Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157746 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 31 B


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:53:08

Oyatdagi «qalb egasi»dan murod ilmni qabul qiluvchi, fahmlovchi kishidir. Shogird ustozining tavsiyalariga quloq solmagunicha, qalbini ilm eshitish uchun hozirlamagunicha uni  fahmlay olmaydi. Muallimning ko‘rsatmalarini go‘zal tarzda eshitishi, unga itoatda bo‘lishi,  shukrini, xursandligini, minnatdorligini izhor etishi lozim. Talaba ustozga nisbatan yumshoq tuproqdek bo‘lishi kerak. Qachon yumshoq tuproqqa mo‘l yomg‘ir yog‘sa, darrov o‘ziga singdiradi. Xuddi shuning singari ustoz dars davomida biror narsaga buyursa, o‘z fikridan voz kechib, so‘zsiz unga itoat etish talabaning burchidir. Zero, ustozning yanglish so‘zi uning o‘z nazdidagi to‘g‘ri so‘zidan foydaliroq. Manfaati katta bo‘lish bilan birga, eshitilishi g‘aroyib sanalgan daqiq narsalar tajriba orqali bilinadi. Aslida tabib harorati baland kasalga ba’zan quvvatini oshirish uchun muolajani buzadigan darajada haroratni ko‘taruvchi dori bersa, tabobatdan xabari yo‘q kishi taajjublanadi. Alloh taolo Hazrati Muso (a.s.) bilan Xizr (a.s.) orasidagi bo‘lib o‘tgan voqeani shunday hikoya qiladi:

«U (Xizr) aytdi: «Aniqki, sen men bilan birga ilm muammolariga sabr qila olmaysan. Zotan, o‘zing egallab, xabardor bo‘lmagan narsaga qanday sabr qilasan?!» (Kahf surasi, 67-68-oyatlar). Shundan so‘ng Xizr (a.s.) Musoga (a.s.) sukut saqlashni va barcha fe’llariga rozi bo‘lishni shart qilib qo‘ydi. Ya’ni:

«U (Xizr) aytdi: «Bas, agar menga ergashsang, o‘zim senga aytmagunimcha, biror narsa haqida so‘rama» (Kahf surasi 80-oyat). Muso (a.s.) esa savol beraverdilar va bu hol ularning ajralishiga sabab bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:53:16

Xulosa qilib aytganda, talaba ustozining aytganidan chiqib, o‘z fikrini ustun qo‘ysa, sen uni omadsiz va zararga mahkum bil. Agar sen, Alloh taolo: «Agar bilmasangizlar, ahli zikrlardan so‘ranglar», deya bizni so‘rashga buyurgan-ku, desang bu gaping to‘g‘ri. Faqat ustoz so‘rashga izn bergan narsalar haqida savol berish lozim. Onging, farosating yetmaydigan narsa haqida so‘rashing yaxshi emas. Shuning uchun ham Xizr (a.s.) Musoga (a.s.)  vaqti kelmasdan oldin savol berishni man’ qildilar. Ustozing sening nimaga layoqatli ekaningni va sirni oshkor qilish vaqti qachon kelishini yaxshi biladi. Nimaniki ustozing senga ochsa, demak, u haqida so‘rash vaqti kelgan. Tadrijiy bosqichlarning qaysi birini izhor qilish vaqti kelmagan bo‘lsa, u haqda so‘rash mavridi ham yetmagan bo‘ladi. Hazrati Ali (r.a.) aytadilar: «Olimga ko‘p savol bermaslik, javobiga e’tiroz qilmaslik, erinib turganida javob berishga zo‘rlamaslik, o‘rnidan turishga ham qo‘ymay, etagiga osilib olmaslik, sirlarini oshkor etmaslik, huzurida birortasini g‘iybat qilmaslik, xatolarini qidiravermaslik, bordiyu, xato qilsa, uzrini qabul etish, modomiki, Allohning amriga itoat qilarkan, unga ham Alloh uchun hurmat ko‘rsatish, uning oldida o‘tirmaslik, biror ehtiyoji bo‘lsa, uni ravo qilish uchun barchadan oldin shoshilish uning haqlaridandir».

