Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157110 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 31 B


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:18:01

3. Munozara qiluvchi o‘z rayi bilan fatvo beruvchi mujtahid bo‘lmog‘i lozim. Shofe’iy va Abu Hanifaning yoki biror mazhabning fikri bilan chegaralanib qolmasligi kerak, bordi-yu haq  Abu Hanifa mazhabida topilsa, u holda Shofe’iyning so‘zini tark etmog‘i, umuman olganda, sahobalar (r.a.) va mujtahid imomlar kabi o‘z rayi bilan ijtihod qilmog‘i lozim.

Ammo kim ijtihod qilish darajasiga yetishmagan bo‘lsa, o‘zidan so‘ralgan masala haqida sohibi mazhabdan naql qilib, fatvo beraveradi. Bordi-yu o‘sha mazhabning zaifligi ma’lum bo‘lsa ham, uni tark etishi joiz emas. Bas, shunday ekan, u nima uchun munozara qiladi? Vaholanki, mazhabi ma’lum, boshqa mazhab ila fatvo berish mumkin bo‘lmasa, munozaradan na foyda?! Aniq bir fikrga kelolmay turgan vaqtida ham: «Sohibi mazhabimizning ushbu masalaga javobi bo‘lishi mumkin, men shariat asoslarida mustaqil ijtihod qilolmayman», deyishi lozim. Agar            mazhab sohibining ikki xil vajh yoki ikki xil fikriga sabab bo‘ladigan masalalardan bahs bo‘layotgan bo‘lsa, u holda o‘sha ikki xildan biriga o‘xshab javob berishi mumkin. Munozara qiluvchi sohibi mazhabning ikki xil fikridan birini, ko‘pincha hech bir munozarasiz tanlayveradi yoki ikki xil vajhga ega masalalarda munozarani to‘xtatib, so‘zsiz xilof, jadal bo‘lishi aniq bo‘lgan masalalarga kirishmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:18:10

4. Munozara hayotda sodir bo‘lgan yoki ko‘pincha sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan masalalar ustida qilinishi kerak. Sahobalar ham kundalik sodir bo‘ladigan yoki ko‘pincha voqe’ bo‘lishi mumkin bo‘lgan faroizga o‘xshash masalalardagina mashvarat qilar va uni bayon etar edilar. Hozir esa, munozarachilar xalqning ehtiyoji bo‘lgan jihatlarda va umumiy muammo bo‘lgan masalalarda fatvo berishga ahamiyat berishmayapti. Balki ular dovrug‘li masalalarni talab qilishadi. Natijada jadal maydoni kengayadi.

5. Munozara imkon qadar xilvatda, munozarachi uchun mahbub holatda bo‘lishi kerak. Obro‘li insonlar va amaldorlar oldida munozara qilishdan zavqlanmasligi lozim. Zehn va fikrning musaffo bo‘lishi, haqiqatning topilishi va fahm-xotirani jamlash uchun xilvat eng munosib o‘rin hisoblanadi. Ko‘pchilik orasida munozara qilish esa, riyoning damlarini junbushga keltiradi va o‘zi haq yoki nohaq bo‘lsa ham, ikkala tomon bir-biri ustidan g‘olib kelishga intiladi. Senga ma’lumki, ko‘pchilik oldida munozara qilishga bo‘lgan ishtiyoq hech qachon Alloh uchun bo‘lmaydi. Vaholanki, munozarachilardan birortasi o‘sha munozara qilingan savolni tanho chog‘ida so‘ralsa, unga javob ham bermaydi. Shuningdek, ular xilvatda bo‘lishsa, aslo bir-biri bilan munozara qilishmaydi. Qachon ko‘pchilik yig‘ilib qolsa, hiyla kamonlaridan bir-birlariga tinmay o‘q yog‘dirishadi. Bundan maqsad o‘zlarini kalomda ustamon ekanini ko‘pchilikka bildirib qo‘yishdir.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:18:18

