Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157183 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 31 B


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:50:32

8. Nifoq (ikkiyuzlamachilik). Munofiqlikning mazmum xulq ekaniga dalil keltirish shart emas. Munozarachi esa, nifoqqa duchor bo‘lmay iloji yo‘q. Ular raqiblari yoki ularning tarafdorlari, do‘stlari bilan yuz ko‘rishib turishadi, shu paytda ularga nisbatan tilida zohiran muhabbat, hurmat-ehtirom izhor qilishga va raqiblarining daraja va holatlarini e’tiborga olishga majburdirlar. Ushbu holning yolg‘on, nifoq, fojirlik va yolg‘on guvohlikdan o‘zga emasligini barcha yaxshi biladi. Tortishuvchilar faqat tillaridagina samimiyat izhor qilishadi, qalblari esa, bir-biriga qarshi adovat o‘chog‘iga aylangan. Biz bunday nifoqdan buyuk Allohning panohiga qochamiz! Sarvari koinot sollallohu alayhi vasallam: «Insonlar ilm o‘rganib amalni tark qilganlarida, tillari ila sevishib, qalblari ila adovatda bo‘lsalar va silai rahmni uzsalar, Alloh ularni la’natlab, quloqlarini kar va ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘yadi»,120 deganlar. Bu gapni Hasan Basriy rivoyat qilganlar. Ushbu so‘zlarning haqligini biz shohid bo‘layotgan holatlar isbotlab turibdi.

9. Haqdan yuz o‘girish, uni yoqtirmaslik hamda nohaq narsada bardavom bo‘lishga harislik. Tortishuvchi hamisha dushmanlik ishtiyoqi ila yashaydi. Munozarachining eng yomon ko‘rgan, yoqtirmagan narsasi — haqiqatning raqibi tilidan zohir bo‘lishidir. Tortishuvchi bor kuchi, harakatini raqibiga qarshi safarbar qiladi. Bunda uni haq yoki nohaq ekani mutlaqo qiziqtirmaydi. Uning uchun tortishuvning bardavom bo‘lishi muhimroqdir. Biror so‘zni eshitishi bilanoq, unga e’tiroz bildirish uning mashg‘ulotiga aylanib qolgan. Holat shu darajaga borib yetadiki, qalbidagi e’tiroz Qur’on dalillaridan yoki shar’iy lafzlardan ham ustun bo‘lib qoladi, Qur’on dalillarini bir-biriga zid qo‘ya boshlaydi. Vaholanki, botilni himoya qilish uchun tortishish juda qattiq man’ etilgandir. Chunonchi  Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) haq ila bo‘lsa-da, botilga qarshi munozarani tark qilishga buyurib: «O‘z xatosini anglab, tortishuvni tark qilgan kishiga Alloh jannat o‘rtasida bir qasr bino qiladi. Haq bo‘laturib, tortishuvdan o‘zini tiyganga esa, jannatning eng yuqorisidan qasr quradi»,121 deganlar. Alloh taolo o‘ziga nisbatan uydirma to‘quvchilar bilan haqni yolg‘onga chiqaruvchilarni barobar qo‘ygan:

«Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan yoki haq (Qur’on) kelgan chog‘da, uni yolg‘onga yo‘ygan kimsadan kim ham zolimroqdir?!» (Ankabut surasi, 68-oyat). Shuningdek, boshqa oyati karimada:

«Axir Alloh sha’niga (sherik va farzandni nisbat berib) yolg‘on so‘zlagan va rost (Qur’on) o‘ziga kelgan paytidayoq yolg‘on degan kimsadan ham zolimroq biror kimsa bormi?!» (Zumar surasi, 32-oyat) deydi.