To‘rtinchi  vazifa: Ilm olishni ilk boshlagan kishi xoh dunyo, xoh oxirat masalalarida bo‘lsin, odamlarning ixtiloflariga quloq solishdan saqlanishi lozim. Chunki bu ixtiloflar talabaning aqlini dahshatga soladi, zehnini hayron, fikrini esa zaif qiladi. Natijada, talaba ilm yo‘lida umidsizlikka tushadi.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:53:25

Bu holatga tushmaslik uchun, avvalo, ustoz nazdida maqbul bo‘lgan mahmud bir yo‘lni mukammal o‘rganib chiqmog‘i lozim. Undan keyingina boshqa mazhab va ular orasidagi ixtiloflarni tadqiq qilishi mumkin. Bordiyu, ustoz faqat bir mazhab ilmini naql qilishdan boshqaga yaramasa, o‘zining mustaqil rayi bo‘lmasa, u holda bunday ustozlardan uzoq bo‘lishi kerak. Zero, uning irshodidan ko‘ra, adashtiruvi ehtimoli ko‘proqdir. O‘zi ko‘r bo‘lgan kishi ko‘rlarga yo‘l ko‘rsatolmaydi. Mustaqil ilmi bo‘lmagan olim hayrat ojizligida, jaholat sahrosida qolgan hisoblanadi. Ilm olishga endi kirishgan kishini ixtiloflardan man’ etish Islomni yangi qabul qilgan kimsalarga kofirlar bilan aralashib yurishni ta’qiqlashga o‘xshaydi. Dinda quvvatli kishini kofirlar bilan mujodala qilishga ruxsat berilgani kabi, ilmi kuchli talabalarning ham ixtilofli masalalarga kirishishiga mone’lik qilinmaydi. Shuning uchun kofirlarga qarshi jang maydoniga jasur jangchilar safarbar qilinadi. Qo‘rqoqlarga esa, bunday janglarga kirishga ruxsat berilmaydi. Ushbu nozikliklardan bexabar ba’zi zaif kimsalar iymoni quvvatli kishilarga joiz bo‘lgan narsalarga iymoni zaiflar ham iqtido qilsa bo‘ladi, deya tushunadilar. Ular kuchli va zaif kishilarning vazifalari bir-biridan farqli ekanini bilmaydilar. Bu haqda bir olim shunday degan edi: «Meni ilk ko‘rgan siddiq deb, nihoyatda ko‘p ko‘rgan esa, zindiq deb o‘ylaydi, chunki oxir-oqibatda amallar botinga qaytadi, a’zolar farzlardan tashqari amallarda sukut qiladi». Bu holning shohidi bo‘lganlar unday olimlarni bekorchi, tanbal va beparvo deya gumon qila boshlaydi. Vaholanki, ish ular o‘ylagani kabi emas. Balki qalb amallarning eng afzali bo‘lgan zikr va mushohada ila doimiy  mashg‘uldir. Ba’zida iymoni kuchlining holati iymoni kuchsizniki bilan barobar ko‘rinadi. Zohiran shunday hisoblansa ham, ularning orasida farq mavjud bo‘lib qolaveradi. Bir odam ko‘zadagi suvga ozgina najosatni tashlab yuboradi va: «Dengizga bu najosatning bir necha barobari tashlanadi, lekin suvi buzilmaydi-ku?!» deya qichqira boshlaydi. Vaholanki, u dengiz najosatning ta’sirini yo‘qota oluvchi kuchga ega ekanini, ko‘zadagi suv esa, ozgina najas bilan ham najasga aylanishini bu miskin tushunmaydi. Shuning uchun «Olimlar qilyapti-ku?! Biz ham qilsak bo‘laveradi», demaslik kerak. Shuning uchun ham boshqalarga izni berilmagan narsalarda Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi vasallam) ruxsat berilgan. «Hatto to‘qqiz xotinga uylanish ham».130 Chunki Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) xotinlar orasida adolat qilish quvvatlari undan ortig‘iga ham yetar edi. Boshqalarda esa, bunday quvvat yetishmaydi. Taraflar adolatsizlik tufayli zarar ko‘rishi, hatto xotinlarining roziligi uchun  ma’siyat ko‘chasiga kirib qolishi ham mumkin. Farishtalarni temirchilarga taqqoslagan kishi najot topishi  mumkinmi?!


130. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:53:32

Beshinchi vazifa: Tolibi ilm barcha mahmud ilmlarni, ularning biror turini qoldirmasdan o‘rganmog‘i va oldiga qo‘ygan maqsadiga yetishmog‘i lozim. Ilmlarni o‘rganib bo‘lgach, umr sarmoyasi yetsa, ularni chuqurlashtirish kerak. Ilmlarning barchasini egallashning  imkoni bo‘lmasa, eng muhimlari bilan shug‘ullanishi, ularni mukammallashtirishi lozim. Qolganlarining kerakli jihatlarini o‘rganish kifoya qiladi.

