Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157513 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 31 B


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:54:26

O‘ninchi vazifa: Tolibi ilm ilmlarning maqsadga yetkazuvchi nisbatini yaxshi bilishi lozim. Maqsadlarga yaqin va yuksak bo‘lgan ilmlar maqsadlardan uzoq bo‘lgan ilmlardan afzaldir. Muhim bo‘lgan ilmlar muhim bo‘lmaganidan muqaddamdir. Muhim bo‘lgan ilmlardan murod ahamiyatli bo‘lganlaridir. Sening dunyo va oxiratdagi holatingga bog‘liq bo‘lgan ilmlar ahamiyatli hisoblanadi.

Qur’oni karim mantig‘i va basirat nurining shohidligiga ko‘ra, dunyo lazzati va oxirat ne’matini bir joyda jamlash mumkin emas. Muhimi esa, abadulabad boqiy qolishdir. Ana shu tushuncha paydo bo‘lganda, dunyo bir qo‘nib o‘tiladigan manzilga, badan ulovga, harakatlar maqsad yo‘lidagi intilishga aylanadi. Asl maqsad Alloh taolo bilan uchrashishdir. Barcha ne’matlar shundadir. Ammo hayoti dunyoda ko‘pchilik buning qadrini bilmaydi.

 Alloh bilan uchrashish va Uning mukarram jamolini ko‘rish saodati jihatidan ilmlar uch darajada bo‘ladi. (Allohning jamolini ko‘rishdan murod anbiyolar istagan va tushungan nazar bilan ko‘rishdir, avom xalq va mutakallimlar tushunchasidagi nazarning bunga aloqasi yo‘q.) Ilmning bu darajalarini quyidagi misollar bilan tushunib olasan.

Bir qulga hajni to‘la-to‘kis ado etish sharti bilan ozod bo‘lish va mol-mulk sohibiga aylanish imkoni berildi. Hajga tayyorgarlik ko‘rib yo‘lga chiqsa-yu, lekin biror mone’ sababidan haj ruknlarini bajara olmasa, u holda unga faqat hurriyat va’da qilindi.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:54:35

Bunday holda qul uch xil amalni bajarishi lozim: avval, safar uchun tuya sotib olish, ozuqa tayyorlash va suv uchun mesh olish; so‘ngra, vatanni tashlab, Ka’ba tomon yo‘lga tushish; so‘ng hajning barcha ruknlarini birin-ketin bajarish. Ehromni yechib, tavoful vido’ni qilganidan so‘nggina mulk va hurriyatga ega bo‘ladi.

Bu shartlar tahaqquq topishi uchun qul uning sabablarini tayyorlab boradi. Cho‘llardan o‘tishda, haj ruknlarini avvalidan oxiriga qadar ado etishda maxsus o‘rinlar mavjud. Haj ruknlarini boshlagan kimsa saodatga yo‘l ozuqasi va ulov tayyorlayotgan kimsadan ham, hatto Ka’ba tomon yo‘lda ketayotganlardan ham yaqinroqdir.

Shug‘ullanish uch xil bo‘ladi: Birinchi qism yo‘l ozuqasi va ulov tayyorlash, safar uchun tuya sotib olish kabi masalalardan iborat bo‘lib, unga tib, fiqh va badanning     dunyoviy salohiyati uchun zarur ilmlar kiradi.

Ikkinchi qism cho‘llardan, tepaliklardan oshib o‘tish kabi mashaqqatlar bo‘lib, ular botinni razil sifatlardan poklaydi. Baland cho‘qqilardan oshib o‘tishga avvalgilaru oxirgilarning hammasi ojizdir, faqat tavfiq berilganlargagina kasb qilgandir. Maqsad sari boriladigan yo‘lning kayfiyati ham shunday. Uning ilmini o‘rganish hajga olib borajak yo‘lning taraflari va manzillarini tahsil qilishga o‘xshaydi. Yo‘lga chiqmasdan turib, faqat manzil va sahrolar yo‘lini bilishning foydasi yo‘q. Ilmsiz holda axloqni tuzatish esa, mumkin bo‘lmagan ishdir.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:54:42

Uchinchi qism haj va uning ruknlari kabi ilmlar bo‘lib, unga Alloh taoloni, Uning sifatlarini, farishtalari va ularning fe’llarini hamda biz «Tarojimul mukoshafa»da zikr qilgan narsalarni o‘rgatuvchi ilmlar kiradi. Bu o‘rin najot va saodatga erishish o‘rnidir. Maqsadi haq bo‘lgan har bir solik najot topaveradi.