120. Tabaroniy zaif isnod bilan rivoyat qilgan.
121. Termiziy va Ibn Mojalar Anasdan (r.a.) rivoyat qilishgan.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:50:52

10. Riyo, xalqning mulohazasini qilish, ularning qalbini o‘ziga moyil etish va o‘zi tarafga qaratish uchun harakat qilish. Riyo insonni katta gunohlarga olib boruvchi  qo‘rqinchli xastalikdir. «Riyo kitobi»da bu haqda mufassal tushuntiriladi. Munozara qiluvchi xalq oldida o‘zini ko‘rsatishni, ularning maqtov-olqishlariga sazovor bo‘lishni tortishuvning asosiy sababi qilib oladi.

*  *  *
               
Yuqorida biz aytib o‘tgan o‘nta holat botiniy buzuqliklarning asosidir. Bulardan tashqari, yana bir qancha razil xislatlar ham borki, ular tufayli munozara qilayotganlar o‘zlarini tiya olmay, munozara oxirida mushtlashish, yoqalashish, kiyim-bosh yirtish, soqol yulish, ota-onasini so‘kish, ustozlarini haqorat qilish, bir-birlariga bo‘hton ag‘darishgacha borishadi. Bu turdagi tortishuvlarni inson nomiga loyiq ko‘rmaganimiz bois, ularning sababchisi bo‘lgan xislatlarni aytib o‘tirmadik. Ammo oqil va buyuk olim hisoblanmish tortishuvchilar ham mazkur ayblardan xoli emaslar. To‘g‘ri, ba’zilar raqibining darajasidan ancha past yoki yuqori bo‘lishiga, yashab turgan shahri yoki yashash holatlariga ko‘ra, bu xatoliklardan yiroq bo‘lishi mumkin. Ammo o‘shalar ham darajasi barobar bo‘lganlar orasiga kirgan vaqtlarida yomon xislatlarini namoyish qilishadi. O‘zini mudofaa qilish, adovat, tama’, mol orttirish sevgisi, g‘olib bo‘lish uchun mansabga intilish, manmansirash, mutakabbirlik, boshqalarni mensimaslik, boylar va amaldorlarga xushomad qilish, ularni tez-tez ziyorat etish, ularning harom mollaridan olish, shar’an man’ qilingan kiyimlar, ulovlar, markablar ila ziynatlanish, faxr va kibr bilan odamlarni tahqirlash, keraksiz amal va so‘zlarga sho‘ng‘ib ketish, qalbdan Alloh qo‘rquvi va mehr-shafqat ko‘tarilib ketishi, namozda nima o‘qiganini, uning mohiyati va kimga munojot qilayotganini unutish darajasida g‘aflat egallab olishi, munozarada yordam beradigan, lekin oxiratda foydasiz bo‘lgan chiroyli ibora, go‘zal qofiya va nodir masalalarni yodlash kabi sanoqsiz ilmlar bilan umrini o‘tkazgan kishi qalbida aslo xushu’ni his qilmaydi. Tortishuvchilarning yuqoridagi razolatlardan nasibadorlik darajalari turlicha bo‘ladi. Dini yuksak, aqlli munozarachilar ham o‘sha axloqlardan butunlay xalos bo‘lolmaydilar. Faqat imkon qadar yashirishga va unga qarshi kurashishga harakat qiladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:51:01

Bilgilki, ushbu razolatlar tazkira va’z-nasihat aytish bilan shug‘ullanuvchilarga tegishlidir. Agar xalq orasida nom qozonish, mansabga erishish yoki boylik-izzat orttirishni maqsad qilgan bo‘lsa, voizlarga ham tegishli. Mazhab va fatvolar ilmi bilan shug‘ullanayotganlarda agar qozilik mansabiga erishish, vaqflar doirasida valiy bo‘lish yoki yonidagilardan o‘zib ketish g‘oyalari uyg‘onsa, ularda ham bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, ilm bilan oxiratda Alloh savobidan boshqa narsalarni talab qilayotganlarning har biriga tegishlidir.

Ilm olimni o‘z holiga qo‘ymaydi. Yo uni abadiy halokatga olib boradi, yoki abadiy hayotga. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): «Qiyomat kunida eng qattiq azoblanuvchi Alloh ilmidan foydalantirmagan olimdir»122, deganlar. Uning ilmi nafaqat befoyda, balki unga zarar ham keltiradi. Koshki, u najot keltirmaydigan ilmdan qutilib qolsa edi. Afsuski, undan najot topolmaydi.