6. Munozara qiluvchi tortishuvni faqatgina xaqni bilmoq, topmoq uchun qilishi kerak. Xuddi yo‘qolgan molini qidirayotgan inson kabi. Ya’ni, yo‘qotgan molini o‘zi topadimi, yoki birodarining vositasi bilan topadimi   farqi yo‘q. Qarshisidagi insonni tortishuvchi raqib emas, balki yordamchi deya qabul qilmog‘i lozim. Qachonki unga xatosini bildirib, haqiqatni oshkor qilsa, go‘yo yo‘qolgan molini qidirib yo‘lga chiqqan vaqtida birodari yo‘l ko‘rsatsa, uni mazammat qilmasdan, balki unga xursand holda tashakkur  aytgani kabi, unga ham tashakkur aytmog‘i kerak.

Ha, sahobai kiromlarning mashvaratlari, munozaralari xuddi shunday edi. Bir xotin Hazrati Umarga (r.a.) e’tiroz bildirganida, u zot jamoat huzurida: «Bu ayol to‘g‘ri so‘zladi, Umar esa xato ketdi», deya e’lon qilganlar. Bir kishi Hazrati Alining (r.a.) oldilariga kelib, u zotga savol berdi. Hazrati Ali berilgan savolga javob berganlaridan so‘ng, boyagi kishi: «Ey Amirul mo‘minin! Berilgan savolning javobini yanglish aytdingiz, menimcha javob bunday bo‘ladi», deb fikrini izhor qildi. Shunda Hazrati Ali unga: «Sen to‘g‘ri aytding, men xato qildim. Har bir ilm sohibidan buyukroq ilm sohibi chiqaveradi», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:18:34

Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) Abu Muso Ash’ariyga (r.a.) xato ketgan o‘rinlarini izohlab berganlarida, Abu Muso jamoatga qarab: «Sizlarning orangizda shunday olim bo‘laturib, mendan savol so‘ramanglar», deya xitob qilganlar. Yuqoridagi voqeaning sodir bo‘lishiga sabab, Abu Musodan bir kishi Alloh yo‘lida jang qilib o‘ldirilsa, uning holati qanday bo‘lishi haqida so‘rab qoldi. Bunga javoban o‘sha paytda Kufa amiri bo‘lib turgan Abu Muso: «U jannatdadir», deb aytdilar. Bu savol-javobning shohidi bo‘lib turgan Ibn Mas’ud: «Savolingni qaytadan ber, balki amir tushunmagandir?» dedilar. Savol va javob ayni yuqoridagi kabi takror bo‘ldi. Shunda Ibn Mas’ud: «Menimcha, o‘sha odam Alloh yo‘lida, haqni topgan holda o‘ldirilsa, o‘sha holdagina jannatdadir», deya o‘z fikrlarini aytadilar. Abu Muso (r.a.) Ibn Mas’udning (r.a.) ijtihodini yuksak baholab: «Haqiqat Ibn Mas’ud aytganidek», dedilar. Haq tolibining insofi shunday bo‘ladi. Agar yuqoridagi kabi savol darajasi juda past bo‘lgan faqihga aytilsa ham, u buni inkor qiladi va: «Haqni topgan holda, deb izoh berish shartmi? Bu narsa barchaga ma’lum-ku?»  deya e’tiroz bildirishi tabiiy.

Endi bugungi munozara sohiblarining holatiga boq! Agar raqib tomonidan haqiqat yuzaga chiqsa bormi, uning yuzlari xijolatdan qizarib, bor kuchini raqibga qarshi ishga soladi. Va umrining oxirigacha uni yomonlash bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ajablanarli tomoni shundaki, o‘zlarining yuqoridagi kabi o‘rinsiz tortishuvlarini hech uyalmasdan, haq ustida bir-biriga hamkor bo‘lgan sahobalar munozarasiga o‘xshatib yuborishadi.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:18:48

