Uchinchi sabab — ilmga foydasiz sho‘ng‘ish. Bu ish ham ba’zi o‘rinlarda mazmumdir. Ilmning asosiylari qolib, noziklarini, ochiq-oydinidan avval maxfiylarini o‘rganish, ilohiyot sirlaridan bahs qilish shunga misol bo‘ladi. Faylasuflar va mutakallimlar qanchalik kirishmasinlar, ilohiy sirlarni mustaqil o‘zlari bila olmaydilar. Bu ilmga yetish va uning ayrim yo‘llaridan voqif bo‘lish faqat payg‘ambar yoki valiy zotlarga xosdir. Shunday ekan, odamlarni bu ilmdan qaytarib, shariat aytgan narsaga buyurish vojibdir. Va bu narsada tavfiq olishga qanoatlantiruvchi narsa bor. Qancha-qancha odamlar shu kabi ilmlarga sho‘ng‘ib, zarar ko‘rdilar. Agar ular chuqur ketmaganlarida, u ilm olib borgan narsadan ko‘ra, dindagi holatlarni yaxshiroq bilgan bo‘lardilar. Ba’zi odamlarga qush go‘shti, emizikli bolaga turli shirinliklar zarar qilgani kabi, ba’zi ilmlar ham ayrim insonlar uchun zararli ekani inkor etilmaydi. Balki ko‘p odamlarga ba’zi ishlarni bilmasligi foyda beradi.
Hikoya qilinishicha, bir odam tabibga xotini tug‘masligidan shikoyat qilibdi. Tabib xotinning tomiridan ushlab ko‘rib: «Farzandsizlikni davolashga hojat yo‘q, chunki siz qirq kun ichida o‘lasiz», debdi. Bu gapni eshitgan xotin qattiq dahshatga tushibdi. Hayoti ko‘ziga qorong‘u ko‘rinib, barcha mollarini chiqarib, faqirlarga ulashibdi, vasiyat qilibdi, yemabdi, ichmabdi. Ammo tabib aytgan muddat o‘tib hamki ayol o‘lmabdi. Er tabibga kelib: «Xotinim o‘lmadi-ku», debdi. Shunda tabib: «Men buni bilaman, hozir borib u bilan qo‘shil, tug‘adi», debdi. So‘ng aytibdiki: "U ozishi uchun uni o‘lim bilan qo‘rqitdim». Ushbu hikoya senga ba’zi ilmlarning xatarini his qilishingdan ogohlantiradi va Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): «Naf bermaydigan ilmdan Allohdan panoh tilaymiz»,81 degan so‘zlarining ma’nosini tushuntiradi. Bas, sen ushbu hikoyadan ibrat ol va shariat yomonlagan, qaytargan ilmlardan bahs yurituvchi bo‘lma. Sahobalarga ergash va sunnatga tobe’ bo‘lganlar bilan kifoyalan. Salomatlik ergashishdadir. Xatar esa narsalardan bahs qilish va o‘zboshimchalikdadir. Fikring, aqling, daliling, hujjating va gumoning bilan narsalarning haqiqatini tanish uchun bahs qilyapman, deb tortishishni ko‘paytirma. Ilm haqida fikr yuritishning nima zarari bor, ham dema. Albatta, u sening zararingga xizmat qiladi. Shundog‘ ham sen o‘zingga zarar qiladigan qancha narsalarni bilasan, agar Alloh taolo rahmati bilan qutqarmasa, bu bilishing oxiratda halokatga olib boradi.
81. Ibn Abdulbar Jobirdan (r.a.) hasan sanad bilan rivoyat qilgan.