Ilmning xatari juda xavflidir. Ilm tolibi abadiy mulk, doimiy ne’mat tolibi hisoblanadi. Ilm tolibi uchun abadiy mulk yoki abadiy halokat peshvoz turadi. Olimning holati dunyodagi mulk tolibiga o‘xshaydi. Agar u mol-dunyo orttirish orqasida ijobiy-to‘g‘ri natijaga erishmasa, o‘zini xorlikdan saqlab qololmaydi. Balki xorlikdan ham badtarroq, sharmandaliroq holga tushib qoladi.

Agar: «Munozaraga ruxsat berishda foyda bor, u tufayli odamlar ilmga targ‘ib qilinadi. Agar mansab sevgisi bo‘lmaganida, ilm inqirozga uchrar edi», desang, so‘zing bir jihatdan haq, bolalar ham koptok yoki chumchuq o‘yini orqali maktabga targ‘ib qilinadi. Bu targ‘ib mahmuddir. Ammo, bu mansab sevgisi bo‘lmaganida, ilm zoe’ bo‘lardi, degani emas, mansab oshiqlari najot topishadi, degan ma’no ham chiqmaydi. Balki ular Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): «Batahqiq, Alloh taolo bu dinni undan benasiblar bilan ham quvvatlayveradi»,123 «Alloh taolo bu dinni fojir kishi bilan ham quvvatlaydi»,124 degan hadislaridagi «benasib» yoki «fojirlar»dan bo‘ladi.


122. Juda zaif.
123. Nasoiy, Anasdan (r.a.) sahih isnod ila rivoyat qilgan.
124. Muttafaqun alayh.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:51:14

Mansab talab qilguvchining o‘zi halok bo‘ladi. Gohida u tarki dunyoga chaqirgani tufayli boshqalar salohiyat topishi mumkin va bu esa, zohirini salaf ulamolariga o‘xshatib, botinida maqsadi obro‘ bo‘lgan kishiga tegishlidir. Bundaylarning misoli shamga o‘xshab ketadi. Sham boshqalarga yog‘du taratgani holda, o‘zi yonib tugab boraveradi. Soxta olim ham shunday. O‘zgalarni isloh qilsa-da, o‘zi halokat yo‘lida davom etaveradi. Mol-dunyo topishga targ‘ib qiluvchilar esa, o‘zini ham, boshqalarni ham yondirib tugatadigan olovga o‘xshaydi.

Olimlar uch xil bo‘ladi:
1. O‘zini ham, boshqalarni ham halok etuvchi olimlar. Ular ochiqdan-ochiq dunyo talab qilganlar va unga yuz tutganlar.
2. O‘zini ham, boshqalarni ham saodatga eltguvchi olimlar. Ular xalqni zohiru botinda Allohga da’vat qiladi.
3. O‘zlarini halok qilib, boshqalarni saodatga yo‘llovchi olimlar. Ular zohiran odamlarni oxiratga chorlaydi, tashqaridan dunyoni tark qilganga o‘xshab ko‘rinadi, lekin botini, asl maqsadi xalqni o‘zi tomonga og‘dirish yoki biror obro‘ga ega bo‘lishdir.

Bas, holat shunday ekan, sen o‘zingning qaysi toifadan ekaningga e’tibor ber! Kimlardan ibrat  olayotganingga xolis qara. Alloh o‘zi uchun qilinganidan boshqa biror ilm yoki amalni qabul etmasligini xotiringdan chiqarma. Bu haqda dalillar «Riyo» kitobi va «Rub’ul muhlikot» bo‘limida yetarlicha keladi, inshaalloh.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:52:12

Beshinchi bob
Ta’lim oluvchi va ta’lim beruvchi odoblari haqida

Talaba rioya qilishi lozim bo‘lgan ko‘plab odob va zohiriy vazifalar bor. Lekin biz ulardan faqat o‘ntasini keltirish bilan cheklanamiz.

