Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 128890 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 31 B


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:09:12

Ikkinchi vazifa: Shariat sohibi bo‘lgan zotga (sollallohu alayhi vasallam) ergashishdir. Muallim ilm o‘rgatish uchun haq talab etmaydi, biror mukofot olishni yoki tashakkur eshitishni ham maqsad qilmaydi. Balki Alloh taoloning roziligini istab va Unga yaqin bo‘lishni xohlab ta’lim beradi. Garchi shogirdlar minnatdorlik bildirishlari lozim bo‘lsa-da, uni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Balki ularni fazilatli biladi. Zero, ular ilm olish bilan Alloh taologa yaqin bo‘lish uchun qalblarini poklaganlar. Bu hol o‘zing uchun ekin ek, deb bir kishi yerini senga topshirganida, ziroat bilan topadigan manfaating yer egasining manfaatidan ko‘proq bo‘lgandagiga o‘xshaydi. Alloh taoloning huzurida sening savobing mutaallim ¬ o‘quvchining savobidan ko‘proq bo‘lgani holda, qanday qilib ularga minnat qilasan? Agar ta’lim oluvchi bo‘lmasa, sen savobga erisha olmas eding. Shuning uchun ajrni faqat Alloh taolodan ista. Chunonchi, Alloh azza va jalla marhamat qiladiki:

«Ey qavmim! Sizlardan u (xizmat) uchun mol-dunyo so‘ramayman. Mening mukofotim faqat Allohning zimmasidadir» (Hud surasi, 29-oyat).

Darhaqiqat, mol-mulk va dunyodagi narsalar vujud xizmatkoridir. Vujud esa, nafsning ulovi-markabi. Maxdum (xizmat qilinuvchi) ilmdir. Zero, nafsning sharafi ilm bilan. Ilm bilan mol-dunyoni talab qilgan odam esa, kovushning tagini yuzi bilan artgan kishiga o‘xshaydi, u xodimni maxdum, maxdumni esa, xodim qilib qo‘ygandir. Bu holat oyog‘i qolib, boshi bilan yurishga teng. U qiyomat kunida Allohning huzurida boshlarini egib turuvchi gunohkorlar bilan birga bo‘ladi.

Aslida, fazl va minnat muallim uchundir.

E’tibor qilgilki, din ishi o‘zlari egallagan fiqh, kalom va boshqa ilmlarni o‘qitish bilan Allohga yaqinlashishni da’vo qiluvchi qavmlar qo‘lida qolib ketdi. Bu kimsalar mol va maqomning orqasidan yuguradilar va buni qo‘lga kiritish uchun podshohlarning huzurida har turli zillatga (pastkashlik) rozi bo‘ladilar. Chunki ular xushomadlarini tark qilsalar, (boshqa fazilatlari yo‘qligi sababli) o‘zlari ham tark etiladilar. (Bunday) muallimlar shogirdning mashaqqat paytlarida (xizmatida) qoyim bo‘lishini, do‘stlariga yordam berib, dushmaniga adovat qilishini, hojatlarida undan oshkora foydalanib qolishini va ishlariga tobe’ bo‘lishini istaydi. Mabodo, talaba bu xizmatda biror xatoga yo‘l qo‘ysa, unga g‘azab qiladi va eng yomon dushmaniga aylanib qoladi. Zillatga rozi va bu holidan xursand bo‘lgan, so‘ngra, «dars berishdan maqsadim Allohga yaqin bo‘lish va dinga yordam berish», deyishdan ham uyalmaydigan olim eng yomon olimdir. Uning alomatlariga qara, aldanishning ko‘p turlarini ko‘rasan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:09:47

Uchinchi vazifa: Talabaga qilinishi lozim bo‘lgan nasihatlardan hech birini qoldirmaslik. Masalan, uni loyiq bo‘lmagan martabaga chiqishidan qaytarishi va ochiq-ravshan ilmlarni tugatmay turib, maxfiy ilmlar bilan   mashg‘ul bo‘lishdan man’ qilishi lozim. Keyin esa, ilmlarni o‘rganishdan maqsad Allohga yaqin bo‘lish ekanini, maqomu martaba, obro‘ va kimo‘zarlikni maqsad qilish mumkin emasligini uqtirishi kerak. Ilm bilan dunyoviy narsalarni talab qilish naqadar yomon ekanini imkon qadar o‘z nafsida talabaga ko‘rsatib borishi lozim. Chunki fojir olimning isloh qilgan ishlari buzgan ishlaridan ko‘p emasdir.