Ilmlar o‘zaro bog‘liq hamda bir-birining ko‘makchisidir. Hech bo‘lmasa, bilmaslik tufayli dushman bo‘lib qolmaslik uchun, oz bo‘lsa-da, boshqa ilmlarni ham o‘rganish lozim. Chunki insonlar o‘zlari bilmaydigan narsalarning dushmanlaridir. Ushbu haqiqatning ifodasi sifatida Alloh taolo shunday deydi:

«Ular o‘zlari u (Qur’on) bilan hidoyat topishmagach, «Bu eski uydirmadir», derlar» (Ahqof surasi, 11-oyat).

Shoir aytadi:
         
           Kimning og‘zi achchiq bo‘lsa, bemordir,
          Zilol suv ham uning uchun zahardir.


Ilmlar darajasiga ko‘ra insonni yo Allohga olib boradi, yoki o‘sha maqsadiga biror jihatdan yordamchi bo‘ladi. Va yana maqsadga yaqinlashtirishi yoki uzoqlashtirishi jihatidan ham ularning martabalari bor. Bu ilmlarni biluvchi odamlar qo‘riqchilikda va jihod maydonida turgan askarlarga o‘xshaydi. Ularning o‘z darajalari, martabalari bor, shunga ko‘ra oxiratda ajr olishadi. Albatta, o‘sha amallari Alloh uchun bo‘lishisharti bilan.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:53:40

Oltinchi vazifa: Ilm olishda shogird turli ilmlarga kirishib ketmasligi, barcha tartiblarga rioya qilishi va muhimrog‘idan boshlashi lozim. Zero, inson umri barcha ilmlarni o‘rganish uchun yetmaydi. Bas, shunday ekan, har bir ilmning chiroyli taraflarini o‘rganib, o‘sha ilmlarning ozi bilan kifoyalanish kerak. Qolgan bor quvvatni esa, eng sharafli hisoblanmish oxirat ilmi  tomon yo‘naltirish lozim. Oxirat ilmi deb aytganimiz, shubhasiz, muomala va mukoshafa ilmlaridir.

Muomala ilmining g‘oyasi mukoshafa, mukoshafaning g‘oyasi esa, Allohni  tanishdir. Oxirat  ilmida iroda qilingan narsa omi odamlarning e’tiqodi emas. Ular o‘sha e’tiqodlarni ota-bobolaridan meros qilib oladilarmi yoki o‘zlari paydo qiladilarmi,  farqi yo‘q. Mutakallimlarning dinni dushmanlar uydirmalaridan himoya qilish uchun yozgan munozara va mujodalalari ham oxirat ilmi hisoblanmaydi. Oxirat ilmidan murod mujohada va iflosliklardan pok, Alloh taolo uning nuri ila bandaning qalbini yoritadigan yaqiyn ilmidir. U bilan kishi Abu Bakrning (r.a.) iymoni rutbasiga erishadi. Abu Bakrning (r.a.) iymoni darajasiga shahodat berib, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Agar Abu Bakrning iymoni (payg‘ambarlardan tashqari) butun olam iymoni bilan o‘lchansa, so‘zsiz Abu Bakrning iymoni og‘ir keladi»,131 deganlar.

Fikrimcha, olimlar bilan mutakallimlar e’tiqodi orasida hech qanday farq yo‘q, faqat mutakallimlar so‘zlarini tahrif va tartib qilib olganlari bois, olimlardan ustun ko‘rinadilar. Shuning uchun ham ularning so‘z san’ati kalom deb nomlanadi. Umar, Usmon, Ali va boshqa sahobalar kalom ilmida ojiz edilar. Abu Bakrning boshqa sahobalardan afzallik tomoni ilmi kalomda mashg‘ulligi emas, balki qalbida mustahkam o‘rnashgan siri — iymoniga ko‘ra edi. Bu kabi so‘zlarni Sohibi shariatdan (sollallohu alayhi vasallam) eshitaturib, yana eshitganiga muvofiq kelishiga ahamiyat bermay, «Bu narsalarni so‘fiylar to‘qib chiqargan, ular aqlga to‘g‘ri kelmaydi, ehtiyotkorlik bilan harakat qilish lozim», deb da’vo qilgan kishining holi ajablanarlidir, u shu bilan sarmoyasini zoe’ ketkazgan bo‘ladi.


