. U erxotin o‘rtasini ajratib yuborishga sababdir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ham sehr qilinganlar77 va u sababli kasal bo‘lganlar. Bu haqda Jabroil (a.s.) Payg‘ambarimizga xabar bergan va u zot quduq tagidagi toshdan sehrni chiqarganlar. Sehr inson javharlarining xosiyatlari va yulduzlarning chiqishlarini hisob-kitob qilish orqali o‘rganiladigan ilmdir. Xosiyatlari ma’lum bo‘lgan javhardan sehr qilinadigan shaxsning shakli yasaladi va ma’lum yulduzlarning vaqti ko‘rib turiladi. Yulduzlar chiqishi bilan shariatga zid, kufr va fahsh so‘zlar o‘qiladi. Shu duo tufayli shaytonlardan yordam so‘raladi. Natijada Alloh taoloning joriy odati bilan sehr kishida g‘ayri oddiy holatlarni yuzaga keltiradi. Sehr ushbu sabablarni o‘rganish jihatidan mazmum emas, balki uni ishlatish faqat xalqqa zarar yetkazgani uchun yomondir. Yomonlikka vosita bo‘lgan narsa ham yomon sanaladi. Ilmning mazmum bo‘lishiga shu narsalar sabab bo‘ladi.


77. Muttafaqun alayh.

Qayd etilgan