Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157515 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 31 B


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:34:45

Anas ibn Molik (r.a.) Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): «Sahardan to quyosh chiqqunicha Alloh taoloni zikr qilayotgan qavm bilan o‘tirishim to‘rtta qul ozod qilishimdan mahbubroqdir»,86 degan hadislarini  aytdilar, so‘ng Yazid Raqqoshiy va Ziyod Numayriyga o‘girilib: «Zikr majlislari sizlarniki kabi uzundan-uzun va’z-nasihatlardan iborat bo‘lmagan. Bizlar o‘tirib iymon haqida so‘zlashar, Qur’onni tafakkur qilar, dinni birbirimizga tushuntirar va Alloh taoloning  ustimizdagi ne’matlarini sanab, tushunar edik», dedilar.

Anas (r.a.) Qur’on tadabbur qilishni va ne’matlarni sanashni, tushunish — fiqh deb aytganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Kishi bandalardan Alloh uchun g‘azablanmagunicha va Qur’onning ko‘p qirralarini ko‘rmagunicha haqiqiy faqih bo‘lolmaydi», deganlar.87 Yana Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) mana bu  so‘zlari Abu Dardodan mavquf holda rivoyat qilingan: «So‘ngra nafsiga yuzlanib, unga yanada qattiqroq nafratda bo‘ladi».

Farqad Sabxiy (r.a.) Hasan Basriydan (r.a.) bir narsa haqida so‘radi. U kishi javob berdilar. Farqad: «Fuqaholar sizning fatvolaringizga qarshi chiqmoqda», dedi. Shunda Hasan Basriy (r.a.): «Onang seni yo‘qotib qo‘ygur, Farqodcha, sen ko‘zing bilan faqihni ko‘rganmisan?  Dunyodan yuz o‘girib, oxiratga intilgan, dinni yaxshi tushunib, Rabbining ibodatida bardavom bo‘lgan, taqvoli, musulmonlarning nomuslaridan nafsini tiygan, ularning mol - mulklaridan behojat va ularning jamoatlariga nasihat qilib turuvchi kishi haqiqiy faqihdir», dedilar, fatvolarning far’iy masalalarini yod oluvchi, deganlari yo‘q.


86. Abu Dovud hasan isnod bilan rivoyat qilgan.
87. Ibn Abdulbar Shaddod ibn Avsdan rivoyat qilgan va  marfu’ deyish joiz emas degan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:34:55

Men, «fiqh» degan nom, zohiriy hukmlardagi fatvolarni o‘z ichiga olmaydi, demoqchi emasman, lekin bu lafz umumiy va keng ma’nolarni qamrab olishini yoki boshqa ilmlarga far’iy masalalarni ham tobe’ qilish yo‘li bilan qo‘llanilganini aytmoqchiman. Ulamolar fiqh lafzini ko‘proq oxirat ilmiga qo‘llaganlar. Keyinchalik fatvo ilmiga xoslandi, natijada odamlarni oxirat ilmi va  qalbga tegishli hukmlardan qaytarib, zohiriy ilmlar bilan shug‘ullanishga undash paydo bo‘ldi. Ular tabiatlarida yordamchi topdilar. Chunki botiniy ilm yashirin bo‘lib, tagiga yetish mushkul va unga amal qilish qiyindir. U bilan rahbarlik, qozilik, obro‘-martaba va mol-mulkka yetishish mumkin emasligi tufayli shayton shariatda mahmud bo‘lgan fiqh nomini zohiriy ilmga xoslash bilan qalblarga chiroyli ko‘rsatish uchun yo‘l topdi.