Agar muallim talabasining qalbida ilm bilan faqat dunyoni talab qilganini bilib qolsa, u o‘rganayotgan ilmga qarasin. Agar u fiqhdagi xilof ilmi, kalomdagi jadal ilmi, ahkom va xususiyatdagi fatvolar ilmi bilan        mashg‘ul bo‘lsa, uni darhol yo‘lidan qaytarsin. Chunki bu ilmlar oxiratda foyda bermaydi va ular: «Biz ilmni Allohdan boshqa uchun talab qildik, lekin ilm Allohdan boshqasi uchun bo‘lishdan bosh tortdi», deyilgan ilmlardan ham emasdir. Chunki bunday ilmlar tafsir, hadis va avvalgilar mashg‘ul bo‘lgan oxirat ilmi, nafs axloqini o‘rganish va uni poklash kayfiyati haqidagi ilmlardir. Agar talaba ushbu ilmlarni o‘rgansa va u bilan dunyoni maqsad qilsa ham, uni holiga qo‘yishning zarari yo‘q. Chunki ushbu ilmlar talabada odamlarga va’z aytish va ularni ortidan ergashtirish xohishini keltirib chiqaradi. Lekin ishning o‘rtasida yoki oxirida o‘zi ham ogoh bo‘lib qolishi, ko‘zi ochilishi mumkin. Zero, u ilmlar Allohdan qo‘rqitadigan, dunyodan sovutadigan va oxiratni ulug‘lovchi ilmlardir. Shuning uchun boshqalarga qilgan nasihatlaridan o‘zi ta’sirlanib, oxirat savobiga yuzlanishi umid etiladi.

Odamlarga yoqishga va obro‘ olishga bo‘lgan muhabbat tuzoq atrofiga sochilgan don kabidir. Alloh taolo jonzotlarga nasl qoldirish uchun shahvat bergan. Shuningdek,   ilmlarni tiriltirishga sabab bo‘lishi uchun  maqomga nisbatan muhabbat paydo qildi. Shuning uchun bu ilmlarda bunday muhabbatlar uchrashi mumkin. Lekin ixtiloflar, kalom ilmidagi mujodalalar va kam uchraydigan far’iy masalalarni bilish va boshqa ilmlardan yuz o‘girib, faqat shulargagina berilish qalb qattiqligini, Allohdan g‘ofillikni, zalolatda davomiylikni va obro‘parastlikni ziyoda qiladi. Faqat Alloh taolo kimni rahmati bilan saqlasa yoki bu bilimiga boshqa diniy bilimlarni qo‘shgan bo‘lsagina, najot topishi mumkin.

Bunga munosib dalil ¬ tajriba va mushohadadir. Buning haqiqatini bandalarda va diyorlarda ko‘rish uchun nazar sol va ibrat ol! Basirat ko‘zingni och! Yordamchi faqat Allohdir.

Bir kuni Sufyon Savriyni (r.a.) mahzun holda ko‘rib: «Sizga nima bo‘ldi?» deb so‘rashdi. U zot: «Biz dunyo bandalari uchun tijoratgohga aylanib qoldik. Ulardan ba’zilari yonimizga kelib ta’lim olgach, qozi, amaldor yoki qahramonga aylandi», deb javob berdilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:11:22

To‘rtinchi vazifa: Ta’lim san’atining nozik jihatlaridan biridirki, muallim talabaning yomon axloqini oshkora emas, balki imkoni boricha ta’riz — o‘ziga ko‘rsatish yo‘li bilan, qattiq so‘zlar bilan emas, shafqat yo‘li bilan qaytarishi lozim. Chunki oshkora shaklda tanbeh berish hurmat pardasini yirtib, ustozga qarshi chiqishga jur’at paydo qiladi hamda qaysarlikka bo‘lgan maylini qo‘zg‘atadi. Zero, barcha muallimlar murshidi bo‘lgan zot (sollallohu alayhi vasallam): «Agar odamlar go‘ngni titishdan qaytarilsalar, albatta, uni titadilar hamda unda bir narsa bordirki, biz undan qaytarildik, deydilar»,133 deb marhamat qilganlar.

Bu borada senga tanbeh bo‘ladigan misol Odam bilan Havo va ularga man’ qilingan narsa haqidagi qissadir. Bu misollarni senga shunchaki emas, balki ibrat olishing, g‘aflatdan uyg‘onishing uchun keltirdim.

Va yana ta’riz yo‘li bilan tarbiya berish fazilatli   nafslar va zakovatli zehnlarni so‘zning ma’nosini  chaqib olishga undaydi. Natijada, bu so‘zning ma’nosi qo‘lim yetmaydigan narsa emas, deb uni bilishga rag‘bat qiladi, anglaganida esa, xursand bo‘ladi.