Birinchi vazifa: talaba avvalo qalbini jirkanch xulqlardan, mazmum  yomon sifatlardan poklab olishi kerak. Chunki ilm  qalb ibodati, maxfiy namoz va Allohga botiniy yaqinlikdir. Zohiriy a’zolar vazifasi bo‘lgan namoz faqat hadas va nopokliklardan zohiriy tozalanish bilangina durust bo‘ladi. Botinning ibodati va qalbning ilm bilan obod bo‘lishi ham, faqatgina uni jirkanch    xulqlar va razil sifatlardan poklash bilan yuzaga chiqadi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) hadislaridan birida: «Bu din poklik ustiga barpo bo‘lgan»,125 deganlar. Zohiran ham, botinan ham u shundaydir. Alloh taolo poklik va najosat zohiriy his etish bilangina cheklanmaganini aqllarga tanbeh o‘laroq aytadi:

«Albatta, mushriklar najasdirlar». Mushrik pokiza libosda, badani yuvilgan holda bo‘lishi mumkin, lekin u javharan baribir najasdir. Ya’ni, botini (shirk, kufr kabi) iflosliklar bilan bulg‘angandir.


125. Bu ko‘rinishda topmadim. Ammo Ibn Hibbon va Tabaroniylar zaif sanad bilan rivoyat qilishgan bir oz boshqacha rivoyat bor.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:52:22

Najosat — kishi saqlanishi, undan uzoq yurishi lozim bo‘lgan narsa. Botiniy iflosliklardan chetlanish esa, yanada muhimroqdir. Chunki u iflos bo‘lish bilan birga, oqibatda halokatga ham olib boruvchidir. Shuning uchun janob Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «It bo‘lgan uyga farishtalar kirmaydi»,126 deganlar. Qalb ham bir uy, farishtalar qo‘nadigan makon. G‘azab, shahvat, gina, hasad, kibr, manmansirash va shunga o‘xshash razil sifatlar qopog‘on itga o‘xshaydi. Farishtalar qanday qilib, endi ko‘ppaklar orasiga kiradi?! Holbuki, Alloh taolo ilm nurini qalbga faqat farishtalar vositasi ila yuboradi:

«Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, (Allohning) izni bilan u xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin» (Sho‘ro surasi, 51-oyat).

Shuningdek, ilm qalblarga muakkil farishtalar orqali yetib keladi. Maloikalar pokiza, muqaddas zotlar bo‘lib, turli mazmum sifatlardan xolidirlar. Ular pok o‘rinlarni sayr etadilar, faqat pokiza makonlarni obod qiladilar. Men bu so‘zlar bilan, bayt-uydan murod qalb, kalb-itdan murod mazmum sifatlar, demoqchi emasman. Balki o‘sha ma’nolarga ham tashbeh borligini aytmoqchiman. Zohirni botinga ta’bir qilish bilan uni tasdiq qilgan holda botinga tashbeh etish o‘rtasida farq bor. Botiniylikni mana shu nozik nuqtada ajratib ol! Bu ibrat olinadigan yo‘ldir. Bu yo‘l ulamo va arboblar maslagidir. Ibrat zikr etilgan narsani boshqa ma’nolarga ham ta’bir qilish bilan bo‘ladi. Oqil kishi boshqaning boshiga tushgan musibatdan o‘zi uchun ibrat oladi. O‘zi ham o‘shanday musibatlar changaliga tushib qolishi mumkinligini anglaydi. Zero, dunyoning dunyoligi uning o‘zgaruvchanligidir. (Ya’ni, bugun bunday, ertaga unday.) Boshqalardan o‘zi uchun, o‘zidan esa, dunyoning aslini anglash uchun ibrat olish mahmud amallardan hisoblanadi. Bas, shunday ekan, sen ham maxluqlar uyi bo‘lmish «bayt»dan Allohning uyi bo‘lgan «qalb»ni ham tushun, uni suvrati uchun emas, balki yirtqichlik, vahshiylik kabi sifatlari uchun mazammat qil.