Ikkinchi lafz: «Ilm». U Alloh taoloning oyatlarini va bandalari, maxluqlari haqidagi ishlarini bilishga qo‘llanilar edi. Hazrati Umar (r.a.) vafot etgan vaqtlarida Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.): «Ilmning o‘ndan to‘qqizi o‘ldi», deya «ilm» lafzini «alif» va «lom» bilan ma’rifa qilib aytganlar. So‘ng uni Alloh taoloni bilish ilmi, deb tushuntirishdi. Odamlar ilm lafzini boshqa fanlarga qo‘llay ketishdi. Hatto u fiqhiy va fiqhiy bo‘lmagan masalalar haqida tortishadigan kishining bahs-munozarasi sifatida mashhur bo‘ldi. Shundan so‘ng: «U ilmda olim, u ilmda sher kabi», deyiladigan bo‘ldi. Kim fiqhiy masalalar ustida bahslashmasa, u bilan shug‘ullanmasa, zaiflar, ilmsizlar qatorida ko‘rildi, ilm ahlidan hisoblanmadi. Lekin ilm va ulamolarning fazilati haqida vorid bo‘lgan hadislarning ko‘pchiligi Alloh taoloni, Uning  hukmlari, af’ollari va sifatlarini bilgan ulamolar haqida kelgan. Hozir esa, ixtilofli masalalardagi tortishayotgan kishiga nisbatan qo‘llanilmoqda. Holbuki, u tafsir, hadis, mazhab ilmi va boshqa ilmlardan mutlaqo bexabar. Ilm lafzini o‘rinsiz yerlarda qo‘llash natijasida ilm talabida bo‘lgan bir qancha kishi bahsli va ixtilofli masalalar bilan mashg‘ul bo‘lib qolmoqda.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:35:09

Uchinchi lafz: «Tavhid». Bu ibora hozirgi paytda kalom san’atini va mujodala uslubini bilish, xusumatchisining ziddiyatli taraflarini o‘rganish, u haqda ko‘p savol berib, og‘iz ko‘pirtirish, shubhalarni qo‘zg‘ash va ularni mulzam qilish kabi ishlarga ishlatiladigan bo‘lib qoldi. Hatto u bilan mashg‘ullardan bir toifasi o‘zlariga adolat va  tavhid ahli deya laqab qo‘yib olishdi va mutakallimlarni tavhid olimlari deya nomlashdi. Holbuki, bu yo‘lga xos bo‘lgan narsalardan birortasi ham ilk asrda ma’lum emas edi. Balki kim bahs-janjal va xusumat eshigini ochsa, sahobalar uni qattiq inkor qilardilar.

Ilk tinglashdayoq zehnlar qabul qilishga oshiqadigan, Qur’oni karim qamrab olgan zohiriy dalillardan iborat bilim barcha uchun ma’lum bo‘lgan ilmdir. Vaholanki, Qur’onni bilish ilmning hammasini bilish demakdir.  Tavhid, sahobalarning fikriga ko‘ra, ko‘pchilik kalomchilar tushunmaydigan boshqa ishdan iboratdir. Agar kalomchilar uni tushunganlarida edi, «tavhid» lafzi bilan o‘zlarini sifatlamagan bo‘lardilar. Tavhid ishlarning barchasini, sabab va vositalarga qaramagan holda, faqat Alloh taolodan deb bilishdir. Bas, neki yaxshi va neki yomon, faqat Allohdan. Bu narsa tavakkulni paydo qiladigan yuksak maqomdir. Uning bayoni hali «Tavakkul kitobi»da keladi.

Hamma narsani Allohdan deb bilish yana maxluqqa shikoyat etmaslik, ularga g‘azab qilmaslik va Alloh taoloning hukmiga rozi bo‘lish kabi mevalarni beradi. Mana, uning bir mevasi: Abu Bakr (r.a.) kasal bo‘lganlarida, u kishiga: «Sizga tabib chaqiraylikmi?!» deyishdi. Shunda u zot: «Meni kasal qilgan tabibning o‘zi», deganlar; yoki u kishidan: «Tabib kasalligingiz haqida sizga nima deyapti?» deb so‘rashganida: «Tabib menga, istagan narsamni amalga oshiruvchiman, dedi», deb javob qilganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:35:23

Tavakkul va tavhid kitoblarida bunga oid xabarlar keladi.

Tavhid nafis javhar bo‘lib, uning ikki qobig‘i  bor. Ularning bittasi ikkinchisiga qaraganda mag‘izdan uzoqroqdir. Odamlar esa, mazkur ismni qobiqqa va qobiqning himoyachilik san’atiga xoslashdi va asosiy mag‘izni unutib qoldirishdi.

Sen tiling bilan «la ilaha illalloh» deyishing birinchi qobiqdir. Bu iqror nasroniylarning uchlik e’tiqodlariga zid bo‘lgan tavhid. Lekin u ichi tashiga teskari bo‘lgan munofiqda ham sodir bo‘ladi.