133.  Alboniy zaif degan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:11:37

Beshinchi vazifa: Ilmlardan ba’zilarini o‘rganayotgan talabaga boshqa ilmlarni yomon ko‘rsatmaslik lozim. Masalan, til muallimi fiqh ilmini yomon ko‘rsatishga odatlangan, fiqh muallimi esa, hadis va tafsir ilmini: «U faqat naql qilish va eshitishdan iborat. Bunday qilish esa, kampirlarning ishi va unda qo‘lga tegishli narsa yo‘qdir», deb kamsitadi. Kalom muallimi fiqhdan nafratlantirib: «Bu ilm far’iydir, u xotinlarning hayzi haqidagi so‘zlar to‘plamidan iborat. Rahmonning sifatlari haqidagi kalom ilmi qaerda¬¬¬¬-yu bu qaerda?» deydi.

Mana shu narsa muallimlar uchun eng yomon axloqdir, undan saqlanish lozim. Balki bir ilmga mutaxassis bo‘lgan muallim talabalar uchun boshqa ilmlarning ta’lim yo‘llarini ham ochib berishi lozim. Agar u bir necha ilmlardan ta’lim bersa, o‘quvchining bir ilmdan ikkinchisiga o‘tishida bosqichlarga rioya qilsin.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:11:55

Oltinchi vazifa: Talabaga ilmni uning fahm-farosati ko‘tarishiga qarab berish lozim. Aqli yetmagan narsani o‘rganmasinki, uni ilmdan nafratlantirib qo‘yadi yoki aqlini chalkashtirib yuboradi. Bu borada bashariyatning sayyidi bo‘lgan zotga (sollallohu alayhi vasallam) ergashish lozimdirki, u zot (sollallohu alayhi vasallam): «Biz payg‘ambarlar jamoasi odamlarni o‘z o‘rinlariga qo‘yishga va ularning aqllari yetadigan miqdorda gapirishga buyurilganmiz»,134 deganlar.   

Bas, qachonki talabaning haqiqatni anglashga yuzlanganini bilsa, unga haqiqatni sochsin. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Bir qavmga ularning aqllari yetmagan biror so‘zni gapirgan kishi ularning ba’zilari uchun fitnaga sabab bo‘ladi», deganlar.   

Hazrat Ali (r.a.) ko‘ksiga ishora qilaturib, aytganlar: «Albatta, mana bu yerda juda ko‘p ilm bor, koshkiydi unga munosib tolib topolsam». Naqadar to‘g‘ri so‘zlaganlar. Chunki yaxshilarning qalbi sirlarning qabridir.

Olim kishi barcha bilgan narsalarini har kimga ham oshkor qilavermasligi lozim. Bu so‘z talaba o‘sha ilmni tushunadigan, lekin undan foydalanishga loyiq bo‘lmagan holatda tegishlidir. Endi u tushunmaydigan ilmlarni oshkor qilish qanday bo‘lar ekan?!


134. Abu Bakr ibn ash-Shaxir Umardan (r.a.) qilgan rivoyatlarini bir juz’i. Abu Dovud Oishadan (r.a.) shunga o‘xshash hadis rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:12:19

Iso (a.s.) shunday deganlar: «Gavharlarni to‘ng‘izlarning bo‘yniga osmanglar». Albatta, hikmat (ilm) gavhardan yaxshiroqdir. Kim uni yomon ko‘rsa, to‘ng‘izdan ham yomonroqdir. Shuning uchun: «Har bir bandaga aqlining me’yoriga ko‘ra o‘lchab va fahmining mezoniga ko‘ra tortib ber. Toki sen uning yomonligidan salomat bo‘lasan va u ham sendan foyda oladi. Aks holda me’yorlar turlicha bo‘lgani uchun inkor paydo bo‘ladi», deyilgan.

Bir olimdan bir narsa haqida so‘rashganida, javob bermadi. Shunda so‘rovchi: «Siz Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): «Kimki foydali bir ilmni yashirsa, qiyomat kunida olovdan bo‘lgan yugan bilan yuganlanadi»,135 deganlarini eshitmaganmisiz?» dedi. Olim: «Yuganni qo‘yaver va (yo‘lingdan qolmay) ketaver. Agar (so‘zimni)  anglaydigan bir odam kelsa va undan ilmni yashirsam, o‘shanda meni yuganlayversin», deb javob qildi.