126. Muttafaqun alayh.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:52:32

Kalb-it ham suvrati uchun emas, vahshiylik sifatlari va najosatligi uchun yomonlanadi. G‘azab, dunyoparastlik, ochko‘zlik, odamlar obro‘sini to‘kish, nomusini poymol etish kabi illatlarga to‘lgan qalb, suvratan qalb deb atalsa-da, siyratan kalb-«it» ekanini bilib qo‘y! Basirat nuri suvratlarni emas, ma’nolarni mulohaza qiladi. Bu olamda suvrat siyratdan ustun kelib, asl ma’no  ko‘rinmay ketdi. Oxiratda esa, suvratlar siyratga ergashadi, ma’no g‘olib bo‘ladi. Shu sababdan, har bir shaxs qiyomatda ma’naviy suvratida keladi.

«Insonlar nomusini toptaganlar  vahshiy ko‘ppak, mol-mulklarga ko‘z olaytiruvchilar — daydi bo‘ri, o‘zini yuqori ko‘ruvchilar — qoplon, amalparastlik qilganlar — arslon suvratida tiriladi».127 Bu haqda ko‘plab xabarlar sobit bo‘lgan, basirat sohiblari — qalb ko‘zi ochiq zotlar ularni mushohada qiladi.

 Agar, qanchadan-qancha buzuq axloqli talabalar ilmga erishdi-ku, deya e’tiroz bildirsang, shunday javob beraman: Buzuq  xulq bilan ilmga erishgan kishilar oxirat saodatiga eltuvchi haqiqiy foydali ilmlardan mahrum kishilardir. Haqiqiy tolibi ilm bilan buzuq xulq ila ilm talab qiluvchi orasidagi farq katta.


127. Sa’labiy zaif sanad bilan «Tafsirda» rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:52:41

Gunohlarning zahri qotil ekanini ko‘rsatish ilmning birlamchi vazifasidir. Endi ayt-chi, zaharning halok etuvchi ekanini bilaturib, kim uni iste’mol qiladi?! Zohiriy ilm suratkashlari gohida tillari bilan aytib, gohida     qalblari bilan uni rad etayotgan so‘zda ilmdan hech narsa yo‘q. Ibn Mas’ud (r.a.): «Ilm ko‘p rivoyat qilishdan iborat emas, balki u,  qalbga sochiladigan nurdir», deganlar. Ba’zi olimlar ilmning asosiy xossalaridan biriga ishora qilib: «Ilm qo‘rquvdir», deb aytishadi. Zero, Alloh taolo Qur’onda:

«Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlarigina qo‘rqur» (Fotir surasi, 28-oyat), deb aytgan. Shundan bo‘lsa kerakki, olimlardan biri: «Biz ilmni Allohdan boshqa uchun o‘rganmoqchi bo‘ldik, ammo ilm Allohdan boshqasi uchun bo‘lishdan bosh tortdi», deydi. Bu degani: «Ilm bizdan bosh tortdi, haqiqatini kashf qilmadi, faqat qobig‘i, lafzlarinigina izhor qildi», deganidir.

Agar sen, bir guruh ulamo, fuqaholarni ko‘rdim, ular furu’ va usul ilmlarida yetuk darajaga erishganlar, hatto xalq ularni hurmat-e’tibor bilan eslaydi, vaholanki, ular mazmum xulqlardan poklanmaganlar, deb aytsang, senga javoban shunday deyiladi: Ilmlar martabasi va oxirat ilmini bilganingdan so‘ng, yuqoridagi kabi olimlar mashg‘ul bo‘lgan ilmlarning foydasi ozligi va Allohga qurbat niyatida qilingandagina ilm foyda berishi senga ayon bo‘ladi. Bu haqda biz yuqorida ishoralar keltirdik. Unga qo‘shimcha va izohlar, inshaalloh, yana zikr etiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:52:50

Ikkinchi vazifa: Ilm tolibi dunyoviy mashg‘ulotlarini ozaytirmog‘i, ahli va vatanidan yiroqda bo‘lmog‘i lozim. Chunki ular bilan aloqa talabani maqsadidan chalg‘itadi. Alloh taolo:

«Alloh bir kishining ichida ikki qalb qilgan emasdir» (Ahzob surasi, 4-oyat), deydi.