Ikkinchi qobiq esa, iqrorning mazmuniga qalbda inkor va muxolifat bo‘lmasligi, qalbning zohiri unga e’tiqod qilishi, shuningdek, uni tasdiqlashidir. Mana shu ish avom xalqning tavhidi bo‘ladi. Kalomchilar, yuqorida aytilganidek, ushbu qobiqni bid’atchilarning chalg‘itishlaridan qo‘riqlovchilardir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:35:53

Uchinchisi esa mag‘izdir. Mag‘iz — sabablarga hech bir nazar qilmasdan,  ishlarning barchasini Alloh taolodan deb bilish, Undan o‘zgaga ibodat qilmay, faqat Ungagina sig‘inishdir. Hoyu havasga ergashganlar ushbu tavhid doirasidan chiqadi. Chunki barcha hoyu havasga ergashuvchilar uni o‘zlariga ma’bud qilib olgandir. Alloh taolo:

«(Ey Muhammad) havoyi nafsini o‘ziga «iloh» qilib olgan kimsani ko‘rganmisiz?» (Josiya surasi, 23-oyat) deydi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Alloh taoloning nazdida yerda ibodat qilinadigan ilohlarning eng g‘azablisi hoyu havasdir», deydilar.88 Haqiqatdan ham ushbu xabarlarni taammul qilib, xulosa chiqargan odam butga ibodat qiluvchi butga ibodat qilmayotganini, balki havoyi nafsiga sig‘inayotganini ko‘radi. Zero, uning nafsi ota-bobolarining nafsiga moyildir. Natijada u shu maylga ergashadi. Nafsning urf-odatlarga moyil bo‘lishining bir ma’nosi hoyu havas deb nomlanadi.

Maxluqlarga g‘azablanish va ularga ba’zi hollarda murojaat qilish ham kishini ushbu tavhid doirasidan tashqariga chiqaradi. Chunki har narsani Allohdan deb bilgan odam qanday qilib birovga g‘azab qiladi. Tavhid mana shunday maqom, u siddiqlarning maqomi.


88. Tabaroniy Abu Umomadan zaif isnod bilan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:36:01

Endi sen «tavhid» lafzi nima ma’nolarga o‘girilganiga va u qaysi qobiq bilan o‘ralganiga nazar tashla.  Uni maqtanish va faxrlanishda qo‘llash uchun oldilar. Bu hol bir odam tong ottirib, yuzini qiblaga burib:

«Men haq yo‘lga moyil bo‘lgan holimda yuzimni osmonlar va yerni yaratgan Zotga qaratdim» (An’om surasi, 79-oyat), degan odamning quruq gapiga o‘xshaydi. Agar u qalbini xolis Alloh taologa qaratmagan bo‘lsa, demak, har kuni ushbu yolg‘on so‘zi bilan U zotga yuzma-yuz bo‘ladi. Ka’ba esa osmonlaru yerni yaratgan Zotning  tarafi emaski, unga yuzlangan odam Allohga yuzlangan hisoblansa. Agar u odam «yuzimni» deganda qalb yuzini iroda qilgan bo‘lsa, ana o‘sha talab etilgan ibodatdir. Endi qalbi shahvat va dunyo hojatlari ichida faromush bo‘lib, mol-dunyo jamlash, obro‘-martabaga yetishish haqidagi turli xayollarni o‘ylagan va o‘zini butunlay ularga qaratgan odamning so‘zi qanday qilib rost bo‘lsin?! Qanday qilib, osmonlaru yerni yaratgan Zotga yuzini qaratgan bo‘lsin?!

Holbuki, muvahhid — tavhid e’tiqodidagi kishi yolg‘iz Allohdan o‘zgani ko‘rmaydigan va yuzini faqatgina Unga qaratadigan kishidir. Ushbu holat Alloh taoloning:

«Alloh, deng. So‘ngra ularni o‘zlari sho‘ng‘igan (noto‘g‘ri yo‘llaridan adashgan) hollarida tark eting!» (An’om surasi, 91-oyat) degan so‘ziga o‘xshashdir.