Zero, ilmni buzadigan va unga zarar beradigan kishidan ehtiyot qilish lozimligini bildirib, Alloh taolo: 

«Aqlsizlarga mollaringizni berib qo‘ymangiz», (Niso surasi, 4-oyat), deya marhamat qilgan. Loyiq kishiga bermaslikdagi zulm noloyiq kishiga berishdagi zulmdan kam emasdir. She’r:

O‘tlab yurgan qo‘ylarga dur-Marjon sochmoq nechun?
So‘ngra esa  shartmikin unga qo‘riqchi bo‘lish?
Ilmu hikmat qadrini johillar qaydan bilsun,
Hayvon bo‘yniga ilmoq durru gavhar-abas ish!

Allohning lutfi ila gar iltifot etsa latif,
Yo‘llarimda uchrasa ilmu hikmat ahlidan.
Unga zarur ilm tarqatib qozonsam muhabbatin,
Aks holda ilm-yashirin, benasibdur bahridan.

Kim johilga ilm o‘rgatsa, uni qilibdi zoe’,
Kim tolibdan ilm ayasa, o‘shadir eng betole’!



135. Ibn Moja Abu Saiddan zaif isnod ila rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:12:41

Yettinchi vazifa: Zehni past talabaga o‘ziga munosib bo‘lgan ochiq ilmlarni o‘rgatish lozim. Ilmning nozik jihatlarini berkitganini unga aytmaslik kerak. Chunki bunday so‘z uning ochiq ilmlardagi rag‘batini kamaytiradi, qalbiga tashvish soladi va o‘ziga nisbatan baxillik qilingan, degan gumonga olib boradi. Zero, hamma odam o‘zini daqiq ilmlarni olishga loyiq deb o‘ylaydi. Har kim o‘z aqlining mukammalligi xususida Alloh taolodan rozi bo‘lgandir. Eng ahmoq va aqli zaif kishi o‘z aqlini mukammal deb xursand bo‘lgan kishidir. Bundan ma’lum bo‘ladiki, avom tabaqasidan kimki shariat zanjiriga bog‘lanib, salaflardan o‘tib kelgan aqidalarni ta’vil va tashbeh qilmasdan qalbiga joylashtirgan va shu bilan yurish-turishini chiroyli qilib olgan hamda aqliga bundan ko‘proq narsani yuklamagan bo‘lsa, uning e’tiqodiga shubhalar solish to‘g‘ri emas. Balki ularni xoli qoldirish lozim. Chunki unga zohirning ta’villari zikr qilinsa, undan avomlik zanjiri yechiladi, lekin xoslarning qalbiga bog‘lanishga ham muyassar bo‘lmaydi. U bilan gunohlar o‘rtasidagi to‘siq yo‘qoladi hamda o‘zini ham, boshqalarni ham, halokatga yetaklovchi sarkash shaytonga aylanadi. Shuning uchun avom odamlar bilan ilmning nozik haqiqatlariga sho‘ng‘imaslik lozim. Balki ularga ibodatlarni o‘rgatish, qilayotgan kasblarida ishonchli odam bo‘lishlarini ta’lim berish, Qur’onda aytilganidek, ularning qalblarini jannatga rag‘bat va jahannamdan qo‘rquv bilan to‘ldirish, ularda shubha uyg‘otmaslik lozimdir. Chunki gohida shubha      qalbda o‘rnashib qoladi va uni hal etish juda mushkul bo‘ladi. Natijada baxtsizlik va halokatga uchraydi.

Umuman olganda, avom uchun bahs eshigini ochmaslik darkor. Chunki (bu bilan) xalqning hayotini va xoslar tirikchiligining davomiyligiga sabab bo‘lgan san’at (kasb)lari e’tiborsiz qolib ketadi.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:13:04

Sakkizinchi vazifa: Muallim ilmiga amal qiluvchi bo‘lmog‘i lozimki, fe’li so‘zini yolg‘onga chiqarmasin. Chunki ilm basirat (qalb ko‘zi) bilan, amal esa, ko‘z bilan bilinadi. Ko‘z bilan ko‘ruvchilar esa, juda ko‘pdir.

Qachonki, amal ilmga xilof bo‘lsa, rushdu hidoyatga mone’lik qiladi. Har kim o‘zi bir narsani yeb turib, odamlarga: «Buni yemanglar», desa, ushbu so‘zi zahar kabi bo‘ladi va odamlar uni masxaralay boshlaydi, unga tuhmat qiladi. Qaytarilgan ishga qiziqishlari ortib: «Bu ish eng shirin va eng lazzatli narsa bo‘lmaganida, o‘zi o‘sha ishni qilmas edi», deydi.