7. Qarshisidagi munozarachi hamkorini bir dalildan boshqa dalilga, bir mushkuldan boshqa mushkulga o‘tishiga mone’lik qilmasligi lozim. Salaflarning munozara uslublari shunday edi. O‘z foydasi yoki zarariga bo‘lsa ham, tortishuvchi bid’at bo‘lgan tortishuv uslubining barcha tomonlaridan voz kechishi matlubdir. Sening bu so‘zing qabuli qilinmaydi, chunki oldingi so‘zinga zid, deya e’tiroz etilmaydi. Haqni qabul qilish, unga qaytish botilni yo‘qotuvchi bo‘lgani bois vojibdir. Holbuki, tortishuvchilarning barcha majlislari mudofaa va mujodala bilan to‘la bo‘ladi. Hatto dalil keltirgan bir kishi o‘zining gumoni ila illat deb, unga asoslangan holda aslga qiyosini zikr qilganida, hukm aynan mana shu illat bilan muallal (illatli) ekaniga daliling nima? deya darrov e’tiroz bildiriladi. Dalil keltiruvchi, menimcha illat mana shu, agar bundan ham to‘g‘riroq, ravshanroq biror fikring, raying bo‘lsa, ayta qol, birgalikda tadqiq qilamiz, deydi. Shunda uning raqibi, sen zikr qilgan ma’nolardan boshqa ko‘plab ma’nolar bor, men o‘sha ma’nolarni yaxshi bilaman, faqat ularni aytish mening majburiyatim emas, deb javob qiladi. Dalil keltiruvchi, bundan boshqa biror da’voying bo‘lsa, keltir, degan kabi taklif bilan mujodalani davom ettiradi. Raqibi, bu mening vazifam emas, deb o‘zini xalos qiladi va hokazo. Munozara majlislari shunday savol-javoblar bilan davom etaveradi. Bu miskin raqibining, men bilaman, faqat aytmayman, chunki bu mening vazifam emas, degan so‘zlari shariatga nisbatan tuhmat ekanini qaerdan bilsin. Agar mening vazifam emas, deb da’vo qiluvchi ma’nolarni bilmasa, faqat xasimini ojiz qoldirish uchun shunday da’vo qilayotgan bo‘lsa, u fosiq, kazzobdir. O‘zida bo‘lmagan narsani da’vo qilgani uchun Allohga osiy va Uning g‘azabiga duchor bo‘ladi. Mabodo, o‘zi aytgani kabi bilaturib, burchim emas, deya aytmasa, unda shar’iy amrni yashirgani uchun fosiqdir. Axir undan musulmon birodari tushunib olish va bilish uchun so‘ragan edi. Agar u kuchli dalil keltirsa, uni olishi, mabodo u dalil zaif bo‘lsa, u holda zaif jihatlarini tushuntirib berib, uni jaholat qorong‘uligidan ilm nuri sari eltishi kerak. Diniy ilmlar haqida so‘ralgan kishi, agar bilsa bilimini yashirmay, javob berishi vojib ekaniga hech qanday ixtilof yo‘q.

Ashobi kiromning mashvarati va salafi solihlarning biror masala haqidagi muzokaralarini yaxshilab o‘rganib chiq. Ajabo, ular orasida yuqoridagi kabi munozaraning bo‘lib o‘tganini hech eshitganmisan?

Ulardan biri-birini bir dalildan ikkinchi dalilga, qiyosdan asarga yoki xabardan oyatga o‘tishdan man’ qilganmi? Ularning barcha munozaralari boshqacha edi. Ular aqliga kelgan fikr va tushuncha qanday bo‘lsa, shundayligicha o‘rtaga tashlar va unga ko‘ra muzokara qilar edilar.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:19:01

8. Munozara foydali ilmlar ila mashg‘ul bo‘lgan kishilar bilan qilinishi lozim. Ammo tortishuvchilarning ko‘plari yetuk va zabardast olimlar bilan munozara qilishdan o‘zlarini chetga olishadi. Chunki haqiqat o‘shalarning tilida izhor bo‘lib qolishidan qo‘rqishadi. Shuning uchun tortishuvchilar faqat ilm darajasi yuqori bo‘lmagan kishilar bilan munozara qilishga o‘ch bo‘lishadi. Zero, ular botil fikrlarini o‘zidan past darajadagi kishilar orasigagina tarqatishlari mumkin.