Oyatdagi «Alloh, deng», degan so‘zidan maqsad til bilan aytish emas. Chunki til dilning tarjimoni bo‘lsa ham, goh rost, goh yolg‘on so‘zlaydi. Alloh taoloning nazarda tutgan joyi qalbdir. Qalb tavhidning manbai va ma’danidir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:36:40

To‘rtinchi lafz: «Zikr  tazkir». Alloh taolo aytadiki:

«Va Qur’on bilan pand-nasihat qiling! Zero, pand-nasihat mo‘minlarga naf yetkazur» (Zoriyot surasi, 55-oyat).

Zikr majlislarining maqtalgani haqida bir qancha hadislar vorid bo‘lgan. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Agar jannat bog‘chalarining oldidan o‘tsangiz, undan bahra olib ketinglar», dedilar. «Jannat bog‘chalari nima?» deb so‘rashdi. «Zikr majlislari», deb javob berdilar».89

Yana bir hadisi sharifda aytiladi: «Allohning yer yuzini kezib yuruvchi, maxluqlarga vakil qilinganidan boshqa farishtalari bor. Agar ular zikr majlislarini ko‘rsalar: «Qidirgan narsangizga kelinglar», deb bir-birlarini chaqiradilar. So‘ng majlis ahli huzuriga keladilar va ularni o‘rab olib, ularga quloq tutadilar. Ogoh bo‘linglar, Allohni ko‘p zikr qilinglar va nafslaringizga ham pand-nasihat qilinglar».90

Lekin hozir, ko‘rib turganingdek, «zikr» lafzini ko‘pgina voizlar qissa, she’r, shath va tommot kabi narsalarga qo‘llab kelishyapti.


89. Termiziy Anasdan (r.a.) hasan holda rivoyat qilgan.
90. Muttafaqun alayh.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:37:21

Qissalar bid’at narsalardan iborat bo‘lib, salafi solihlar qissaxonlar bilan o‘tirishdan qaytarganlar. Ular, qissaxonlik Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) zamonlarida ham,91 Hazrati Abu Bakr, Umar (r.a.) zamonlarida ham bo‘lmagan, fitna paydo bo‘lgan vaqtda, qissaxonlar ham kelib chiqdi, deganlar.

Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Umar masjiddan chiqib: «Masjiddan chiqishimga bir qissa aytuvchi majbur qildi. Agar u masjidda bo‘lmaganida, men chiqmagan bo‘lar edim», deganlar.

Zumra aytadi: «Men Sufyon Savriyga: «Biz qissaxonga qarab o‘tiramiz», dedim. Shunda u kishi: «Bid’atlarga orqa qilib o‘tiringlar», dedilar».

Muhammad ibn Avn aytadi: «Ibn Siyrin huzurlariga keldim. U kishi: «Bugun nima xabar bor?» deb so‘radilar. Men: «Amir qissaxonlarga qissa aytishni ta’qiqladi», dedim. U kishi: «To‘g‘ri ish qilibdi», dedilar.

A’mash Basra jome’ masjidiga kirganlarida bir qissaxonning: «A’mash bizga shunday hadis aytgan», deb aytayotganini eshitib qoldilar. Shunda u kishi majlis halqasining o‘rtasiga kirib, qo‘ltiq osti yunglarini yula boshladilar. Bu holni ko‘rgan qissachi: «Uyalmaysanmi, ey shayx?» dedi. Shunda A’mash: «Nega uyalay, men bir sunnatni bajaryapman, sen esa yolg‘on so‘zlayapsan. Men A’mash bo‘laman, qachon senga bu gapni aytdim», dedilar.


91. Ibn Moja Umardan (r.a.) hasan isnod ila rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:39:16

Ahmad ibn Hanbal aytadilar: «Yolg‘onchilarning ko‘pchiligi qissa aytadiganlar va ko‘p savol so‘raydiganlardir».

Ali (r.a.) Basra jome’iga kirganlarida qissaxonlarni chiqarib yuborganlar. Ammo Hasan Basriyning so‘zlarini tinglagach, u kishini masjiddan chiqarmaganlar. Zero, Hasan Basriy oxirat ilmi xususida, o‘limni o‘ylash, nafsining ayblaridan ogoh bo‘lish, amallarning ofati, shaytonning hiylalari va ulardan ehtiyot bo‘lish haqida gapirar, Alloh taoloning ne’matlarini, banda u ne’matlarning shukrini ado eta olmayotganini eslatar va dunyoning faqirligi, o‘tkinchiligi va umr qisqaligini, oxiratning shiddatli azoblarini uqtirar edilar. Bunday foydali pand-nasihatlar shar’iy mahmud bo‘lgan tazkirlardir.