Saodatga esa, Alloh taoloni taniganlar — oriflar erishadi. Ular jannat ne’matlari, rayhonlari va xush bo‘ylaridan nasibadordirlar. Kamolot cho‘qqisiga chiqishdan to‘silganlar faqat najot va salomatlikka erishadi. Alloh Qur’onda:

«Endi agar o‘sha (vafot qilguvchi kishi Allohga) yaqin qilingan, (peshqadam)lardan bo‘lsa, u holda (uning uchun) rog‘at-farog‘at, go‘zal rizq va noz-ne’matli jannat bordir. Endi agar u o‘ng tomon egalaridan bo‘lsa, u holda (ey saodatmand bandam), senga o‘ng tomon egalaridan salom bo‘lgay!» (Voqea surasi, 88-91-oyatlar) deydi.

Kim to‘g‘ri maqsad sari yuzlanmasa, harakat qilmasa, yoki undan boshqa tomonga harakat qilsa, yo g‘oyasi Allohga qullik qilish va Uning amrini bajarish emas, balki bu dunyoning turli narsalari bo‘lib qolsa, unday kimsa  «ashabush-shimal» (chap tomon egalari), adashganlar toifasidagi kishiga aylanadi. Bundaylar uchun ichimligi qaynoq suvdan bo‘lgan o‘rinlar va jahannamga kirish bordir.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:54:50

Bilgilki, yetuk ulamolar nazdidagi «haqqul yaqiyn» mana shudir. Ular moddiy ko‘zlardan ko‘ra kuchliroq, ravshanroq bo‘lgan botin ko‘zi ila mushohada yuritadilar va faqat eshitish bilan hosil bo‘luvchi taqliddan yuqori ko‘tariladilar. Ularning holati xuddi o‘zlariga  kelgan xabarni tasdiqlab, ishonib, so‘ngra qo‘shimcha mushohada qilib, o‘sha xabarni tadqiq qilishga, boshqalarning holati esa, mushohada va fikrdan benasib holda faqat ishonib tasdiqlashga o‘xshaydi. Haqiqiy saodat mukoshafa ilmi ortidadir. Mukoshafa ilmi esa, muomala ilmi ortidan keladi.

Muomala ilmi deganda oxirat sari safarga chiqish va yaramas sifatlardan xalos bo‘lish haqidagi ilm tushuniladi. Ulug‘ safarga otlanish ilmi mazmum sifatlar ilmidan keyin o‘rganiladi. Muolaja yo‘li va bu yo‘lda qanday yurishni o‘rganuvchi ilm badan salomatligi ilmi va unga yordamchi bo‘lgan ilmlardan keyin turadi.

Badan salomatligi odamlarning o‘zaro yordamlashuvi, hamkorligi bilan paydo bo‘ladi. Zero, o‘zaro yordamlashuv bilan maskan, taom va kiyinish kabi odatlar rivojlanadi. U (badan salomatligi ilmi) faqih zimmasida bo‘lgan, sultonning odamlarni adolat va siyosat bilan tutib turadigan qonunlariga bog‘liq. Ammo sog‘likning sabablari tabibning zimmasidadir.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:54:59