Fikrlar turli tomonga sochilgani sayin, narsaning haqiqatini bilish qiyinlashaveradi. Shuning uchun hukamolar: «Sen o‘zingni ilmga to‘la bag‘ishlamaguningcha ilm senga biror narsasini bermaydi. Butun borlig‘ingni ilmga bag‘ishlaganingda ham, uning biror qismiga yetishishing yana dargumon», deyishgan. Har tarafga sochilgan fikr, xayol ko‘plab ariqlarga tarqalib ketgan suvga o‘xshaydi. Uning bir qismini yer shimadi, qolgani havoda bug‘lanadi, ekinga hech narsa yetib bormaydi.

Uchinchi vazifa: Talaba ilmiga kibrlanmasligi, ustoziga qarshi chiqmasligi shart. Balki barcha ishda butunlay ishining jilovini muallimiga topshirmog‘i, johil kasalning mehribon va hoziq tabibga quloq tutganidek, uning nasihatiga quloq solmog‘i, unga tavoze’ ko‘rsatmog‘i, xizmatini qilish bilan savob va sharaf talab etmog‘i lozim. Sha’biy aytadilar: «Zayd ibn Sobit (r.a.) janoza namozini o‘qib bo‘lgach, xachirini olib kelishdi. U kishi endi minmoqchi bo‘lganlarida, Ibn Abbos (r.a.) kelib, xachirning uzangisidan ushladilar. Shunda Zayd: «Ey Rasulullohning amakivachchasi, qo‘ying!» dedilar. Ibn Abbos esa: «Ulamo va ulug‘ kishilarga shunday muomala qilishga buyurilganmiz», deya javob berdilar. Bu so‘zlarni eshitgan Zayd ibn Sobit (r.a.) u zotning qo‘llarini o‘pdilar va: «Biz ham Payg‘ambarimiz ahli baytlariga ehtirom ko‘rsatishga amr etilganmiz»,128 dedilar.


128. Tabaroniy, Hokim va Bayhaqiylar rivoyat qilishgan.  Hokim Muslim shartlariga binoan isnodi sahih, degan.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:52:58

Janob Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Laganbardorlik mo‘minning xulqi emasdir. Faqat ilm talabida mumkindir»,129 deganlar.

Tolibi ilm ustoziga takabburlik qilishi joiz emas. Mashhur, nomdor ustozlardan boshqasidan so‘rashdan o‘zni katta olish ayni ahmoqlikdir. Chunki ilm najot va saodat sababchisidir, o‘ziga tashlanmoqchi bo‘layotgan yirtqichdan qutulish uchun yordam beradigan kishining mashhur yoki  mashhur emasligiga qarab o‘tirilmaydi. Allohni tanimaydiganlarga tashlanadigan jahannam yirtqichlari esa, dunyodagi har qanday yirtqich hayvondan vajohatliroqdir. Qolaversa, hikmat mo‘minning yo‘qotgan moli, uni qaerda topsa, olaveradi va uni topishda yordamlashgan kishiga kim bo‘lishidan qat’iy nazar, tashakkur bildiradi.

Shoir shu ma’noda aytadi:
       
Sel baland to‘siq bilan urushgan yanglig‘,
Ilm ham kibrli yoshga urush ochgandir.


Tavoze’ hamda ustozni jon qulog‘i bilan tinglash bilangina ilmga yetishish mumkin. Zero, Alloh taolo:

«Albatta, bunda uyg‘oq qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir» (Qof surasi, 37-oyat), deb aytadi.


129. Ibn Adiy, Muoz va Abu Umomadan zaif isnod ila rivoyat qilgan.

Qayd etilgan