Murshid ¬ muallimning shogirdlar oldidagi mavqe’i qolipning loyga yoki daraxtning soyaga nisbati kabidir. Qolip bo‘lmasa, loydan qanday foydalanish mumkin, daraxt qiyshiq bo‘lsa, soya qachon to‘g‘ri bo‘ladi? Bu haqda shunday she’r aytilgan:

Qilib turgan ishingni boshqalarga etma man’,
O‘zing uchun katta or, agarchi shunday qilsang.


Alloh taolo marhamat qilib aytadi: 

«Odamlarni yaxshilikka buyurasizlar-u, o‘zlaringizni unutasizlarmi?» (Baqara surasi, 44-oyat).

Shuning uchun olimning gunoh qilgandagi yuki johilning yukidan ko‘proq bo‘ladi. Zero, uning yo‘ldan toyishi bilan ko‘plab odamlar ham toyiladilar va unga ergashib ketadilar. Kimki yomon bir odatni joriy qilsa, unga o‘sha ishning gunohi va uni qilgan barcha odamlarning gunohi yoziladi. Shuning uchun Hazrati Ali (r.a.): «Mening belimni ikki toifa sindirdi: ilmga amal qilmagan olim va ibodatga sho‘ng‘igan johil. Chunki johil odamlarni ibodati bilan aldaydi, olim esa ilmiga amal qilmaslik bilan», deganlar.

Alloh bilguvchiroqdir.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:13:42

Oltinchi bob
Ilmning ofatlari hamda oxirat olimlari va yomon olimlarning alomatlari

Ilm va ulamo fazilati borasida vorid bo‘lgan oyat va hadislarni zikr qilib o‘tdik. Yomon olimlar haqida ham qo‘rqinchli xabarlar kelganki, ularning qiyomat kunida eng og‘ir azobga duchor bo‘lishlariga dalolat qiladi. Navbatdagi muhim vazifalardan biri dunyo olimlari va oxirat olimlari o‘rtasini ajratuvchi alomatlarni yaxshi bilib olishdir.

Dunyo olimlari deganda ilmdan maqsadlari dunyo bilan ne’matlanish hamda dunyo ahllari oldida obro‘ va maqomga erishish bo‘lgan yomon olimlarni nazarda tutdik. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Odamlarning qiyomat kunida eng og‘ir azoblanadigani Alloh taolo ilmidan o‘ziga manfaat bermagan olimdir», deganlar.

Yana aytadilar: «Hech bir kishi ilmiga amal qilmagunicha olim bo‘lolmaydi».136

Yana marhamat qiladilar: «Ilm ikki xildir: Tildagi ilm, u maxluqotlariga qarshi Alloh taoloning hujjatidir. Qalbdagi ilm, bu manfaatli ilmdir».137


136. Ibn Hibbon va Bayhaqiylar Abu Dardodan mavquf holda rivoyat qilishgan.
137. Termiziy va Ibn Abdulbar mursal holda, sahih isnod ila rivoyat qilishgan.



Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:13:57

Yana shunday deydilar: «Oxir zamonda johil obidlar va fosiq olimlar paydo bo‘ladi».138

Yana aytadilar: «Olimlarni lol qoldirish, esi pastlar bilan munozara qilish va odamlarning nazarini     o‘zingga jalb qilish uchun ilm o‘rganma. Kim shunday qilsa, joyi jahannamdadir».139

Yana aytadilar: «Kim o‘zidagi ilmni yashirsa, Alloh taolo uni olovdan bo‘lgan yugan bilan yuganlaydi».

Yana: «Sizlar uchun Dajjoldan ko‘ra boshqa birisidan qo‘rqaman», deganlarida, sahobalar: «U kim?»  deb so‘rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Zalolatga boshlovchi peshvolar (olimlar)»,140 dedilar.

Yana aytganlarki: «Kimning ilmi ziyodalashsa-yu, hidoyati ziyodalashmasa, faqat Allohdan uzoqlashadi, xolos».141


138. Hokim Anasdan (r.a.) rivoyat qilgan, zaif.
139. Ibn Moja Jobirdan (r.a.) sahih isnod ila rivoyat qilgan.
140. Imom Ahmad Abu Zarrdan (r.a.) yaxshi isnodila rivoyat qilgan.
141. Abu Mansur Daylamiy «Musnadul firdavs» kitobida Alidan (r.a.) zaif isnod ila rivoyat qilgan.


Qayd etilgan