131. Ibn Adiy zaif isnod ila Ibn Umardan rivoyat qilgandilar. Bayhaqiy esa,  sahih isnod ila Umardan (r.a.) mavquf holda rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:53:48

Bas, sen ilm talab qilishda haris bo‘l! Rushdi hidoyatga fuqaho va mutakallimlar matolaridan boshqa narsalarni o‘ylash bilan erishasan!

Qisqacha aytganda, ilmlar orasida eng sharaflisi Allohni tanituvchi ilmdir. Bu ilm tubiga hech kim yeta olmaydigan dengiz yanglig‘. Ma’rifat dengizi qa’riga eng chuqur sho‘ng‘uvchilar anbiyolar, so‘ng avliyolar va so‘ng darajalariga ko‘ra boshqalar.

Rivoyat qilinishicha, ikki donishmandning surati bo‘lib, birining qo‘lidagi bir parcha lavhda: «Sen hamma narsani chiroyli bajargan bo‘lsang ham, Alloh sabablarni yaratuvchi, ashyolarni bor qiluvchi ekanini bilib, Uni tanimaguningcha, biror narsani chiroyli qildim, deb o‘ylama», deb, ikkinchisinikida esa: «Alloh ma’rifatiga erishmasdan avval ichib, yana chanqayverardim. Uning ma’rifatiga erishganimdan so‘ng ichmasdan chanqog‘im qonadigan bo‘ldi», deb yozilgan ekan.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:53:55

Yettinchi vazifa: Avvalgi fanni mukammal o‘rganmasdan turib, boshqasiga kirishmaslik. Chunki ilmlarning zaruriyatiga ko‘ra tartib-martabasi bor. Bir ilm ikkinchi ilmga yo‘l vazifasini o‘taydi. Demak, o‘sha tartib va tadrijga rioya qilgandagina muvaffaqiyat qozoniladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:

«Biz kitob bergan kishilar (mo‘minlar) uni to‘g‘ri (buzmay) tilovat qiladilar» (Baqara surasi, 121- oyat). Ya’ni, bir fanni ilmiy, amaliy o‘rganmaguncha, boshqasiga o‘tmaydilar. Demak, har bir ilmni mukammal o‘rganib bo‘lgach, ulardan yuqori darajadagi ilmga kirishmoq lozim. Biror ilmga uni o‘rganayotganlar ixtilofga berilib ketganlari bois, fosid ilm deya baho bermaslik kerak. Chunki odamlardagi ixtilof ilmdagi ixtilof emas. O‘sha ilm egalaridan bittasi yoki bir nechtasining xatosi tufayli uni badnom qilmaslik kerak. Olimlarning ilmlariga amal qilmasligi ham yuqoridagi fikrga olib bormasin.

Bir guruh insonlarning aqliy va fiqhiy nazar qilishni tark etganlarini ko‘rasan. Ular qilmishlariga bahona sifatida: «Agar bu ilmning asosi bo‘lganida edi, ilm arboblari uni topgan bo‘lardi», deyishadi. Ushbu shubha «Me’yorul ilm» kitobida ochiq bayon etilgan.

Bir toifa odamlarning esa, bir tabib xatosi uchun tibbiyotni botil, deyishini ko‘rasan. Yana bir guruh odamlar birinchi marta duch kelganida ilmi nujumni to‘g‘ri deb e’tiqod qilishadi. Boshqa birovlari munajjimlarning xatosini ko‘rib, ilmi nujumni mutlaqo xato deb hisoblashadi. Aslida ikkala toifaning nazari ham xatodir. Chunki har bir narsani avvalo o‘ziga qarab tanish lozim. Shuni unutmaslik lozimki, har qanday ilm chegarasi odamlar uni o‘rgangan darajadan ko‘ra kengroqdir. Xazrati Alining (r.a.) so‘zlari ham shuni tasdiqlaydi: «Haqiqatni odamlarga qarab tanima, balki avval haqni tani, keyin ahlini tanib olasan!»