***

Bu sakkizta shartdan tashqari munozara qilishning yana ko‘plab daqiq talablari, shartlari mavjud. Ammo shu    shartlar bilan ham kim Alloh uchun, kim boshqa narsalar uchun munozara qilayotganini bilib olasan.

Xulosa qilib aytganda, mujtahid munozarachining qalbiga o‘rnashib olgan va halokat sari yetaklaydigan shayton bilan bahsni to‘xtatib, savob olish yoki ajrda nasibador bo‘lish uchun harakat etishi lozim. Bunday munozaralar shayton uchun kulgu, muxlis bandalar uchun ibratdir. Shayton bandaning ustiga balo-ofat zulmatlarini solib qo‘yib mazax qiladi.

Shaytonning bu nayranglari kelasi bo‘limlarda bayon etiladi. Allohdan go‘zal yordam va tavfiq so‘rab qolamiz!

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:48:23

Munozara va undan kelib chiquvchi yomon axloqlarning ofatlari bayoni

Bilgilki, boshqani mag‘lub etish, mot qilish, odamlar oldida fazilat va sharafni ko‘rsatish maqsadida munozara qilish Allohning huzurida mazmum, iblis nazdida esa, mahmud bo‘lgan barcha xulqlarning manbaidir. Ushbu munozaralar kibr, manmansirash, hasad, nafsni ulug‘lash, mansabparastlik va shu kabi botiniy buzuqliklarning biridir. Ichkilik ichish yoki fahsh ish qilish orasida       ixtiyorli bo‘lgan kishi ichkilik ichsa, mast bo‘lib fahsh ishlarni ham bajarishiga olib keladi. Shu kabi boshqalarni mot qilish, munozarada g‘olib kelish, mansabparastlik va manmansirash muhabbati kimgaki g‘olib kelsa, uni iflosliklar ichiga boshlab boradi, qalbida yomonliklarning  jamlanishiga vosita bo‘ladi. Bu yomon axloqlarning barchasi dalillar, oyatlar va hadislarga asoslangan holda «Rub’ul muhlikot» bo‘limida zikr etiladi. Ushbu o‘rinda esa, salbiy munozarani keltirib chiqaruvchi yaramas xulqlarning bir qismini aytib o‘tamiz.

1. Hasad. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Olov o‘tinni yegani kabi hasad ham yaxshiliklarni yeydi»,115 deganlar. Tortishuvchi hasaddan xoli bo‘lolmaydi. Chunki gohida g‘olib bo‘lsa, gohida mag‘lub etilishi muqarrar. Ba’zida uning so‘zi maqtalishi, ba’zida esa, boshqaning gapi maqtovga sazovor bo‘lishi mumkin. Modomiki, dunyoda biror kishining ilmi va qarashlari boshqanikidan kuchli ekanini zikr qilish yoki «falonchi sendan yaxshiroq qarashga va to‘g‘riroq fikrga ega», deyilish ehtimoli bor ekan, tortishuvchi, albatta, raqibiga hasad qila boshlaydi va undagi ne’matning zavol topishini, odamlarning muhabbati va hurmat-ehtiromlari o‘zi tomonga ko‘chib o‘tishini chin dildan xohlaydi. Hasad – olov-otash. Bas, kimki hasadga mubtalo bo‘lsa, bu dunyoda azobga, iztirobga giriftordir. Oxiratdagi azobi esa, bu dunyodagidan bir necha barobar ziyodadir. Shuning uchun ham Ibn Abbos: «Ilmni topgan joyingizda olaveringlar! Fuqaholarning bir-birlariga qarshi aytgan so‘zlariga quloq solmanglar! Chunki ular og‘ildagi takalar kabi urishaveradilar», deganlar.