«Ilm ikkiga bo‘linadi: badan ilmi va din ilmi», deb aytgan kishi bu so‘zlari bilan  botiniy aziz ilmni emas, balki xalq ichida keng tarqalgan zohiriy ilmlarnigina iroda qilgan. Agar sen:  «Nima uchun fiqh va tib ilmini yo‘l ozuqasi va ulovini tayyorlashga o‘xshatdingiz?» desang, bilgilki, Allohga yaqinlashish uchun yo‘lga chiquvchi deyilganda, badan emas, qalb tushuniladi. Qalb deganda bizga ko‘rinadigan bir parcha go‘shtni nazarda tutayotganim yo‘q. Balki, u hissiy a’zolar bilan idrok qilib bo‘lmaydigan ilohiy sirlardan bir sirning, yashirin ne’matlardan bir ne’matning nomidir. Gohida u «ruh», gohida esa, «nafsi mutmainna» (xotirjam nafs), deyiladi. Shariat uni «qalb» deb nomlaydi, chunki u o‘sha ilohiy sirning ulovidir. Uning vositasi ila butun badan o‘sha latofatga bir bosqich vazifasini o‘taydi. Bu sirning pardasi faqatgina mukoshafa ilmi bilan ochiladi.

Mukoshafa ilmidagi o‘sha sirning pardasini ko‘tarishga, uni ochiq zikr qilishga izn berilmagan. Mukoshafa ilmining asroridan o‘rganish izn berilgan miqdori zikr qilinadigan bo‘lsa, u holda shunday deyish mumkin: Qalb  qimmatbaho javhar, butun ko‘z oldimizda namoyon narsalar orasida eng aziz va sharafli durdir. Va u ilohiy ishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda ruh haqida shunday deydi:

«Sizdan ruh haqida so‘raydilar. Ayting: «Ruh Rabbimning ishidandir» (Isro surasi, 85-oyat). Ruhning nisbati inson jasadidagi boshqa a’zolaridan ko‘ra sharafliroq. Xalq-yaratilish ham, amr-ish ham Allohga xos. Ammo amr xalq qilishdan buyukroq. Allohning omonati yuklangan qimmatbaho javhar mana shu ruhdir. Aynan mana shu omonat yukini ko‘taruvchi bo‘lgani uchun ham inson osmonlaru yerdan va ulardagi bor narsalardan musharraf qilindi. Chunki undan boshqa mavjudotlar bu omonatni qabul qilishdan bosh tortgan edilar. Zero, ular amr olamidan qo‘rqardilar. Ammo bu gaplardan ruhning qadimligi tushunilmaydi. Uni qadim deya da’vo qiluvchilar esa, aldangan, nima deyayotganini bilmaydigan johillardir. Mavzudan tashqari bo‘lgani uchun ruh haqidagi bayonni shu yerda to‘xtatamiz.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:55:11

Demoqchi bo‘lganimiz shuki, ilohiy latofat bo‘lgan qalb Allohga yaqinlashtiruvchi birdan-bir xususiyatdir. Chunki u Allohning ishi-amridandir. Kelib chiqishi ham, qaytishi ham Ungadir. Faqat amr qilish xalq qilishdan oliyroqdir.

Allohning omonati bo‘lgan jasad go‘yo qalbning ulovi, faqat uning harakati — sayri uchun vosita vazifasini bajaradi. Haj yo‘lida tuya qanday ulov darajasida bo‘lsa, jasad ham xuddi shunday ulov, suv to‘ldirilgan mesh jasadning ehtiyoji uchun qanday zarur bo‘lsa, jasad uchun ruh ham shunday zaruriy ehtiyoj hisoblanadi. Har qanday ilm, agar uning maqsadi jasad salomatligi bo‘lsa, demakki, u «ulov» manfaatlari jumlasidandir. Tib ilmining ziynati, yuqorida zikr qilib o‘tganimizdek, jasadning salomatligi uchun juda muhim bo‘lib, hatto inson tanho yashaganda ham unga muhtoj ekani hech kimga sir emas. Fiqh ilmining tib ilmidan farqi shundaki, inson tanho yashagan chog‘ida undan behojat bo‘lishi mumkin. Lekin inson shunday yaratilganki, u tanholikda yashashi mumkin emas. Chunki inson yer haydash, ekin ekish, non pishirish, oshpazlik qilish yoki kiyim-kechak va maskan muammolarini hal qilishda bir o‘zi harakat qila olmagani bois o‘z-o‘zidan boshqalar bilan aralashib yurishga, hamkorlik qilishga majbur bo‘ladi. Shunday ekan, odamlar bir-birlari bilan aralashganlari sayin shahvatlar va orzu-havaslar ham g‘alayonga keladi, keyin ular orasida o‘zaro munozara va tortishuvlar boshlanadi.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:55:18