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:54:02

Sakkizinchi vazifa: Sharafli ilmlarga olib boradigan sabablarni ham bilish lozim. Sabablar deganda ikki narsa nazarda tutilyapti: birinchisi, natijaning sharafli bo‘lishi, bunga din va tib ilmlari misol bo‘ladi. Ikkinchisi, dalilning quvvatli va ishonchli bo‘lishi, bunga hisob-kitob, nujum ilmlarini misol keltirish mumkin.

Birinchi turiga oid bo‘lgan din ilmi kishiga abadiy hayot ato qiladi, tib ilmi esa, foniy hayotni ta’min etadi. Shunga ko‘ra, din ilmi tib ilmidan sharafliroq hisoblanadi. Hisob ilmi nujum ilmidan dalillari kuchli va ishonchli bo‘lgani bois sharafliroqdir. Agar hisob ilmini tib ilmiga taqqoslasak, u holda tib ilmi samarasiga ko‘ra afzal deyiladi. Vaholanki, hisob ilmi dalillar quvvatiga ko‘ra sharafliroqdir. Bunday hollarda samaraning mulohazasi muqaddam qilinadi. Shuning uchun ham yuqorida aytganimizdek, tib ilmi garchi ko‘p qismi taxmin bo‘lsa-da, hisob ilmidan ustundir. Mana shunga ko‘ra, Alloh taolo, Uning farishtalari, kitoblari, rasullari haqidagi ilm va unga olib boruvchi ilmlar eng sharafli hisoblanadi. Demak, sen bor layoqatingni, qiziqishingni faqat shu ilmga sarflamog‘ing lozim.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:54:10

To‘qqizinchi vazifa: Talabaning maqsadi bu dunyoda botinini ziynatlab, fazilat ila go‘zallashtirish, oxiratda esa Allohga yaqinlik hosil qilish, farishtalar va muqarrablardan iborat Malaul a’loga yuksalish bo‘lishi lozim. Zinhor mansab, mol-dunyo, obro‘ qozonish, nodonlarcha tortishish va yaqinlari bilan faxrlanishni g‘oya qilib olmaslik kerak. Agar tolibi ilm maqsadini to‘g‘ri belgilab olgan bo‘lsa, maqsad sari eng yaqin yo‘l bilan olib boruvchi ilm, so‘zsiz oxirat ilmidir. Lekin bu degani, Qur’on va sunnatga bog‘liq lug‘at, nahv, fatvo ilmlariga, shuningdek, «Muqaddimot» va «Mutammimot» bo‘limlarida keltirilgan farzi kifoya ilmlarga e’tibor qilmaslik kerak, degani emas. Bizning oxirat ilmiga ortiqcha yuqori baho berganimizga qarab, boshqa ilmlarni keraksiz o‘ylama!

Ilmning xodimlari xuddi chegaraning posbonlari yoki Alloh yo‘lida kurashuvchi mujohidlarga o‘xshaydi. Mujohidlardan bir qismi jangchi, bir qismi ularga ko‘makchi, boshqa bir qismi ularga suv keltiruvchi bo‘ladi, yana bir qismi ot-ulovlarni muhofaza qilish bilan shug‘ullanadi. Lekin ular vazifalaridan qat’iy nazar, modomiki maqsadlari g‘animatni qo‘lga kiritish emas, Allohning so‘zini oliy qilish uchun bo‘lar ekan, va’da qilingan ajrdan olaverishadi. Ulamolar ham mujohidlar kabidir.

«Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur».

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:54:18

    «Ular Alloh huzurida turli daraja (martaba) sohibidurlar» (Oli Imron surasi, 163-oyat).

Demak, fazilatlar nisbiydir. Podshohga qiyoslanganda mensilmaydigan sarroflar (kassir) farroshlarga taqqoslanganda ustun ko‘riladi. Shuning uchun yuqori darajadan pastga tushganlarning qadri yo‘q deb bo‘lmaydi. Eng oliy martaba anbiyolarniki, keyingisi avliyolarniki, undan keyingisi yetuk olimlarnikidir. Qolgan solih zotlarga darajalariga ko‘ra berilaveradi. Xulosa qilib aytganda:

«Bas, kim zarra misqolicha yaxshilik qilsa, o‘shani ko‘rur va kim zarra misqolicha yomonlik qilsa, uni ham ko‘rur» (Zalzala surasi, 7-8-oyat).

Ilmning qaysi turi bo‘lsa bo‘lsin, agar Alloh uchun ta’lim olinsa, shubhasiz, uning foydasi bo‘ladi va sohibini oliy maqomlarga ko‘taradi.

Qayd etilgan