Abu Zarr (r.a.) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Zikr majlisida ishtirok etish ming soat nafl namozidan afzal, ilm majlisida ishtirok etish mingta kasalni ziyorat etishdan va mingta janozaga qatnashgandan afzal», dedilar. Sahobalar: «Qur’oni karimni o‘qishdan ham afzalmi?!» deb so‘rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ilmsiz holda Qur’on o‘qish naf bermaydi», deb javob berdilar.92

Ato (r.a.) aytadilar: «Zikr majlisida ishtirok etish yetmishta lahv (befoyda) majlisga kafforat bo‘ladi».


92. Mavzu’ hadis.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:39:52

Ushbu hadislarni usti yaltiroqlar nafslarini poklashga hujjat qilib olishdi va o‘zlarining xurofotlariga tazkir nomini berib, haqiqiy mahmud bo‘lgan zikr yo‘lidan g‘aflatda qolishdi. Natijada turli ixtilofli, nuqsonli va uzundan-uzun qissalar bilan ovora bo‘lishdi. Qur’oni karimda kelgan qissalar chegarasidan chiqildi, ularga qo‘shimchalar qo‘shildi. Ularning orasida manfaat beradiganlari, rost bo‘lsa ham, zarar keltiradiganlari bor. Kim nafsi uchun ushbu qissalar eshigini ochsa, rost bilan yolg‘onni, foyda bilan zararni aralashtirib yuboradi. Shuning uchun ham qissa aytishdan qaytarilgan. Shuning uchun ham Ahmad ibn Hanbal (r.a.): «Odamlar rostgo‘y qissaxonga juda muhtoj», deganlar. Agar qissa payg‘ambarlar qissalaridan bo‘lib, ularning din ishlariga aloqador va qissaxon rostgo‘y, rivoyati sahih bo‘lsa, unda zarar yo‘q deb bilaman. Qissaxon yolg‘on to‘qishdan, yengil-elpi va xato holatlar haqidagi hikoyalarni aytishdan saqlansin. Chunki olim shu qissa sababli xatolarda o‘zini oqlaydi, uzr tayyorlaydi va bu qissa falonchi-falonchi mashoyixlardan hikoya qilingan, barchamiz gunohkormiz, hechqisi yo‘q, agar men Allohga gunoh qilgan bo‘lsam, buyuklar ham gunoh qilgan, deb gunohdan tap tortmaydi. O‘zi bilmagan holda Allohga gunohkor bo‘lishga jur’at qiladi. Demak, ushbu hazar qilinadigan holatlardan uzoq bo‘linsa, qissa aytishining zarar yo‘qdir. Ana shunda Qur’oni karimda kelgan qissalar va sahih kitoblarda rivoyat qilingan xabarlarga qaytiladi. Ammo ba’zi odamlar toat-ibodatga targ‘ib qiluvchi hikoyalar to‘qishga ijozat so‘rashadi va bu bilan xalqni haqqa da’vat etishni da’vo qilishadi. Aslida bu ish shayton vasvasasidandir. Zero, rost so‘zdagina yolg‘ondan saqlanish imkoni bor.

Alloh taolo va Uning Rasuli zikr etgan narsalarni va’z qilishda yolg‘on to‘qishga hojat yo‘q. Har qanaqasi bo‘lmasin, so‘zda qofiya keltirishga urinish makruh bo‘lib, soxtakorlik sanaladi.

Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) Ibn Umar saj’ — qofiya qilayotganini eshitib, unga: «Bu aytayotganing menga seni yomon ko‘rsatyapti. Tavba qilmaguningcha, ishingni hal etib bermayman. (Ibn Umar u kishining huzurlariga bir ish yuzasidan kelgan edilar.) Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Abdulloh ibn Ravohaga: «Ey Ibn Ravoha, saj’ qilishdan saqlan», deganlar»,93 dedilar.


93. Bir oz bundan boshqacharoq rivoyatni Imom Ahmad, Abu Ya’lo, Ibn Sunniy, Abu Nu’aym va Buxoriylar sahih isnod bilan rivoyat qilishgan.

Qayd etilgan