Insonning ichida bir-biriga zid unsurlar aralashib ketganida va o‘zaro muvofiq kelmaganida, halok bo‘lgani kabi, tashqarida ham o‘zaro tortishuv va munozaralar tufayli  halokatga yo‘liqadilar. Tib ilmi bilan inson ichidagi qarama-qarshi aralashmalarning mo‘’tadilligi muhofaza etilsa, siyosat va adolat bilan inson tanasidan tashqaridagi bahs-tortishuvlari mo‘’tadil qilinadi. Aralashmalarning mo‘’tadil yo‘lini o‘rgatuvchi ilmga tib, muomala va fe’llarni mo‘’tadillashtiruvchi ilm turiga fiqh   deyiladi. Bu ilmning barchasi ulov vazifasini bajaruvchi jasad muhofazasi uchundir. Nafsiga qarshi mujohada qilmaydigan, qalbining islohi bilan shug‘ullanmaydigan, faqatgina tib va fiqh ilmi bilan ovora bo‘lgan kimsalar xuddi haj uchun yo‘lga tushmasdan, faqatgina tuya sotib olish, uni to‘ydirish yoki mesh sotib olib, uni tikish bilan ovora bo‘lganga o‘xshaydi. Mukoshafa ilmiga olib boruvchi qalb islohi yo‘liga kirganlar esa, haj uchun yo‘lga chiquvchi yoki uning arkonlarini bajaruvchiga o‘xshaydi. Avvalo, sen bularni yaxshilab tushunib ol va bularning hammasini boshdan o‘tkazgan avomu xosga tushuntirishda bor jiddu jahdini, jur’atu g‘ayratini sarf etgan kishining nasihatini (Imom G‘azzoliy o‘zlarini nazarda tutyaptilar) tekin qabul qil. 

Tolibi ilmning vazifalariga mana shular kifoya qiladi.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:08:10

Murshid ¬ muallimning vazifalari bayoni

Bilgilki, mol-dunyo to‘plashda bo‘lgani kabi, ilm olishda ham to‘rt holat mavjud. Mol sohibining istifoda holati bor, unda muktasib (kasb qiluvchi) bo‘ladi; kasb qilib topgan molini jamg‘arish holati bor, u bilan tilanchilikdan qutiladi; o‘ziga infoq qilish holati bor, molidan foydalanadi; molini boshqalarga sarflash holati bor, bu bilan saxiy va fazilatli bo‘ladi. Mana shu oxirgisi barcha holatlarning ulug‘idir.

Shuningdek, mol-dunyo kabi, ilm ham yig‘iladi. Unda ham talab va kasb qilish holati, so‘rashdan behojat bo‘ladigan darajada tahsil qilish holati, istibsor — hosil qilgan ilmini tafakkur qilish va undan foydalanish holati, hamda tabsir — boshqalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish holati bor. Buning ham oxirgisi ulug‘dir. Kim ilm olsa, unga amal qilsa va boshqalarga o‘rgatsa, u kishi osmonlarda ulug‘ inson deb chaqiriladi. U odam quyosh kabidirki, boshqalar uchun ziyo tarqatadi va o‘zi ham ziyolidir yoki mushki anbar kabidirki, boshqalarni xushbo‘y qiladi va o‘zi ham xushbo‘ydir. Ilm o‘rganib, unga amal qilmaydigan kishi esa, boshqalarga foyda berib, o‘zi ilmdan xoli qolgan daftar yoki boshqa narsalarni o‘tkirlab, o‘zi hech narsani kesa olmaydigan qayroqtosh yoki boshqalarni kiyintirib, o‘zi yalang‘och qolgan igna yoki boshqalarga nur berib, o‘zi yonib ketadigan chiroqning piligi kabidir. Chunonchi she’rda aytiladi:

U yonguvchi pilikdirki, atrofga nur taratur,
Kimlar undan nur emur, u yonib ado bo‘lur.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:08:27

Inson qachon ilm berishga kirishsa, ulug‘ ishni, katta vazifani zimmasiga olgan bo‘ladi. Shuning uchun uning odoblari va vazifalarini yodda tutishi lozim:

Birinchi vazifa: muallim ta’lim oluvchilarga nisbatan shafqatli bo‘lishi va ularga o‘z bolalari kabi muomala qilishi kerak. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ota o‘z farzandiga qanday bo‘lsa, men ham sizlar uchun shundayman»,132 deganlar. Bu vazifani muallim shogirdlarni oxirat azobidan saqlashni qasd qilish bilan ado etishi mumkin. Mana shu niyat ota-ona farzandini dunyo olovidan saqlashidan ko‘ra muhimroqdir. Shuning uchun muallimning haqqi ota-onaning haqqidan ustun qo‘yiladi. Chunki ota vujud va foniy hayotning sababchisi bo‘lsa, muallim abadiy hayotning sababchisidir. Muallim bo‘lmasa edi, ota tomonidan hosil qilingan narsa abadiy halokatga duchor bo‘lardi. Zero, muallim uxroviy hayotning bunyodkoridir. Bu yerda oxirat yoki dunyo ilmlari bilan dunyo topishni emas, oxiratni qasd qiluvchi muallimni nazarda tutdim. Ammo dunyo topish maqsadida ta’lim berish halok bo‘lish va halok qilishdirki, bundan Alloh saqlasin!

Bir otaning o‘g‘illari o‘zaro muhabbatli va barcha maqsadlarda bir-birlariga yordam ko‘rsatishlari lozim bo‘lgani kabi, bir ustozning shogirdlari ham o‘zaro muhabbatli bo‘lishlari kerakdir. Ularning maqsadlari oxirat bo‘lsagina o‘rtalarida muhabbat uyg‘onadi. Agar maqsadlari dunyo bo‘lsa, o‘rtada hasad va adovatdan boshqa narsa hosil bo‘lmaydi.


132. Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja va Ibn Hibbonlar rivoyati.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:08:45

Albatta, ulamolar va oxirat farzandlari Alloh taologa safar qiluvchi va dunyodan U tomonga yo‘l tutuvchilardir. Yillar va oylar o‘sha yo‘lning manzillaridir. Biror shaharga borishni niyat qilib yo‘lga chiqqan yo‘lovchilarning yo‘lda hamroh bo‘lishlari o‘rtalarida mehr-muhabbat uyg‘onishlariga sabab bo‘lganida, oliy Firdavs jannati sari qilingan safar va uning yo‘lida yo‘ldosh bo‘lganlar o‘zaro qanchalik mehribon bo‘lishlari kerak?! Oxirat saodatida hech qanday tanglik yo‘q, shuning uchun oxirat farzandlari o‘rtasida tortishuv bo‘lmaydi. Dunyo saodatida esa kenglik yo‘q, shuning uchun u nizolardan xoli emas.

Ilm orqali rahbarlikka erishishni o‘ylagan kishi Alloh taoloning:

«Albatta, mo‘minlar og‘a-inidirlar» (Hujurot surasi, 10-oyat), degan kalomi taqozosidan tashqariga chiqqan va:

«U kunda taqvolilardan boshqa do‘stlar bir-birlariga dushmandirlar» (Zuxruf surasi, 67-oyat), degan so‘zining muqtazosiga kirgan bo‘ladi.

Qayd etilgan