115. Abu Dovud Abu Hurayradan rivoyat qilgan. Ibn Moja Anasdan (r.a.) zaif isnod bilan rivoyat qilgan. Buxoriy bu hadis sahih emas degan.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:49:09

2. Takabburlik va o‘zni odamlardan ustun qo‘yish. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir hadislarida: «Kim o‘zini buyuk sanasa, Alloh uni kichraytiradi. Kim tavoze’ ko‘rsatsa, Alloh uni yuksaltiradi»,116 deganlar. Alloh taolodan rivoyat qilgan hadislarida esa: «Azamat Mening izorim, kibriyo esa, ridoimdir. Bas, kim bu ikki narsada Men bilan talashsa, uning belini sindiraman»,117 deya  marhamat qilganlar.

Tortishuvchi tenglaridan o‘zini ustun qo‘yish xastaligidan hech qachon qutulolmaydi. Chunki u qadri keragidan ortiq bo‘lishini xohlaydi. Hatto majlislarda ham yuqorini, davra to‘rini talashib, g‘avg‘o ko‘taradi. O‘zidan boshqalarni yuqori o‘rinlarga munosib ko‘rmagani uchun, majlislarda baqir-chaqir qilib yuradi. Agar biror tor yo‘lakdan yurib qolishsa, kim birinchi yurishini ham talashishadi. Ushbu qilmishlari bilan pastkash, ayyor munozarachilar «ilmning izzat-obro‘sini saqlamoqchi» ekanliklarini ro‘kach qilib, janjalli xorlik va tubanlikni Alloh va Uning payg‘ambarlari maqtagan tavoze’ bilan adashtirib yuborishdi. Shuningdek, Alloh nazdida yomon, jirkanch bo‘lgan kibrni din izzati deb nomlashdi va natijada Alloh va Rasuli ko‘rsatmalariga zid ish qilishdi, «hikmat» va «ilm» kabi so‘zlarni o‘zgartirib, xalqning zalolatga ketmog‘iga sababchi bo‘lishdi.


116. Xatib Umardan (r.a.) sahih isnod bilan rivoyat qilgan.
117. Imom Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja, Ibn Hibbonlari Abu Hurayradan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:49:35

3. Hiqd (gina-kudurat). Munozara ginalardan xoli bo‘lishi juda qiyin. Vaholanki, janob Rasululloh (sollallahu alayhi vasallam): «Mo‘min odam ginachi bo‘lmaydi»,119 deganlar. Ginaning jirkanch odatligi haqida ko‘p hadislar mavjud. Munozarachilar orasida raqibiga nisbatan, qalbida kudurati yo‘qlarini topish mushkul. Ularning birortasi raqibi so‘zlarini chiroyli tarzda qabul etmaydi. Balki ichida adovatini yashirib, munofiq kabi yuradi. Ko‘pincha yashirinib yotgan ginasi tashqariga chiqib ketadi. Munozarachi qanday qilib ginadan xalos bo‘lsin? Uning keltirgan dalillari, hukmlari barcha tomondan maqtovga sazovor bo‘lmasligi aniq. Shuning uchun, mabodo, raqibi uning so‘zini salgina qadrlamasa, qalbida gina ildiz otadi va uni umri oxirigacha uzib tashlay olmaydi.

4. G‘iybat. Alloh taolo uni o‘limtik yeyishga o‘xshatgan. Munozarachilar «o‘limtik yeyish»dan hech tiyila olmaydi. Chunki doimo raqibini yomonlash, mazammat qilish, so‘zlarini keltirishdan to‘xtamaydi. G‘iybatdan imkon darajada saqlanganida ham, raqibining so‘zlarini hikoya qilayotib, yolg‘on qo‘shimasa-da, uning nuqsonlarini, ojiz taraflarini aytib o‘tadi. Bu ayni g‘iybatning o‘zidir. Yolg‘on esa, bo‘htondir. Shuningdek, undan yuz o‘girib, raqibining so‘ziga quloq tutgan kishini johil, axmoq,  farosatsiz va aqli past deb obro‘sini to‘kishdan tilini tiya olmaydi.

5. O‘zni oqlash. Alloh subhonahu va taolo Qur’oni karimda:
«Bas, sizlar o‘zingizni oqlamay qo‘yaqolinglar! U taqvodor kishilarni yaxshi bilguvchidir» (Najm surasi, 32-oyat), deydi. Bir donishmanddan: «O‘zi to‘g‘ri bo‘laturib, jirkanch ko‘ringan narsa nima?» deb so‘rashdi. Shunda hakim zot: «Kishi o‘zini o‘zi maqtashidir», deb javob berdi. Munozarachi quvvatli, g‘olib va raqiblaridan peshqadam ekanini aytib, o‘zini ko‘klarga ko‘taradi. Hech bo‘lmaganda, gap orasida: «Bunaqa ishlarni bilmaydiganlardan emasman, men ilmda ancha peshqadam, o‘z uslubiga ega kishiman, hadislarni ham yod olganman», deydi. Bunga o‘xshash so‘zlar bilan o‘zini maqtaydi yoki fikrlarini yoyish uchun o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Ma’lumki, maqtanish, o‘zni oqlash shar’an ham, aqlan ham yomon ishdir.


119. Termiziy va Ibn Mojalar rivoyati.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:49:48

6. Josuslik qilish va odamlardan  ayb qidirish. Alloh taolo shunday deydi:

«O‘zgalar aybini qidirib, josuslik qilmanglar...» (Hujurot surasi, 12-oyat)

Munozarachi raqiblari aybini qidirishdan, xasimlari nuqsonini izlashdan hech charchamaydi. Hatto unga: «Sening shahringga bir munozara qiluvchi keldi», degan xabar yetsa, darhol uning botiniy holatini, qabih jihatlarini bilib olish uchun josuslar yollaydi, toki ehtiyoj bo‘lganida uni xijolatga qo‘ysin. Holat shu darajaga yetadiki, u raqibining yoshligini, o‘sha paytdagi holatlarini yoki tanasidagi kamchilik va kasalliklarni, masalan, kalligini aniqlaydi. Agar raqibining o‘zidan ustun jihatlari ko‘rinib qolsa, ayblarini yuziga soladi.

7. Odamlarning nochor holga tushib qolganidan sevinib, shodligiga g‘amgin bo‘lish. Kim musulmon birodariga o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani ravo ko‘rmasa, mo‘minlar axloqidan yiroqdir. Fazilatda barobar bo‘lgan yaqinlari va tanishlarini ko‘rolmaslik, darajalari barobar munozirlar orasidagi adovat xuddi kundoshlar orasidagi adovatga o‘xshab ketadi. Kundoshlar bir-birini uzoqdan ko‘rgan zahoti titrab, ranglari o‘zgara boshlaydi. Shuning kabi munozarachi ham raqibini ko‘rganida fikri iztirobga tushadi. Shayton yoki yirtqich hayvonga duch kelgan kishiday dovdirab qoladi. Din olimlari bir-birlariga yo‘liqqan paytlarida ko‘rsatilishi lozim iltifot shumi?! Mashaqqat va yengillik vaqtlarida o‘rtada bo‘ladigan o‘zaro hamkorlik, yordam va birodarlik qayoqqa ketdi?! Imom Shofe’iy (r.a.): «Ilm fazilat va aql sohiblarini bog‘lab turuvchi rishtadir", deganlar. Endi ilm tufayli orasida adovat uyg‘ongan bir jamoa qanday qilib, u zotning  mazhablariga iqtido da’vosini qilishyapti, bilmayman?! Faxr va ulug‘vorlik talashadiganlar orasida uns  ulfatlik va xotirjamlik bo‘lishi mumkinmi? Aslo mumkin emas! Bu sifatning yomonligiga mo‘minga munofiqlar axloqini singdirib, muttaqiylar axloqidan uzoqlashtirishi yetarli dalildir.

Qayd etilgan